02.02.2022
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriAholi, ayniqsa, olis hududlarda istiqomat qiladigan fuqarolarga madaniy dam olish xizmatlari ko‘rsatish darajasini oshirish, respublikaning barcha hududlarida teatr, sirk va boshqa turdagi ommaviy-madaniy va konsert-tomosha tadbirlarini tizimli ravishda yo‘lga qo‘yish, madaniyat va san’at sohasida iste’dodli yosh ijodkorlarni izlab topish va qo‘llab-quvvatlash, ta’lim muassasalarini milliy cholg‘ular, musiqa darsliklari, notalar to‘plamlari va o‘quv-metodik adabiyotlar bilan ta’minlashning yaxlit tizimini yaratish maqsadida, shuningdek, 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturiga muvofiq:
1. 2022/2023-o‘quv yilidan boshlab ta’lim muassasalarida o‘quvchi va talabalarning musiqiy bilim va ko‘nikmalarini oshirish, ularning qalbida milliy madaniyatga bo‘lgan muhabbatni shakllantirish, yosh iste’dodlarni aniqlash va qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan quyidagi chora-tadbirlar amalga oshirilishi belgilansin:
a) umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida:
mazkur qarorga 1-ilovadagi ro‘yxatda keltirilgan milliy musiqa cholg‘ularidan kamida bittasida kuy ijro etish mahorati o‘rgatiladi hamda bu haqda ularning ta’lim to‘g‘risidagi hujjatiga (shahodatnoma) tegishli qayd kiritiladi;
musiqa fani uchun haftasiga belgilangan bir o‘quv soati hamda unga qo‘shimcha ravishda har hafta milliy musiqa cholg‘ularida kuy ijro etish amaliy to‘garaklari va fakultativ darslari o‘tkaziladi;
mazkur qarorga 1-ilovadagi ro‘yxatda keltirilgan milliy cholg‘ulardan kamida bittasida, 2023/2024-o‘quv yilidan boshlab esa kamida uchtasida kuy ijro etish mahoratiga ega bo‘lish musiqa fani o‘qituvchilari uchun majburiy hisoblanadi;
musiqa fani uchun ajratilgan o‘quv soatlari doirasida “Hayotimga hamrohdir cholg‘u” shiori ostida cholg‘u ijrochiligi dars mashg‘ulotlari yo‘lga qo‘yiladi;
notalar to‘plamlari va maxsus musiqiy adabiyotlar bilan ta’minlash umumta’lim maktablarini darsliklar va o‘quv-metodik qo‘llanmalar bilan ta’minlash tizimiga kiritiladi;
o‘quvchilarning darsdan tashqari vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida ularning qiziqishlariga ko‘ra milliy musiqa cholg‘ularida kuy ijro etish mahorati, tasviriy va amaliy san’at, hunarmandchilik yo‘nalishlarida amaliy to‘garaklar (keyingi o‘rinlarda – amaliy to‘garaklar) tashkil etiladi;
amaliy to‘garaklar rahbarlariga “Barkamol avlod” bolalar maktablari to‘garak rahbari uchun belgilangan bazaviy tarif stavkalari qo‘llaniladi;
amaliy to‘garaklarni olib borish hisobi “Elektron kundalik” dasturi orqali amalga oshiriladi hamda har chorakda to‘garak ishtirokchilarining hisobot konsertlari tashkil qilinadi;
musiqa san’ati bo‘yicha professional ta’lim hamda oliy ta’lim to‘g‘risidagi hujjatga ega bo‘lgan, kamida 3 ta milliy musiqa cholg‘ularida mahorat bilan kuy ijro eta oladigan mutaxassislarni asosiy ish joyidan bo‘sh vaqtida u yerdagi mehnatga haq to‘lash shartlarini saqlab qolgan holda o‘rindoshlik asosida umumiy o‘rta ta’lim muassasalari musiqa fani o‘qituvchisi va musiqa yo‘nalishidagi to‘garak rahbari lavozimiga to‘liq stavkada ishga qabul qilishga ruxsat beriladi;
musiqa fani o‘qituvchilarini kamida uchta milliy musiqa cholg‘ularida kuy ijro etishga o‘rgatish xalq ta’limi xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimi doirasida amalga oshiriladi, bunda qayta tayyorlash (malaka oshirish) kurslarida mashg‘ulot olib borish uchun madaniyat va san’at sohasi vakillari shartnoma asosida jalb etiladi;
b) umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va oliy ta’lim muassasalarida:
O‘zbekiston davlat filarmoniyasi va uning hududiy bo‘limlari tomonidan boshqa madaniyat muassasalari bilan hamkorlikda lektoriy konsertlariни o‘tkazish yo‘lga qo‘yiladi;
lektoriy konsertlari ta’lim va madaniyat muassasalarida tashkil etiladi hamda o‘quvchi va talabalarning musiqiy madaniyati va savodxonligini yuksaltirishga, estetik didi, dunyoqarashini kengaytirishga va musiqani his qilishiga qaratilgan amaliy mashg‘ulotlardan iborat bo‘ladi;
lektoriy konsertlarining o‘tkazilganligi haqida tegishli ta’lim, madaniyat muassasasi, tuman (shahar) hokimligi yoki boshqa mas’ul tashkilot rahbari va O‘zbekiston davlat filarmoniyasi bosh direktori tomonidan dalolatnoma tuziladi;
lektoriy konsertlarini o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar mahalliy byudjet mablag‘lari (umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida) va byudjetdan tashqari mablag‘lar (oliy ta’lim muassasalarida) yoki qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan dalolatnoma asosida moliyalashtiriladi;
Madaniyat vazirligi hay’ati qarori bilan umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va oliy ta’lim muassasalarida madaniyat va san’at sohasidagi davlat mukofotlari bilan taqdirlangan ijodkorlar rahbarligida ularning “mahorat maktablari” tashkil etiladi;
“mahorat maktablari” rahbari bo‘lgan ijodkorlar Madaniyat vazirligining byudjetdan tashqari jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma) mablag‘lari hisobidan asosiy ish joyi orqali har oyda bazaviy hisoblash miqdorining o‘n besh baravari miqdorda qo‘shimcha moddiy rag‘batlantirib boriladi;
v) umumiy o‘rta ta’lim muassasalari, bolalar musiqa va san’at maktablari, madaniyat markazlari:
2022-2024-yillarda mazkur qarorga 1a-ilovada belgilangan reja-jadvalga muvofiq 3 tadan milliy musiqa cholg‘ulari to‘plamlari bilan ta’minlanadi;
milliy musiqa cholg‘ulari to‘plamlari bilan ta’minlash xarajatlari O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjeti va tegishli mahalliy byudjetlardan teng ulushlarda ajratiladigan mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladi;
milliy musiqa cholg‘ulari to‘plamlari Madaniyat vazirligi va Xalq ta’limi vazirligining hududiy boshqarmalari tomonidan markazlashgan tartibda xarid qilinadi va tegishli davlat muassasalariga yetkazib beriladi, bunda xarid komissiyasining tarkibiga milliy musiqa cholg‘ularida kuy ijro eta oluvchi yuqori malakali mutaxassislar kiritiladi, cholg‘ular ular tomonidan sinab ko‘riladi;
g) har yili:
o‘quvchilar va talabalar o‘rtasida mazkur qarorga 2-ilovadagi ro‘yxat bo‘yicha “ta’lim muassasasi – tuman (shahar) – viloyat (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri) – respublika” kesimida madaniyat va san’at sohasidagi respublika ko‘rik-tanlovlari tashkil etiladi;
respublika ko‘rik tanlovlarining “ta’lim muassasasi” bosqichida tegishli ta’lim muassasasi joylashgan mahalladagi yoshlarning faol ishtirokini ta’minlash Yoshlar yetakchilari va madaniyat markazlari zimmasiga yuklanadi.
2. Mazkur qarorning 1-bandida belgilangan tadbirlar ijrosini samarali tashkil etish maqsadida:
a) Xalq ta’limi vazirligi (B.O.Saidov) 2022-yil 1-iyunga qadar:
har bir umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida direktor buyrug‘i bilan amaliy to‘garaklar tashkil etilishini, bu haqida o‘qituvchi va o‘quvchilarning xabardor qilinishini ta’minlasin;
umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida musiqa fani o‘qituvchilariga bo‘lgan talab va kelgusidagi ehtiyojni muntazam ravishda tahlil qilib borsin, zaruratga ko‘ra, Madaniyat vazirligi bilan birgalikda musiqa fani o‘qituvchilarini tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalariga buyurtmalar berib borsin;
b) Madaniyat vazirligi (O.A.Nazarbekov) ikki oy muddatda:
musiqiy savodxonlikni oshirishga qaratilgan lektoriy konsertlarining badiiy dasturini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi (D.N.Sattarov) bilan birgalikda musiqa cholg‘ularini ishlab chiqaruvchi mutaxassislarni jalb qilgan holda mazkur qarorga 1-ilovadagi ro‘yxatda keltirilgan milliy musiqa cholg‘ularini ishlab chiqarish bo‘yicha texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar loyihalarini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda qabul qilinishini ta’minlasin.
3. Quyidagilardan iborat 2022-yilda respublika miqyosida o‘tkaziladigan ommaviy-madaniy va konsert-tomosha tadbirlarining yillik kalendar rejasi (keyingi o‘rinlarda – 2022-yil uchun kalendar reja) tasdiqlansin:
2022-yilda O‘zbekiston Respublikasida xalqaro va respublika miqyosidagi festivallarni o‘tkazish reja-jadvali 3 a-ilovaga muvofiq;
2022-yilda Madaniyat vazirligi tomonidan “Madaniyat karvoni” shaklida hududlarda konsert-tomosha tadbirlarini o‘tkazish reja-jadvali 3 b-ilovaga muvofiq;
2022-yilda O‘zbekiston davlat filarmoniyasi tarkibidagi badiiy jamoalar tomonidan uning hududiy bo‘limlari bilan birga konsert-tomosha tadbirlarini o‘tkazish reja-jadvali 3 v-ilovaga muvofiq;
2022-yilda O‘zbekiston milliy va davlat simfonik orkestrlari, O‘zbek milliy maqom san’ati markazining Yunus Rajabiy nomidagi Maqom ansambli va “O‘zbek davlat sirki” davlat muassasasi ijodiy (badiiy) jamoalarining hududlarga gastrol safarlarini tashkil etish reja-jadvali 3g-ilovaga muvofiq;
2022-yilda Madaniyat vazirligi tizimidagi davlat teatrlari jamoalarining hududlarga gastrol safarlarini tashkil etish reja-jadvali 3d-ilovaga muvofiq;
2022-yilda O‘zbekiston milliy simfonik orkestri va O‘zbekiston davlat simfonik orkestriнинg Toshkent shahrida yirik konsert-tomosha tadbirlarini tashkil etish reja-jadvali 3 e-ilovaga muvofiq;
2022-yilda respublika miqyosida kasb bayramlarini nishonlash munosabati bilan tashkil etiladigan konsert-tomosha tadbirlari ro‘yxati 3 j-ilovaga muvofiq;
2022-yilda hududlardagi madaniyat muassasalari tomonidan o‘zarolik tamoyili asosida boshqa hududlarga gastrol safarlarini, hududning “madaniyat kunlari” tadbirlarini tashkil etish reja-jadvali 3z-ilovaga muvofiq.
4. 2022-yil uchun kalendar rejada belgilangan tadbirlarning ijrosini samarali tashkil etish maqsadida:
a) Madaniyat vazirligi (O.A.Nazarbekov):
2022-yil 1-iyunga qadar “Madaniyat karvoni” uchun mo‘ljallangan, tegishli musiqa texnikasi va sahnaga ega 2 dona maxsus avtotransport vositasini xarid qilsin;
vazirlik tizimidagi konsert-tomosha muassasalari, sirk va teatr xodimlari orasidan “Madaniyat karvoni” tarkibiga kiritiladigan ijodkorlar (doimiy a’zolar va muayyan tadbirlarda ishtirok etuvchilar) ro‘yxatini shakllantirsin;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimliklari bilan birgalikda 2022-yil uchun kalendar rejada belgilangan tadbirlarni o‘tkazish joyi, vaqti, ishtirok etadigan ijodkorlar haqida ommaviy axborot vositalari va axborot tarqatishning boshqa manbalari orqali, shu jumladan, tadbir o‘tkaziladigan hududlar aholisini kamida ikki oy oldin xabardor qilish tizimini yo‘lga qo‘ysin;
b) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimlari:
bir oy muddatda o‘z hududlarida 2022-yilda o‘tkaziladigan ommaviy-madaniy va konsert-tomosha tadbirlarining yillik kalendar rejalarini tasdiqlasin;
2022-yil uchun kalendar rejada belgilangan tadbirlarning yuqori saviyada o‘tkazilishi uchun zarur tashkiliy masalalarni hal qilsin;
o‘zarolik tamoyili asosida o‘z hududida faoliyat yuritayotgan madaniyat muassasalari jamoalarining boshqa hududlarga gastrol safarlarini, hududning “madaniyat kunlari” tadbirlarining samarali tashkil etilishini ta’minlasin;
v) Turizm va sport vazirligi (A.A.Abduxakimov) 2022-yil uchun kalendar rejaga kiritilgan tadbirlarni mahalliy va xorijiy turistlar orasida keng targ‘ib qilish choralarini ko‘rsin, turistlar oqimining o‘zgarishini inobatga olib kalendar rejaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflarni doimiy ravishda Madaniyat vazirligiga taqdim etib borsin;
g) Moliya vazirligi (T.A.Ishmetov) bir oy muddatda “Madaniyat karvoni” uchun mo‘ljallangan, tegishli musiqa texnikasi va sahnaga ega 2 dona maxsus avtotransport vositasini xarid qilish uchun Madaniyat vazirligiga Davlat byudjetidan qo‘shimcha 20 milliard so‘m ajratilishini ta’minlasin.
5. Barcha davlat organlari, muassasalari va korxonalari har chorakda kamida bir marotaba byudjetdan tashqari mablag‘lari hamda kasaba uyushmalari mablag‘lari hisobidan o‘z xodimlarining madaniy-estetik hordiq chiqarishlari uchun ommaviy-madaniy va konsert-tomosha tadbirlarini tashkil etish, konsert, sirk va teatrlarga kirish uchun bilet va abonementlarni xarid qilish amaliyotini joriy etsin.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (A.J.Ortiqov), xo‘jalik jamiyatlari muassisi bo‘lgan boshqa davlat organlari bir oy muddatda ustav fondida (kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari hamda davlat korxonalarining boshqaruv organlari yig‘ilishlarida ushbu tashkilotlar buyurtmasi asosida xodimlar va ularning oila a’zolari uchun ommaviy-madaniy va konsert-tomosha tadbirlarini o‘tkazish vazifasini biznes-rejaga kiritish bo‘yicha tashabbus bilan chiqsin.
Madaniyat vazirligi (O.A.Nazarbekov) hududiy bo‘linmalari bilan birgalikda har oyning 25-sanasiga qadar barcha darajadagi davlat boshqaruvi organlari, muassasalari, korxonalari va xo‘jalik jamiyatlariga ular joylashgan hududda kelgusi oyda tashkil etiladigan ommaviy-madaniy va konsert-tomosha tadbirlari haqida ma’lumot berib borsin.
6. Belgilansinki, 2022-yildan boshlab madaniyat va san’at sohasini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning quyidagi qo‘shimcha choralari joriy etiladi:
a) Madaniyat vazirligi tomonidan “Inson qadri uchun” ezgu g‘oyasi asosida har yili quyidagilar uchun davlat buyurtmalari beriladi:
teatrlarda sahnalashtiriladigan kamida 40 ta yangi spektaklga;
kompozitorlar va bastakorlarga 40 ta yangi musiqa asarlari, shu jumladan, opera, simfoniya, oratoriya kabi mumtoz va zamonaviy janrlar, xususan, estrada bo‘yicha asarlar yaratishga;
kamida 100 ta yuksak badiiy saviyadagi Internet va ijtimoiy tarmoqlar uchun mo‘ljallangan audiovizual asarlar yaratishga (keng ommalashgan 20 ta audiovizual asar ijodkorlari Madaniyat vazirligi hay’atining qarori bilan tegishlicha bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravarigacha bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlanadi);
kamida 150 ta eng yaxshi milliy qo‘shiqlarni karaoke yordamida ijro qilish uchun qayta ishlashga;
atoqli ijodkor-ziyolilar, aholi orasida yuksak hurmatga ega san’at va ijod vakillari tomonidan olis va chekka hududlar aholisi, ushbu hududlardagi ta’lim muassasalari o‘quvchilari bilan ijodiy uchrashuvlar o‘tkazishga (bir yillik reja-jadval hamda Madaniyat vazirligi bilan tuziladigan fuqaroviy-huquqiy shartnoma asosida);
ta’lim muassasalari (tanaffus paytida), aeroport, temir yo‘l va avtovokzallar, savdo-ko‘ngilochar majmualar, madaniyat va istirohat bog‘lari, xiyobonlar, mehmonxonalar va boshqa tashkilotlarning lokal tarmoqlari orqali eshittiriladigan va tashrif buyuruvchilarning ruhiyatiga ijobiy ta’sir qiladigan milliy kuylardan iborat musiqiy albomlarni tayyorlash va ommalashtirish ishlariga (mualliflik huquqlariga rioya qilgan holda);
b) aholi orasida keng ommalashgan Internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda “O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi” nomli sahifalar tashkil etilib, ular orqali Jamg‘arma mablag‘lari hamda sahifalarni yuritishdan kelib tushgan mablag‘lar hisobidan o‘zbek xalqi milliy madaniyatini targ‘ib etuvchi quyidagi tanlovlar joriy etiladi:
musiqa cholg‘ularida (milliy, opera, simfoniya, oratoriya, estrada, boshqa mumtoz va zamonaviy janrlarda) bajarilgan eng yaxshi 100 ta ijro;
eng yaxshi 100 ta milliy qo‘shiq;
eng yaxshi 100 ta milliy musiqiy klip;
karaoke yordamida qo‘shiq ijro qilishga mo‘ljallangan, eng yaxshi 100 ta musiqiy kompozitsiya (qo‘shiq matni bilan);
davlat va xususiy teatrlarda sahnalashtirilgan eng yaxshi 50 ta spektakl.
Bunda, har bir yo‘nalish bo‘yicha g‘oliblar yil davomida joylashtirilgan va har yili 15-dekabr holatiga foydalanuvchilar tomonidan eng ko‘p ko‘rilgan ijrolar orasidan aniqlanadi hamda Madaniyat vazirligi hay’atining qarori bilan tegishlicha bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravarigacha bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlanadi;
v) yuridik shaxslarning foyda solig‘i hamda aylanmadan soliqni hisoblashda soliq solinadigan baza ushbu tashkilot xodimlari va ularning oila a’zolari uchun ommaviy-madaniy va konsert-tomosha tadbirlarini o‘tkazish, shu jumladan, ushbu tadbirlarga kirish uchun biletlar xarid qilishga yo‘naltirilgan mablag‘lar summasiga kamaytiriladi, bunda mazkur chegiriladigan mablag‘lar soliq solinadigan bazaning 2 foizidan oshmasligi lozim;
g) milliy musiqa cholg‘u asboblarini ishlab chiqarishdan olgan daromadlari joriy hisobot (soliq) davri yakunlari bo‘yicha jami daromadning kamida 60 foizini tashkil etadigan tashkilotlar uchun aylanmadan soliq va ijtimoiy soliq stavkasi 2022-yil 1-apreldan 2025-yil 1-yanvarga qadar 1 foiz etib belgilanadi;
d) Madaniyat vazirligiga o‘z tizimidagi barcha tashkilotlar uchun byudjet tashkilotining rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘larini sarflash nisbatini (moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga hamda xodimlarni ijtimoiy himoya qilish va moddiy rag‘batlantirish tadbirlariga) mustaqil belgilash huquqi beriladi.
7. Mazkur qarorning 6-bandida belgilangan madaniyat va san’at sohasini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha choralarini o‘z vaqtida va to‘liq joriy etish maqsadida:
a) Madaniyat vazirligi (O.A.Nazarbekov):
yuksak badiiy saviyadagi audiovizual asarlarga davlat buyurtmalarini joylashtirishda ularning milliy adabiyot va she’riyatimizning nodir durdonalari asosida yaratilishi, iste’dodli ijodkorlar tomonidan mahorat bilan badiiy o‘qish, monolog va boshqa shakllarda, shuningdek, xorijiy tillarda ijro qilinishiga, alohida e’tibor qaratsin;
bir oy muddatda Internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda “O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi” nomli sahifalarni tashkil etsin, ularni doimiy ravishda keng jamoatchilik orasida ommalashtirish choralarini ko‘rsin, sahifalar faoliyatini tashkil etishda mualliflik huquqlariga rioya qilinishini qat’iy nazorat qilsin;
b) Moliya vazirligi (T.A.Ishmetov) bir oy muddatda tegishli soliq imtiyozlarini joriy etish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 15-yanvardagi PF-52-son farmoniga asosan Madaniyat vazirligining byudjetdan tashqari jamg‘armasi tashkil etilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
Belgilansinki:
a) Jamg‘arma mablag‘lari respublika byudjetidan ajratiladigan mablag‘lar, Madaniyat vazirligi tizimidagi tashkilotlar foydasining muassisga yo‘naltiriladigan qismi hamda qonunchilikda belgilangan yoki taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan shakllantiriladi;
b) quyidagi tadbirlar Jamg‘armaga Davlat byudjetidan ajratilgan mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladi:
“mahorat maktablari” rahbari bo‘lgan ijodkorlarni qo‘shimcha moddiy rag‘batlantirish;
ommaviy-madaniy va konsert-tomosha tadbirlarining yillik kalendar rejasi asosida “Madaniyat karvoni” shaklida hududlarda konsert-tomosha tadbirlarini, O‘zbekiston davlat filarmoniyasi, O‘zbek milliy maqom san’ati markazi, Yunus Rajabiy nomidagi Maqom ansambli, “O‘zbek davlat sirki” davlat muassasasi, davlat teatrlari, O‘zbekiston milliy simfonik orkestri va O‘zbekiston davlat simfonik orkestri tomonidan konsert-tomosha tadbirlarini o‘tkazish;
“Inson qadri uchun” ezgu g‘oyasi asosida Madaniyat vazirligi tomonidan beriladigan davlat buyurtmalarini moliyalashtirish;
“O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi” nomli sahifalar orqali tashkil etiladigan tanlovlar g‘oliblarini taqdirlash;
Madaniyat vazirligi tizimidagi muassasalar tomonidan o‘tkaziladigan ommaviy-madaniy va konsert-tomosha tadbirlarining reklamasini tashkil qilish, telekanallardan efir vaqtini sotib olish;
qonunchilik hujjatlarida belgilangan boshqa chora-tadbirlarni amalga oshirish.
9. Moliya vazirligi (T.A.Ishmetov):
ushbu qarorda amalga oshirilishi belgilangan tadbirlarni moliyalashtirish uchun Jamg‘armaga 2022-yilda jami 50 milliard so‘m, shundan, 25 milliard so‘mni 2022-yil 1-martga qadar, qolgan 25 milliard so‘mni ajratilgan mablag‘larning o‘zlashtirilishiga qarab, Madaniyat vazirligining so‘roviga asosan ajratsin;
ushbu qaror bilan Madaniyat vazirligiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish uchun 2023-yil Davlat byudjeti parametrlarida Jamg‘armaga 50 milliard so‘m nazarda tutsin.
10. Madaniyat va san’at sohasidagi ijodkorlarni har yili bir marotaba taqdirlash maqsadida Madaniyat va san’at milliy mukofoti ta’sis etilsin.
Madaniyat vazirligi ikki oy muddatda madaniyat va san’at milliy mukofoti bilan taqdirlash tartibi to‘g‘risidagi nizom loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
11. Belgilansinki, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari qarori bilan mahalliy byudjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan ushbu hududda uzoq yillar samarali faoliyat olib borgan madaniyat va san’at sohasi vakillariga hamda iste’dodli yosh ijodkorlarga ipoteka krediti asosida sotib olinayotgan uy-joy qiymatining 50 foizi miqdorida, biroq O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-dekabrdagi PF-33-son farmoniga muvofiq belgilanadigan uy-joy hisoblangan qiymatining 50 foizidan yuqori bo‘lmagan miqdorda subsidiya beriladi.
12. Hududiy madaniyat organlari tuzilmasidagi namunaviy maqom ansambllari negizida amaldagi moliyalashtirish tartibi va shtat birliklari doirasida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan O‘zbek milliy maqom san’ati markazining hududiy bo‘limlari tashkil etilsin.
13. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “Madaniyat va ma’rifat” telekanali Madaniyat vazirligining Bosh axborot hamkori etib belgilansin.
Belgilab qo‘yilsinki:
Madaniyat vazirligi tomonidan namoyish etishga tayyor holda taqdim etiladigan materiallar “Madaniyat va ma’rifat” telekanalida tomoshabinlar uchun qulay bo‘lgan vaqtlarda bepul efirga uzatiladi;
respublika telekanallaridan tomoshabinlar uchun qulay bo‘lgan efir vaqtlari Madaniyat vazirligi tomonidan sotib olinadi va ushbu vaqtda vazirlik taqdim etgan materiallar efirga uzatiladi;
O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tarkibidagi telekanallarda har haftada aniq bir vaqtda Madaniyat vazirligi uchun efir vaqti ajratiladi;
telekanallar faoliyatiga taalluqli tegishli litsenziya talablari va shartlariga milliy madaniyatimiz durdonalarini, shu jumladan, milliy cholg‘ularda asarlar ijro etilishini efirga berish talablari kiritiladi.
Madaniyat vazirligi (O.A.Nazarbekov), Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh.X.Shermatov) bir oy muddatda telekanallar faoliyatini litsenziyalash bo‘yicha qonunchilikka o‘zgartirish kiritish bo‘yicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
14. Quyidagilar:
2022-2023-yillarda O‘zbekiston Respublikasida milliy madaniyatni yanada rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” 4-ilovaga muvofiq;
Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan davlat teatrlari va “O‘zbek davlat sirki” davlat muassasasini avtobus va yuk transport vositalari bilan ta’minlash rejasi 5-ilovaga muvofiq;
Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan tuman (shahar) madaniyat bo‘limlarini maxsus avtotransport vositasi bilan ta’minlash rejasi 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Vazirlik va idoralarning birinchi rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari ushbu bandda tasdiqlangan “yo‘l xaritasi” va rejalarda belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va to‘liq bajarilishini ta’minlash uchun shaxsan mas’ul ekanligi belgilansin.
15. Moliya vazirligi 2022-yil olti oylik yakuni bo‘yicha Davlat byudjeti xarajatlarini maqbullashtirish hisobiga ushbu qarorda nazarda tutilgan tadbirlarni moliyalashtirish manbasi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga taklif kiritsin, 2023-yildan boshlab har yili Davlat byudjeti parametrlarini ishlab chiqishda zarur mablag‘lar nazarda tutilishini ta’minlasin.
16. Muassasa va tashkilotlar, tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha o‘zlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash yoki ta’minlash maqsadida xorijdan import qilib olib kelinadigan, O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan musiqa cholg‘ulari, ovoz kuchaytirgich moslamalar, texnik jihozlar, chiroqlar, maxsus libos va oyoq kiyimlar, “Madaniyat karvoni” uchun mo‘ljallangan maxsus avtotransport vositalari, ularga o‘rnatiladigan musiqa texnikasi va sahnalar 2025-yil 1-yanvarga qadar bojxona bojidan ozod etilsin.
17. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga 7-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
18. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlari 8-ilovaga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
19. Madaniyat vazirligi Adliya vazirligi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:
qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
20. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib madaniyat vaziri O.A.Nazarbekov belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish hamda nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.A.Abduxakimov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining o‘rinbosari A.A.Jo‘raboyev zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga har chorakda axborot berilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOEV