06.12.2021
Davlat tashrifnining asosiy tadbirlaridan so‘ng OAV vakillari uchun brifing o‘tkazildi.
Prezidentlar har doimgidek ochiq, ishonchli va ishchan muhitda o‘tgan muzokaralar natijalaridan mamnunligini bildirdilar.
Xususan, muzokaralarda O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasidagi ko‘p qirrali, o‘zaro manfaatli hamkorlikni ikki tomonlama va mintaqa kun tartibidagi barcha yo‘nalishlarda yanada rivojlantirish masalalari batafsil ko‘rib chiqildi.
Shavkat Mirziyoyev o‘z bayonoti avvalida Qozog‘iston xalqini mustaqillikning 30 yilligi bilan yana bir bor tabrikladi.
Keyingi yillarda do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlariga asoslangan O‘zbekiston-Qozog‘iston munosabatlarida ulkan o‘zgarishlar ro‘y berayotgani ta’kidlandi.
O‘zbekiston yetakchisi bugun tarixiy qaror qabul qilinib, ikki tomonlama hamkorlik ittifoqchilik munosabatlari darajasiga ko‘tarilgani, bu birodar xalqlarimizning uzoq muddatli manfaatlaridan kelib chiqib, ularga to‘liq mos ekanini qayd etdi.
- O‘zbekiston va Qozog‘iston hamkorligi zamirida bir-birimizni to‘ldirib turish borasidagi ulkan salohiyatdan foydalanishga intilish ham mavjud. Biz sa’y-harakatlarimizni birlashtirish va yangi o‘sish nuqtalarini izlash niyatidamiz, - dedi Shavkat Mirziyov.
Ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor yo‘nalishi – savdo-iqtisodiy hamkorlikda erishilayotgan natijalar mamnuniyat bilan qayd etildi. Joriy yil boshidan o‘zaro savdo hajmi qariyb 40 foizga oshib, bu borada rekord ko‘rsatkich – 4 milliard dollarga erishish kutilmoqda. Muzokaralar chog‘ida tovar ayirboshlashni kelgusi yilda 5 milliardga, uzoq muddatli istiqbolda esa 10 milliardga yetkazish maqsad qilindi.
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berishni kengaytirish maqsadida tomonlar agroklasterlar, ulgurji-taqsimlash va logistika markazlarini tashkil etishga, “Agroekspress” loyihasini ilgari surishga kelishib olganliklari ko‘rsatib o‘tildi.
Sanoat kooperatsiyasi va hududlararo hamkorlik sohasida erishilgan kelishuvlar muhim ahamiyatga ega. Bu borada muvaffaqiyatli misollar mavjudligi, jumladan, Kostanayda avtomobillar, avtobuslar va qishloq xo‘jaligi texnikasini yig‘ish, Turkiston va Chimkentda to‘qimachilik va elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgani ta’kidlandi.
O‘zbekistonda sanoat, energetika, kimyo, qurilish, bank va boshqa sohalarda qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda. Tashrif arafasida o‘tkazilgan ishbilarmonlik tadbirlari yakunida qiymati 6 milliard dollarga yaqin bo‘lgan yangi investitsiya va savdo kelishuvlari imzolandi.
– Bunday ko‘rsatkichlar avval bo‘lmagan. Qolaversa, barchasi qat’iy kelishuvlar, ular istiqbolga yaxshi zamin yaratadi, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Transport va tranzit sohasi salohiyatini kengaytirish maqsadida “Uchquduq-Qizilo‘rda” avtomobil va temir yo‘llari, “Turkiston-Chimkent-Toshkent” yuqori tezlikda harakatlanishga mo‘ljallangan temir yo‘lini barpo etish loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan.
Tomonlar “yashil” energetika loyihalarini faol ilgari surishga, eng yangi suv tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish, Orolbo‘yida daraxtzorlar yaratish borasida birgalikda ishlash va xalqaro donorlar bilan hamkorlik qilishga kelishib oldilar.
Brifingda madaniyat, fan va ta’lim, sog‘liqni saqlash va turizm sohalarida erishilgan kelishuvlar ham qayd etildi.
- Bugungi murakkab va ziddiyatli zamonda odamlar ongi va qalbiga, ayniqsa yosh avlodga ijobiy ta’sir ko‘rsatuvchi madaniyat va ma’naviyatning ahamiyati ortib bormoqda, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shu munosabat bilan muzokaralarda Qozog‘istonda O‘zbekiston yili va O‘zbekistonda Qozog‘iston yili tadbirlarini muntazam ravishda o‘tkazib borish yuzasidan kelishuvga erishildi. Kelgusi yilda yurtimizda birinchi Yoshlar kongressi hamda Ijodiy va ilmiy ziyolilar forumi tashkil etiladigan bo‘ldi.
Qayd etilganidek, O‘zbekistonda sakkiz yuz mingdan ziyod qozoq millatiga mansub fuqarolar istiqomat qilmoqda Ular milliy madaniyati, tili va an’analarini rivojlantirish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. To‘rt yuzga yaqin maktabda ta’lim qozoq tilida amalga oshirilmoqda.
Mana o‘ttiz yildirki, O‘zbekistonda Qozoq milliy madaniyat markazi va uning sakkizta hududiy bo‘linmalari faol ishlab turibdi.
- Qozoq yurtdoshlarimiz orasida O‘zbekiston Qahramoni yuksak unvoniga va boshqa davlat mukofotlariga sazovor bo‘lganlar, senator va deputatlar, vazir va generallar, yirik korxonalar rahbarlari borligidan faxrlanamiz, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlat rahbarlari O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining o‘ttiz yilligini kelgusi yilda keng nishonlash maqsadida tegishli dastur qabul qilishga kelishib oldilar.
Mintaqaviy va xalqaro maydondagi hamkorlik masalalariga to‘xtalar ekan, O‘zbekiston yetakchisi Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvidek samarali platformani yaratishga muvaffaq bo‘lingani, uning doirasida umumiy uyimizni kompleks rivojlantirish yo‘llari belgilanayotganini alohida qayd etdi.
Muzokaralarda mintaqamizda xavfsizlik va barqarorlikka tahdidlarga, eng avvalo qo‘shni Afg‘onistondagi vaziyatdan kelib chiqqan holda qarshi kurashish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Bu borada O‘zbekiston va Qozog‘iston pozitsiyalari to‘liq mos ekani tasdiqlandi.
Mamlakatimiz Qozog‘istonning Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash hamda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga raisligi doirasidagi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlaydi. Qozog‘iston esa O‘zbekistonning Shanxay hamkorlik tashkiloti va Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga raisligi doirasidagi faoliyatini qo‘llab-quvvatlaydi.
– Ushbu tashrif doirasida salmoqli hujjatlar to‘plamini imzoladik. Ishonchimiz va sherikligimiz juda yuksak darajaga chiqqanidan, birgalikda harakat qilib, har tomonlama ko‘makdosh bo‘lishga tayyor ekanimizdan dalolat beruvchi Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi deklaratsiya ular orasida eng asosiysi. Biz ikki qardosh xalqlarning ravnaqi yo‘lida ko‘p asrlik do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va keng ko‘lamli hamkorlikni mustahkamlashning qat’iy tarafdorimiz, - dedi O‘zbekiston Prezidenti.
Prezident Qasim-Jomart Toqayev ham keng doiradagi masalalar yuzasidan fikr almashilgan muzokaralar yakunidan mamnunligini bildirdi.
Davlatimiz rahbari Qozog‘iston Prezidentini o‘ziga qulay vaqtda tashrif bilan O‘zbekistonga kelishga taklif qildi.