10.02.2022
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriSo‘nggi yillarda mamlakatimizda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari hamda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi faoliyatining tashkil etilishi o‘zbek zaminida tavallud topib, ilmiy faoliyat olib borgan buyuk alloma va mutafakkirlar merosini ilmiy tadqiq etish va uning natijalaridan amaliy foydalanish jarayonida yangi bosqichni boshlab berdi.
Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining bugungi bosqichida ulug‘ alloma va mutafakkirlarimizning ko‘plab bebaho asarlarini, noyob yozma manbalarni saqlash, o‘rganish va kelajak avlodga bezavol yetkazish borasidagi ishlarni yanada jadallashtirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Xalqimizning bebaho mulki hisoblangan noyob yozma va toshbosma merosni saqlash va tadqiq qilish tizimini yanada takomillashtirish hamda bu jarayonga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 16 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-5186-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qadimiy yozma manbalarni markazlashgan holda saqlash, tadqiq etish, ularning holatini doimiy monitoring qilish bo‘yicha mas’ul davlat muassasalari etib belgilanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi (keyingi o‘rinlarda – Markaz), Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti (keyingi o‘rinlarda – Sharqshunoslik instituti) va Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasining (keyingi o‘rinlarda – Milliy kutubxona) jamoatchilik uchun ochiq bo‘lgan Qadimiy yozma manbalar davlat reyestrini (keyingi o‘rinlarda – Davlat reyestri) shakllantirish va davlat tasarrufidagi muzeylar, kutubxonalar va arxiv fondlari faoliyatiga integratsiya qilish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
Markaz Davlat reyestrini shakllantirish va yuritish, shuningdek, qadimiy yozma manbalarni bosqichma-bosqich raqamlashtirish uchun mas’ul davlat muassasasi etib belgilansin.
3. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq Markaz:
respublika hududidagi barcha muzeylar, kutubxonalar va arxiv fondlarida saqlanayotgan qadimiy yozma manbalarning davlat reyestrini tuzadi va doimiy monitoringini yuritadi;
Davlat reyestri asosida qadimiy yozma manbalarning turlari bo‘yicha (qo‘lyozma, toshbosma manbalar, tarixiy hujjatlar) kataloglari va elektron nusxalarini yaratadi, ularni Qadimiy yozma manbalar davlat reyestrini yuritish bo‘yicha yagona axborot tizimiga kiritish hamda muntazam to‘ldirib borish choralarini ko‘radi;
Markaz va Sharqshunoslik institutida markazlashgan holda saqlanadigan va Davlat reyestriga kiritilgan qadimiy yozma manbalarning holati, doimiy monitoring va tadqiq etilishi natijalari haqidagi ma’lumotlarning muntazam ravishda maxsus portallar va ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinishini ta’minlaydi;
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi va Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti bilan birgalikda qadimiy yozma manbalarning konservatsiyasi va restavratsiyasi bilan shug‘ullanayotgan soha xodimlarining muntazam ravishda kasbiy salohiyati va malakasini oshirish, shuningdek, soha uchun yetuk mutaxassis kadrlarni tayyorlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi.
4. Markaz:
a) bir oy muddatda Turizm va sport vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Fanlar akademiyasi va “O‘zarxiv” agentligi bilan birgalikda Qadimiy yozma manbalar davlat reyestrini yuritish bo‘yicha yagona axborot tizimini (keyingi o‘rinlarda – yagona axborot tizimi) yaratish konsepsiyasi va texnik topshiriq loyihasini ishlab chiqsin hamda loyiha texnik hujjatlarining belgilangan tartibda ekspertizadan o‘tkazilishini ta’minlasin;
b) ikki oy muddatda:
Sharqshunoslik instituti, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Madaniy meros agentligi va “O‘zarxiv” agentligi bilan birgalikda Qadimiy yozma manbalar davlat reyestri to‘g‘risidagi nizomni ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
respublika hududidagi muzeylar, kutubxonalar, arxiv fondlari va boshqa muassasalarda saqlanayotgan qadimiy yozma manbalarning ilmiy dolzarbligi va muhimligiga qarab, ularni tarjima va tadqiq qilish jadvalini ishlab chiqib, tasdiqlasin hamda xalqchil tilda bosqichma-bosqich nashr etilishini yo‘lga qo‘ysin.
5. Vazirlar Mahkamasi Markaz bilan birgalikda:
ikki oy muddatda davlat tasarrufidagi muzeylar, kutubxonalar, arxiv fondlari va boshqa muassasalarda saqlanayotgan qadimiy yozma manbalarni Markaz tasarrufiga o‘tkazish bo‘yicha rejani tasdiqlab, bosqichma-bosqich amalga oshirsin;
Markazga saqlash va tadqiq qilish uchun olib kelingan qadimiy yozma manbalarning tegishli (hududiy, idoraviy, shaxsiy va boshqa) mansubligidan kelib chiqib, alohida kolleksiya holida muhofaza qilinishini ta’minlasin;
reja-grafik asosida xorijiy mamlakatlarga ilmiy ekspeditsiyalar uyushtirish orqali aholi va turli fondlarda saqlanayotgan yurtimiz allomalari va mutafakkirlarining ijodiga mansub bo‘lgan qadimiy yozma manbalarning kataloglarini va elektron nusxalarini aniqlash, Markaz fondiga olib kelish va ilmiy muomalaga kiritish choralarini ko‘rsin;
ikki oy muddatda jismoniy va yuridik shaxslardan qadimiy yozma manbalarni xarid qilish, ularni davlat tasarrufiga topshirish mexanizmlarini ishlab chiqsin.
6. Markaz huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Qadimiy yozma manbalarni konservatsiya va restavratsiya qilish laboratoriyasi (keyingi o‘rinlarda – Laboratoriya) tashkil etilsin va Laboratoriya tomonidan o‘tkaziladigan tadqiqot sinovlarining asosiy yo‘nalishlari 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Belgilab qo‘yilsinki:
Laboratoriya respublika hududidagi muzeylar, kutubxonalar va boshqa muassasalarning arxiv fondlarida, jismoniy va yuridik shaxslarda saqlanayotgan qadimiy yozma manbalarni ularning buyurtmasi asosida ta’mirlash ishlarini amalga oshiradi;
qadimiy yozma manbalarni ta’mirlashdan tushgan mablag‘lar Markaz va Laboratoriya faoliyatini rivojlantirishga sarflanadi;
Laboratoriyani tashkil etish, zarur asbob-uskunalar, butlovchi materiallar bilan ta’minlash va ularni o‘rnatish, shuningdek, o‘z tashabbusiga ko‘ra Markaz fondida saqlanayotgan qadimiy yozma manbalarni ta’mirlash bilan bog‘liq xarajatlar Markaz uchun Davlat byudjetidan ajratilgan mablag‘lar doirasida, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini rivojlantirish jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma) mablag‘lari, xalqaro moliya institutlari va tashkilotlarining texnik ko‘mak mablag‘lari (grantlari) hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi;
Laboratoriya faoliyatiga yozma manbalar konservatsiyasi va restavratsiyasi yo‘nalishida yetarli darajadagi bilim va ish tajribasiga ega bo‘lgan malakali mutaxassislar Markaz tomonidan Jamg‘arma hisobidan fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida jalb qilinadi.
Laboratoriya Toshkent shahar, Abdulla Qodiriy ko‘chasi, 11-uy manzilidagi O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi binosiga bepul foydalanish huquqi asosida vaqtincha joylashtirilsin.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (B.Abidov, Sh.Vafayev) Laboratoriya faoliyati uchun xalqaro moliya institutlari va tashkilotlarining texnik ko‘mak mablag‘lari (grantlari)ni jalb qilishga ko‘maklashsin.
7. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi:
2022/2023 o‘quv yilidan boshlab Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida “Qadimiy yozma manbalar konservatsiyasi va restavratsiyasi” ta’lim yo‘nalishida kadrlar tayyorlashni yo‘lga qo‘ysin;
Sharqshunoslik instituti va Markaz bilan birgalikda ikki oy muddatda respublikadagi ilmiy markazlar, muzeylar, kutubxonalar va boshqa muassasalarning qo‘lyozma fondlaridagi holatni o‘rganib, manbashunos-restavratorlarga bo‘lgan mavjud ehtiyojni aniqlasin hamda 2022/2023 o‘quv yili uchun ta’lim yo‘nalishiga kvota ajratish to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
8. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, Buxoro davlat universiteti va O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Matnshunoslik va adabiy manbashunoslik” ta’lim yo‘nalishi va mutaxassisligi bo‘yicha bakalavriat va magistratura bosqichlari uchun zarur kvotalar doimiy ajratib borilishini ta’minlasin.
Belgilansinki:
“Matnshunoslik va adabiy manbashunoslik” hamda “Filologiya va tillarni o‘qitish (mumtoz filologiya)” ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari bo‘yicha talabalarning o‘quv jarayoni, amaliyoti, diplom ishi va magistrlik dissertatsiyalari himoyalari Sharqshunoslik instituti, Markaz, Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi va boshqa qo‘lyozma fondlarida sohaning yetuk mutaxassislari va olimlari ishtirokida o‘tkaziladi;
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Matnshunoslik va adabiy manbashunoslik” ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha tayanch oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi.
9. Innovatsion rivojlanish vazirligi uch oy muddatda:
Markaz, Sharqshunoslik instituti, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi uchun qadimiy yozma manbalarni o‘rganish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasi belgilangan tartibda shakllantirilishini;
ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida bajariladigan maqsadli ilmiy loyihalarga Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan mablag‘lar ajratilishini ta’minlasin.
10. Markaz Sharqshunoslik instituti, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, “El-yurt umidi” jamg‘armasi, Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan birgalikda 2022 yildan boshlab qo‘lyozmalarni saqlash va tadqiq etish bilan shug‘ullanuvchi ilmiy xodim va restavratorlarning har yili xorijda amaliyot o‘tashi va stajirovkasini tashkil etish choralarini ko‘rib borsin.
Ilmiy xodim va restavratorlarning xorijda amaliyot o‘tashi va stajirovkasi buyurtmachi tashkilotlar uchun Davlat byudjetidan ajratilgan mablag‘lar doirasida, shuningdek, byudjetdan tashqari mablag‘lar va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan tashkil etilishi belgilab qo‘yilsin.
11. Mamlakatimiz hududida yashab o‘tgan buyuk alloma va mutafakkirlarning ilmiy merosini aholi, ayniqsa, yoshlar orasida yanada ommalashtirish, ular to‘g‘risidagi ma’lumotlarni zamonaviy usullar orqali jamoatchilikka yetkazish, shuningdek, mazkur yo‘nalishda olib boriladigan tadqiqotlar uchun yanada qulay imkoniyatlar yaratish maqsadida Internet jahon axborot tarmog‘ida Yurtimiz allomalari va mutafakkirlarining hayoti hamda ma’naviy merosi haqidagi ilmiy-ma’rifiy portal (keyingi o‘rinlarda – ilmiy-ma’rifiy portal) va uning mobil ilovasi ishga tushirilsin.
Belgilab qo‘yilsinki, Davlat reyestrini shakllantirish, ilmiy-ma’rifiy portal va uning mobil ilovasini ishga tushirish bilan bog‘liq xarajatlar Markaz uchun Davlat byudjetida nazarda tutilgan maqsadli mablag‘lar hamda keyinchalik uni saqlash va faoliyatini ta’minlash bilan bog‘liq xarajatlar Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
12. Quyidagilar:
a) Markaz Milliy kutubxona, Kinematografiya agentligi va Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda:
ilmiy-ma’rifiy portalning ishga tushirilishini;
ilmiy-ma’rifiy portalga buyuk alloma va mutafakkirlarning hayoti, ilmiy merosi haqidagi ma’lumotlar, ularning faoliyatiga oid chop etilgan kitoblarning elektron nusxalari, filmlar hamda yoshlarning intellektual salohiyatini oshirishga xizmat qiladigan boshqa turdagi ma’lumotlar joylashtirilishini;
b) Yoshlar ishlari agentligi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, Markaz va Milliy kutubxona bilan birgalikda ikki oy muddatda hududlarda yoshlar yetakchilari tomonidan buyuk alloma va mutafakkirlarning hayoti hamda ilmiy merosini yoshlar orasida keng targ‘ib qilish va ommalashtirish bo‘yicha mahallalar kesimida “yo‘l xarita”lari ishlab chiqilishi va amalga oshirilishini ta’minlasin.
13. Sharqshunoslik instituti, Markaz, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi YUNESKO, Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha Islom olami tashkiloti (ICESCO), Islom tarixi, madaniyati va san’atini tadqiq etish markazi (IRCICA) kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlikda an’anaviy tarzda qadimiy yozma manbalarni muhofaza qilish va tadqiq etishning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyani tashkil etsin.
14. Markaz Fanlar akademiyasi va Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda 2022 yil yakuniga qadar Markaziy Osiyo mintaqasi doirasida qadimiy yozma manbalarni saqlash va tadqiq etish sohasida qo‘shni davlatlar bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
15. Markaz va Fanlar akademiyasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda qadimiy yozma manbalarni saqlash va tadqiq etish sohasini yanada rivojlantirish maqsadida Islom taraqqiyot banki va boshqa jamg‘armalar, donor tashkilotlarning beg‘araz mablag‘lari hamda yordamlarini jalb etish choralarini ko‘rsin.
16. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 16 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-5186-son qaroriga 2-ilovaga muvofiq qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilsin.
17. Markaz manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
18. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi M.M.Kamilov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOEV