26.01.2022
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori2019-2021 yillarda respublika aholisiga endokrinologiya yordami ko‘rsatishni takomillashtirish bo‘yicha milliy dastur doirasida diagnostika va davolashning yangi standartlari tasdiqlandi, 75 ming nafarga yaqin bemorlar 40 milliard so‘mdan ziyod Davlat byudjeti mablag‘lari hisobiga 100 foiz insulin bilan bepul ta’minlandi, 200 milliard so‘mga yaqin mablag‘ evaziga 14 ta hududiy endokrinologiya muassasalarining moddiy-texnika bazasi mustahkamlanib, 3,3 million AQSH dollari miqdorida zamonaviy asbob-uskunalar bilan ta’minlandi.
Shu bilan birga, endokrinologiya xizmatini respublika bo‘yicha yagona integratsiyalashgan tizim sifatida shakllantirish, yod yetishmovchiligi bilan bog‘liq kasalliklar profilaktikasi, qandli diabet kasalligi hamda uning oqibatlarining oldini olish bilan bog‘liq tibbiy-ijtimoiy tadbirlar samaradorligini qayta ko‘rib chiqish talab etilmoqda.
Aholiga ko‘rsatilayotgan endokrinologik yordamning samarali hamda zamonaviy tizimini shakllantirish, kasalliklar va ularning asoratlari profilaktikasini takomillashtirish, aholiga yuqori malakali endokrinologiya yordamini ko‘rsatish sifatini hamda ushbu yo‘nalishdagi tibbiyot xodimlarining salohiyatini oshirish maqsadida:
1. Quyidagilar aholiga ko‘rsatilayotgan endokrinologiya xizmatini tashkil etishning eng muhim yo‘nalishlari etib belgilansin:
a) akademik Yo.To‘raqulov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi (keyingi o‘rinlarda – Markaz) – hududiy tibbiyot muassasalari – tuman (shahar) tibbiyot muassasalari o‘rtasida tizimli uzviy bog‘liqlikni ta’minlash;
b) sog‘liqni saqlash tizimining birlamchi bo‘g‘inida endokrin kasalliklar profilaktikasi, ularni barvaqt aniqlash va boshqarish dasturlarini amaliyotga joriy etish. Bunda:
birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari va ommaviy axborot vositalari orqali aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi, to‘g‘ri ovqatlanish hamda jismoniy faollikni oshirishni targ‘ib etish;
oilaviy shifokorlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish orqali kasallikni barvaqt aniqlash va oldini olish ko‘lamini kengaytirish;
tuman (shahar) tibbiyot muassasalari tor soha mutaxassislari faoliyatiga endokrin kasalliklarni erta tashxislash, asoratlarining oldini olish algoritmlarini joriy qilish;
v) qandli diabetga chalingan bemorlarning zamonaviy dispanser nazorati (onlayn registr) tizimini joriy etish orqali har bir bemor holatining monitoringini yuritish;
g) aholining kasallikka chalinish xavfi yuqori bo‘lgan guruhlari, jumladan, bolalar, o‘smirlar, homilador va emizikli ayollarni yod preparatlari bilan bepul ta’minlash orqali yod tanqisligi kasalliklarining samarali profilaktikasini ta’minlash;
d) “Profilaktika maktablari”ga tor soha mutaxassislarini jalb etgan holda bemorlar va ularning oila a’zolariga endokrin kasallikni boshqarish usullarini hamda kasallik bilan yashashni o‘rgatish;
ye) tashxislash va davolashning yuqori texnologiyali hamda innovatsion usullarini amaliyotga joriy etish orqali hududlarda va Markazda yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari ulushini oshirish;
j) endokrinologiya yo‘nalishida ilmiy-tadqiqot faoliyatini takomillashtirish, soha xodimlarining ilmiy salohiyatini oshirish.
2. 2022 yil 1 apreldan boshlab endokrin kasalliklarni erta aniqlash va maqsadli kuzatishni ta’minlash uchun quyidagilarni nazarda tutuvchi tibbiy kuzatuv va patronajning yangi modeli joriy etilsin:
oilaviy shifokorlarni endokrin kasalliklarni tashxislash hamda davolash bo‘yicha qayta tayyorlash;
endokrin kasalliklar mavjud oilalarga maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan patronaj hamshirasini biriktirish;
patronaj hamshirasi tomonidan endokrin kasalligi bo‘lgan, umumiy holati qoniqarli yoki xavf guruhidagi aholini erta aniqlash va differensiallashgan yondashuv asosida kuzatib borish;
tibbiy kuzatuv natijalari bo‘yicha xavf omillari yuqori bo‘lgan bemorlarni shifokor oldi ko‘rigi xonalari hamshiralari hamda oilaviy shifokorlarga yo‘naltirish;
endokrin kasalliklar bo‘yicha xavf guruhiga kiruvchi bemorlar ustidan doimiy kuzatuv o‘rnatish maqsadida barcha tibbiyot brigadalarini glyukometr va maxsus test yaproqchalari bilan ta’minlash;
tashxislash va davolash maqsadida bemorlarni bir kunlik diagnostik statsionar kuzatish tizimini joriy etish.
3. 2022-2024 yillarda respublika aholisiga endokrinologiya yordami ko‘rsatishni rivojlantirish dasturi (keyingi o‘rinlarda – Dastur) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Belgilansinki:
a) har yili kamida bir marta 40 yoshdan oshgan aholi qandli diabet va diabet oldi holatlari uchun maqsadli skriningdan o‘tkaziladi hamda endokrin kasalliklar aniqlangan bemorlar bilan muntazam aloqa o‘rnatiladi. Bunda surunkali endokrin kasalliklar rivojlanishining oldini olish uchun endokrin kasalliklarni davolashning zamonaviy klinik protokollari va algoritmlari joriy etiladi;
b) 2022 yil 1 fevraldan boshlab an’anaviy va masofaviy (aralash) usulda tibbiyot xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Bunda:
patronaj hamshiralari hamda oilaviy shifokorlar uchun endokrin kasalliklarning oldini olish, erta tashxislash va davolash bo‘yicha ikki haftalik o‘quv kurslari tashkil etiladi;
endokrinolog shifokorlarni qayta tayyorlash uchun uch yarim oylik o‘quv kurslari yo‘lga qo‘yiladi. Bunda ular dastlabki ikki yarim oy davomida Markazda o‘qitiladi hamda bir oy davomida tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarida amaliyot o‘taydi;
hududlarda faoliyat yuritayotgan endokrinolog shifokorlarning malakasini oshirish uchun bir oylik o‘quv kurslari tashkil etiladi;
v) 2022 yil 1 aprelga qadar:
zarur glyukometr, maxsus test yaproqchalari hamda ignalar markazlashgan tartibda xarid qilinadi va tibbiyot brigadalariga yetkaziladi;
birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida belgilangan standartlarga muvofiq jihozlangan shifokor oldi ko‘rigi xonalari tashkil etiladi;
tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalaridagi endokrinolog shifokor xonalari zarur tibbiy uskunalar bilan jihozlanadi.
5. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:
a) 25 yoshgacha bo‘lgan qandli diabetning birinchi turi bilan kasallangan bemorlar analogli insulin hamda o‘zini o‘zi nazorat qilish vositalari (glyukometr va maxsus test yaproqchalari) bilan;
qandsiz diabet bilan kasallangan bemorlar, somatotrop yetishmovchilik bilan kasallangan bolalar hayotiy zarur maxsus dori vositalari (desmopressin va o‘sish gormoni) bilan;
25 yoshdan oshgan qandli diabetning birinchi turi bilan kasallangan insulinga muhtoj, shuningdek, qandli diabetning ikkinchi turi bilan kasallangan bemorlar odam insulini bilan;
qandli diabetning ikkinchi turi bilan kasallangan hamda ehtiyojmand sifatida “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”da bo‘lgan bemorlar metformin dori vositasi bilan bepul ta’minlanadi;
b) bemorlarga bepul beriladigan dori vositalari va tibbiy jihozlar markazlashgan tartibda xarid qilinadi hamda birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari orqali taqsimlanadi.
6. Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan davlat-xususiy sheriklik asosida 2020 yilning 10 fevralida “Toshkent shahrida namuna sifatida markazlashtirilgan klinik diagnostika laboratoriyasini tashkil etish, jihozlash va ekspluatatsiya qilish to‘g‘risida”gi 1-33K-son konsessiya shartnomasi imzolanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
Sog‘liqni saqlash vazirligi (B.Musayev):
Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda konsessiya shartnomasi doirasida 2022 yil 1 apreldan boshlab Toshkent shahridagi barcha poliklinika va tuman tibbiyot birlashmalari laboratoriyalarini markazlashtirish;
2022 yil yakuniga qadar tajriba sifatida har bir hududdan bittadan tuman (shahar) tibbiyot birlashmasi muassasalarining laboratoriyalarini markazlashtirish va davlat-xususiy sheriklik asosida autsorsingga berish choralarini ko‘rsin.
Sog‘liqni saqlash vazirligi (B.Musayev) 2023 yil 1 aprelgacha tajriba natijalariga muvofiq laboratoriya xizmatini yaxshilash yuzasidan asoslangan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
7. Belgilab qo‘yilsinki:
tibbiyot xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish, shuningdek, glyukometr, maxsus test yaproqchalari va ignalar, desmopressin, o‘sish gormoni, analogli insulin, odam insulini hamda metformin maxsus dori vositalarini xarid qilish bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjetidan 2022 yilda sog‘liqni saqlash tizimi uchun ajratiladigan mablag‘lar hisobidan;
shifokor oldi ko‘rigi va endokrinolog shifokor xonalarini tashkil etish hamda zarur tibbiy uskunalar bilan jihozlash, shuningdek, markaziy laboratoriyalarni tashkil etish bilan bog‘liq xarajatlar tegishli mahalliy byudjetlar mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
8. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bir hafta muddatda mazkur qaror talablariga muvofiq tegishli hududlarda 2022-2024 yillarda endokrinologiya yordami ko‘rsatish tizimini takomillashtirish bo‘yicha hududiy dasturlarni ishlab chiqsin hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va xalq deputatlari mahalliy Kengashlarida ko‘rib chiqilishi va tasdiqlanishini ta’minlasin.
9. Sog‘liqni saqlash vazirligining oilaviy poliklinikalar hamda tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalaridagi kattalar va bolalar shifokor endokrinologi lavozimlarining shtat me’yorlarini bir shtat birligidan kam bo‘lmagan miqdorda belgilash to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
Sog‘liqni saqlash vazirligi (A.Inoyatov) Moliya vazirligi (J.Abruyev), Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (B.Umurzakov) bilan birgalikda bir oy muddatda oilaviy poliklinikalar hamda tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalari shtat me’yorlarini qayta ko‘rib chiqsin va tasdiqlasin.
10. Sog‘liqni saqlash vazirligi (B.Musayev) Qurilish vazirligi (B.Zokirov), Moliya vazirligi (T.Ishmetov), Toshkent shahar hokimligi (J.Artikxodjayev) bilan birgalikda Markaz hamda uning ko‘p tarmoqli klinikasi yangi bino va inshootlarini qurish, ta’mirlash hamda jihozlash ishlarini 2022 yil 1 mayga qadar yakunlash choralarini ko‘rsin.
Bunda zamonaviy talablar asosida zarur yo‘nalishdagi bo‘limlarni, shuningdek, maxsus laboratoriyalarni yaratishni nazarda tutgan holda qurilish ishlari olib borilishi va tibbiy texnikalar bilan jihozlanishi ta’minlansin.
11. Quyidagilar Markazning endokrin kasalliklarning oldini olish va davolash sohasidagi qo‘shimcha vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilansin:
metabolik sindrom yo‘nalishida fundamental va amaliy tadqiqotlarni amalga oshirish hamda innovatsion loyihalarni ishlab chiqish;
metabolik jarrohlik amaliyotlarini amalga oshirish, endokrin kasalliklarni rentgenendovaskulyar tashxislash va davolash hamda buyrak usti bezlariga jarrohlik aralashuvining kaminvaziv endovizual usullarini joriy etish;
dori vositalarining nojo‘ya ta’sirini o‘rganish va minimallashtirish doirasida markazlashgan klinik sinovlar menejmenti va sifat nazorati tizimini yaratish;
xorijiy davlatlarning mazkur sohadagi ilmiy tashkilotlari va markazlari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish hamda birgalikda tadqiqotlarni olib borish;
koronavirusda qandli diabetning kechishini ilmiy-amaliy jihatdan o‘rganib, uning oldini olish bo‘yicha standartlarni ishlab chiqish;
soha mutaxassislarini o‘qitish, qayta tayyorlash va malakasini oshirish uchun o‘quv dasturlarini ishlab chiqish.
12. Sog‘liqni saqlash vazirligi (B.Musayev) Iqtidorli va malakali tibbiyot mutaxassislarini qo‘llab-quvvatlash hamda tibbiyot muassasalariga jalb qilish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan Markaz hamda hududiy tibbiyot muassasalaridan shaffof tanlov asosida tanlab olingan 50 nafargacha endokrinolog mutaxassislarni har yili nufuzli xorijiy endokrinologiya markazlarida malaka oshirishga yuborish, shuningdek, Markazning ilmiy malaka kengashi faoliyatiga yetakchi xorijiy mutaxassislarni jalb etish choralarini ko‘rsin.
13. Sog‘liqni saqlash vazirligi (B.Musayev) Moliya vazirligi (T. Ishmetov) bilan birgalikda ikki oy muddatda:
sog‘liqni saqlash muassasalarida pullik xizmatlarni rivojlantirish hamda tibbiy xizmatlar narxlarini bozor mexanizmlari asosida shakllantirish;
hududiy endokrinologiya dispanserlari faoliyatida har bir davolangan holat asosida moliyalashtirish mexanizmini, bemorlarni hisobga olish va navbat asosida davolanishga yo‘llash tizimini joriy etish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
14. Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi (S.Kariyev) ikki oy muddatda endokrinologiya sohasida maxsus dori vositalari ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalar faoliyatini kengaytirish, shuningdek, glyukometr va maxsus test yaproqchalarini respublikada ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish choralarini ko‘rsin.
15. Sog‘liqni saqlash vazirligi (B.Musayev) sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, yuqumli bo‘lmagan kasalliklar va ularning xavf omillariga qarshi kurashish hamda oldini olish, shuningdek, sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar bo‘yicha maxsus turkum dasturlarni vazirlikning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan ishlab chiqsin hamda ommaviy axborot vositalarida targ‘ib qilib borsin.
16. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari mazkur qarorning mazmun-mohiyati ommaviy axborot vositalarida, shuningdek, aholi o‘rtasida keng yoritilishini ta’minlasin.
Bunda endokrin kasalliklarda sog‘lom turmush tarzining ahamiyati, dori vositalarini hamda o‘zini o‘zi nazorat qilish vositalarini qo‘llashga oid maxsus ko‘rsatuvlar, ijtimoiy reklamalar va roliklarning muntazam namoyishi yo‘lga qo‘yilsin.
17. Ushbu qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib sog‘liqni saqlash vaziri B.Musayev, Markaz direktori F.Turayev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar hamda Toshkent shahar hokimlari belgilansin.
Qarorning o‘z vaqtida va natijali ijro etilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi o‘rinbosari L.N.To‘ychiyev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOEV