16.10.2021
Liberal-demokratik partiyadan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev 16-oktabr kuni Toshkent viloyati saylovchilari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tadbirni nomzodning Toshkent viloyati bo‘yicha ishonchli vakili R.Turdiboyeva ochdi. So‘nggi yillarda davlat idoralari xalq ichiga kirib, amaliy ishlar boshlangani natijasida shahar va tumanlarga, olis qishloq va mahallalarga o‘zgarishlar kirib kelayotgani ta’kidlandi.
Shavkat Mirziyoyev o‘zining saylovoldi dasturi yuzasidan ma’ruza qildi. Dasturda iqtisodiyot, tadbirkorlik, qishloq xo‘jaligi, ta’lim, tibbiyot, hududlar ravnaqi, davlat boshqaruvi, qonun ustuvorligi, tashqi siyosat, madaniyat sohalarini rivojlantirishga oid maqsadlar o‘z ifodasini topgan.
Nomzod Toshkent viloyatiga mo‘ljallangan besh yillik dastur markazida 100 ming yoshni zamonaviy kasb-hunarlarga o‘qitish, barcha sohalarda kamida 450 ming ish o‘rni yaratish, aholi daromadini kamida 2 barobarga oshirib, kambag‘allikni qisqartirish, har bir mahallada aholi uchun munosib turmush sharoitlari yaratish masalalari bo‘lishini ta’kidladi.
Shu maqsadda, avvalo, sanoatni rivojlantirish, tabiiy resurslar negizida yirik korxonalar tashkil etish, talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishga e’tibor qaratiladi.
Kelgusi besh yilda viloyatda umumiy qiymati 20 milliard dollar bo‘lgan 8 mingta yirik, o‘rta va kichik investitsiya loyihalari amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Bu 180 mingdan ziyod doimiy ish o‘rni yaratish imkonini beradi.
Xususan, Olmaliq, Angren va Ohangaronda yirik mis klasteri tashkil etilishi aytildi. Chirchiq va Olmaliq shaharlari innovatsion kimyo sanoati markaziga aylantiriladi. Bekoboddagi O‘zbekiston metallurgiya kombinatida yangi quyuv-prokat majmuasi ishga tushirilib, jami quvvat 2 barobar oshiriladi. Parkent tumanidagi 27 million tonna temir rudasi zaxirasini o‘zlashtirish boshlanadi.
Shuningdek, qurilish materiallari sanoatida 1 milliard 300 million dollarlik 150 ta loyiha, farmatsevtika tarmog‘ida 750 million dollarlik 30 ta, to‘qimachilik yo‘nalishida 420 million dollarlik 90 ta, elektr texnikasi ishlab chiqarish bo‘yicha 300 million dollarlik 40 ta loyiha rejalashtirilgani qayd etildi.
Umuman, bunday yangi loyihalar hisobiga, kelgusi besh yilda viloyat eksport hajmini 2 barobardan ziyod oshirib, 2 milliard 600 million dollarga yetkazish mumkinligi ta’kidlandi.
Nomzod Toshkent viloyatida shaharlar ko‘pligiga e’tibor qaratib, kelusida bu shaharlar poytaxtimiz bilan uzviy bog‘langan holda rivojlantirilishini qayd etdi. Xususan, Toshkent bilan Nurafshon o‘rtasidagi yo‘l kengaytirilib, tezyurar elektrobus qatnovi yo‘lga qo‘yilishi, Nurafshon davlat universiteti va ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi tashkil etilishi aytildi. Nurafshon, Olmaliq, Chirchiq, Angren, Bekobod, Ohangaron va Yangiyo‘l shaharlarida “Yangi O‘zbekiston” massivlari qurilishi, Toshkentdan bu shaharlarga tezyurar elektropoyezd harakatlanishi ko‘zda tutilgan.
Toshkent viloyatida xizmatlar sohasi bo‘yicha ham ulkan imkoniyatlar borligi ta’kidlandi. Masalan, hudud ham yozgi, ham qishki turizm uchun eng qulay. Shu bois viloyatda turizm bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqish mo‘ljallangan. Amirsoy, Chimyon, Chorvoq suv ombori va “Toshkent dengizi” atrofida, Ohangaron va Angrendagi tog‘li hududlarda qo‘shimcha turistik zonalar barpo etish uchun 1 milliard dollar investitsiya jalb etib, 80 ming ish o‘rni yaratish mumkin. Parkent tumanida infratuzilmani rivojlantirishga 100 milliard so‘m ajratib, turizm uchun maxsus soliq rejimi joriy etiladi.
Shuningdek, yuk tashish, agrologistika majmualari va savdo zonalari tashkil etish bo‘yicha loyihalar ma’lum qilindi.
Qayd etilganidek, ilmiy-innovatsion yondashuv asosida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 2 barobarga oshiriladi. Yerlarni aholiga ijaraga berish orqali 30 mingdan ortiq ish o‘rni yaratiladi. Meva-sabzavotchilik va ko‘chatchilik klasterlari, 20 ming gektarda intensiv bog‘ va tokzorlar, 6 ming gektar maydonda yong‘oq, bodom va pista palantatsiyalari, 45 ta yirik chorvachilik kompleksi barpo etiladi.
Shavkat Mirziyoyev “inson qadri uchun” tamoyilining muhim bo‘g‘inlari sifatli ta’lim va tibbiyot ekanini ta’kidlab, bu boradagi vazifalarni ham aytib o‘tdi.
– Biz bugun nimalarni rejalashtirayotgan bo‘lsak, ularning barchasi yagona va ulug‘ maqsadga – xalqimizning g‘ururi va qadr-qimmatini yanada yuksaltirishga, odamlarni rozi qilish, har bir insonning erkin va farovon hayot kechirishini ta’minlashga qaratilgan. Men ularni amalga oshirishda, avvalo, xalqimizga, uning fidoyi, jonkuyar va faol vakillariga, katta mehnat va hayot tajribasiga ega bo‘lgan Toshkent viloyati ahliga tayanaman, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Uchrashuvda partiya a’zolari, tuman studiyalaridagi saylovchilar bilan samimiy muloqot bo‘ldi. Ular viloyatdagi o‘zgarishlarni qayd etib, o‘z fikr va takliflarni bildirdi. Shavkat Mirziyoyev bu takliflarni qo‘llab-quvvatlab, ularni amalga oshirishga so‘z berdi.