25.12.2021
Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanida 25-dekabr kuni “Uzbekistan GTL” zavodining ochilish marosimi bo‘ldi. Tadbirda Prezident Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi.
- Bugun, Yangi yil arafasida ushbu qutlug‘ vohada mamlakatimiz sanoatida yana bir yorqin sahifa ochayotgan tarixiy voqeaga guvoh bo‘lish barchamizga cheksiz quvonch bag‘ishlaydi. Bunday ulkan majmuaning qurilishi keyingi yillarda sanoat rivojini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha amalga oshirayotgan siyosatimiz natijasi, desak, to‘g‘ri bo‘ladi, - dedi davlatimiz rahbari.
Ushbu zavod mamlakatimizda va umuman mintaqamizda neft-gaz-kimyo sanoati sohasidagi eng yirik korxonadir. Majmuada yiliga 3,6 milliard metr kub tabiiy gaz qayta ishlanib, qiymati 1 milliard dollardan ziyod bo‘lgan 1,5 million tonna tayyor suyuq mahsulotlar ishlab chiqariladi. Jumladan, 307 ming tonna aviakerosin, 724 ming tonna dizel yoqilg‘isi, 437 ming tonna nafta, 53 ming tonna suyultirilgan gaz tayyorlanadi.
Ushbu mahsulotlar hisobiga, yiliga 500 million dollarlik import o‘rni qoplanadi, 200 million dollarlik eksport va 2 trillion so‘mlik soliq tushumlari ta’minlanadi.
Natijadorlik jihatidan aytganda, bu yerda tabiiy gaz 3 barobar yuqori qiymatli tayyor mahsulotlarga aylantiriladi. Xususan, aviakerosin juda toza va sifatli bo‘lib, eng zamonaviy samolyotlarga mo‘ljallangani uchun unga hamisha talab bor. Zavodda ishlab chiqariladigan dizel yoqilg‘isi ham kamida Yevro-6 standartlariga mos bo‘ladi. Bu mahsulotlar mamlakatimizdagi logistika markazlarini rivojlantirish va aviatsiya xablarini tashkil qilishga mustahkam zamin yaratadi.
Xalqaro energetika agentligi hisob-kitoblariga ko‘ra, GTL mahsulotlarini ishlab chiqarish 2030 yilga borib 2 barobar o‘sadi. Shu bois yanada yuqori qo‘shilgan qiymatli boshqa turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish ham rejalashtirilgan. Jumladan, zavod negizida alkil-benzol, buten va geksen, sintetik moylar, malein angidrid, emulsion qo‘shimchalar, katalizatorlar kabi mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha qiymati 620 million dollar bo‘lgan 6 ta loyiha amalga oshirilishi mo‘ljallangan. Bu yarim tayyor mahsulotlar kimyo va maishiy kimyo, tekstil, charm va mebel, qurilish materiallari va elektrotexnika kabi sohalarda keng qo‘llaniladi.
Prezidentimiz bugungi kunda butun dunyo “yashil iqtisodiyot”ga o‘tayotgani, savdo-sotiqda shu borada talablar qo‘yayotganini qayd etdi. “Uzbekistan GTL” mahsulotlari esa jahondagi eng yuqori ekologik talablar va standartlarga to‘liq javob beradi. Bu yerda tayyorlanadigan sintetik yoqilg‘i an’anaviy yoqilg‘ilarga nisbatan 40 foiz kam chiqindi va zararli gaz hosil qiladi. Buning hisobidan, yiliga 13 ming 500 tonna zararli gazlarning havoga tarqalishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
- Zavod ishga tushganidan keyin jami 1 ming 300 ta mutaxassis yuqori daromadli, doimiy ish o‘rniga ega bo‘ladi. Meni quvontiradigani, zavod qurilishida qatnashgan mutaxassislarning qariyb 80 foizi o‘zimizning mahalliy kadrlar, yangicha ishlashga chanqoq yoshlar. Bu tajriba kelgusida mamlakatimizda yangi sanoat ob’ektlarini o‘z kuchimiz bilan barpo etishda albatta juda kerak bo‘ladi.
Bu yoshlar – Yangi O‘zbekiston yoshlari. Ular milliy sanoatimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shib, bu yo‘lda “oltin fond”imizga aylanadi, - deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.
O‘quv dasturlarini zamonaviy talablar asosida qayta ko‘rib chiqish, talabalar amaliyotini shu zavodda tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Marosimda “Uzbekistan GTL” zavodining texnik direktori Marsel Yurgen Krauze, “Hyundai Engineering” kompaniyasi prezidenti Kim Chang Xag, “Gazprombank” boshqaruvi raisi o‘rinbosari Aleksey Matveyev, “Air Products and Chemicals” kompaniyasi prezidenti Seyfi Gasemiy so‘zga chiqib, yangi zavodning ahamiyatini qayd etdi.
Mehnat faxriylari, ishchilarning ota-onalari mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash tamoyili shu loyiha misolida namoyon ekanini ta’kidlab, davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.
Marosim doirasida yana bir korxona - Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasining ishlab chiqarish quvvatini 3 barobarga kengaytirish bo‘yicha loyiha qurilishiga ham start berildi.
Bu loyihaning qiymati 1 milliard 800 million dollar bo‘lib, Uzbekistan GTL zavodi yonida quriladi. Unda 430 ming tonna naftani qayta ishlash hisobiga yiliga 280 ming tonna polietilen va 100 ming tonna polipropilen tayyorlanadi. Yana mingga yaqin ish o‘rni ochiladi.
Shu tariqa, Sho‘rtanda yurtimizdagi birinchi yirik gaz-kimyo klasteriga asos solinadi. Bu klasterda mahsulot ishlab chiqarish hajmi hozirgi 290 million dollardan 2025 yilda 1,8 milliard dollarga yetkaziladi. Ya’ni, 6 barobarga oshadi.
Ushbu klaster tizimidagi korxonalar 1 dollarlik xom ashyodan 10 dollarlik yuqori qo‘shilgan qiymatli tayyor mahsulotlar yaratadi.
Ikki yangi majmua nafaqat o‘zining mahsuloti orqali, balki boshqa sanoat sohalarida 100 million dollarlik butlovchi va ehtiyot qismlar uchun bozor shakllantiradi.
- Bu loyihalar O‘zbekistonda yangi sanoat davrini yaratish yo‘lidagi ilk yirik qadamlarimizdan biridir. Ishonchim komilki, sizlar bilan birga kelgusida bu borada iqtisodiyotimiz rivojiga ulkan hissa qo‘shadigan, uning raqobatbardoshligini mustahkamlaydigan yana ko‘plab yirik loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshiramiz, - dedi Prezident.
Davlatimiz rahbari yangi korxona qurilishiga tamal toshi qo‘ydi.
Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryoga safarini yakunlab, Toshkent shahriga qaytib keldi.