12.11.2021
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12-noyabr kuni kechasi Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an bilan uchrashdi.
Davlatimiz rahbari Turkiya yetakchisini Turkiy davlatlar tashkilotining tarixiy sammiti muvaffaqiyatli o‘tkazilgani va ushbu nufuzli mintaqaviy tuzilmaga raislikni qabul qilib olgani bilan yana bir bor tabrikladi.
Prezidentlar O‘zbekiston-Turkiya strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalarini ko‘rib chiqdilar.
Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikdagi bugungi yuqori sur’atlarni saqlab qolish, tovar ayirboshlashni ko‘paytirish, ikki mamlakat yetakchi korxona, kompaniya va banklari kooperatsiyasini kuchaytirish muhim ekani ta’kidlandi.
Gumanitar aloqalar faollashgani, O‘zbekiston va Turkiyada madaniy tadbirlar muntazam o‘tkazilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Mintaqa kun tartibidagi masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.