13.01.2022
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriBaliqchilik sohasini yanada rivojlantirish, baliq mahsulotlari turlarini ko‘paytirish, eksport salohiyatini oshirish, mavjud havzalar imkoniyatlaridan samarali foydalanish, intensiv texnologiyalar asosida baliq yetishtirish hajmlarini ko‘paytirish hamda baliqchilik xo‘jaliklarining ozuqa bazasini mustahkamlash maqsadida:
1. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari va “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasining Jizzax viloyati, Sharof Rashidov tumanida tashkil etilgan baliqchilik klasterining aholi xonadonlari bilan kooperatsiya asosida ishlash tajribasini (keyingi o‘rinlarda – kooperatsiya) har bir viloyatda joriy etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
Bunda kooperatsiya asosida xonadonlarda baliq yetishtirish quyidagi tartibda amalga oshirilishi belgilansin:
baliqchilik xo‘jaliklari xonadon egalarini baliq yetishtirish bo‘yicha o‘qitishni tashkil etadi, ularga baliq yetishtirish uchun zarur bo‘lgan asbob-uskunalar, baliq chavoqlari, omuxta yem, mineral o‘g‘itlarni yetkazib beradi hamda ular tomonidan yetishtirilgan baliqni kelishilgan narxlarda sotib oladi;
xonadon egalari o‘z xonadonlarida baliqchilik xo‘jaliklari tomonidan yetkazib berilgan mahsulotlardan foydalangan holda intensiv usulda yetishtirilgan baliqlarni kelishilgan narxlarda ularga sotadi.
2. Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman hokimlarining yordamchilari xonadon egalari bilan hamkorlikda kooperatsiya asosida xonadonlarda baliq yetishtirish bo‘yicha tashabbuskor baliqchilik xo‘jaliklarining ro‘yxatini shakllantirsin hamda “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi bilan birgalikda loyihalarni amalga oshirishda amaliy yordam ko‘rsatib borsin.
3. Belgilansinki:
2022 yil 1 fevraldan boshlab jismoniy shaxslarga o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida o‘z xonadonida baliq yetishtirishni yo‘lga qo‘yishga ruxsat beriladi;
2022 yil 1 fevraldan 2025 yil 1 yanvarga qadar baliqchilikni intensivlashtirish uchun zarur bo‘lgan asbob-uskunalar va texnologiyalar (aerator, basseyn, avtokormushka, UZV) hamda qayta ishlash uskunalarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan, biroq daromadining 80 foizidan ortig‘ini ushbu uskunalarni ishlab chiqarishdan oladigan sub’ektlar uchun foyda solig‘i (tijorat banklarida joylashtirilgan mablag‘lardan olingan foizlardan tashqari), yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari 50 foizga kamaytiriladi;
baliq yetishtiruvchi xonadon egalariga yer solig‘i va mol-mulk solig‘i stavkasi 50 foiz miqdorida belgilanadi.
4. Quyidagilar:
2022 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda baliq yetishtirish prognoz parametrlari 1-ilovaga muvofiq;
2022 yilda sun’iy (ekstensiv) suv havzalarini intensivlashtirish va baliq ovlash hajmlari bo‘yicha prognoz parametrlari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Moliya vazirligi va tijorat banklarining Fransiya taraqqiyot agentligining “Chorvachilik sohasini barqaror rivojlantirishni moliyalashtirish” loyihasi doirasida jalb qilinayotgan kredit liniyasi hisobidan 20 million yevro miqdoridagi mablag‘larni intensiv usulda baliq yetishtirish loyihalarini moliyalashtirish uchun yo‘naltirish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
6. “O‘zbekchorvanasl” agentligi, “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi va Markaziy bankning 2022 yil 15 yanvardan boshlab “Har bir oila – tadbirkor” davlat dasturi doirasida tijorat banklari tomonidan aholi xonadonlarida baliq yetishtirish uchun ajratiladigan kreditni bazaviy hisoblash miqdorining bir yuz ellik baravaridan uch yuz baravarigacha oshirish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
Markaziy bank tijorat banklari orqali intensiv usulda aholi xonadonlarida baliq yetishtirish loyihalarini moliyalashtirish uchun “Har bir oila – tadbirkor” davlat dasturi doirasida 2022 yilda 200 milliard so‘m mablag‘ ajratilishini ta’minlasin.
7. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:
2022 yil 1 apreldan boshlab 2025 yil 1 yanvarga qadar jismoniy shaxslarning aholi xonadonlarida baliq yetishtirish yo‘nalishi bo‘yicha o‘quv kurslarida o‘qish xarajatlarini qoplash uchun Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligining Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining ikki barobaridan oshmagan miqdorda bir martalik subsidiya ajratiladi;
“O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasiga a’zo korxonalar tomonidan xorijiy mamlakatlardan baliqchilik sohasi ekspert va mutaxassislarini jalb qilish xarajatlari hamda ularning bir yillik ish haqi miqdorining 50 foizigacha, biroq oyiga 1 ming AQSH dollari ekvivalentidan oshmagan qismi Baliqchilikni rivojlantirish jamg‘armasiдaн qoplab beriladi. Bunda mazkur xarajatlar uchun Vazirlar Mahkamasining zaxira jamg‘armasi hisobidan 5 milliard so‘m yo‘naltiriladi.
8. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi aholi xonadonlarida baliq yetishtirish yo‘nalishi bo‘yicha baliqchilik xo‘jaliklarining mas’ul xodimlari ishtirokida “Ishga marhamat” monomarkazlarida o‘quv kurslarini tashkil etsin.
9. O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasining Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanining tog‘oldi hududidan O‘rmon xo‘jaligi qo‘mitasi balansida bo‘lgan 5 gektar yer maydonida “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi tomonidan sovuq suv baliqlarini yetishtirish tarmog‘ini rivojlantirishga qaratilgan ilmiy-amaliy tajriba stansiyasi loyihasi amalga oshirilishi to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
Bunda ushbu loyihani “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasining Baliqchilikni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshirishga ruxsat berilsin.
10. Innovatsion rivojlanish vazirligi, Fanlar akademiyasi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi bilan birgalikda baliq mahsulotlarini yetishtirish, tabiiy suv havza resurslarini aniqlash va monitoringini yuritish bo‘yicha mavjud muammolarning ilmiy yechimini ta’minlashga qaratilgan loyihalarga tanlovlar asosida mablag‘lar ajratilishini ta’minlasin.
11. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar ixtisosliklari ro‘yxatiga “baliqchilik” ixtisosligini kiritishni ta’minlasin.
12. Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Moliya vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda 2022 yildan boshlab baliqchilik sohasi uchun yuqori malakali ilmiy kadrlar tayyorlash va tarmoq institutlari ilmiy salohiyatini oshirish uchun Toshkent davlat agrar universiteti va Baliqchilik ilmiy-tadqiqot instituti doktorantura bosqichlariga “Baliqchilik” ixtisosligi bo‘yicha har yili 2 tadan o‘rin ajratsin.
13. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari ikki oy muddatda xizmat ko‘rsatuvchi banklar bilan kelishgan holda baliqchilik loyihalarining manzilli ro‘yxatini tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin hamda manfaatdor davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, tijorat banklari bilan birgalikda tasdiqlangan manzilli ro‘yxat parametrlarining so‘zsiz bajarilishini ta’minlasin.
14. Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi va Moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda jismoniy shaxslarning aholi xonadonlarida baliq yetishtirish yo‘nalishi bo‘yicha o‘quv kurslarida o‘qish xarajatlarini qoplash bo‘yicha bir martalik subsidiya ajratish tartibini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
15. Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi va “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi bilan birgalikda ikki oy muddatda aholi xonadonlarida baliq yetishtirish uchun asbob-uskunalar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan korxonalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
16. Vazirlar Mahkamasi:
a) bir oy muddatda 2025 yil 1 yanvarga qadar kooperatsiya asosida baliq yetishtirishni yo‘lga qo‘ygan, biroq daromadining 90 foizidan ortiq qismi baliq yetishtirish hisobidan shakllanadigan xo‘jaliklarni soliqlarning barcha turlaridan (bundan qo‘shilgan qiymat solig‘i va ijtimoiy soliq mustasno) ozod etishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritsin;
b) bir oy muddatda “Aydar-Arnasoy” ko‘llar tizimi boshqaruvini takomillashtirish bo‘yicha, shu jumladan, quyidagilarni nazarda tutuvchi qaror loyihasini ishlab chiqsin:
“Aydar-Arnasoy” ko‘llar tizimining Arnasoy suv ombori hududida baliq ovlashga bir yil muddatga moratoriy e’lon qilish;
xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda, “Aydar-Arnasoy” ko‘llar tizimida sho‘r suvda baliq zaxiralarini ko‘paytirish bo‘yicha laboratoriya markazini tashkil etish;
“Aydar-Arnasoy” ko‘llar tizimi direksiyasi” DUKni qayta tashkil etgan holda uning ustav kapitalidagi davlat ulushini, kamida 30 million AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritish, 1 000 ta ish o‘rnini yaratish va 2025 yilga borib yiliga 20 ming tonna baliq ovlash uchun baliq zaxiralarini yaratish sharti bilan ishonchli boshqaruvga berish.
17. Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
18. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar hokimlari, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi B.Norqobilov, “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi raisi O.Musayev – baliq hosildorligini oshirish va aholi xonadonlarida baliq yetishtirishni kengaytirish bo‘yicha ishlarni “korxonabay” va “xonadonbay” tashkil etib, 2022 yilda:
respublikada baliq yetishtirish hajmini 700 ming tonnaga yetkazish;
qo‘shimcha kamida 10 mingta aholi xonadonida intensiv usulda baliq yetishtirishni yo‘lga qo‘yish hamda yangi 15 ta baliqchilik klasterini tashkil etish;
hosildorligi 25 центнyerдaн past bo‘lgan 31 ming gektar sun’iy suv havzalarida 78 mingta aerator moslamasini o‘rnatish;
mazkur qaror bilan tasdiqlangan prognoz parametrlarining o‘z muddatida bajarilishiga shaxsan mas’ul hisoblanadi.
19. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Sh.M.G‘aniyev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOEV