08.02.2022
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriDavlat mulkidan foydalanish samaradorligini oshirish, davlat muassasalari faoliyatida zamonaviy boshqaruv usullari, ochiqlik, shaffoflik tamoyillarini joriy etish hamda xususiy kapital ishtiroki uchun keng imkoniyatlar yaratish, iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va raqobat muhitini yaratish maqsadida:
1. Belgilansinki:
a) bir tovar bozorida beshta va undan ortiq xususiy tadbirkorlik subyektlari faoliyat yuritib kelayotgan, raqobat rivojlangan sohalarda faoliyat yuritayotgan davlat muassasalari tugatiladi yoki xo‘jalik jamiyatlariga o‘zgartirilgan holda xususiy sektorga sotiladi;
b) davlat muassasalari majburiy tartibda Yagona g‘azna hisobvarag‘ida shaxsiy g‘azna hisobvaraqlariga ega bo‘ladi;
v) 2022-yil 1-apreldan boshlab:
vazirlik va idoralar hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari o‘z rasmiy veb-saytlarida o‘zlarining tarkibiga kiruvchi davlat muassasalarining nomi, faoliyat turi, funksiya va vakolatlari hamda rahbarlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni joylashtiradi va uning doimiy ravishda yangilab borilishini ta’minlaydi;
davlat muassasalarining hududlar va yuqori turuvchi organlari kesimidagi ma’lumotlar Davlat aktivlarini boshqarish agentligining (keyingi o‘rinlarda — Agentlik) veb-saytiga joylashtiriladi;
Ochiq ma’lumotlar portalida foydalanuvchilar uchun qulay formatlarda ko‘rish imkoniyatini yaratgan holda muassasalarning yuqori turuvchi tashkiloti, ko‘chmas mulk obyektlari, qurilishi tugallanmagan obyektlar va avtotransport vositalari, rejalashtirilgan va amalga oshirilgan xarajatlar tarkibi haqidagi va boshqa ma’lumotlarni (bundan tijorat siri mavjud yoki cheklangan holda tarqatiladigan ma’lumotlar mustasno) e’lon qilish amaliyoti joriy etiladi;
g) davlat muassasalarini tashkil etish to‘g‘risidagi qarorda hamda muassasa ustavi (nizomi)da uning tashkiliy-huquqiy shakli “davlat muassasasi” ekanligi ko‘rsatiladi;
d) xo‘jalik jamiyatlari ustav fondi (ustav kapitali)dagi davlat organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, davlat unitar korxonalari, davlat muassasalari, Markaziy bank hamda Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasiga tegishli aksiyalar va ulushlar davlat ulushlari hisoblanadi;
e) davlat ishtirokidagi xo‘jalik jamiyatlariga tegishli bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlarining ustav fondi (ustav kapitali)dagi ulushlar va aksiyalar davlat ulushi hisoblanmaydi.
2. Agentlik, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi va Moliya vazirligining quyidagi takliflari ma’qullansin:
mahsulotlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olgan tushumi bazaviy hisoblash miqdorining yuz ming baravari miqdoridan ortiq bo‘lgan davlat muassasalarini 2022-yil 1-martdan 2023-yil 1-avgustga qadar eksperiment tariqasida tashqi, shu jumladan mol-mulkning mavjudligi, majburiyatlar bajarilishining amaldagi holati va oqibatlarini o‘rganish masalalari yuzasidan auditorlik tekshiruvidan o‘tkazish;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlarida nazarda tutilgan hollardan tashqari davlat muassasalariga xo‘jalik jamiyatlarini ta’sis qilishni hamda ularning ustav fondi (ustav kapitali)da ishtirok etishni taqiqlash.
Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi va Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi ushbu bandning uchinchi xatboshisida belgilangan talablarga qat’iy rioya etilishini ta’minlasin.
3. Davlat mulkini sotishda tender savdolarini o‘tkazish bo‘yicha davlat komissiyasiga (keyingi o‘rinlarda — Davlat tender komissiyasi) davlat muassasalarini (bundan xususiylashtirilmaydigan davlat muassasalari mustasno) xo‘jalik jamiyatlariga o‘zgartirish, shuningdek, davlat muassasalarini tugatish to‘g‘risida qarorlar qabul qilish uchun muassislarga ko‘rsatma va takliflar kiritish huquqi berilsin.
4. Davlat tender komissiyasi:
a) bir oy muddatda faoliyat ko‘rsatmayotganligi sababli tugatiladigan davlat muassasalari ro‘yxati va ularni tugatish jadvalini tasdiqlasin;
b) 2022-yil 1-sentabrga qadar:
barcha davlat muassasalarini xatlovdan o‘tkazib, ularning daromad keltiradigan faoliyatini ko‘rib chiqqan holda tashkiliy-huquqiy shakllari qonunchilik hujjatlariga mosligini o‘rganib chiqsin;
bitta tovar bozorida beshta va undan ortiq xususiy tadbirkorlik subyektlari faoliyat yuritib kelayotgan, raqobat rivojlangan sohalarda faoliyat yuritayotgan davlat muassasalarini va ularga tegishli nosohaviy aktivlarni xususiylashtirish yoki ularni belgilangan tartibda tugatish bo‘yicha choralarni ko‘rsin.
5. Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2023-yildan boshlab, har yili 1-mayga qadar davlat muassasalari faoliyatini tahlil qilib, bitta tovar bozorida beshta va undan ortiq xususiy tadbirkorlik subyektlari faoliyat yuritib kelayotgan, raqobat rivojlangan sohalarda faoliyat yuritayotgan davlat muassasalarini xususiylashtirish yoki tugatish bo‘yicha takliflarni Davlat tender komissiyasiga kiritib borsin.
6. Moliya vazirligi:
ikki oy muddatda davlat moliyasini boshqarish axborot tizimini (keyingi o‘rinlarda — “DMBAT”) budjet tashkilotlari tomonidan budjet hisobi va hisoboti yuritilishini kompleks avtomatlashtirish uchun mo‘ljallangan dasturiy majmuaga (keyingi o‘rinlarda — “UzASBO”) integratsiya qilgan holda, ushbu tizimlardan mazkur qarorning 1-bandi “v” kichik bandida nazarda tutilgan ma’lumotlar Ochiq ma’lumotlar portalida e’lon qilinishini;
uch oy muddatda har bir davlat muassasasiga Yagona g‘azna hisobvarag‘ida shaxsiy g‘azna hisobvaraqlari ochilishini;
2022-yil 1-aprelga qadar Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Agentlik, Davlat xizmatlari agentligining ma’lumotlar bazalarini “DMBAT” va “UzASBO”ga integratsiya qilinishini ta’minlasin.
7. Vazirlik va idoralar hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari:
2022-yil 1-aprelga qadar o‘z tarkibidagi davlat muassasalarining qonunchilikda belgilangan tartibda, davlat boji undirilmasdan Davlat xizmatlari markazlarida ro‘yxatdan o‘tkazilishini;
o‘z tarkibidagi davlat muassasalarining moliyaviy ko‘rsatkichlari, jumladan mahsulotlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushumlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni har chorak yakunlari bo‘yicha hisobot davrining keyingi oyi davomida, yil yakunlari bo‘yicha esa keyingi moliya yilining 25-fevraliga qadar Agentlikning axborot tizimida joylashtirib borilishini ta’minlasin.
8. Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda tugatilgan davlat muassasalari va korxonalariga tegishli bo‘lgan, Agentlik va Moliya vazirligiga operativ boshqaruv huquqi asosida bepul beriladigan aksiyadorlik jamiyatlarining ustav kapitalidagi aksiya paketlari ro‘yxatini tasdiqlasin.
9. Agentlik:
Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi bilan birgalikda 2023-yil 1-oktabrga qadar ushbu qarorning 2-bandi ikkinchi xatboshisidan kelib chiqib, eksperiment natijalarini puxta tahlil etgan holda davlat muassasalarini majburiy tashqi auditorlik tekshiruvidan o‘tkazishning maqsadga muvofiqligi yuzasidan;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2022-yil 1-mayga qadar davlat muassasalari to‘g‘risidagi nizom loyihasini hamda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
10. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va javobgar etib Bosh vazirning o‘rinbosari J.A. Qo‘chqorov va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori A.J. Ortiqov belgilansin.
Qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga 2022-yil 1-oktabrga qadar axborot berilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV