03.12.2021
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriRespublikada mahalliy ishlab chiqarish, sanoat korxonalari, geologiya va konchilik tarmoqlari uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash, o‘quv jarayoniga o‘qitishning innovatsion shakl va metodlari hamda zamonaviy pedagogik va axborot texnologiyalarini keng joriy etish, shuningdek, hududlarda zamonaviy fikrlaydigan, raqobatbardosh mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojni bosqichma-bosqich qondirib borish maqsadida:
1. Toshkent davlat texnika universiteti Termiz filiali negizida Termiz muhandislik-texnologiya instituti (keyingi o‘rinlarda – Institut) tashkil etilsin.
2. Quyidagilar Institutning asosiy faoliyat yo‘nalishlari etib belgilansin:
mahalliy ishlab chiqarish, sanoat korxonalari, geologiya va konchilik tarmoqlari ehtiyojlaridan kelib chiqib, mehnat bozorida raqobatbardosh oliy ma’lumotli mutaxassislar va ilmiy-pedagogik kadrlarni, shuningdek, zamonaviy texnologiyalar bo‘yicha chuqur bilimga ega mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha uzluksiz ta’lim tizimini yaratish;
yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan qo‘shma ta’lim dasturlari va ilmiy loyihalarni joriy etish, Institut professor-o‘qituvchilarining malakasini oshirish, bitiruvchilarning respublika va xorijiy oliy ta’lim muassasalarida (ilmiy markazlarda) magistratura va doktorantura dasturlari bo‘yicha tahsil olishlarini tashkil etish;
o‘quv jarayoniga ilg‘or xorijiy tajribani, jumladan, zamonaviy ta’lim texnologiyalarini tatbiq etish, ochiq axborot-ta’lim muhitini ta’minlash;
o‘quv jarayonini talabalarda mustaqil ta’lim olish, tizimli tahlil qilish, ijodiy fikrlash va amaliy, jumladan, tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirishga yo‘naltirish;
amaliy ilmiy-tadqiqot ishlarini bajarish uchun zamonaviy o‘quv va ilmiy-laboratoriya bazasini shakllantirish, uni ilg‘or texnologik asbob-uskunalar bilan jihozlash hamda o‘quv va ilmiy loyihalarni amalga oshirish;
amaliy va fundamental ilmiy-tadqiqot ishlari hamda innovatsion loyihalarni amalga oshirishni yo‘lga qo‘yish, tadqiqot natijalarini tijoratlashtirish, shuningdek, ta’lim oluvchilarning innovatsion g‘oyalarini amalga oshirish uchun grantlar jalb etish.
3. Quyidagilar:
2025 yilga qadar Termiz muhandislik-texnologiya institutini rivojlantirish va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi 1-ilovaga muvofiq;
Termiz muhandislik-texnologiya institutini 2025 yilga qadar rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Belgilansinki:
Institut davlat oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tizimida faoliyat yuritadi;
Toshkent davlat texnika universiteti Termiz filiali talabalari tahsil olayotgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha Institutda o‘qishni davom ettiradi hamda ularga o‘qish yakuni bo‘yicha Institut diplomi beriladi;
Institutga talabalarni qabul qilish soni har yili tasdiqlanadigan respublika oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi va qo‘shimcha qabul parametrlaridan kelib chiqqan holda belgilanadi;
Institut Toshkent davlat texnika universiteti Termiz filialining barcha huquq va majburiyatlari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi.
5. Institutga quyidagi huquqlar berilsin:
xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlarning amaldagi reytingida oliy ta’lim muassasalari orasida birinchi 1 000 talikka kirgan xorijiy oliy ta’lim muassasasining dasturi asosida o‘z ta’lim dasturlarini shakllantirish;
ish beruvchilar talablarini inobatga olgan holda o‘quv rejalaridagi nazariy ta’lim ulushini qisqartirish hisobiga amaliy mashg‘ulotlar hajmini oshirish, haftada bir kunlik amaliyot tajribasini qo‘llash;
Institut faoliyati yo‘nalishlari bo‘yicha maslahat va ekspert-tahliliy xizmatlarni shartnoma asosida ko‘rsatish, shuningdek, taqdim etiladigan xizmatlarni samarali amalga oshirish uchun ilmiy-tadqiqot va innovatsion xizmat ko‘rsatuvchi korxonalarni tashkil etish;
shaffoflik tamoyillari asosida xorijiy mutaxassislarni jalb qilish hamda ularga mehnat bozorining amaldagi kon’yunkturasini hisobga olgan holda Institutning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan oylik maosh hamda boshqa to‘lovlarni belgilash va to‘lash;
professor-o‘qituvchilarni o‘quv-metodik, ilmiy-tadqiqot ishlari va “ustoz-shogird” tizimi bo‘yicha bajargan ishlarining natijasi bo‘yicha rag‘batlantirib borish.
6. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi:
a) ikki oy muddatda:
Institutni tanlov asosida ishlab chiqarish tashkilotlari, oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida katta ilmiy va amaliy tajriba orttirgan mutaxassislar, ustuvor ravishda, ilmiy darajaga ega bo‘lgan yuqori malakali kadrlar bilan to‘ldirish chorasini ko‘rsin;
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda Fanlar akademiyasi bilan birgalikda Institutning ixtisoslashgan fakultet va kafedralarini mos yo‘nalishlari bo‘yicha davlat ulushiga ega yirik xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar va ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorligini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni tasdiqlasin;
b) Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan birgalikda Institutning ilmiy salohiyatini oshirish maqsadida 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab yetakchi oliy ta’lim muassasalarida tegishli magistratura mutaxassisliklari va 2023 yildan boshlab tayanch doktoranturada kadrlarni maqsadli tayyorlash choralarini ko‘rsin;
v) Institut uchun bino va inshootlarni qurish, rekonstruksiya qilish hamda kapital ta’mirlash ishlarini har yilgi Investitsiya dasturida sohaga ajratilgan limitlar doirasida amalga oshirish yuzasidan takliflarni Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligiga kiritib borsin.
7. Surxondaryo viloyati hokimligi Institut faoliyatini samarali tashkil etish uchun boshqa hududlardan jalb etilgan professor-o‘qituvchilarni uy-joy bilan ta’minlash maqsadida Institutga yaqin hududda joylashgan ko‘p qavatli uy-joylardan xizmat uylarini Institutga tekin foydalanish huquqi asosida ajratsin.
8. Institut faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari, talabalarni to‘lov-kontrakt asosida o‘qitishdan tushadigan mablag‘lar, xo‘jalik faoliyati va shartnoma asosida xizmatlar ko‘rsatishdan tushadigan mablag‘lar, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari, xalqaro moliya tashkilotlarining grantlari hamda qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtirilishi belgilansin.
9. Surxondaryo viloyati, Termiz shahri, Islom Karimov ko‘chasi, 288 “a”-uy manzilida joylashgan bino va inshootlar tegishli hududi bilan birga Institutga operativ boshqaruv huquqi asosida tekin berilsin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 3-ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 29 iyundagi “Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Termiz filiali faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ−3101-son qarori o‘z kuchini yo‘qotgan, deb hisoblansin.
12. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi:
bir oy muddatda Institutning tuzilmasi va ustavi tasdiqlanishini hamda belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta’minlasin;
ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
13. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri A.X.Toshkulov hamda Surxondaryo viloyati hokimi T.A.Bobolov belgilansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOEV