25.10.2021
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 25-oktabr kuni Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi kuzatuvchilarining mamlakatimizdagi missiyasiga boshchilik qilayotgan MDH Ijroiya qo‘mitasi raisi – Ijrochi kotibi Sergey Lebedevni qabul qildi.
Uchrashuv avvalida MDH Ijroqo‘mi raisi davlatimiz rahbarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishonchli g‘alabaga erishgani bilan samimiy qutlab, mamlakatimiz farovonligi va ravnaqini ta’minlash yo‘lidagi faoliyatiga katta muvaffaqiyatlar tiladi.
O‘zbekistonda saylov qonunchiligi va saylov tartibotlarini rivojlantirishda sezilarli yutuqlarga erishilgani alohida ta’kidlandi.
MDH doirasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Davlatimiz rahbari O‘zbekiston Hamdo‘stlik makonida, eng avvalo iqtisodiy yo‘nalishda amaliy hamkorlikni mustahkamlashning qat’iy tarafdori ekanini ta’kidladi.
Xususan, tashkilotning shu oyda videoanjuman shaklida o‘tkazilgan yubiley sammiti yakunida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.