18.03.2022
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriIqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va xususiy sektorni rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish, davlat aktivlarini shaffof holda xususiylashtirish jarayonini tezlashtirish maqsadida:
1. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (keyingi o‘rinlarda – Agentlik) tomonidan Moliya vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda davlat ishtirokidagi korxonalar bilan birgalikda 60 ga yaqin vazirlik, idora va 2 mingdan ortiq davlat ishtirokidagi korxonalarning 12 mingdan ortiq ulushlari va ko‘chmas mulk ob’ektlari yalpi xatlovdan o‘tkazilganлиги ma’lumot uchun qabul qilinsin.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining, vazirlik, idora hamda xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlarining davlat aktivlarini boshqarish yo‘nalishidagi asosiy vazifalaridan biri etib, bo‘sh turgan, samarasiz foydalanilayotgan va asosiy faoliyat sohasiga taalluqli bo‘lmagan aktivlarni aniqlash bo‘yicha xatlov ishlarini muttasil amalga oshirish va ulardan samarali foydalanish choralarini ko‘rish belgilansin.
2. Quyidagilar:
Xo‘jalik jamiyatlari ustav kapitalidagi xususiylashtiriladigan aksiya paketlari (ulushlari) ro‘yxati 1-ilovaga muvofiq;
Ommaviy savdolar orqali sotiladigan ko‘chmas mulk ob’ektlari ro‘yxati 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Davlat mulkini sotishda tender savdolarini o‘tkazish bo‘yicha davlat komissiyasi (keyingi o‘rinlarda – Davlat tender komissiyasi) o‘n kun muddatda mazkur qarorning 1 va 2-ilovalaridagi ob’ektlarni 2022-yilda savdoga chiqarish grafiklarini tasdiqlasin.
3. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:
a) 2022-yil 1-apreldan boshlab, mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman (shahar) hokimining yordamchilari (keyingi o‘rinlarda – hokim yordamchilari) tomonidan o‘z hududlarida bo‘sh turgan davlat ko‘chmas mulk ob’ekti yoki yer uchastkalari aniqlangan hollarda, ular:
hududi 2 000 kvadrat metrgacha bo‘lgan davlat ko‘chmas mulk ob’ekti bo‘lganda – hokim yordamchilarining onlayn-buyurtmanomasiga asosan Agentlik tomonidan tasdiqlanadigan tartibga muvofiq to‘g‘ridan-to‘g‘ri elektron onlayn-auksion savdolariga chiqariladi;
qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalari (keyingi o‘rinlarda – yer uchastkalari) bo‘lganda – “Yerelektron” avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali yuborilgan onlayn-buyurtmanoma uch kun muddatda tegishli idoralar tomonidan ko‘rib chiqiladi hamda ijobiy xulosa berilgan taqdirda, ikki hafta muddatda to‘g‘ridan-to‘g‘ri elektron onlayn-auksion savdolariga chiqariladi;
b) vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlariga qarashli bo‘lgan, uch oydan ortiq foydalanilmasdan bo‘sh turgan ob’ekt, ijtimoiy ob’ektlar bundan mustasno, Agentlik tomonidan tasdiqlanadigan tartibga muvofiq ularning roziligisiz ijaraga berish yoki sotish uchun savdoga chiqariladi;
v) hududi 10 000 kvadrat metrgacha bo‘lgan davlat ko‘chmas mulk ob’ektlarini sotishdan tushgan mablag‘lar, baholash va sotish xarajatlari hamda Davlat aktivlarini boshqarish, transformatsiya va xususiylashtirish jamg‘armasi tasarrufiga o‘tkaziladigan qismi chegirilgan holda, Qoraqalpog‘iston Respublikasining byudjetiga, viloyatlar va Toshkent shahrining mahalliy byudjetlariga hamda ob’ekt joylashgan tuman (shahar) byudjetiga teng ulushlarda taqsimlanadi.
4. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, vazirlik, idora va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlari Agentlik va Kadastr agentligi bilan birgalikda:
doimiy ravishda ustav kapitalida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari, shuningdek, ustav kapitalining 50 foizi va undan ortiq miqdorda davlat ulushiga ega yuridik shaxsga tegishli bo‘lgan yuridik shaxslar (keyingi o‘rinlarda – davlat ishtirokidagi korxonalar) hamda davlatga tegishli bo‘sh turgan, samarasiz foydalanilayotgan va asosiy faoliyatga oid bo‘lmagan aktivlarni (keyingi o‘rinlarda – aktivlar) aniqlash bo‘yicha xatlov ishlarini davom ettirsin;
uch oy muddatda aniqlangan aktivlarni bosqichma-bosqich savdoga chiqarish bo‘yicha Davlat tender komissiyasiga takliflar kiritib borsin.
5. Agentlik, Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi:
2022-yil 1-mayga qadar “Universal Mobile Systems” MCHJni baholash va sotish jarayoniga xalqaro konsalting, auditorlik va investitsiya maslahatchisi, investitsiya banki yoki boshqa ixtisoslashgan kompaniyani (keyingi o‘rinlarda – professional tashkilot) jalb etgan holda, 2023-yil 1-aprelga qadar uni xususiylashtirish choralarini ko‘rsin;
ikki hafta muddatda “O‘zdonmahsulot” AK tarkibidagi don korxonalarini Agentlikka o‘tkazgan holda, ommaviy savdolar orqali sotish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni Davlat tender komissiyasiga tasdiqlash uchun kiritsin. Bunda, 25 ta don korxonasini 2022-yil 1-iyulga qadar, qolganlarini esa joriy yilning yakuniga qadar bosqichma-bosqich savdoga chiqarsin;
2022-yil 1-apreldan boshlab “O‘zagroservis” AJ va uning tarkibiga kiruvchi tashkilotlarning ko‘chmas mulk ob’ektlari, zarur hollarda, ularni alohida lotlarga bo‘lgan holda, elektron onlayn-auksion savdolariga baholangan qiymatda chiqarilishini ta’minlasin;
2022-yil 1-aprelga qadar “O‘zagrolizing” AJning operatsion samaradorligini oshirish, mavjud qarzdorliklarini tarkibiy o‘zgartirish, jamiyatning likvidliligi va to‘lov qobiliyatini ta’minlashni nazarda tutuvchi “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin.
6. “O‘zagrokimyohimoya” AJ va hududiy “Agrokimyohimoya” AJlarni tugatish bo‘yicha Respublika komissiyasi (Sh.M.G‘aniyev) hamda Agentlik ikki oy muddatda “O‘zagrokimyohimoya” AJ va hududiy “Agrokimyohimoya” AJlarning tegishli bino va inshootlari, shu jumladan, Agentlikka o‘tkazilgan holda, elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarilishini ta’minlasin.
7. Moliya vazirligi davlat ulushi mavjud tijorat banklarini kompleks transformatsiya qilish va xususiylashtirish orqali bank sektorida davlatning ulushini kamaytirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 12-maydagi PF-5992-son farmoni bilan tasdiqlangan 2020-2025-yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasining bank tizimini isloh qilish strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosini izchil davom ettirgan holda:
2022-yil 1-oktabrga qadar “Qishloq qurilish bank” ATBning aksiyalarini ommaviy joylashtirishni (IPO) ta’minlasin;
2022-yil yakuniga qadar Xalqaro moliya korporatsiyasi, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda Osiyo taraqqiyot bankini jalb qilgan holda “O‘zsanoatqurilishbank” ATB va “Asakabank” ATBning davlat ulushlari savdoga chiqarilishini ta’minlasin;
2023-yil 1-iyulga qadar AT “Xalq banki”, “Mikrokreditbank” ATB, AT “Aloqabank”, “Agro bank” ATB, “O‘zmilliybank” AJlarning aksiyalarini fond birjasi orqali ommaviy joylashtirish (IPO) ishlarini tashkillashtirsin.
Mazkur bandda belgilangan vazifalarning ijrosini sifatli va o‘z muddatida ta’minlashga tegishli tijorat banklarining boshqaruv raislari (A.Muratov, S.Annaklichev, N.Saydullayev, Sh.Otaboyev, O.Butayev, K.Irisbekova, R.Mamatkulov, A.Mirsoatov) shaxsan mas’ul hisoblanadi.
8. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, Toshkent shahar, tuman va shaharlar hokimlari:
a) Qurilish vazirligi, Kadastr agentligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda Agentlik bilan birgalikda 2022-yil1-aprelga qadar 3-ilovadagi yer uchastkalarini o‘rganib chiqib, ularning ustuvor ravishda mulk huquqi asosida, mulk huquqi asosida imkoni bo‘lmaganlarini ijara huquqi asosida savdoga chiqarishni ta’minlasin. Bunda, Qurilish vazirligi va Kadastr agentligi yer uchastkalarini mulk huquqi asosida savdoga chiqarishda yer uchastkalariga qo‘yiladigan shaharsozlik talablari bajarilishiga alohida e’tibor qaratsin;
b) Kadastr agentligi, Qurilish vazirligi va Agentlik bilan birgalikda mazkur qarorning 3-ilovasiga muvofiq:
2022-yil 1-iyulga qadar “Yerelektron” avtomatlashtirilgan axborot tizimida idoralararo kelishuvda turgan yer uchastkalari;
joriy yil yakuniga qadar bo‘sh yer uchastkalarini qo‘shimcha ravishda aniqlagan holda ularning belgilangan tartibda mulk huquqi asosida elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarilishini ta’minlasin.
Bosh vazir o‘rinbosari J.Qo‘chqorov yer uchastkalarining mulk va ijara huquqi asosida sotilishi holatidan kelib chiqib, hududlarda kelgusi oyda savdoga chiqariladigan yer uchastkalarining reja-grafigini oyma-oy tasdiqlab borsin va uning ijrosini qat’iy nazoratga olsin.
9. Belgilansinki:
davlat aktivlarini xususiylashtirishda ularning boshlang‘ich narxini e’lon qilmagan holda talabgorlarni muzokaralarga ommaviy taklif qilish yo‘li bilan, shu jumladan, professional tashkilotlarni jalb qilgan holda sotish uslubi joriy etiladi. Bunda, professional tashkilotlarni jalb qilish orqali xususiylashtiriladigan davlat aktivlari ro‘yxati Davlat tender komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi;
professional tashkilotlarni jalb etgan holda qiymati 10 million AQSH dollaridan ortiq bo‘lgan aktivlar bo‘yicha investorlarning takliflari Agentlik va boshqa davlat organlari ishtirokisiz, jalb qilinadigan professional tashkilotlar tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri qabul qilinadi;
Davlat tender komissiyasi qarori asosida talabgorlarni muzokaralarga ommaviy taklif qilish yo‘li bilan sotiladigan davlat ko‘chmas mulk ob’ektlari yoki davlat ulushi bo‘yicha investorlar takliflari “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali qabul qilinadi, bundan qiymati 10 million AQSH dollaridan ortiq bo‘lgan aktivlarni professional tashkilotlarni jalb etgan holda sotish holatlari mustasno;
xalqaro nufuzga ega auditorlik kompaniyalarining O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan sho‘’ba korxonalarining baholash hisobotlari haqqoniyligini ekspertizadan o‘tkazish talab etilmaydi;
davlat ishtirokidagi korxonalarga tegishli ulushlar va ko‘chmas mulk ob’ektlarini sotishdan va ijaraga berishdan, shuningdek, yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqini sotishdan tushadigan mablag‘lar xususiylashtirish va ijaraga berish natijalari to‘g‘risidagi axborotda davlat aktivlarini xususiylashtirishdan va ijarasidan tushumlar sifatida inobatga olinadi;
Agentlik va uning hududiy organlaridan davlat ko‘chmas mulk ob’ektlarini ular joylashgan yer uchastkalari bilan birga yagona mulkiy majmua sifatida xususiylashtirish bo‘yicha murojaat kelib tushganda, hududning shaharsozlik talablaridan kelib chiqqan holda, Qurilish vazirligi tomonidan bir hafta muddatda tegishli xulosa taqdim etiladi;
davlat ishtirokidagi korxonalar va ular tarkibidagi tashkilotlarning bino, inshootlari yoki boshqa aktivlarini davlat organlariga o‘tkazilishi tovarni realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma sifatida qaralmaydi va iqtisodiy jihatdan o‘zini oqlaydigan bepul tovar berilishiga tenglashtiriladi;
davlat aktivlari bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotilganda dastlabki to‘lov summasi 35 foizdan kam bo‘lgan holatlarda, qolgan summaga Markaziy bankning asosiy stavkasi miqdorida yillik foizlar hisoblanadi;
davlat ko‘chmas mulk ob’ektlarini bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotib olgan va sotib olish to‘lovini to‘liq amalga oshirgunga qadar “tasarruf etish huquqisiz” davlat orderi berilgan tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan qo‘shilgan qiymat solig‘i mazkur ob’ektlarga nisbatan tasarruf etish huquqi to‘liq o‘tgandan so‘ng to‘lanadi;
xususiylashtirilishi belgilangan davlat aktivlarini, jumladan, ularning tovar-moddiy boyliklari, pul mablag‘lari va boshqa mol-mulklarini ular sotilgunga qadar butligini saqlash bo‘yicha moddiy javobgar shaxs etib, ularni balansda saqlovchi tashkilotlar (korxonalar)ning birinchi rahbarlari belgilanadi. Bunda Agentlikka mazkur talabning ijrosi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish yuklatiladi.
10. Moliya vazirligi davlat ishtirokidagi korxonalar rahbarlari, Agentlik bilan birgalikda bir oy muddatda mazkur qarorning 1, 2, 4-ilovalaridagi davlat ishtirokidagi korxonalar aktivlarining davlat organlariga o‘tkazilishini ta’minlasin.
11. Agentlik, Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining Toshkent shahar hokimligi “Munitsipal aktivlarni boshqarish markazi” davlat unitar korxonasini (keyingi o‘rinlarda – Markaz) Agentlikning Toshkent shahar hududiy boshqarmasiga qo‘shish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin. Bunda, Agentlikning Toshkent shahar hududiy boshqarmasi Agentlikka hamda Toshkent shahar hokimligiga hisobdorligi belgilansin.
Belgilansinki, Agentlikning Toshkent shahar hududiy boshqarmasi Markazning barcha huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi.
Agentlik ikki oy muddatda Markazning barcha huquq va majburiyatlari, pul mablag‘lari, asosiy vositalari, mol-mulklari, jumladan, ko‘chmas mulk ob’ektlari va xo‘jalik jamiyatlaridagi ulushlarini belgilangan tartibda Agentlikning Toshkent shahar hududiy boshqarmasiga o‘tkazgan holda qo‘shilishini ta’minlasin.
12. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 5-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
Agentlik manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
Vazirlik va idoralar ikki oy muddatda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni mazkur qarorga muvofiqlashtirsin.
13. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va O‘zbekiston Milliy axborot agentligi Agentlik bilan birgalikda ushbu qarorning ahamiyatini va uni amalga oshirish jarayonini ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borsin.
14. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul etib O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari J.A.Qo‘chqorov va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori A.J.Ortiqov belgilansin.
Qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOEV