06.11.2021
Yangi saylangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning lavozimga kirishish tantanali marosimiga bag‘ishlangan Oliy Majlis palatalari qo‘shma majlisidagi nutqi
Assalomu alaykum, muhtaram vatandoshlar!
Hurmatli Senat a’zolari!
Hurmatli Qonunchilik palatasi deputatlari!
Xorijiy diplomatik korpus vakillari!
Xonimlar va janoblar!
Avvalo, menga ulkan ishonch bildirib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib qayta saylagan barcha yurtdoshlarimga chin qalbimdan minnatdorlik izhor etib, mehnatkash, olijanob va bag‘rikeng xalqimizga farzandlik mehri va sadoqati bilan ta’zim qilaman.
Siz, azizlarga, sizlar orqali butun el-yurtimizga tinchlik va salomatlik, oilaviy baxt-saodat va farovonlik tilayman.
Jonajon Vatanimiz timsoli va mustaqilligimiz ramzi bo‘lgan davlat bayrog‘imiz, madhiyamiz va gerbimizga, menga topshirilgan Prezidentlik Oliy nishoni va bayrog‘iga yuksak hurmat bajo keltiraman.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga saylanishimni Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida olib borayotgan siyosatimizning yuksak e’tirofi sifatida qabul qilaman.
Muhtaram tantanali majlis ishtirokchilari!
Bo‘lib o‘tgan saylovlarda ko‘pmillatli xalqimiz faol ishtirok etib, o‘zining erkin xohish-irodasini, yuksak huquqiy ongi va siyosiy madaniyatini yaqqol namoyon etdi.
Xalqimiz bilan birgalikda tanlagan va amalga oshirayotgan rivojlanish yo‘limiz naqadar to‘g‘riligini saylov natijalari yana bir bor tasdiqladi. Bu esa barchamizga yangi kuch, baland ruh va ishonch bag‘ishlaydi.
Saylovning erkin va demokratik, ochiq va oshkora, sog‘lom raqobat va siyosiy kurash muhitida o‘tganini xalqaro va xorijiy kuzatuvchilar ham e’tirof etdilar.
Prezident saylovida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti hamda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining uzoq muddatli missiyalari butun saylov jarayonlarini bevosita kuzatib bordi. Ayniqsa, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosi hamda Parlament Assambleyasi qatorida birinchi marta Yevropa parlamentidan ham kuzatuvchilar ishtirok etdi.
Umuman, saylovda 18 ta xalqaro tashkilot va 45 ta xorijiy davlatning mingga yaqin vakillari xalqaro kuzatuvchi sifatida qatnashdi. Shu bilan birga, 1 ming 700 ga yaqin mahalliy va xorijiy jurnalistlar saylov jarayonlarini bevosita yoritib bordi. Ularning barchasi, saylov milliy qonunchiligimiz va umume’tirof etilgan xalqaro tamoyillar asosida, yuqori saviyada o‘tganini alohida qayd etdilar.
Aziz yurtdoshlar!
Saylovda menga bildirilgan ishonch – yuksak sharaf, muqaddas burch ekanini, ayni vaqtda bu ishonch zimmamga qanday ulkan mas’uliyat va javobgarlik yuklashini ham chuqur his etib turibman.
Nomzodimni ilgari surgan va saylov kampaniyasida qo‘llab-quvvatlagan Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining a’zolari va faollariga, barcha tarafdorlarim hamda ishonchli vakillarimga tashakkur aytaman.
Saylovda faol ishtirok etgan O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan nomzod – Maqsuda Vorisovaga, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan – Alisher Qodirovga, O‘zbekiston Ekologik partiyasidan – Narzullo Oblomurodovga, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan – Bahrom Abduhalimovga alohida minnatdorlik bildiraman. Ularga kelgusi ishlarida omadlar tilayman.
Biz saylov jarayonida o‘zaro raqobat qilgan bo‘lsak, endi barcha orzu-intilish va harakatlarimizni birlashtirib, siyosiy partiyalar bilan faol hamkorlik qilamiz. Ularning saylovoldi dasturlaridagi muhim amaliy g‘oya va takliflar kelgusi faoliyatimizda e’tiborimizdan chetda qolmaydi.
Butun kuch va salohiyatimizni yagona ulug‘ maqsadimiz – Yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaratamiz.
Bugun shu yuksak minbarda turib, barcha hududlarimiz – Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri aholisiga;
yurtimizda tinchlik va do‘stlik muhitini mustahkamlash yo‘lida sidqidildan xizmat qilayotgan mahalla faollari, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari va din arboblariga;
ezgu duolari, hayotiy maslahatlari bilan bizning ishimizga unum va baraka berayotgan mo‘’tabar faxriylarimizga;
jamiyatimiz hayotida beqiyos o‘ringa ega bo‘lgan muhtarama ayollarimizga;
iqtisodiyot, sanoat, agrar va ijtimoiy sohalarda fidokorona mehnat qilayotgan ishchi-xizmatchilarga, tadbirkor va fermerlarga, quruvchi-bunyodkorlarga;
butun borlig‘ini ilm-fan va ma’naviyatni yuksaltirish, navqiron avlod tarbiyasiga bag‘ishlagan ustoz va murabbiylarga, ilmiy va ijodkor ziyolilarga, madaniyat va san’at ahliga;
el-yurtimiz sog‘lig‘ini asrashdek olijanob maqsad yo‘lida o‘zini ayamasdan, mardona mehnat qilayotgan tibbiyot xodimlariga;
Jaloliddin Manguberdi, Sohibqiron Amir Temur, Bobur Mirzo kabi ulug‘ ajdodlarimiz an’analarini munosib davom ettirayotgan mard va jasur harbiy xizmatchilarimizga;
jahon maydonlarida Vatanimiz bayrog‘ini baland ko‘tarayotgan matonatli sportchilarimizga;
Markaziy saylov komissiyasi, okrug va uchastka saylov komissiyalari a’zolariga, xorijiy mamlakatlardagi diplomatik vakolatxonalarimiz hamda mahalliy hokimliklar xodimlariga;
saylov jarayonlarini keng va xolis yoritgan ommaviy axborot vositalari vakillariga, jurnalist va blogerlarga chin yurakdan minnatdorlik bildiraman.
Yosh avlodimizga – mening o‘g‘il-qizlarimga qarata aytmoqchiman: tomirlarida buyuk bobolarimizning g‘ayrat-shijoati jo‘sh urib turgan aziz farzandlarim, sizlar Yangi O‘zbekistonni barpo etishda doimo oldingi safda bo‘lasizlar, deb ishonaman.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylanishim munosabati bilan samimiy tabriklarini yo‘llagan mamlakatimizning barcha fuqarolariga, xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar rahbarlariga, siyosat va jamoat arboblariga chuqur ehtiromimni izhor qilaman.
Fursatdan foydalanib, saylovda ishtirok etgan barcha xalqaro kuzatuvchilarga o‘z nomimdan, xalqimiz nomidan tashakkur aytaman.
Hurmatli tantanali marosim qatnashchilari!
Bugungi tantanali marosim poytaxtimiz markazida barpo etilgan, barcha zamonaviy sharoitlarga ega bo‘lgan muhtasham Senat binosida o‘tayotganida ham chuqur ramziy ma’no bor, albatta.
Bu qutlug‘ maskan mamlakatimiz ravnaqi yo‘lida muhim qonun va qarorlar qabul qilinadigan nufuzli dargohga, zamonaviy milliy davlatchiligimiz ko‘zgusi va demokratiya maktabiga aylanadi, deb ishonaman.
Yangi O‘zbekiston timsollaridan biri bo‘lgan Senat binosi hammamizga muborak bo‘lsin!
Qadrli do‘stlar!
Barchangiz xabardorsiz, bundan besh yil oldin xalqimiz bilan bamaslahat Harakatlar strategiyasini qabul qilgan edik. O‘tgan davr mobaynida ushbu Strategiya asosida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.
Yangi muddatga lavozimga kirishayotgan Prezident sifatida jonajon Vatanimizning bugungi kuni va kelajagi uchun butun mas’uliyat va javobgarlikni chuqur his etgan holda aytmoqchiman:
Xalqimiz bilan boshlagan demokratik islohotlar yo‘lini yanada qat’iy davom ettiramiz va bu yo‘ldan hech qachon ortga qaytmaymiz!
Yangi O‘zbekistonni birgalikda albatta barpo etamiz!
Asosiy qomusimiz kafili sifatida Konstitutsiya va qonunlarimiz talablarini so‘zsiz bajarish, “Inson qadri uchun” degan ustuvor tamoyilni to‘la ro‘yobga chiqarish bundan buyon ham faoliyatimning bosh mezoni bo‘lib qoladi.
Albatta, inson qadri biz uchun qandaydir mavhum, balandparvoz tushuncha emas. Inson qadri deganda, biz, avvalo, har bir fuqaroning tinch va xavfsiz hayot kechirishini, uning fundamental huquq va erkinliklarini ta’minlashni nazarda tutamiz.
Inson qadri deganda, biz har bir fuqaro uchun munosib turmush sharoiti va zamonaviy infratuzilma tashkil etishni, malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish, sifatli ta’lim, ijtimoiy himoya tizimi, sog‘lom ekologik muhit yaratib berishni tushunamiz.
Hurmatli tantanali marosim ishtirokchilari!
Bugungi davramizda mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan xalqaro tashkilotlar vakillari va xorijiy davlatlar elchilari qatnashayotgani barchamizga katta mamnuniyat bag‘ishlaydi.
So‘nggi yillarda yurtimizda demokratik islohotlarni amalga oshirish, jumladan, inson huquq va erkinliklari hamda qonun ustuvorligini ta’minlash borasida olib borayotgan ishlarimizdan, o‘ylaymanki, siz, hurmatli diplomatlar ham xabardorsiz.
Bu sohadagi amaliy faoliyatimizning e’tirofi sifatida O‘zbekiston birinchi marta Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari kengashi a’zoligiga saylanganini aytib o‘tish kifoya.
Ayni paytda biz inson huquq va erkinliklarini himoya qilish va ta’minlashda amalga oshirgan ishlarimizdan ko‘ra, oldimizda turgan vazifalar ko‘p ekanini ham yaxshi tushunamiz.
Ma’lumki, bu oliy qadriyatni tom ma’noda qaror toptirish – biron-bir manzilga yetib borib to‘xtash, degani emas. Inson huquqlarini himoya qilish uzluksiz davom etadigan jarayon ekanini barchamiz chuqur anglaymiz. Jahon tarixi va demokratik davlatlar tajribasi ham shundan dalolat beradi.
Shu munosabat bilan bu sohadagi vazifalarni amalga oshirishda biz xalqaro hamjamiyat, jumladan, Siz, muhtaram diplomatik korpus vakillarining yaqin hamkorligiga ishonamiz.
Qadrli senator va deputatlar!
El-yurtimiz biz boshlagan xalqchil islohotlarga bugun xayrixohlik va qat’iy ishonch bilan qarab, ularning hosili va samarasini tezroq ko‘rishni istamoqda. Ana shu haqli talabni inobatga olgan holda, biz Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasini ishlab chiqib, saylov jarayonida uni o‘ziga xos umumxalq muhokamasidan o‘tkazdik.
Bu muhim konseptual hujjatda islohotlarimizning uzviyligi va davomiyligini ta’minlash maqsadida “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” degan tamoyil asosiy g‘oya va bosh mezon sifatida kun tartibiga qo‘yildi.
Biz ushbu strategiyada yurtimizda yashayotgan har bir fuqaroning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini eng oliy qadriyat etib belgiladik.
Ta’kidlash kerakki, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi milliy rivojlanishimizning yangi bosqichini boshlab beradi. Biz bundan buyon faoliyatimizni “inson – jamiyat – davlat” degan yangi tamoyil asosida tashkil etamiz.
Saylovchilar bilan muloqotlar paytida bildirilgan fikr-mulohazalar, amaliy taklif va tashabbuslar asosida biz Taraqqiyot strategiyamizni yanada takomillashtirish ustida ish olib bormoqdamiz va bu jarayon yana davom etadi. Chunki, Vatanimizning taqdiri va kelajagi bilan bog‘liq ustuvor masalalarni hal etishda keng jamoatchilik, har qaysi fuqaroning fikri biz uchun o‘ta muhimdir.
Bu borada yana bir dolzarb masalaga e’tiboringizni qaratmoqchiman.
Kelgusi besh yil uchun ustuvor yo‘nalishlarni belgilab olar ekanmiz, o‘tgan davrda erishgan yutuqlarimiz bilan birga, yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni ham tanqidiy nuqtai nazardan chuqur tahlil qilishimiz lozim. Nega deganda, o‘z kelajagini o‘z qo‘li, o‘z kuchi bilan yaratishga bel bog‘lagan xalq va millat kechagi kundan to‘g‘ri saboq chiqarib, oldinga intilib yashaydi.
Saylovoldi uchrashuvlarida mamlakatimizdagi har bir shahar va tumanni ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy va ma’rifiy rivojlantirish bo‘yicha yangi rejalar tuzdik. Hozirgi kunda ana shu takliflarni umumlashtirib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bo‘yicha alohida-alohida dasturlarni ishlab chiqmoqdamiz va ularni yillar kesimida amalga oshiramiz.
Men bundan besh yil oldin, ya’ni Prezidentlik faoliyatimni boshlagan ilk kunlarda aytgan fikrimni yana takrorlayman: menga soxta va balandparvoz gaplarning keragi yo‘q. Quruq va yolg‘on gaplar, tagi puch raqamlar – bu faqat o‘zimizni aldash bo‘ladi. Bu faqat ishimizga ziyon yetkazadi.
Biz uchun umumiy ishimiz va harakatimizga foyda beradigan g‘oya va fikrlar, amaliy taklif va tashabbuslar, aniq natijalar kerak. Bundan boshqa yo‘lni men mutlaqo qabul qilmayman.
Hurmatli do‘stlar!
Barchamiz ko‘rib-bilib turibmiz: bugungi kunda insoniyat o‘z tarixidagi nihoyatda murakkab davrni boshidan kechirmoqda. Biz ilgari ko‘rmagan, bilmagan mislsiz xavf-xatar va tahdidlarga duch kelmoqdamiz.
Yer yuzida millionlab odamlarni hayotdan olib ketgan koronavirus pandemiyasi va uning oqibatida kelib chiqqan global iqtisodiy inqiroz hanuz davom etmoqda. Pandemiya qachon tugaydi va undan keyingi hayot qanday bo‘ladi – buni hech kim oldindan bashorat qilolmaydi.
Afsuski, pandemiyaning salbiy ta’siridan O‘zbekiston ham chetda qolayotgani yo‘q. Bu xatarli kasallikka qarshi kurash, shunday og‘ir sharoitda yashash va mehnat qilish bizdan katta kuch va mablag‘, yuksak iroda va qat’iy intizomni talab etmoqda.
Har qancha harakat qilishimizga qaramasdan, pandemiya tufayli ko‘plab yurtdoshlarimiz, jumladan, bir qancha senator va deputatlarimiz, rahbar safdoshlarimizdan judo bo‘ldik. Bugun ularning barchasining xotirasini yana bir bor yod etib, oxiratlari obod bo‘lsin, deymiz.
Hozirgi vaqtda dunyoda turli kuchlar o‘rtasida qarama-qarshilik va ziddiyatlar kuchaymoqda, resurslar uchun shafqatsiz kurash ketmoqda. Mintaqamizdagi tinchlik va xavfsizlikka nisbatan yangi-yangi tahdidlar paydo bo‘lmoqda.
O‘z-o‘zidan ravshanki, globallashuv va keskin raqobat zamoni, shiddat bilan o‘zgarayotgan hayot bizning oldimizga kechiktirib bo‘lmaydigan, o‘ta muhim va dolzarb vazifalarni qo‘ymoqda.
Mana shunday murakkab va qaltis vaziyatda barchamiz tinch va osoyishta hayotimizni asrash, milliy mustaqilligimizni mustahkamlash uchun yanada jipslashib, hushyor va ogoh bo‘lib, dadil va qat’iy harakat qilishimiz zarur.
Shu maqsadda har bir xonadon va mahallada, butun yurtimizda tinchlik va barqarorlikni saqlash, aholining hayot darajasi va sifatini oshirish, jahon hamjamiyati bilan do‘stlik va hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan strategik yo‘limizni yanada izchil davom ettiramiz.
Qadrli yurtdoshlar!
Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi yetti yo‘nalishdan iborat etib belgilandi. Bu – bejiz emas. Zero, ajdodlarimiz yetti raqamini baxt-saodat va omad keltiradigan, ezgu niyatni ro‘yobga chiqaradigan xosiyatli timsol, deb bilganlar.
Ruxsatingiz bilan, Taraqqiyot strategiyasi doirasida amalga oshiriladigan eng ustuvor vazifalar haqida qisqacha to‘xtalib o‘tmoqchiman.
Birinchidan, erkin fuqarolik jamiyatini rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish, inson qadri-qimmati va uning qonuniy manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarimiz yangi pog‘onaga ko‘tariladi.
Bu borada, millati, tili va dinidan qat’i nazar, yurtimizda yashayotgan har bir fuqaroning, butun xalqimizning farovonligini ta’minlashga xizmat qiladigan “Yangi O‘zbekiston – xalqchil va insonparvar davlat” g‘oyasini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratamiz. Shu asosda mahalliy boshqaruv organlarining joylarda muammolarni hal etishdagi roli va mas’uliyatini yanada kuchaytiramiz. Buning uchun kelgusida davlat funksiyalarining katta qismi markazdan hududlarga o‘tkaziladi.
Jamiyat boshqaruvining tayanch bo‘g‘ini bo‘lgan, islohotlar samarasi bevosita aks etadigan mahalla tizimini hokimliklar bilan bog‘lash maqsadida har bir mahallada hokim yordamchisi lavozimi joriy etiladi. Hokim yordamchisi yangi ish o‘rinlarini yaratish va kambag‘allikni qisqartirishga mas’ul bo‘ladi. Mahalla raisi esa ma’naviy-ma’rifiy ishlarni amalga oshirish, oila va mahallada sog‘lom muhitni shakllantirishga javob beradi.
Shu bilan birga, mahallalarda yoshlar masalalari bilan muntazam shug‘ullanadigan Yoshlar ishlari agentligining vakili ham bo‘ladi.
Bundan tashqari, hokimliklar va mahallalarning moliyaviy imkoniyatini kengaytirish maqsadida tuman byudjeti qo‘shimcha manbalar bilan ta’minlanib, mahallaning alohida jamg‘armasi shakllantiriladi.
Navbatdagi muhim vazifamiz – markaziy idoralarni transformatsiya qilish orqali fuqarolarga xizmat qiladigan ixcham va samarali boshqaruv tizimini yaratishdan iborat. Buning uchun, eng avvalo, vazirlik va idoralarni tashkil etish va tugatishning tartibi, ularni bir-biridan farqlab turadigan mezonlar, tarkibiy tuzilma va shtatlarni belgilashga oid aniq talablar ishlab chiqiladi. Shu asosda bir xil yo‘nalishdagi vazifalarni amalga oshirayotgan idoralar optimallashtiriladi.
Markaziy idoralarning hududiy tuzilmalar bilan ishlash jarayoniga yangicha yondashuvlarni joriy etib, eskirgan byurokratik usullardan voz kechamiz. Bunda hududlardagi ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni tezkorlik bilan mustaqil hal etish bo‘yicha vazirlik va idoralarning vakolatlari yanada kengaytiriladi.
Har bir tarmoq va hudud bo‘yicha qabul qilingan dasturlar ijrosi yuzasidan rahbarlarning hisobot berish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Shu bilan birga, Xalq qabulxonalari tom ma’noda xalq ovozini, jamoatchilik fikrini ifoda etadigan tuzilmaga aylanishi uchun qo‘shimcha huquqiy asoslar yaratiladi.
Ayni vaqtda kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish jarayoniga yangicha, zamonaviy yondashuvlar joriy etiladi. Kadrlar davlat xizmatiga tanlov asosida qabul qilinadi, ular uchun uzluksiz malaka oshirish, natijadorlikni baholash va lavozim bo‘yicha ko‘tarilish mezonlari belgilanadi.
Bundan buyon har bir hudud, soha va tarmoq faoliyatiga ularda fuqarolarning haq-huquqlari va qonuniy manfaatlari qanday ta’minlanayotganiga qarab baho beriladi.
Shu munosabat bilan “Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, degan da’vatga qo‘shimcha qilib aytmoqchiman: “Rahbarlar faqat davlatga emas, avvalo, inson va oilaga, ularning qonuniy manfaatlarini ta’minlashga xizmat qilishi kerak”. Shuning uchun har bir mutasaddi mahalla va tuman hayotini ipidan ignasigacha bilishi shart.
Ulug‘ ajdodlarimiz aytganidek, rahbar xalqqa yuk bo‘lmasligi, aksincha, xalqning yukini yelkasiga olishi kerak. Agar qaysiki rahbar davrning bu o‘tkir talabini tushunmasa, ularni endi xalqimiz ham, hayotning o‘zi ham qabul qilmaydi.
Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasini amalga oshirishda xalq vakillari bo‘lgan senator va deputatlar alohida muhim o‘rin tutadi.
Oliy Majlis faoliyatini yanada takomillashtirish, xalqimiz kutayotgan, Yangi O‘zbekiston taraqqiyotini tezlashtirishga xizmat qiladigan qonunchilik konsepsiyasini ishlab chiqish va hayotga tatbiq etish, qonun ijodkorligi faoliyatini demokratlashtirish va ularning ijrosini ta’minlashga qaratilgan parlament nazoratini kuchaytirishga ustuvor ahamiyat beriladi.
Bu borada parlament tomonidan mamlakatimiz bo‘yicha murojaatlar bilan ishlash holati nazoratga olinadi. Joylardagi ijro idorasi rahbarlari hisobotini eshitish va uning natijasiga muvofiq, ularga nisbatan ta’sirchan choralar ko‘rish amalga oshiriladi.
Rivojlangan demokratik mamlakatlar tajribasidan kelib chiqib, jamiyat va davlat boshqaruv tizimi ayrim rahbarlarning sub’ektiv nuqtai nazariga, sodda qilib aytganda, ularning qosh-qovog‘iga qarab emas, aksincha, mustahkam huquqiy mezonlarga ega bo‘lgan institutlar faoliyati orqali amalga oshirilishi zarur.
Bu borada oldimizda turgan yana bir muhim masala – Xalq deputatlari mahalliy kengashlari hamda hokimlarning vakolatlarini aniq belgilashga oid qonuniy asoslarni yaratish vaqti keldi, deb o‘ylayman.
Fuqarolik jamiyati institutlarining erkin faoliyat yuritishi, davlat va jamiyat boshqaruvida faol ishtirok etishi uchun zarur sharoitlar yaratish, ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini yanada takomillashtirish e’tiborimiz markazida bo‘ladi. Shu maqsadda Jamoatchilik palatasini tashkil etish ishlari jadallashtiriladi.
Jamoatchilik nazorati, davlat boshqaruvi va ijtimoiy loyihalarni hayotga tatbiq etishda fuqarolik jamiyati institutlari ishtirokini kuchaytirishga doir dolzarb vazifalar amalga oshiriladi.
Mamlakatimizda demokratik yangilanish jarayonlarini yanada chuqurlashtirish uchun so‘z va matbuot erkinligini, fuqarolarning axborot olish va uni tarqatish, o‘z fikr va qarashlarini erkin bildirish huquqini ta’minlash borasida muhim chora-tadbirlar hayotga joriy etilmoqda.
Albatta, bunday ochiqlik va oshkoralik sharoitida ishlash, o‘z faoliyatiga nisbatan bildirilayotgan tanqidiy fikrlarni to‘g‘ri qabul qilish eskicha qoliplar bilan yashayotgan ayrim amaldorlarga yoqmasligi ham mumkin. Lekin, bundan qat’i nazar, biz bu yo‘lni davlat siyosatining eng muhim yo‘nalishlaridan biri deb bilamiz va uni izchil davom ettiramiz.
Shu maqsadda amaldagi qonunchilikda davlat organlari va tashkilotlarining mansabdor shaxslari tomonidan ommaviy axborot vositalari faoliyatiga to‘sqinlik qilish, senzura o‘rnatish, tahririyat xodimlariga bosim va tazyiq o‘tkazish, materiallar va texnik vositalarni ulardan g‘ayriqonuniy ravishda olib qo‘yish harakatlari sodir etilgani uchun javobgarlikni kuchaytirish ko‘zda tutilmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, qonuniy faoliyat yuritayotgan barcha jurnalist va blogerlar bundan buyon ham qonun va Prezident himoyasida bo‘ladi.
Ikkinchidan, adolat va qonun ustuvorligi – xalqchil davlat qurish, inson qadr-qimmatini ta’minlashning eng asosiy va zarur shartidir.
O‘tgan davrda O‘zbekistonda bu borada katta ishlar amalga oshirildi.
Ayni vaqtda odil sudlov tizimining chinakam mustaqilligi va ochiqligini ta’minlash, huquq-tartibot organlari faoliyatini takomillashtirish, advokatura institutini kuchaytirish, ushbu sohalar faoliyatini raqamlashtirish bo‘yicha oldimizda ko‘pgina vazifalar turibdi.
Kelgusida ma’muriy sudlar faoliyatini xalqaro andozalar asosida takomillashtirish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
Sud xususiy mulk himoyasida turib, fuqaro va tadbirkorlarning huquqlarini tiklash orqali ijro idoralarini qonun doirasida ishlashga majbur qiladigan tizimni yaratishimiz zarur. Bu esa jamiyat taraqqiyotiga, birinchi navbatda, uning iqtisodiy ravnaqiga xizmat qiladi.
Biz mamlakatimiz rivojini, aholi farovonligini ta’minlashda hal qiluvchi o‘rin egallaydigan tadbirkor va mulkdorlar huquqlarini har tomonlama himoya qilamiz. Bu borada qonun buzilishini mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan favqulodda holat deb baholaymiz.
Shu munosabat bilan xususiy mulk ustuvorligi qonunlarimizda asosiy tamoyil sifatida belgilandi. Davlat idorasi ma’lumotiga ishonib mol-mulk sotib olgan shaxsning huquqi buzilmasligi ta’minlanadi.
Yana bir muhim masala – so‘nggi besh yilda korrupsiyaga qarshi kurashni davlat siyosati darajasiga olib chiqdik. Shu maqsadda Senat raisi rahbarligida Korrupsiyaga qarshi kurashish Milliy kengashi tashkil etildi. Bundan tashqari, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ham faol ish olib bormoqda.
Bundan buyon ham taraqqiyot kushandasi bo‘lgan ushbu illatga barham berishga davlat va jamiyatning barcha kuch va vositalarini safarbar etamiz.
Bu borada aybdorlarni huquqiy javobgarlikka tortish bilan cheklanib qolmasdan, tizimli preventiv choralarni ko‘rish zarur. Shu asosda korrupsiyaning nafaqat oqibatlarini, balki sabablarini oldindan bartaraf etish bo‘yicha ta’sirchan choralar amalga oshiriladi.
Lekin hammamiz yaxshi tushunamizki, korrupsiya balosiga qarshi faqat davlat-huquqiy choralar bilangina kurashib bo‘lmaydi. Buning uchun butun jamiyatimizda, avvalo, yoshlar ongida bu illatga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirish, barcha sog‘lom kuchlarni birlashtirish hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Xalqparvar davlat va fuqarolik jamiyatini barpo etishda aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, qabul qilinayotgan qonun va qarorlarning mazmun-mohiyatini keng ommaga yetkazish muhim ahamiyatga ega.
Shuning uchun fuqarolar o‘rtasida qonunga hurmat va amal qilish hissini shakllantirish – bog‘cha va maktabdan tortib oliygohgacha, barcha ta’lim muassasalarining, har bir oilaning birinchi navbatdagi vazifasi bo‘lishi kerak.
Hurmatli anjuman ishtirokchilari!
Barcha nomzodlarning saylovoldi uchrashuvlarida elektorat vakillari tomonidan bugungi kunda hayotning o‘zi, islohotlarimiz mantig‘i talab etayotgan yana bir muhim taklif ilgari surildi. U ham bo‘lsa, mamlakatimizda konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirishdan iborat.
Agar dunyo tajribasiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, tub burilish davrida ko‘pgina davlatlarda konstitutsiyaviy islohotlar amalga oshirilganini ko‘ramiz. Shu sababli, avvalo, senator va deputatlarimiz, keng jamoatchiligimiz, xalqimiz bilan yana bir bor maslahat qilib, jahon konstitutsiyaviy tajribasini o‘rganib, puxta o‘ylagan holda bugungi va kelgusi taraqqiyotimizni belgilab beradigan Asosiy qonunimizni takomillashtirish masalasini ham ko‘rib chiqishimiz kerak.
Uchinchidan, milliy iqtisodiyotni, uning o‘sish sur’atlarini zamon talablari darajasida rivojlantirish ustuvor vazifalarimizdan biridir.
Mamlakatimizdagi mavjud resurs va imkoniyatlarni safarbar etgan holda, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan yalpi ichki mahsulot hajmini yanada oshirishni maqsad qilganmiz.
Nasib etsa, 2030-yilga borib, O‘zbekiston jon boshiga hisoblaganda, aholi daromadlari o‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoridan o‘rin egallaydi. Bunga, avvalo, xususiy sektorni rag‘batlantirish va uning ulushini oshirish hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish hisobidan erishish ko‘zda tutilmoqda. Jumladan, “xomashyodan – tayyor mahsulotgacha” degan tamoyil asosida drayver sohalarda klaster tizimini rivojlantiramiz.
Iqtisodiyotda yuqori o‘sish sur’atlariga erishish uchun, avvalo, makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlab, inflyatsiya darajasini belgilangan 5 foizgacha pasaytirish choralari amalga oshiriladi.
Shuningdek, byudjet va tashqi qarz barqarorligini ta’minlash, mahalliy byudjetlarning imkoniyatlarini kengaytirishga birinchi darajali e’tibor qaratiladi.
Tadbirkorlik faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash, soliq yukini kamaytirish, hammaga teng bo‘lgan biznes muhitini va zarur infratuzilma yaratish bo‘yicha boshlagan islohotlarimizni qat’iy davom ettiramiz.
Davlat korxonalarini transformatsiya qilish va xususiylashtirish jarayonlarini tezlashtirish iqtisodiyotni isloh etishning ustuvor vazifalaridan biri bo‘lib qoladi.
Erkin raqobatga asoslangan bozorni yaratish hisobidan aholi va tadbirkorlar energiya resurslari bilan kafolatli ta’minlanadi.
Aholi bandligini ta’minlash, yoshlar va ishsiz fuqarolarni davlat hisobidan malakali kasb-hunarga o‘qitish, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, ehtiyojmand aholini manzilli qo‘llab-quvvatlash orqali 2026 yilgacha kambag‘allikni ikki barobar qisqartirish ko‘zda tutilmoqda.
Shu bilan birga, ijtimoiy himoya sohasida boshqaruv tizimi isloh qilinib, ijtimoiy xizmatlarning sifati yaxshilanadi va ko‘lami kengaytiriladi.
Eng muhim masalalardan biri sifatida uy-joy masalasini hal etish, aholiga qulay yashash sharoitlarini yaratish doimiy e’tiborimiz markazida bo‘ladi. Ushbu yo‘nalishda qabul qilgan dasturlarimiz, jumladan, arzon uy-joylar dasturi asosida so‘nggi besh yilda 140 mingdan ziyod yangi kvartira va yakka tartibdagi uy-joylar barpo etildi. Bu – oldingi besh yilga nisbatan 10 barobar ko‘p uy-joy qurildi, deganidir.
Ana shunday ishlarimiz ko‘lamini yanada kengaytirib, kelgusida hududlarimizda 1 milliondan ortiq aholi uchun barcha qulaylik va ijtimoiy infratuzilmaga ega bo‘lgan “Yangi O‘zbekiston” massivlarini bunyod etamiz. “Obod mahalla”, “Obod qishloq” dasturlari izchil davom ettiriladi.
Aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, zamonaviy yo‘l va kommunikatsiya tarmoqlarini barpo etish, jamoat transporti hamda hududlararo muntazam avtomobil, temir yo‘l va havo qatnovini yaxshilash bo‘yicha ham yirik loyihalar amalga oshiriladi.
Biz uchun strategik tarmoq bo‘lgan qishloq xo‘jaligi samaradorligini tubdan oshirish va uni diversifikatsiya qilish g‘oyat muhim ahamiyatga ega. Ayniqsa, agrar sohani rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini klaster asosida qayta ishlash va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash dolzarb vazifamiz bo‘lib qoladi.
Qishloq joylarda yashayotgan aholining hayot darajasi va sifatini oshirish islohotlarimizning asosiy yo‘nalishini tashkil etadi. Shu maqsadda fermer va dehqonlar daromadini 2 barobar ko‘paytirish uchun zarur sharoitlarni yaratamiz, qishloq xo‘jaligining yillik o‘sish sur’atini kamida 5 foizga yetkazamiz.
To‘rtinchidan, adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirishning eng muhim omili hisoblangan sifatli ta’lim-tarbiya masalasi bundan buyon ham doimiy e’tiborimiz markazida bo‘ladi.
Yurtimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish uchun bizga zamonaviy ilm va yana bir bor ilm, tarbiya va yana bir bor tarbiya kerak. Bugungi va ertangi kunimizni, yoshlarimiz taqdirini hal qiladigan yuksak malakali muallim va murabbiylar, professor-o‘qituvchilar, haqiqiy ziyolilar kerak.
Ochiq aytish lozim, biz bu zahmatkash, fidoyi insonlar oldida hali qarzdormiz. Shu boisdan ham, qanchalik qiyin bo‘lmasin, o‘qituvchilar mehnatini munosib rag‘batlantirish uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz. 2025-yilga borib, oliy toifali o‘qituvchilarning oylik maoshini ekvivalent hisobida 1 ming dollarga yetkazish choralari ko‘riladi.
Bu borada, avvalo, bog‘cha tizimini maktab ta’limi bilan uyg‘unlashtirish orqali bolalarimizni maktabga tayyorlash sifatini yanada yaxshilaymiz. Mamlakatimizning hamma hududlarida o‘nlab yangi-yangi maktabgacha ta’lim muassasalari barpo etiladi. Barcha bog‘chalar har yili 2 million nusxadagi zamonaviy o‘quv adabiyotlari bilan ta’minlab boriladi.
Bog‘cha xodimlarining professional tayyorgarligi va mahoratini oshirib borish g‘oyat muhim ahamiyatga ega. Shu maqsadda tizimdagi 160 ming nafardan ziyod pedagog kadrlarning malakasi oshiriladi.
Bolalar soni o‘sib borayotganini inobatga olib, yangi maktablar qurish, mavjudlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga, sohaning barcha bosqichlari o‘rtasida uzviylikni ta’minlashga qaratilgan Milliy ta’lim dasturi ishlab chiqiladi.
Maktabgacha ta’limdagi qamrov darajasini hozirgi 62 foizdan kamida 80 foizga, oliy ta’lim tizimida esa 50 foizga yetkazish, maktablarda ta’lim-tarbiya sifati va darajasini oshirishga birlamchi vazifa deb qaraymiz.
Yangi oliy ta’lim muassasalarini tashkil etish bilan birga, talabalarni turar-joy bilan ta’minlash bo‘yicha boshlagan ishlarimizni jadal davom ettiramiz.
Taraqqiyot strategiyamizda xalqimiz salomatligini ta’minlash bundan buyon ham bosh vazifa bo‘lib qoladi. Ushbu sohaga yo‘naltiriladigan mablag‘larni 2 barobar oshirish, jumladan, kelgusi besh yilda oliy toifali shifokorlar maoshini ekvivalent hisobida 1 ming dollarga yetkazish mo‘ljallanmoqda.
Asosiy maqsad – tibbiyot sohasini chinakamiga xalq dardiga darmon bo‘ladigan, yuqori samara bilan ishlaydigan tizimga aylantirishdan iborat.
Tibbiyotning birlamchi bo‘g‘ini orqali tibbiy profilaktikaga, oilaviy shifokorlar rolini oshirishga alohida e’tibor qaratiladi. Jumladan, aholi orasida eng ko‘p tarqalgan va erta o‘limning asosiy sababi bo‘lgan kasalliklarni barvaqt aniqlash, maqsadli skrining tadbirlarini amalga oshirish, profilaktik maxsus preparatlar bilan bepul ta’minlash hamda sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish choralari ko‘riladi.
Bunda axborot texnologiyalarini joriy etish hisobidan korrupsiya holatlarining oldini olish, eng muhimi, aholini rozi qilish asosiy vazifamiz bo‘ladi.
Viloyat, tuman va shaharlarda ixtisoslashgan tibbiy xizmatlar ko‘lami kengaytiriladi. Davlat tibbiy sug‘urta tizimi ishga tushirilib, mablag‘ aniq bemorga bog‘langan holda ajratiladi.
Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish – biz uchun muhim yo‘nalish bo‘lib qoladi. Bunda biz avvalo aholi salomatligini mustahkamlashga xizmat qiladigan xalqchil sport tizimini tushunamiz.
Shu maqsadda barcha shahar va tumanlarda ommaviy sportni rivojlantirishga, jumladan, sport maydonchalari, piyodalar va velosipedchilar uchun yo‘laklar, ekoparklar, ta’lim dargohlaridagi sport zallaridan iborat sport infratuzilmasini yaratishga alohida e’tibor qaratiladi. Shuningdek, Olimpiya va Paralimpiya harakatini rivojlantirish uchun sport maktablarini ko‘paytiramiz va yangi sport ob’ektlarini barpo etamiz. Bu borada Olimpiya o‘yinlariga kiritilgan har bir sport turini rivojlantirish va ommalashtirish bo‘yicha kompleks dasturlar amalga oshiriladi.
Aziz do‘stlar!
Keksa avlod vakillariga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ularni har tomonlama e’zozlash – xalqimizning azaliy qadriyatidir. Ana shunday noyob fazilatni asrab-avaylash, farzandlarimizni shu ruhda tarbiyalash – barchamizning muqaddas burchimizdir.
Bugungi globallashuv davrida, pandemiya va iqtisodiy inqiroz hukm surayotgan og‘ir bir sharoitda dunyoning ayrim hududlarida keksalar o‘z muammolari girdobida yolg‘iz qolib ketayotgani ham sir emas. Shuning uchun muhtaram otaxon va onaxonlarimiz, mehnat faxriylarining hayotini mazmunli va fayzli qilish, ular uchun munosib turmush sharoiti yaratish, sog‘lig‘ini mustahkamlash bo‘yicha boshlagan ishlarimizni yanada kuchaytirishimiz zarur. Toki bu hurmatli insonlar o‘zlarining oila va jamiyat hayotida munosib o‘rni borligini doimo his qilib yashasinlar.
Shu maqsadda o‘tkazilayotgan, nuroniylarimizning ruhi va kayfiyatini ko‘taradigan “Uch avlod uchrashuvi”, “Keksalar haftaligi” singari ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni ko‘paytirish, umuman, har bir tumanda faxriylarimizni qo‘llab-quvvatlash ishlarini kengaytirish uchun alohida dasturlar tuzib, amalga oshirsak, ayni muddao bo‘ladi.
Jamiyatimizda mehr-oqibat, muruvvat va saxovat tamoyillarini yanada mustahkamlash maqsadida nogironligi bo‘lgan fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga alohida e’tibor qaratiladi. Eng muhimi, bu tizim amalda ishlashi va ushbu toifadagi insonlar o‘zlarini jamiyatning to‘laqonli a’zosi, deb his etishlari zarur.
Jahon tajribasidan kelib chiqib, nogironligi bo‘lgan fuqarolarni kafolatli ish o‘rni va daromad manbai bilan ta’minlash uchun ularga aniq kvotalar belgilash bo‘yicha amaldagi qonunchiligimizga tegishli o‘zgartirishlar kiritiladi.
Ma’lumki, yurtimizda ota-onasidan ajragan, mehrga muhtoj bolalarni qo‘llab-quvvatlash, ularga ta’lim-tarbiya berish, kasb-hunarga o‘qitish va turarjoy bilan ta’minlash, jamiyatda munosib o‘rin egallashiga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.
“Mehribonlik uylari” va maxsus maktab-internatlarda yashayotgan bolalarni oilaga yaqin muhitda, bilimli va kasb-hunarli etib tarbiyalash uchun “Mehr daftari” doirasida boshlagan ishlarni izchil davom ettirish barchamizning burchimizdir.
Bu borada olib borayotgan ishlarimizning amaliy natijasi sifatida bir misol keltirmoqchiman. Keyingi uch oy davomida olijanob insonlar tomonidan ana shunday dargohlarda tarbiyalanayotgan o‘nlab bolalar farzandlikka qabul qilindi. Shu tufayli 3 ta “Mehribonlik uyi”, 1 ta “Bolalar shaharchasi” o‘z faoliyatini tugatgani ayniqsa e’tiborlidir.
O‘zbek xalqining yuksak insoniy fazilatlarini namoyon etayotgan ana shunday mehr-shafqatli, bolajon va bag‘rikeng yurtdoshlarimizga, bolalar uylarini otaliqqa olib, ezgu ishlarni amalga oshirayotgan saxovatli tadbirkor va ziyolilarga, Milliy gvardiya xodimlariga o‘z nomimdan, xalqimiz nomidan chuqur minnatdorchilik izhor etaman.
Hozirgi vaqtda xonadonlarimizning fayzu farishtasi bo‘lgan, farzandlarimizni barkamol insonlar etib tarbiyalashga munosib hissa qo‘shayotgan ayollarimiz barcha islohotlarimizda faol ishtirok etmoqdalar. Hurmatli onalarimiz, opa-singillarimizga doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish O‘zbekistonda olib borilayotgan davlat siyosatining uzviy qismi bo‘lib kelayotgani sizlarga yaxshi ma’lum. Shu bois xotin-qizlarimizning bandligini ta’minlash, davlat va jamiyat boshqaruvidagi o‘rni va nufuzini yanada oshirish, ularning o‘z salohiyatini namoyon etishlari uchun sharoitlarni kengaytirish, gender tenglik, oila, onalik va bolalikni himoya qilish borasidagi ishlarimizni yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida Milliy dastur qabul qilamiz.
Navqiron yoshlarimizni, ayniqsa, qizlarimizni sog‘lom va yetuk etib tarbiyalash, ularning qobiliyat va iste’dodini ro‘yobga chiqarish, Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umumbashariy qadriyatlar ruhida kamol toptirish bundan buyon ham e’tiborimiz markazida bo‘ladi.
Biz xorijiy davlatlarda bilim olayotgan, mehnat qilib daromad topayotgan yurtdoshlarimizni, ularning mamlakatimizda yashayotgan oila a’zolarini qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarni qabul qilamiz. Xususan, “Vatandoshlar” jamoat fondi orqali chet ellarda yashayotgan fuqarolarimiz va ularning oilalari bilan aloqalar kengaytiriladi. Hamyurtlarimizni ona tilimiz, madaniyat va urf-odatlarimiz asosida jipslashtirish, ularning bilim va salohiyatini mamlakatimiz taraqqiyotiga samarali yo‘naltirish bo‘yicha ishlar davom ettiriladi.
Beshinchidan, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy omillar bilan birga, ma’naviy va ma’rifiy sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar ham g‘oyat muhim ahamiyatga ega.
Hammamiz yaxshi tushunamiz, agar jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot bo‘lsa, uning joni va ruhi – ma’naviyatdir. Biz yangi O‘zbekistonni barpo etishda ana shu ikkita mustahkam ustunga, ya’ni, bozor tamoyillariga asoslangan kuchli iqtisodiyotga hamda ajdodlarimizning boy merosi, milliy va umuminsoniy g‘oyalarni mujassam etadigan kuchli ma’naviyatga tayanamiz. Shu maqsadda “Yangi O‘zbekiston – ma’rifatli jamiyat” konsepsiyasini amalga oshiramiz.
Milliy qadriyatlarimizni yanada rivojlantirish, o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi o‘rni va nufuzini oshirish, madaniyat va san’atni yuksaltirish bilan bog‘liq vazifalar doimiy kun tartibimizda turadi.
Muqaddas islom dinimizning insonparvarlik g‘oyalarini targ‘ib etish, “jaholatga qarshi – ma’rifat” tamoyili asosida unib-o‘sib kelayotgan yoshlarimizni sog‘lom e’tiqod ruhida tarbiyalashga alohida ahamiyat beramiz.
Sizlarga ma’lumki, O‘zbekiston – ulkan imkoniyat va boyliklarga ega mamlakat. Lekin bizning eng katta boyligimiz – turli millat va elatlar, diniy konfessiyalar vakillari o‘rtasidagi tinchlik va barqarorlik, o‘zaro hurmat va hamjihatlikdir, desam, o‘ylaymanki, barchangiz bu fikrga qo‘shilasiz.
Bugungi kunda mamlakatimizda 130 dan ziyod millat va elat vakillari yagona va ahil oila bo‘lib yashayotgani, fidokorona mehnati bilan jonajon O‘zbekistonimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shayotgani ayniqsa quvonarlidir.
Biz bunday bebaho boylik bilan haqli ravishda faxrlanamiz hamda davlatimiz va jamiyatimizning bor kuch va imkoniyatlarini, mamlakatimizdagi do‘stlik va ahillik muhitini yanada mustahkamlashga yo‘naltiramiz.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti sifatida shuni alohida ta’kidlab aytaman: bizning davlat siyosatimizda bundan buyon ham barcha millat va elat vakillarining milliy o‘zligini, ona tili va madaniyatini, dini, urf-odat va an’analarini saqlab qolish va rivojlantirishga ustuvor ahamiyat beriladi.
Oltinchidan, bugungi kunda insoniyat ko‘plab umumbashariy muammolarga duch kelmoqda va ularga yechim topish nihoyatda dolzarb bo‘lib qolmoqda.
Biz globallashuv har tomonlama avj olayotgan, shiddatli o‘zgarishlar sodir bo‘layotgan murakkab zamonda yashamoqdamiz. Bugungi kunda iqlim o‘zgarishlari, ekologik muammolar, radikalizm, ekstremizm va terrorizm, odam savdosi, narkotrafik kabi tahdidlar bizning mamlakatimizda ham yechilishi zarur bo‘lgan dolzarb vazifalar hisoblanadi.
Bunday muammolarni hal etishda kuch va imkoniyatlarni birlashtirish, bu boradagi barcha sa’y-harakatlarni uyg‘unlashtirish lozim. Bu esa, o‘z navbatida, kelajagimiz qiyofasini belgilaydigan global muammolarning milliy va mintaqaviy darajadagi yechimlarini topish zarurligini anglatadi.
Yurtimizda ekologik tahdidlarning salbiy ta’siri ortib bormoqda. Buni kuni kecha sodir bo‘lgan qum bo‘ronlari ham yana bir bor tasdiqladi.
Orol dengizining qurishi bilan bog‘liq vaziyat tobora keskin tus olmoqda. Shu borada biz Orolbo‘yini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi sifatida e’lon qilish bo‘yicha Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining rezolyutsiyasini hayotga tatbiq etishga doir tizimli va kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirishimiz lozim. Shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkilotining yangi ekologik siyosati asoslarini tashkil etishga qaratilgan Butunjahon ekologiya xartiyasini ishlab chiqish borasidagi faoliyatimizni jadallashtirish kerak.
Shu yil avgust oyida mamlakatimizda bo‘lib o‘tgan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi konferensiyada qabul qilingan qaror va hujjatlarning izchil bajarilishi uchun xalqaro hamkorlarimiz bilan zarur chora-tadbirlarni amalga oshiramiz.
Yettinchidan, mamlakatimizda tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashning ishonchli kafolati bo‘lgan Qurolli Kuchlarimiz qudratini yanada oshirish ustuvor maqsadimiz bo‘lib qoladi.
Dunyoda va mintaqamizda vujudga kelayotgan bugungi murakkab va tahlikali vaziyatda o‘z hayotini Vatan himoyasidek sharafli ishga bag‘ishlagan, xalqimiz faxriga aylangan jasur harbiylarimizning jangovar shayligi, jismoniy va ma’naviy tayyorgarligini kuchaytirish dolzarb vazifamizdir.
Harbiy xizmatchilar va soha faxriylarini, ularning oila a’zolarini qo‘llab-quvvatlash, moddiy ta’minotini yanada yaxshilash, uy-joy bilan ta’minlash, farzandlarining zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallashi uchun biz barcha zarur chora-tadbirlarni ko‘ramiz.
Biz pragmatik va chuqur o‘ylangan tashqi siyosat va iqtisodiy diplomatiya borasidagi munosabatlarimizni yanada rivojlantiramiz.
Eng avvalo, Markaziy Osiyo mintaqasidagi barcha mamlakatlar bilan yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini tobora kuchaytirish bundan buyon ham asosiy maqsadimiz bo‘ladi.
Mintaqamizning ajralmas qismi, yaqin qo‘shnimiz bo‘lgan Afg‘onistonda tinch va osoyishta hayotni tiklash, bu mamlakatda iqtisodiy va gumanitar inqirozga yo‘l qo‘ymaslik uchun afg‘on xalqiga qo‘limizdan kelgan barcha yordamni ko‘rsatamiz. Biz Afg‘oniston bilan birgalikda yirik transport-kommunikatsiya loyihalarini amalga oshirishdan manfaatdormiz.
Rossiya, Xitoy, Amerika Qo‘shma Shtatlari, Turkiya, Hindiston, Pokiston, Germaniya, Fransiya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Birlashgan Arab Amirliklari va dunyoning barcha mintaqalaridagi sheriklarimiz bilan o‘zaro manfaatli va ko‘pqirrali aloqalarni kengaytirishga alohida e’tibor beramiz.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning ixtisoslashgan tuzilmalari, Parlamentlararo ittifoq, xalqaro moliyaviy institutlar va mintaqaviy tashkilotlar, jumladan, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Turkiy Kengash, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti bilan ko‘p tomonlama munosabatlarni yangi, amaliy ma’no-mazmun bilan boyitamiz.
Biz – dunyoga, dunyo – bizga ochiq bo‘lishi kerak. Bugungi hayot, bugungi taraqqiyotning talabi ham aslida shu. Biz ana shu hal qiluvchi tamoyilni albatta hayotimiz qoidasiga aylantiramiz.
Aziz va qadrli yurtdoshlarim!
Biz o‘tgan besh yil davomida, g‘oyat qiyin va murakkab sinovlar davrida katta tajriba orttirdik. Qanchalik og‘ir bo‘lmasin, marrani baland olib yashash va ishlashga o‘rgandik. Tabiiyki, marrani katta olgan xalqning qadamlari ham, erishadigan natijalari ham salmoqli bo‘ladi.
Milliy rivojlanish yo‘lida orttirgan tajribamizdan kelib chiqib, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida barcha soha va tarmoqlar, mintaqa va hududlar, xususan, har bir mahalla bo‘yicha o‘z oldimizga yanada yuksak vazifalar qo‘ymoqdamiz.
Hammamiz ko‘rib turibmiz – bugun zamon juda tez, mislsiz shiddat bilan o‘zgarmoqda. Shuning uchun biz islohotlarimiz sur’atini aslo pasaytirmasdan, faqat oldinga borishimiz, har bir soat, har bir kundan unumli foydalanishimiz kerak. Chunki, Bahouddin Naqshband hazratlari aytganlaridek, “Kim vaqtini zoye ketkazsa, vaqt uning dushmaniga aylanadi”.
Mana shu dono hikmatni hech qachon unutmasligimiz kerak.
Ushbu hayajonli daqiqalarda bir fikrni alohida ta’kidlashni istardim: Prezident sifatida men mamlakatimiz tinchligi, el-yurt farovonligi, Vatan taraqqiyoti yo‘lida butun borlig‘imni bag‘ishlab, xalqimga sadoqat bilan xizmat qilishni hayotimning ma’no-mazmuni deb bilaman. Men uchun bundan boshqa oliy maqsad, baxt-saodat yo‘q.
Siz, qadrli vatandoshlarimning chin dildan qo‘llab-quvvatlashingiz, nuroniy otaxon va onaxonlarimizning duolari, aziz yoshlarimizning ishonchi menga katta kuch-g‘ayrat beradi. Shu bois sizlar bilan, xalqimiz bilan birga mehnat qilishdan hech qachon charchamayman.
So‘zimning yakunida qalbimda, yuragimda bo‘lgan ezgu tilaklarimni izhor etib, aytmoqchiman.
Aziz va mo‘’tabar Vatanimiz hamisha omon bo‘lsin!
Xalqimizning baxtu iqbolini, omadini bersin!
Barchamizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt, yangi yutuq va zafarlar yor bo‘lsin!
Ulug‘ va pok niyatlarimizni amalga oshirishda Yaratganning o‘zi madadkor bo‘lsin!
E’tiboringiz uchun tashakkur.