21.03.2022
Assalomu alaykum, qadrli vatandoshlar!
Hurmatli mehmonlar!
Avvalo, siz, azizlarni, ko‘pmillatli butun xalqimizni sharqona yangi yil – Navro‘z bayrami bilan chin yurakdan samimiy tabriklayman.
Barchangizga tinchlik-omonlik, sihat-salomatlik, baxtu saodat va ulkan yutuqlar tilayman.
Bugungi fayzli damlarda chet ellardagi vatandoshlarimizni ham Navro‘z ayyomi bilan qutlab, ularga chuqur hurmatim va ezgu tilaklarimni izhor etaman.
Muhtaram do‘stlar!
Biz bahor, yasharish va yangilanish fasli – Navro‘zi olamni hamisha orziqib, intizorlik bilan kutamiz.
Ammo, bu galgi sog‘inchimiz cheksiz, desam, o‘ylaymanki, sizlar ham mening fikrimga qo‘shilasiz.
Chunki, koronavirus pandemiyasi tufayli biz keyingi ikki yilda ushbu ardoqli bayramni xalqimiz kutganidek yuksak darajada nishonlay olmadik.
Mana, nihoyat, Navro‘z bayramini yana keksayu yosh barchamiz birgalikda katta shodu xurramlik bilan qarshi olmoqdamiz.
Bugun Navro‘z bayramini Siz azizlar bilan mana shu muhtasham “Humo” saroyida o‘tkazayapmiz.
Chunki, barchangiz ko‘rib turibsiz – so‘nggi haftada yurtimizda havo sovib, yog‘ingarchilik yuz bermoqda.
Ammo hammamiz yaxshi tushunamizki, shu kunlarda osmondan yomg‘ir emas, obi rahmat yog‘moqda, qut-baraka bilan rizqu ro‘z yog‘moqda. Buning uchun Yaratganga har qancha shukronalar aytsak arziydi.
Buyuk alloma Hakim Termiziy bobomiz o‘zining “Navro‘znoma” kitobida “Navro‘zi olam dushanba kuni kirsa, yomg‘ir, qor yog‘adi, dehqonchilik, hosil mo‘l bo‘ladi – yil to‘qchilikda o‘tadi”, deb yozganlar.
Bu fikrlar bugun – ayni dushanba kuni Navro‘zni kutib olayotgan el-yurtimizning ezgu orzu-niyatlari bilan uyg‘un va hamohang desak, har tomonlama to‘g‘ri bo‘ladi.
Hurmatli bayram ishtirokchilari!
Biz mamlakatimizda boshlagan ulkan islohotlarimizni davom ettirish maqsadida Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi hamda “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” dasturini qabul qildik.
Mehnatkash va olijanob xalqimiz milliy rivojlanishning yangi davriga ulug‘vor maqsad va amaliy ishlar bilan kirib bormoqda.
Buning tasdig‘ini biz bugun har bir oila, har bir mahalla, qishloq va ovullar, shaharlarimiz misolida yaqqol ko‘rishimiz mumkin.
Yurtimizda yuzlab zamonaviy korxonalar, yo‘l va kommunikatsiya tarmoqlari, shinam turar-joylar, yangi bog‘cha va maktablar, oliygohlar hamda madaniyat maskanlari, tibbiyot va sport inshootlari barpo etilmoqda. Barcha hududlarimizda “Yangi O‘zbekiston” bog‘lari, “Yangi O‘zbekiston” massivlari bunyod qilinmoqda.
“Obod mahalla” va “Obod qishloq” dasturlari qatorida butun mamlakatimiz bo‘ylab “Yashil makon” umummilliy loyihasi amalga oshirilmoqda.
Ushbu bektakror ayyomda Navro‘zning olijanob qadriyatlaridan kuch-quvvat va ilhom olgan xalqimiz mahallalarda hasharlar qilib, ko‘chat va gullar ekib, yangi-yangi bog‘-rog‘lar, sayilgohlar yaratmoqda.
Aytish mumkin-ki, ayni paytda butun mamlakatimiz bayram kayfiyati va bunyodkorlik ruhi bilan yashamoqda.
Qadrli do‘stlar!
Ma’lumki, dunyoda turli bayramlar, qutlug‘ sanalar ko‘p. Lekin inson qadri va sha’nini ulug‘lashda Navro‘z ayyomi alohida o‘rin tutadi, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.
Navro‘zi olam bizni tabiat farzandi bo‘lib, Vatan tuprog‘ini, ona zamindagi har bir giyohni ko‘zimizga to‘tiyo qilib yashashga o‘rgatadi.
Navro‘z hammamizga insoniylik, mehr-oqibat va bag‘rikenglik fanidan saboq beradi.
Shu fayzli lahzalarda barchamiz tinchlik va osoyishtalik naqadar bebaho ne’mat ekanini, uning qadr-qimmati va ahamiyatini yaxshi anglaymiz.
Bugungi murakkab dunyoda xalqimiz hayotini, farzandlarimiz kelajagini, musaffo osmonimizni asrab-avaylash uchun har birimiz mas’ul va javobgar ekanimizni yanada chuqurroq his etamiz.
Navro‘z bayrami mamlakatimizda yashayotgan, millati, tili va dinidan qat’i nazar, barcha vatandoshlarimiz uchun umumxalq bayramiga, eng sevimli va ardoqli ayyomga aylangani bilan cheksiz faxrlanamiz.
Ayni shu kunlarda bag‘rikeng diyorimizda millatlararo do‘stlik, o‘zaro hurmat, saxovat va muruvvat tuyg‘ulari yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan ezgu ishlarimiz doirasida keng jamoatchilik uyma-uy yurib, bemorlar, keksa va nogironlarga, ko‘makka muhtoj oilalarga mehr-oqibat, amaliy yordam ko‘rsatmoqda.
Biz, barcha havas qiladigan bunday boqiy urf-odatlarimizni ko‘z qorachig‘idek asrab, aziz farzandlarimizni mana shunday yuksak odamiylik ruhida tarbiyalashni davom ettirishimiz lozim.
Ushbu imkoniyatdan foydalanib, Xalqaro Navro‘z kuni munosabati bilan barcha xorijiy do‘stlarimiz va hamkorlarimizni, bugungi bayramimizda ishtirok etayotgan diplomatik korpus vakillarini ulug‘ ayyom bilan tabriklab, ularning mamlakatlari va xalqlariga tinchlik, farovonlik va ravnaq tilaymiz.
Aziz yurtdoshlar!
Ertaga yurtimizda yana bir qutlug‘ bayram – Mahalla kuni keng nishonlanadi. Mahalla biz uchun Vatan ichra kichik vatandir.
Shu bois, biz inson qadrini mahalla bilan uyg‘un holda tasavvur etamiz. Mahalla tinch bo‘lsa – butun yurtimiz tinch bo‘ladi. Mahalla obod bo‘lsa, butun mamlakatimiz farovon bo‘ladi.
Ayni shu sababli, hayotimizda mahallaning o‘rni va nufuzini oshirish, uning vakolat va imkoniyatlarini kengaytirishga alohida ahamiyat qaratmoqdamiz.
“Mahallabay” ishlash asosida aholining yashash sharoitlarini, hayot darajasi va sifatini yaxshilash, odamlarimizning sog‘lig‘ini asrash, ijtimoiy muammolarni yechish, xotin-qizlar va yoshlarni zamonaviy kasb-hunarlarga o‘qitish, ularni ish o‘rinlari va uy-joy bilan ta’minlash, ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarimiz yangi bosqichga chiqmoqda.
Doimo el-yurt xizmatida bo‘lish, uning tashvish va muammolari bilan yashash, barcha darajadagi rahbar va mutasaddilar uchun faoliyat mezoniga aylanmoqda.
Fursatdan foydalanib, aholining og‘irini yengil, mushkulini oson qilish maqsadida astoydil xizmat qilayotgan barcha-barcha insonlar – mahalla raislari va faollarini, muhtaram nuroniylar va xalq noiblarini, kayvoni opa-singillarimizni, hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilarini samimiy tabriklab, ularga yangi zafarlar va omadlar tilayman.
Aziz do‘stlar!
Mana shu barakali kunlarda rizqu nasibamiz bunyodkori bo‘lgan mirishkor dehqon va fermerlarimiz, sohibkor bog‘bon va cho‘ponlarimiz yaxshi kayfiyat va ezgu niyatlar bilan qadrdon dalalari va bog‘lari, yashil yaylovlari tomon yo‘l olmoqdalar.
Ularning barchasini chin dildan qutlab, yangi mavsumda ishlariga rivoj va omadlar tilab, hosilimiz mo‘l, xirmonlarimiz baland bo‘lsin, deb pok niyatlar qilamiz.
Hurmatli yurtdoshlar!
Navro‘z va yoshlik tushunchalari bir-biriga bag‘oyat yaqin va mushtarakdir.
Bugun azmu shijoatli millionlab farzandlarimizga g‘urur bilan qarar ekanmiz, bu haqiqatga takroran ishonch hosil qilamiz.
Mana shu hayajonli daqiqalarda, ezgu orzu-intilishlar bilan hayotga kirib kelayotgan yosh avlodimizga – aziz bolalarimga murojaat qilib aytmoqchiman:
Qadrli o‘g‘il-qizlarim, sizlar mustaqil, erkin va obod Vatan bag‘rida voyaga yetmoqdasiz. Bu, hech shubhasiz, bebaho boylik va katta baxt, ayni vaqtda cheksiz mas’uliyatdir.
Nega deganda, ota-onalar, ustozlaringiz boshlagan ulkan ishlarni ertaga aynan sizlar davom ettirasiz.
Bu ulug‘ vazifaga hozirdan tayyor bo‘lishingiz, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallashingiz, muqaddas Vatanimizni ko‘z qorachig‘idek asrashingiz, unga hamisha sodiq bo‘lib yashashingiz zarur.
Doimo yodingizda bo‘lsin – biz intilayotgan yuksak marralarga, hech qachon o‘z-o‘zidan, osonlik bilan erishib bo‘lmaydi.
Yangi O‘zbekistonni, Uchinchi Renessansni xalqimizning buyuk qudratidan kuch olib, bugungi va ertangi avlodimiz bunyod etadi.
Sizlar bo‘lg‘usi Xorazmiy va Farg‘oniylar, Beruniy va Ibn Sinolar, Ulug‘bek va Navoiylar, Boburlar sifatida Vatanimiz shonu-shuhratini butun dunyoga, albatta, tarannum etasizlar.
Ilm va hunar o‘rganishdan, kamolot sari parvozdan aslo to‘xtamang. Doimo oldinga, yuksak cho‘qqilarga intiling, aziz farzandlarim!
Muhtaram yurtdoshlarim, qadrdonlarim!
Mana shu qutlug‘ ayyomda siz, azizlarni, butun xalqimizni Navro‘z bayrami bilan, yana bir bor, chin qalbimdan muborakbod etaman.
Navro‘zi olam har bir inson, har bir oilaga tinchlik-xotirjamlik, yaxshilik va fayzu baraka olib kelsin!
Muhtaram otaxon va mo‘’tabar onaxonlarimizning umrlari ziyoda bo‘lsin!
Mehribon opa-singillarimizning ezgu tilaklari ro‘yobga chiqsin!
Aziz farzandlarimizning baxtu iqbolini bersin!
Jonajon Vatanimiz yanada go‘zal va obod bo‘lsin!
Yurtimiz tinch va osoyishta, xalqimiz doimo sog‘-omon bo‘lsin!
Navro‘z bayramingiz muborak bo‘lsin!