24.12.2021
Prezident Shavkat Mirziyoyev 24-dekabr kuni axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasini rivojlantirishga oid loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.
Axborot texnologiyalari barcha sohalarda samaradorlik va qulaylikka xizmat qiladi. Shu bois bu borada ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Joylarda 100 dan ortiq IT-maktablar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida 500 mingdan ziyod yoshlar dasturlashni o‘rgandi.
IT-parklar tashkil etilganidan buyon sohada eksport hajmi 50 barobarga ko‘payib, 40 million dollarga yetdi. Rezidentlar soni 147 tadan 500 taga oshdi, 300 dan ziyod yangi kompaniyalar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. IT-parklarda 8 ming 500 ta yuqori daromadli ish o‘rinlari yaratildi.
Bunday ishlarni davom ettirib, soha rivojini yangi bosqichga ko‘tarish bo‘yicha rejalar ishlab chiqilgan. Xususan, yirik eksportyorlar bilan ishlab, IT-parklarda xizmatlar eksporti hajmini 80 million dollarga yetkazish mo‘ljallangan. Yalpi ichki mahsulotda raqamli iqtisodiyot ulushini oshirish, elektron xizmatlar uchun yengilliklar yaratish nazarda tutilgan.
Taqdimotda shu borada taklif etilayotgan chora-tadbirlar ko‘rib chiqildi.
Davlatimiz rahbari kelgusi yilda IT xizmatlar hajmini 35 foiz oshirib, 21 trillion so‘mga yetkazish, dasturlash xizmatlarini ko‘paytirish uchun barcha imkoniyat borligini ta’kidladi.
Sun’iy intellekt markazini ishga tushirishni jadallashtirish, xorijdan IT mutaxassislar jalb etish tartibini soddalashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga kelgusi yilda IT tarmoqlar tezligini 1,8 barobar oshirish hamda 1 million qo‘shimcha keng polosali tarmoqlar o‘rnatish vazifasi qo‘yildi. Bu orqali aholi punktlarining barchasi mobil aloqa va keng polosali internet bilan ta’minlanadi.
Prezident yangi texnologiyalar, avvalo, odamlarga xizmat qilishi, qulaylik yaratishi zarurligini ta’kidladi. Oxirgi yillarda 300 dan ortiq davlat xizmati elektron shaklga o‘tkazilib, shu yilning o‘zida ulardan 16 million marotaba foydalanilgan.
Kelgusi yilda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko‘rsatiladigan xizmatlar ulushi 60 foizga yetkazilishi belgilandi.
Taqdimotda bu boradagi yana bir qulaylik: fuqaro pasportining raqamli profili haqida ma’lumot berildi. Gov Pass mobil ilovasi smartfonga o‘rnatiladi va unda pasport, diplom, mehnat daftarchasi, haydovchilik guvohnomasi kabi ko‘plab hujjatlar jamlanadi. Ya’ni, fuqaroning barcha hujjatlari doim yonida, telefonda bo‘ladi. Bu vaqt va pulni tejab, qog‘ozbozlikni kamaytirishga xizmat qiladi, ovoragarchiliklarni bartaraf etadi.
“Xavfsiz shahar” tizimi ijrosiga doir masalalarga ham alohida e’tibor qaratildi. 2026-yilgacha bu tizimni to‘liq joriy etish vazifasi qo‘yildi.
Davlatimiz rahbari sohani rivojlantirishning moliyaviy manbalarini mustahkamlash bo‘yicha ham ko‘rsatmalar berdi.