18.03.2022
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tibbiyot xodimlari bilan ochiq muloqot qilmoqda.
Salomatlik – insonning birlamchi ehtiyoji, istagi. Shu bois davlatimiz rahbari bu masalaga alohida e’tibor qaratib, sohani izchil rivojlantirib kelmoqda. Prezidentimiz hududlarga safari chog‘ida ham har doim tibbiyot maskanlariga boradi, shifokorlar bilan suhbatlashib, aholi salomatligini so‘raydi.
Lekin, bunday shakldagi katta uchrashuv ilk bor o‘tkazilmoqda. Anjumanlar saroyida mingdan ortiq, hududlardagi studiyalarda 20 mingga yaqin tibbiyot xodimlari, aholi vakillari ishtirok etmoqda.
Davlatimiz rahbari so‘zining boshida tibbiyot sohasining jonkuyar vakillari bilan Navro‘z bayrami arafasida ko‘rishganidan mamnunligini bildirdi.
– Hayot haqiqati shuni ko‘rsatadiki, faqatgina sog‘lom xalq, barkamol millat buyuk ishlarga qodir bo‘ladi. El-yurtimiz azaldan shifokorlarni, inson salomatligini asrashdek ezgu va savobli ishga, butun borlig‘ini bag‘ishlagan fidoyi zotlar, deb biladi va hamisha qadrlaydi. Chunki odamlar sizlarga o‘zlarining eng bebaho boyliklarini – hayotlarini ishonib topshiradi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Oxirgi yillarda xorijiy tajriba asosida bu sohada katta ishlar qilindi. Avvalo, tibbiyotga ajratilayotgan mablag‘lar hajmi keskin oshirildi. Jumladan, 2022-yilning o‘zida sohaga byudjetdan 24 trillion so‘m yo‘naltirildi. Bu mablag‘ 2016-yilga nisbatan 4 barobar ko‘pdir.
O‘tgan besh yilda shifoxonalar va tez tibbiy yordam punktlarini dori-darmon, tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashga ajratilayotgan mablag‘lar 12 barobar ko‘paytirildi. Shu davrda sog‘liqni saqlash tizimini yaxshilash uchun xalqaro moliya tashkilotlaridan 700 million dollardan ziyod mablag‘lar jalb qilindi.
Eng avvalo, birlamchi tibbiyot bo‘g‘inini yaxshilashga e’tibor qaratilib, har bir mahallada “xonadonbay” ishlaydigan tibbiy brigadalar tashkil etildi. 2021-yildan boshlab, birlamchi bo‘g‘inda aholini 66 turdagi dori vositalari bilan bepul ta’minlash yo‘lga qo‘yildi. Hozirgi vaqtda odamlar shamollash, qon bosimi, yurak xuruji, qandli diabet, oshqozon va nafas yo‘llari kasalliklarini davolash uchun eng zarur dorilarni oilaviy shifokor punktlari va poliklinikalardan olishmoqda.
Aholiga sifatli tibbiy yordamni kengaytirish maqsadida birlamchi tizimga 20 mingta o‘rta tibbiyot xodimlari qo‘shildi. Shuningdek, qishloqlarda joylashgan 801 ta oilaviy poliklinika yangi zamonaviy tashxis apparatlari bilan ta’minlandi.
Bu orqali qishloq va mahallalarda 8 turdagi yangi tibbiy xizmatlar yo‘lga qo‘yildi. Jumladan, salomatlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha xavf guruhiga kirgan 12 million aholini maqsadli skriningdan o‘tkazish boshlandi.
Yuqori malaka va texnologiyalar talab qiladigan tibbiy xizmatlar ko‘lami ham kengaymoqda. Avvalambor, hududlarda 23 ta ixtisoslashgan tibbiyot markazlarining yuzdan ortiq filiallari faoliyat boshladi. Natijada ilgari poytaxtda amalga oshirilgan 210 turdagi operatsiya va tashxislarni mahalliy shifoxonalarda o‘tkazish imkoniyati yaratildi. 130 turdagi jarrohlik amaliyotlari viloyat shifoxonalarida, 60 turi esa tumanlarda birinchi marta yo‘lga qo‘yildi.
Ilgari har yili minglab yurtdoshlarimiz davo istab chet ellarga borishga majbur edi. Endilikda yaratilgan imkoniyatlar tufayli bunday murakkab, qimmat operatsiyalarning ko‘pi yurtimizda amalga oshirilmoqda. So‘nggi besh yilda shifoxonalarimizda 200 turdagi yangi jarrohlik amaliyoti, jumladan, buyrak va jigar transplantatsiyasi yo‘lga qo‘yildi. Misol uchun, birgina buyrak transplantatsiyasi orqali shu kungacha 700 ga yaqin bemorning hayoti saqlab qolingan.
Ehtiyojmand aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha ochiq va shaffof tizimga o‘tildi. Endi ixtisoslashgan markazlarda bepul davolanadigan kasalliklar ro‘yxati shakllantirilib, tibbiy yordam uchun yo‘llanma haqiqiy ehtiyoji bor aholiga “elektron navbat” asosida berilmoqda. Eng muhimi, bu tizimga asosan, mablag‘lar shifoxonaga emas, balki aniq bemorga ajratilmoqda.
Tibbiyot tizimidagi eng katta o‘zgarishlardan yana biri – davlat shifoxonalari bilan birga xususiy meditsina ham rivojlanmoqda. Avvallari bunday xizmatlar faqat stomatologiya bo‘yicha ko‘rsatilgan bo‘lsa, hozir xususiy klinikalar deyarli barcha yo‘nalishlarda faoliyat yuritmoqda. Bugun ularning soni 8 mingtaga yetgan.
Tibbiy ta’lim muassasalari sonini ko‘paytirish, zamonaviy bilim va malakaga ega kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor berilayapti. Xususan, so‘nggi besh yilda 6 ta yangi tibbiyot oliygohi tashkil etilib, ularning soni 14 taga yetdi, qabul kvotasi esa 4 barobarga oshdi.
Hududlarni malakali mutaxassislar bilan kafolatli ta’minlash maqsadida viloyatlar buyurtmasiga asosan manzilli o‘qishga qabul qilish yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, 1 ming 500 nafar shifokorlar nufuzli xorijiy klinika va universitetlarda malakasini oshirdi.
Davlatimiz rahbari sohadagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlab kelayotgan Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Germaniya taraqqiyot banki, UNICEF, USAID, JICA, TICA, KOICA, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki kabi ko‘plab boshqa hamkor tashkilotlar vakillariga minnatdorlik bildirdi.
“Tibbiyotdagi islohotlar – inson qadri uchun” mavzusidagi ochiq muloqotda sog‘liqni saqlash sohasidagi navbatdagi vazifalar, dolzarb masalalar muhokama qilinmoqda.
– Bugun sohadagi yutuqni – yutuq, kamchilikni – kamchilik deb aytib, tizimdagi “kasalliklar”ga to‘g‘ri diagnoz qo‘yib, ularning davosini topishga harakat qilishimiz zarur, – dedi Prezident.