24.03.2022
Poytaxtimizda birinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi o‘z ishini boshladi. Forumning yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.
Sessiyada, shuningdek, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso, Osiyo taraqqiyot banki prezidenti Masatsugu Asakava, Saudiya Arabistoni podshohligi investitsiyalar vaziri Xolid al-Falih, Jahon savdo tashkiloti vitse-prezidenti Syanchen Chjan, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki vitse-prezidenti Konstantin Limitovskiy, Xalqaro moliya korporatsiyasi vitse-prezidenti Stefani fon Friderburg qatnashadilar. Tadbirda BBC World News xalqaro telekanalida yangiliklar boshlovchisi sifatida tanilgan, hozirda esa Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining kommunikatsiya masalalari bo‘yicha direktori lavozimida faoliyat yuritayotgan Jonatan Charlz moderatorlik qildi.
Davlatimiz rahbari forum ishtirokchilarini qutlab, keyingi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilgan islohot va yangilanishlar to‘g‘risida so‘zlab berdi hamda yurtimizni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi.
Buyuk ipak yo‘lining markazida joylashgan O‘zbekiston zamini qadimdan Osiyo, Yevropa va Afrika qit’alarining karvon yo‘llari tutashgan hudud sifatida mashhur bo‘lgani, ko‘p asrlar davomida dunyoning turli mintaqalaridagi savdogar, ishbilarmon va tadbirkorlar e’tiborini o‘ziga tortib kelgani qayd etildi.
Uch ming yillik davlatchilik tarixiga ega mamlakatimiz uzoq davr mobaynida dunyoning savdo, iqtisod, ilm-fan, madaniyat va san’at yuksak ravnaq topgan markazlaridan biri bo‘lib xizmat qilgan.
Ushbu an’analarning davomi sifatida “Buyuk o‘tmishdan – buyuk kelajak sari” tamoyili asosida iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishimizni jadal davom ettirish ishlari olib borilmoqda. Shu munosabat bilan davlatimiz rahbari O‘zbekistondagi islohotlarning asosiy yo‘nalishlarini sanab o‘tdi.
Xususan, 2017-yilda katta qadam tashlandi – xorijiy valyutani konvertatsiya qilish, xorijiy investorlar tomonidan foydani repatriatsiya qilish bo‘yicha cheklovlar bekor qilindi Bank va yirik korxonalarimiz ilk marta xalqaro reytinglar olib, jahon moliya bozorlariga chiqdilar.
Xalqaro hamjamiyat uchun ochiqlik siyosatini ta’minlash uchun 90 ta xorijiy davlat fuqarolari uchun O‘zbekistonga vizasiz kirish imkoniyati yaratildi, yana 60 ga yaqin mamlakat fuqarolariga esa yengillashtirilgan tartibda viza olish imkoniyati berildi. Bu ko‘rsatkichlar bo‘yicha mamlakatimiz mintaqadagi eng ochiq davlat maqomini qo‘lga kiritdi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish va inson huquq va erkinliklarini ta’minlash borasida tizimli ishlar olib borilmoqda. 2020-yilda O‘zbekistonda Inson huquqlari milliy strategiyasi qabul qilindi va tarixda birinchi marta mamlakatimiz Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari kengashiga a’zo bo‘lib saylandi.
Fuqarolik jamiyatini barpo etish, so‘z erkinligini ta’minlash, ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash, mehnat huquqlarini himoya qilish va inson kapitalini rivojlantirishda erishilgan muvaffaqiyatlar qayd etildi. Xususan, so‘nggi 5 yilda mamlakatimizda 21 mingdan ortiq yangi maktabgacha ta’lim muassasalari tashkil etilib, 200 ga yaqin yangi maktablar barpo etildi, 3 mingdan ortiq mavjud maktablar esa rekonstruksiya qilindi va to‘liq jihozlandi. Shu o‘tgan qisqa davrda 82 ta yangi universitet va institut, jumladan, 23 ta xorijiy oliygoh tashkil etilib, oliy ta’lim dargohlarining umumiy soni 159 taga yetdi. Natijada maktab bitiruvchilarining oliy ta’lim bilan qamrov darajasini oldingi 9 foizdan 28 foizgacha yetkazishga erishildi
Iqtisodiyotni isloh qilishda, jumladan, soliq yukini yengillashtirish, bojxona bojlarini kamaytirish, soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish, tadbirkorlikni rivojlantirish va investitsion muhitni yaxshilashdagi natijalar ham sanab o‘tildi.
Natijada iqtisodiyotimizga jalb qilingan yillik xorijiy investitsiyalar hajmi uch yarim barobarga oshib, oxirgi 5 yilda ularning umumiy qiymati 25 milliard dollarni tashkil etdi. Buning hisobiga 59 mingta investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi 2,5 milliondan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilishiga munosib hissa qo‘shdi.
Davlatimiz rahbari o‘z nutqida 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston Taraqqiyot strategiyasining asosiy yo‘nalishlariga batafsil to‘xtaldi. Bular - mamlakatda iqtisodiy va siyosiy barqarorlikni ta’minlash choralarini izchil davom ettirish, ixcham va yuqori natijador, biznesni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan davlat boshqari tizimini yaratish, davlatning iqtisodiyotdagi roli va ulushini keskin qisqartirish, tadbirkorlik faoliyatini yanada rag‘batlantirish, investorlar huquqlarining himoyasini ta’minlash, infratuzilmani jadal rivojlantirish va modernizatsiya qilish, mahalliy xomashyo negizida yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulot ishlab chiqarishni rag‘batlantirish, inson kapitaliga sarmoya kiritish, tashqi savdoni liberallashtirish va gender tenglikni ta’minlash.
Umuman olganda, amalga oshiriladigan islohotlar natijasida keyingi 5 yil ichida yalpi ichki mahsulotni 100 milliard dollarga, yillik eksport hajmlarini esa 30 milliard dollarga, xususiy sektorning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 80 foizga yetkazish ko‘zda tutilgani ta’kidlandi. O‘zbekistonning 2030-yilga borib aholisi o‘rtadan yuqori daromad oladigan davlatlar qatoridan joy olishiga erishish maqsad qilib qo‘yilgan.
Davlatimiz rahbari investorlar uchun eng qulay va jozibador sharoitlarni yaratish, xorijiy hamkor va xalqaro tashkilotlar bilan o‘zaro manfaatli sheriklikni har tomonlama mustahkamlash borasidagi ishlar qat’iy davom ettirilishini ta’kidladi.
So‘zining yakunida Prezidentimiz ishtirokchilarga forum ishi muvaffaqiyatli, hamkorlik esa samarali bo‘lishini, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro manfaatli kelishuvlarga erishishni tiladi.
Sessiya davomida xalqaro moliyaviy institut va tashkilotlar rahbarlari so‘zga chiqib, O‘zbekistonning rivojlanish istiqbollari yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Forumning sho‘’ba sessiyalari va munozaralarida O‘zbekistonning investitsiyaviy, iqtisodiy va sanoat salohiyati, mintaqaviy va global savdo aloqalarini rivojlantirish istiqbollari, investitsiyalarni jalb qilish, savdoni liberallashtirish va milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish; mamlakatimizni industriallashtirish bo‘yicha galdagi qadamlar, sanoatni yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulot ishlab chiqarishga yo‘naltirish, milliy energetika tarmog‘ini transformatsiya qilish va muqobil energiya manbalariga o‘tish choralari, mintaqa mamlakatlarining transport jihatidan bog‘liqligini mustahkamlash va tranzit salohiyatini oshirish masalalari muhokama qilinadi.
Koviddan keyingi davrda iqtisodiy faollikni tiklash va uning jadal rivojlanishini rag‘batlantirish, kambag‘allikni qisqartirish, pul-kredit siyosatini tartibga solish, biznesni qo‘llab-quvvatlash, bank sohasi va moliya bozorini rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratiladi.
Forum dasturi doirasida O‘zbekiston Respublikasi va Saudiya Arabistoni Podshohligi o‘rtasidagi Savdo, iqtisodiyot, fan va texnologiyalar, madaniyat, sport va yoshlar masalalari bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning 5-yig‘ilishi, “Sanoat kooperatsiyasi. Yangi imkoniyatlar” mavzusidagi O‘zbekiston-Xitoy investitsiya forumi hamda xalqaro moliyaviy institutlar, xorijiy hukumat moliyaviy tashkilotlari rahbarlari va taraqqiyot bo‘yicha hamkorlar ishtirokida O‘zbekiston bo‘yicha mamlakat platformasi bo‘lib o‘tadi.
Toshkent xalqaro investitsiya forumi 26 mart kuni o‘z ishini yakunlaydi.