27.10.2021
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27-oktabr kuni Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin bilan telefon orqali muloqot qildi.
Suhbat avvalida XXR Raisi davlatimiz rahbarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga saylov muvaffaqiyatli o‘tkazilgani va unda ishonchli g‘alabaga erishilgani bilan samimiy qutladi.
Ovoz berish natijalari yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi hamda xorijiy sheriklar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan tashqi siyosat xalq tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanayotganini yana bir bor namoyish etgani alohida ta’kidlandi.
Xitoy Raisi O‘zbekiston yetakchisiga omad va yangi muvaffaqiyatlar, do‘st O‘zbekiston xalqiga esa farovonlik va ravnaq tiladi.
Davlat rahbarlari O‘zbekiston-Xitoy har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalarini ko‘rib chiqdilar.
Ishonchga asoslangan muloqotning bugungi darajasi, joriy yil aprel oyida o‘tgan muloqotlarda erishilgan kelishuvlarga muvofiq ikki tomonlama aloqalar rivojlanayotgani va o‘zaro almashinuvlar faollashgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Siyosiy sohada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “yagona Xitoy siyosati”ni hamda “uch yovuz kuch” – terrorizm, ekstremizm va separatizmga qarshi qat’iy kurashni doimiy qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Bundan tashqari, koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashda ko‘rsatilayotgan katta amaliy yordam, shu jumladan vaksinalar o‘z vaqtida yetkazib berilayotgani va ularni birgalikda ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgani uchun minnatdorlik bildirildi.
Rais Si Szinpin, o‘z navbatida, Xitoy O‘zbekistonning suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini, shuningdek, mamlakatda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy yangilanishlar dasturini qat’iy qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.
Savdo-iqtisodiy sohada yetakchilar tovar ayirboshlash sezilarli o‘sayotganini qayd etdilar. Xitoy bozoriga zarur mahsulotlar, eng avvalo qishloq xo‘jaligi tovarlarini ilgari surish maqsadida joriy yil noyabr oyida Shanxay shahrida o‘tadigan to‘rtinchi Import tovarlar xalqaro ko‘rgazmasida O‘zbekiston faol ishtirok etishiga kelishib olindi.
Besh yillik Savdo-iqtisodiy hamkorlik dasturini tayyorlash, unga strategik ahamiyatga ega, shu jumladan innovatsiyalar, sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar va elektron tijorat sohalari bo‘yicha loyihalarni kiritish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Kambag‘allikni kamaytirish masalalarida tajriba va bilim almashish muhim yo‘nalish sifatida belgilab olindi. Shu oyda ikki mamlakatning vakolatli idoralari tomonidan imzolangan memorandumni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
O‘zbekiston va Xitoy rahbarlari Xitoyni mintaqamiz bilan bog‘laydigan va “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasida Yevroosiyo transqit’aviy tranzit yo‘lagini shakllantiradigan samarali transport yo‘nalishlarini rivojlantirish zarurligini ta’kidladilar.
Fan va ta’lim, sog‘liqni saqlash va aholini emlash, sport, turizm, madaniyat va boshqa yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirish uchun imkoniyatlar mavjud ekani qayd etildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev hamkasbi va do‘st Xitoy xalqiga 2022-yilda Pekin shahrida o‘tkaziladigan qishki Olimpiya o‘yinlari muvaffaqiyatli o‘tkazilishini tiladi.
Joriy yil yakunigacha O‘zbekiston-Xitoy hukumatlararo qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazish, shuningdek, diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligini nishonlash bo‘yicha qo‘shma dasturni tayyorlashga kelishib olindi.
O‘zbekiston Prezidenti va XXR Raisi xalqaro kun tartibi hamda mintaqaviy hamkorlik masalalari yuzasidan ham fikr almashdilar.
Davlatimiz rahbari Xitoy yetakchisi tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasida ilgari surilgan Global taraqqiyot tashabbusini qo‘llab-quvvatladi.
Bundan tashqari, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va BMTning boshqa institutlari doirasidagi yaqin muloqotni davom ettirishga kelishib olindi.
Xitoy yetakchisi mamlakatimizning Shanxay hamkorlik tashkilotidagi raisligini to‘liq qo‘llab-quvvatladi.
Davlat rahbarlari Afg‘onistonda mustahkam tinchlik o‘rnatish va iqtisodiy taraqqiyotga erishish masalalarini ham ko‘rib chiqdilar. Afg‘on xalqiga ko‘maklashish maqsadida ShHT va boshqa formatlar doirasidagi muloqotni davom ettirish haqida kelishuvga erishildi.
Muloqot yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev va Rais Si Szinpin do‘st xalqlarimiz va mamlakatlarimizga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladilar.
Suhbat har doimgidek ochiqlik, ishonch va do‘stlik ruhida o‘tdi.