01.03.2022
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriO‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 1-martdagi “Oila va xotin-qizlar bilan ishlash, mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-81-son Farmoniga muvofiq:
1. Quyidagilar:
a) Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligining tashkiliy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
b) Davlat budjetidan moliyalashtiriladigan boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni:
54 nafar shtat birligidan iborat Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi markaziy apparatining tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq;
168 nafar shtat birligidan iborat Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash boshqarmalarining namunaviy tuzilmasi 3-ilovaga muvofiq;
1 035 nafar shtat birligidan iborat tuman (shahar) mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limlarining namunaviy tuzilmasi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vaziriga:
o‘zining o‘rinbosarlari o‘rtasida aniq vazifalar va funksiyalarni taqsimlash;
Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligining (keyingi o‘rinlarda — Vazirlik) markaziy apparati, hududiy bo‘linmalari tuzilmalariga boshqaruv xodimlarining belgilangan umumiy shtatlar soni va mehnatga haq to‘lash fondi doirasida o‘zgartirishlar kiritish;
davlat organlari va boshqa tashkilotlar, yetakchi loyiha institutlari, ilmiy va ta’lim muassasalari, xalqaro tashkilotlar, xorijiy kompaniyalarning yuqori malakali mutaxassislarini, shuningdek, ekspertlarni maslahatchi sifatida jalb qilish huquqi berilsin.
3. Vazirlik va uning hududiy bo‘linmalarining faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:
Davlat budjeti mablag‘lari;
Vazirlikning budjetdan tashqari mablag‘lari;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
4. Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlasin.
5. Vazirlik ikki oy muddatda:
markaziy apparat va hududiy bo‘linmalarning barcha xodimlarini attestatsiyadan o‘tkazsin hamda attestatsiya natijalariga ko‘ra ularni Vazirlikka yuklangan vazifalarni professional darajada bajarishga qodir bo‘lgan, zarur nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega yuqori malakali kadrlar bilan tanlov asosida to‘ldirish choralarini ko‘rsin;
tarkibiy va bo‘ysunuvidagi bo‘linmalar to‘g‘risidagi nizomlar, shuningdek, xodimlarning lavozim yo‘riqnomalari tasdiqlanishini ta’minlasin.
6. Belgilansinki:
a) Vazirlik va uning hududiy bo‘linmalari o‘zlariga yuklatilgan funksiyalarga muvofiq belgilangan tartibda quyidagi huquqlarga ega:
Vazirlikka tegishli vazifalarni amalga oshirish uchun, zarur hollarda, davlat organlari, ilmiy muassasalar va boshqa tashkilotlarning rahbarlari hamda mutaxassislarini jalb qilish, ishchi guruhlar tuzish;
Vazirlik vakolatiga kiruvchi masalalar yuzasidan davlat organlari va tashkilotlaridan statistik, tahliliy materiallar, xulosalar va boshqa ma’lumotlarni so‘rash va olish;
davlat organlari va tashkilotlari rahbarlariga mahalla, nuroniy va keksalar to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari buzilishi, ularni keltirib chiqaruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritish;
mahalla, nuroniy va keksalar huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini ko‘zlab sudlarga ariza (shikoyat) va da’volarni kiritish;
mahallalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda nuroniy va keksalarga har tomonlama yordam ko‘rsatishga doir tashabbuslar bilan chiqish hamda takliflar kiritish;
b) Vazirlik faoliyatini muvofiqlashtirish bevosita Bosh vazir kotibiyati tomonidan amalga oshiriladi.
7. 2022-yil 1-maydan boshlab mahalla raisining oylik ish haqi miqdori u biriktirilgan mahalladagi xonadonlar soniga mutanosib ravishda quyidagicha belgilansin:
xonadonlar soni 500 tagacha bo‘lgan mahallada — mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 4 baravari miqdorida;
xonadonlar soni 501 tadan 1 000 tagacha bo‘lgan mahallada — mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 4,5 baravari miqdorida;
xonadonlar soni 1 000 tadan ortiq bo‘lgan mahallada — mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 5 baravari miqdorida.
Belgilansinki, faoliyat samaradorligi ko‘rsatkichlaridan kelib chiqib, mahalla raislarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida mehnatga haq to‘lash jamg‘armasining 15 foizi miqdorida moddiy rag‘batlantirish jamg‘armasi shakllantiriladi.
8. Vazirlik Toshkent shahri, Yashnobod tumani, Istiqlol ko‘chasi, 51-uy manzili bo‘yicha operativ boshqaruv huquqi asosida joylashtirilsin.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Vazirlik bilan birgalikda 2022-yil 1-aprelga qadar Vazirlikning hududiy bo‘linmalarini zarur bino va inshootlar bilan ta’minlash choralarini ko‘rsin.
9. Moliya vazirligi:
2022-yilda ushbu qarorni amalga oshirish doirasida Vazirlikning xarajatlari uchun “2022-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi Qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
“2022-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi Qonunga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgunga qadar Vazirlik faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlar uchun mablag‘ ajratish choralarini ko‘rsin;
2023-yildan boshlab har yili Davlat budjeti parametrlarida zarur mablag‘larni ko‘zda tutsin.
10. Vazirlik manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
11. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV