15.03.2022
15-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov va saylangan Prezidenti Serdar Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqotlari bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbari Turkmaniston tomonini g‘oyatda muhim siyosiy tadbir – Prezident saylovi muvaffaqiyatli o‘tkazilgani, unda Serdar Berdimuhamedov ishonchli g‘alaba qozongani bilan samimiy tabriklab, qardosh Turkmaniston xalqiga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladi.
O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini izchil mustahkamlashga qaratilgan birgalikdagi ishlar davom ettirilishiga ishonch bildirildi.
Ikki tomonlama munosabatlar kun tartibi va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari ham muhokama qilindi.
Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik ijobiy sur’at bilan rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
O‘tgan yil yakunlari bo‘yicha o‘zaro tovar ayirboshlash va yuk tashish hajmlari sezilarli darajada oshdi. Chegaradosh hududlar va yetakchi korxonalar darajasida yaqin aloqalar yo‘lga qo‘yildi. Sanoat, transport, energetika, qishloq va suv xo‘jaligi sohalarida aniq kooperatsiya loyihalari ilgari surilmoqda.
Bundan tashqari, ikki mamlakat yetakchilari parlamentlar o‘rtasidagi faol muloqotni, shu jumladan xalqaro tashkilotlar doirasida davom ettirish muhimligini ta’kidladilar.
Bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlar rejasi ko‘rib chiqildi.