27.10.2021
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriTadbirkorlik sub’ektlarini uzoq muddatli kredit mablag‘lari bilan ta’minlash, ularning valyuta xatarlarini kamaytirish, shuningdek, tadbirkorlarning muammo va takliflarini bevosita o‘rganish hamda tadbirkorlikni kelgusida rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini belgilab olish bo‘yicha 2021 yil 20 avgust kuni o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti doirasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida:
1. Tijorat banklari tomonidan tadbirkorlik sub’ektlarining valyuta xatarlarini kamaytirish uchun 1 million AQSH dollarigacha miqdorda xorijiy valyutada ajratilgan kreditlar milliy valyutaga o‘tkazib berilayotganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilansinki, tijorat banklaridan xorijiy valyutada olingan kreditlar milliy valyutaga o‘tkazilganda amaldagi kompensatsiya taqdim etish to‘g‘risidagi shartnomalari mavjud bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlarining ekvivalenti 1 million AQSH dollaridan, foiz stavkasi Markaziy bank asosiy stavkasining 1,75 baravaridan oshmaydigan kreditlarning asosiy stavkadan oshadigan, lekin 5 foizli punktdan ko‘p bo‘lmagan qismi bo‘yicha foiz xarajatlarini qoplash uchun Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma) tomonidan kompensatsiya taqdim etiladi.
Bunda, Jamg‘armaga mazkur kreditlar bo‘yicha amaldagi kompensatsiyalar miqdorlarini qayta hisob-kitob qilib, ularning umumiy miqdorini mutanosib ravishda o‘zgartirishga ruxsat etiladi.
3. Belgilab qo‘yilsinki, 2021 yil 1 noyabrdan boshlab O‘zbekiston Respublikasi nomidan chet el valyutasida tadbirkorlik loyihalarini moliyalashtirish uchun xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari (keyingi o‘rinlarda – XMI va XHMT) mablag‘lari hisobidan jalb qilingan kreditlar (qarzlar) loyihada ishtirok etuvchi moliya tashkilotlariga 10 yildan kam bo‘lmagan muddatga yoki ular jalb qilingan muddatga qayta kreditlanadi.
4. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Xalqaro hamkorlik va rivojlanish agentligi XMI va XHMTlar ishtirokida qayta kreditlanadigan loyihalar bo‘yicha mas’ul vazirlik va idoralar bilan birgalikda loyihalar doirasida moliyalashtirilgan subloyihalar to‘g‘risida, shuningdek, ularning o‘z vaqtida va samarali amalga oshirilishi ustidan monitoring natijalari yuzasidan har chorak yakuni bo‘yicha axborotni o‘z rasmiy veb-saytida muntazam e’lon qilib borsin.
5. Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 17 fevraldagi 77-son qarori bilan tasdiqlangan Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizomga ilovaga muvofiq o‘zgartirish kiritilsin.
6. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
7. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib moliya vaziri T.A.Ishmetov, iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari S.M. Xolxo‘jayev, investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari A.B.Voitov belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazirning o‘rinbosarlari J.A. Qo‘chqorov va S.O‘.Umurzakov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOEV