16.10.2021
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriMilliy estrada ijrochilik maktablarini yaratish, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash, ilmiy salohiyatdan samarali foydalangan holda milliy estrada san’atini jadal rivojlantirish maqsadida, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 2 dekabrdagi “O‘zbekiston xalq artisti Botir Zokirov tavalludining 85 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi PQ–4908-son qaroriga muvofiq:
1. O‘zbekiston davlat konservatoriyasi huzurida Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada san’ati instituti (keyingi o‘rinlarda – Institut) tashkil etilsin.
2. Quyidagilar Institutning asosiy vazifalari etib belgilansin:
milliy estrada yo‘nalishi bo‘yicha malakali mutaxassislar va ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash, ularning ilmiy-ijodiy faoliyat bilan shug‘ullanishlari uchun keng imkoniyatlar yaratish;
milliy estrada yo‘nalishida o‘quv-metodik adabiyotlar yaratish, atoqli kompozitor va bastakorlar, xonanda va sozandalar ijodini chuqur o‘rganish, shuningdek, milliy estrada ijrochiligi namunalarini notaga ko‘chirish;
milliy estrada yo‘nalishi bo‘yicha fundamental, amaliy va ijodiy izlanish hamda tadqiqotlar olib borish, sohada shakllangan ijodiy maktablarning o‘ziga xos ijro uslublari va an’analarini qayta tiklash va rivojlantirish;
milliy estradaning zamonaviy ijro uslublari namunalarini notaga olish va amaliyotga keng joriy etish, milliy estradaning ijtimoiy-tarixiy ildizlari, ilmiy-nazariy negizlari, milliy va umumbashariy qadriyatlar bilan bog‘liq jihatlarini olimlar va ijrochi mutaxassislar ishtirokida chuqur o‘rganish;
milliy estradani yanada rivojlantirish, bu borada shakllangan ijro va ijodiy maktablar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda rivojlantirish;
milliy estrada yo‘nalishida zamonaviy ijro namunalarining “Oltin fondi”ni yaratish;
xalqimiz, xususan, yosh avlod ongida milliy estrada orqali milliy o‘zlikni anglash tuyg‘usi, yuksak badiiy-estetik did va tafakkurni kamol toptirish;
estrada yo‘nalishlarida xorijiy ta’lim muassasalari va tashkilotlari bilan xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, o‘zaro tajriba almashish, qo‘shma ta’lim dasturlari va ilmiy loyihalarni amalga oshirish.
3. Belgilansinki:
Institut davlat oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi va O‘zbekiston davlat konservatoriyasi (keyingi o‘rinlarda – Konservatoriya) tarkibida faoliyat yuritadi;
Institutda o‘quv jarayoni 2021/2022 o‘quv yilidan boshlanib, ta’lim davlat granti hamda to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi;
2022/2023 o‘quv yilidan boshlab Institutga qabul parametrlari belgilangan tartibda har yili tasdiqlanadigan respublika oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlaridan kelib chiqqan holda shakllantiriladi;
Institut bitiruvchilariga oliy ta’lim to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadigan davlat namunasidagi diplom beriladi;
Konservatoriya uchun tasdiqlangan bir o‘qituvchiga to‘g‘ri keladigan talabalar soni nisbatining cheklangan normativlari Institutga ham tatbiq etiladi;
Institut professor-o‘qituvchilari va konsertmeysterlariga Madaniyat vazirligi tizimida uzoq muddat xizmat qilganligi uchun har oylik taqdirlash puli (ustama) to‘lab borish tartibi tatbiq etiladi;
Konservatoriya kengashining qaroriga asosan Konservatoriyaning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan Institut moddiy-texnika bazasini rivojlantirishga va Institut kengashining qaroriga asosan Institutning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan Konservatoriya moddiy-texnika bazasini rivojlantirishga ruxsat beriladi;
Institut Konservatoriyaning moddiy-texnika bazasidan va Konservatoriya Institutning moddiy-texnika bazasidan tekin foydalanish huquqiga ega.
4. Quyidagilar:
2021/2022 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston davlat konservatoriyasidan O‘zbekiston davlat konservatoriyasi huzuridagi Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada san’ati institutiga o‘tkaziladigan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari ro‘yxati 1-ilovaga muvofiq;
O‘zbekiston davlat konservatoriyasi huzuridagi Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada san’ati institutida 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab yangi ochiladigan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari ro‘yxati 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi bir hafta muddatda 2021/2022 o‘quv yili uchun Institutga qabul parametrlarini tasdiqlasin hamda abituriyentlarning onlayn tarzda ro‘yxatdan o‘tkazilishini tashkil qilsin.
Belgilansinki, mazkur qarorning 1-ilovasiga muvofiq ro‘yxatda keltirilgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarida tahsil olayotgan Konservatoriyaning 2-4 kurs talabalari 2021/2022 o‘quv yilidan o‘qishini Institutda davom ettiradi va o‘qish yakuni bo‘yicha ularga davlat namunasidagi diplom beriladi.
5. Quyidagilar Institut faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
Davlat byudjeti mablag‘lari;
talabalarni to‘lov-kontrakt asosida o‘qitishdan, shuningdek, xo‘jalik faoliyati va shartnoma asosida xizmatlar ko‘rsatishdan tushadigan mablag‘lar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
xalqaro moliya tashkilotlarining grantlari hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
6. Madaniyat vazirligi (O.A.Nazarbekov) va Konservatoriya (K.T. Urinbayev):
a) quyidagilarni:
Institut tuzilmasini oliy ta’lim muassasalari uchun belgilangan normativlarga muvofiq tasdiqlash;
Institut ustavini belgilangan tartibda tasdiqlash va uni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish;
b) Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (A.X. Toshkulov) bilan birgalikda:
bir hafta muddatda Institut faoliyatini tashkil etish va rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqib, tasdiqlash va ijrosini nazoratga olish, shuningdek, Institut bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarini me’yoriy hujjatlar bilan ta’minlash;
bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha o‘quv jarayonini sifatli tashkil etish;
v) 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab Institutning ilmiy-pedagog kadrlari tarkibini oliy ta’lim va ilmiy tashkilotlarda hamda Madaniyat vazirligi tizimida faoliyat yuritayotgan, shu jumladan, xorijiy ta’lim va ilmiy muassasalarda malakasini oshirib kelgan professor-o‘qituvchilar va ilmiy xodimlar, shuningdek, sohadagi salohiyatli amaliyotchi mutaxassislar orasidan shakllantirish;
g) 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab respublikadagi bolalar musiqa va san’at maktablari, ixtisoslashtirilgan san’at va madaniyat maktablari, maktab-internatlar hamda madaniyat, musiqa va san’at kollejlariga Institutning yetakchi professor-o‘qituvchilari hamda mamlakatimizda ijod qilib kelayotgan taniqli estrada ijodkorlarini biriktirish orqali “Mahorat darslari”ni yo‘lga qo‘yish choralarini ko‘rsin.
7. Konservatoriya (K.T. Urinbayev):
salohiyatli kadrlarni jalb etgan holda ta’lim va ilmiy faoliyatni sifatli tashkil etish;
ta’lim, tarbiya, ilmiy, uslubiy va ijodiy jarayonlarni samarali boshqarish;
ta’lim jarayoniga zamonaviy pedagogik texnologiyalarni joriy etish;
darslik, o‘quv qo‘llanmalari, o‘quv-uslubiy materiallar va axborot resurslari bilan ta’minlash;
professor-o‘qituvchilarning malakasini oshirish va iqtidorli yoshlar seleksiyasini amalga oshirish;
ilmiy-tadqiqot ishlari uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish va milliy estrada maktabining yo‘nalishlarini rivojlantirishda Institutga ko‘mak berib borsin.
8. Institutda:
Botir Zokirov xotirasiga bag‘ishlangan yodgorlik majmuasi va muzey;
o‘zbek milliy estradasi namoyandalarining “ustoz-shogird” ijrochilik maktablari;
zamonaviy ijodiy studiyalar va axborot-resurs markazi tashkil etilsin.
9. Madaniyat vazirligi (O.A.Nazarbekov) Turizm va sport vazirligi (A.A.Abduxakimov), O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi (R.Abdullayev), Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi (M.M. Hojimatov), Botir Zokirov nomidagi jamoat fondi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi (S.S. Saidov), Badiiy akademiya (A.V. Nuridinov), Yoshlar ishlari agentligi (A.Z. Sa’dullayev) bilan birgalikda:
muzeyga Botir Zokirov va Zokirovlar ijodiy sulolasi hayoti va faoliyati, milliy estrada san’atimiz rivojlanishi va dunyo miqyosida keng targ‘ib etilishini yorqin aks ettiruvchi eksponatlarni, Botir Zokirov ijodiga mansub tasviriy san’at namunalari hamda adabiy asarlarni jamlasin hamda unda muntazam ravishda ko‘rgazma-ekspozitsiya tashkil etib borsin;
Institutda “ustoz-shogird” ijrochilik maktablarini tashkil etishda milliy estradamizning yorqin namoyandalarini jalb etsin hamda ularning samarali faoliyat olib borishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratsin;
ijodiy studiyalarni zarur zamonaviy jihoz va texnikalar, shuningdek, axborot-resurs markazini musiqa darsliklari, notalar to‘plamlari hamda o‘quv, ilmiy va badiiy adabiyotlar bilan ta’minlasin.
10. Institut vaqtinchalik Toshkent shahri, Shayxontohur tumani, Beshyog‘och mavzesi, Darxon ko‘chasi, 157-uyda joylashgan 3-sonli bolalar musiqa va san’at maktabi bino va inshootlariga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 8 avgustdagi “O‘zbekiston davlat konservatoriyasi faoliyatini yanada rivojlantirish va takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–3178-son qaroriga asosan Konservatoriyaga tutash hududda qurilishi yakunlanayotgan Konservatoriya huzuridagi Musiqa sohasi pedagoglarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazining o‘quv binosi va talabalar turar joyi operativ boshqaruv huquqi bilan Konservatoriyaga topshirilsin hamda mazkur ob’ektlarga Institut va ushbu markaz tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirilsin.
11. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (A.M. Boboyev), Moliya vazirligi (T.A. Ishmetov) mazkur qarorning 10-bandi ikkinchi xatboshisida ko‘rsatilgan ob’ektlarning qurilish-montaj va jihozlash ishlarini joriy yilda yakunlash uchun 2021 yilda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida o‘zlashtirilmagan va iqtisod qilingan mablag‘larni qayta taqsimlash hisobidan mablag‘ ajratsin.
12. Institutga 3 ta, shu jumladan, 1 ta shaxsan biriktirilgan, gastrol-konsert faoliyati uchun zarur bo‘lgan 1 ta avtobus va 1 ta yuk tashuvchi avtotransport vositasini saqlash uchun limit ajratilsin.
13. Belgilab qo‘yilsinki, mazkur qarorda nazarda tutilgan xarajatlarni moliyalashtirish 2021 yilda respublika byudjetidan birinchi darajali byudjet mablag‘larini taqsimlovchi sifatida Madaniyat vazirligiga ajratiladigan mablag‘lar doirasida, 2022 yildan boshlab esa Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutiladi.
14. Madaniyat vazirligi (O.A. Nazarbekov) ikki oy muddatda:
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh.M.Sadikov) bilan birgalikda onlayn ma’ruza hamda masofaviy ta’lim texnologiyalarini joriy etish uchun Institutni telekommunikatsiya jihozlari va infratuzilma bilan ta’minlash, shuningdek, yuqori tezlikdagi Internet hamda “Elektron ta’lim” milliy tarmog‘iga belgilangan tartibda ulash choralarini ko‘rsin;
qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
15. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsan javobgar etib madaniyat vaziri O.A. Nazarbekov hamda oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri A.X. Toshkulov belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari A.A.Abduxakimov, B.A.Musayev hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOEV