08.02.2022
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriChorvachilik tarmoqlarini yanada rivojlantirish, chorvachilik xo‘jaliklarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, chorva ozuqa bazasini yanada ko‘paytirish, shuningdek, aholining yirik chorvachilik xo‘jaliklari va chorvachilik mahsulotlarini qayta ishlovchilar bilan hamkorlikdagi faoliyati asosida (keyingi o‘rinlarda – kooperatsiya usulida) o‘z xonadonlarida chorva mollarini boqishini tashkil etish va chorva ozuqa bazasiga bo‘lgan talabini qondirish maqsadida:
1. Quyidagilar:
paxta va g‘alla yetishtiruvchi sub’ektlar tomonidan 2 million gektar sug‘oriladigan yer maydonining 10 foiziga almashlab ekish ta’minlanadigan yer maydonlari hajmi 1-ilovaga muvofiq;
2022-2024-yillarda paxta-to‘qimachilik, g‘allachilik va sholichilik klasterlari tomonidan tashkil etiladigan chorvachilik komplekslarida chorva bosh sonini ko‘paytirish va chorvachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish prognoz ko‘rsatkichlari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Bosh vazir o‘rinbosari Sh.G‘aniyev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari hamda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi (B.Norqobilov):
Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda mazkur qarorga 1-ilovaga muvofiq hajmdagi yer maydonlarida beda va chorva ozuqa ekinlari ekilishini;
“O‘zbekiston paxta-to‘qimachilik klasterlari” uyushmasi hamda paxta-to‘qimachilik, g‘allachilik va sholichilik klasterlari bilan birgalikda mazkur qarorga 2-ilovaga muvofiq klasterlar tomonidan 500 – 1 000 boshga mo‘ljallangan chorvachilik komplekslari tashkil etilishini ta’minlasin.
3. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari:
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda 2022-2023-yillarda har bir tumanda kamida 1 tadan go‘sht va sut mahsulotlarini yetishtiruvchi va qayta ishlovchi korxonalar tomonidan aholi xonadonlariga kooperatsiya usulida chorva mollari yetkazib berishni va yetishtirilgan mahsulotlarni qayta ishlash va sotishni tashkil etsin;
Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda o‘zlashtiriladigan va bo‘sh turgan yer maydonlari hisobidan aholi xonadonlariga kooperatsiya usulida chorva mollari yetkazib berishni va yetishtirilgan chorva mahsulotlarini qayta ishlashni tashkil etgan go‘sht va sut mahsulotlarini yetishtiruvchi va qayta ishlovchi korxonalarga, aholiga chorva ozuqasini yetkazib berish sharti bilan, chorva bosh soniga mutanosib ravishda ozuqa yerlarining ochiq elektron tanlov asosida ijaraga berilishini ta’minlasin;
ozuqa bazasini yetishtirish uchun sug‘oriladigan yer maydonlari yetishmovchiligi mavjud bo‘lgan tumanlarda go‘sht va sut mahsulotlariga bo‘lgan iste’mol talabini to‘liq qondirish maqsadida kooperatsiya usulida go‘sht va sut mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlashni yo‘lga qo‘ygan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar chegaralari doirasida bir tumanda kooperatsiya usulida go‘sht va sut mahsulotlarini yetishtirishni tashkil etish hamda boshqa tumanda ozuqa ekinlarini yetishtirish uchun ochiq elektron tanlov asosida sug‘oriladigan yerlar ajratishni ta’minlasin. Bunda, kooperatsiya usulida faoliyat olib boruvchi sub’ektlarga mazkur qarorda belgilangan barcha imtiyozlar qo‘llaniladi.
4. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga ko‘ra kooperatsiya usulida go‘sht va sut mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlashni yo‘lga qo‘ygan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga:
Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi hisobidan chorvachilik bo‘yicha, shu jumladan, chorva komplekslarini qurish, yirik va mayda shoxli nasldor chorva mollarini xarid qilish, chorva mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish uchun tijorat banklari tomonidan ajratiladigan 20 milliard so‘mgacha miqdordagi kreditlar bo‘yicha foiz stavkasining O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining asosiy stavkasidan oshadigan, lekin 8 foiz punktidan ko‘p bo‘lmagan qismiga kompensatsiya hamda kredit summasining 50 foizi miqdorida kafillik taqdim etiladi;
chorvachilik yo‘nalishida jalb qilinadigan xalqaro moliya institutlarining kredit mablag‘lari 10 yil muddatga 3 yil imtiyozli davr bilan ajratiladi.
Tijorat banklariga chorvachilik sohasidagi loyihalarni moliyalashtirish, shu jumladan, aylanma mablag‘larni to‘ldirish va modernizatsiya qilish uchun mazkur qaror qabul qilingunga qadar ajratilgan kreditlarning qaytarish muddatini o‘n yilgacha tadbirkorlarning arizalariga ko‘ra uzaytirish tavsiya etilsin.
5. Belgilansinki, 2022-yil 1-yanvardan boshlab 2023-yil 31-dekabrga qadar:
qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi bo‘lgan chorvachilik xo‘jaliklariga – o‘z xo‘jaliklarida va aholi xonadonlari bilan birgalikda kooperatsiya usulida yetishtirilib, go‘sht uchun realizatsiya qilingan yirik va mayda shoxli qoramollar tirik vaznining har bir kilogrammi uchun subsidiyaning miqdori 2 000 so‘mdan 4 000 so‘mga hamda sutning har bir litri uchun 200 so‘mdan 400 so‘mga oshiriladi. Bunda, subsidiya qo‘shilgan qiymat solig‘idan vaqtinchalik ozod qilish bo‘yicha imtiyoz amalda bo‘lgan davr uchun ham to‘lanadi;
chorvachilik xo‘jaliklari tomonidan kredit va lizing shartlari asosida xarid qilingan qishloq xo‘jaligi texnikalari kredit va lizing foizi xarajatlarining 10 foiz punktidan ortiq qismi Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan respublika byudjeti hisobidan qoplab beriladi;
ozuqa ekin yer maydonlarida yomg‘irlatib va tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini joriy etgan chorvachilik xo‘jaliklariga uning har bir gektari uchun 8 million so‘m miqdorida respublika byudjeti hisobidan belgilangan tartibda subsidiya ajratiladi;
gidroponika usulida chorva mollariga ozuqa yetishtirish uskunalarini xarid qilish xarajatining 20 foizi respublika byudjeti hisobidan qoplab beriladi. Bunda, mazkur uskuna qiymatining 100 million so‘mdan oshmagan qismi qoplanadi.
6. Tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan o‘rnatilgan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxat bo‘yicha xorijdan olib kelinadigan, ishlab chiqarilganiga 5 yildan oshmagan ozuqa ekinlarini ekish, yig‘ish va ozuqa tayyorlash qishloq xo‘jaligi texnikalari, ularning butlovchi buyumlari va ehtiyot qismlari, istisno tariqasida, 2025-yil 1-martga qadar bojxona to‘lovlaridan (qo‘shilgan qiymat solig‘i va bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) va utilizatsiya yig‘imidan ozod qilinsin hamda tadbirkorlik subyektlariga “erkin muomalaga chiqarish” bojxona rejimiga joylashtirilgan sanadan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘ini 180 kungacha bo‘lgan muddatga kechiktirib to‘lashga ruxsat berilsin.
7. Suv xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda har bir tumanning konturlari kesimida vegetatsiya davrida ajratiladigan suv limitlari hamda ozuqabop ekin turlarining suvga bo‘lgan talabidan kelib chiqqan holda, kundalik ravishda yangilab boriladigan sug‘orish grafiklari haqidagi axborotni o‘z ichiga oluvchi elektron onlayn platformani tashkil etsin.
8. Quyidagilarga:
a) O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Sh.G‘aniyev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari zimmasiga:
paxta va g‘alla yetishtiruvchi sub’ektlar tomonidan mazkur qarorga 1-ilovaga muvofiq hajmdagi yer maydonlarida beda va chorva ozuqa ekinlarini ekish;
paxta-to‘qimachilik, g‘allachilik va sholichilik klasterlari tomonidan mazkur qarorga 2-ilovaga muvofiq chorvachilik komplekslarini tashkil etish;
har bir tumanda kamida 1 tadan go‘sht va 1 tadan sut yo‘nalishida go‘sht va sut mahsulotlarini yetishtiruvchi va qayta ishlovchi korxonalar tomonidan aholi xonadonlariga kooperatsiya usulida chorva mollari yetkazib berishni va yetishtirilgan chorva mahsulotlarini qayta ishlashni tashkil etish;
b) Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sh.Kudbiyev zimmasiga:
yirik va mayda shoxli qoramollar tirik vaznining har bir kilogrammi uchun hamda sutning har bir litri uchun subsidiya olgan xo‘jalik sub’ektlari qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi sifatida soliq organlarida ro‘yxatdan o‘tganligini nazorat qilib borish;
mazkur qarorga 1-ilovaga muvofiq hajmdagi yer maydonlarida beda va chorva ozuqa ekinlari ekilganligini nazorat qilib borish hamda har chorakda Chorvachilik va uning tarmoqlarini rivojlantirish Respublika kengashiga axborot kiritib borish;
v) suv xo‘jaligi vaziri Sh.Xamrayev zimmasiga elektron onlayn platformaning belgilangan muddatda ishga tushirilishini va uning doimiy ravishda yangilab borilishini ta’minlash;
g) Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi B.Norqobilov va “O‘zbekchorvanasl” agentligi direktori B.Atamurodov zimmasiga qarorning o‘z vaqtida va samarali ijro etilishini ta’minlash hamda yuzaga keladigan muammolarni bartaraf etish yuzasidan Chorvachilik va uning tarmoqlarini rivojlantirish Respublika kengashiga hamda Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish bo‘yicha javobgarlik yuklansin.
9. Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Adliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Sh.M.G‘aniyev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOEV