14.10.2021
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14-oktabr kuni Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining videoanjuman shaklidagi navbatdan tashqari yig‘ilishida ishtirok etdi.
Tadbir O‘zbekiston 2020-yil dekabr oyida Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi huzuridagi kuzatuvchi davlat maqomini olganidan buyon ushbu integratsiyaviy birlashmaning davlatimiz rahbari ishtirokida o‘tgan uchinchi sammiti bo‘ldi.
Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev raisligida o‘tgan sammitda Armaniston Respublikasi Bosh vaziri Nikol Pashinyan, Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, YeOII huzuridagi kuzatuvchi mamlakat - Kuba Respublikasi Prezidenti Migel Bermudes va Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi Hay’ati raisi Mixail Myasnikovich qatnashdi.
Yig‘ilish kun tartibidan ko‘p tomonlama iqtisodiy sheriklikni yanada mustahkamlash, shuningdek, savdo, sanoat kooperatsiyasi, transport-tranzit salohiyatini rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligi, raqamlashtirish, “yashil” iqtisodiyot va boshqa ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha amaliy hamkorlikni ilgari surish masalalari o‘rin oldi.
Davlatimiz rahbari o‘z nutqida O‘zbekistonning tabiiy savdo va iqtisodiy hamkorlari – YeOII mamlakatlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi.
Xususan, pandemiya sharoitlarida mamlakatimizning Tashkilotga a’zo davlatlar bilan tovar ayirboshlash hajmi barqaror ortib borayotgani ta’kidlandi. Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan faol hamkorlik yo‘lga qo‘yildi, qo‘shma Ishchi guruh o‘z faoliyatini boshladi. Bundan tashqari, Yeroosiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlik bo‘yicha istiqbolli loyihalar tayyorlanmoqda.
Savdo-iqtisodiy aloqalarni yo‘lga qo‘yish borasidagi sa’y-harakatlarni faollashtirish muhim ekanini alohida qayd etib, O‘zbekiston yetakchisi o‘zaro savdoda mavjud to‘siqlarni bartaraf etish, texnik reglament va standartlarni uyg‘unlashtirish, bojxona tartibotlarni raqamlashtirish bo‘yicha qo‘shma “yo‘l xarita”sini ishlab chiqish taklifini ilgari surdi.
O‘zbekiston sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish orqali mintaqalararo qo‘shilgan qiymat zanjirlarini yaratishda hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekani qayd etildi. Toshkent shahrida har yili “Innoprom – Markaziy Osiyo” sanoat forumining o‘tkazilishi buning uchun yangi imkoniyatlar ochadi.
Prezidentimiz milliy iqtisodiyotlarning barqaror rivojlanishida muhim omil sifatida transport yo‘laklari tarmog‘i va logistika infratuzilmasini takomillashtirish muhim ekaniga e’tibor qaratdi.
Davlatimiz rahbari O‘zbekiston tomonidan Rossiya va Qozog‘iston bilan birgalikda yo‘lga qo‘yilayotgan zarur tovarlarni tez fursatda o‘zaro yetkazib berish bo‘yicha “Agroekspress” loyihasiga qo‘shilishga taklif etdi.
Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash masalalarining alohida dolzarb ahamiyatini hisob olib, O‘zbekiston Prezidenti bu boradagi sa’y-harakatlarni birlashtirish va qo‘shma hamkorlik dasturini ishlab chiqish orqali sohadagi hamkorlikning yangi nuqtalarini izlash muhim ekanini ta’kidladi.
Mamlakatimiz YeOII doirasidagi raqamli transformatsiya jarayonlarida ishtirok etish, amaliy tajriba almashish va ilg‘or texnologiyalarning o‘zaro transferidan manfaatdor ekani qayd etildi.
Davlatimiz rahbari ekologiya masalalariga alohida e’tibor qaratib, iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish bo‘yicha o‘zaro muvofiqlashgan choralar zarur ekanini ta’kidladi.
O‘zbekiston Prezidenti hamkor mamlakatlarni Orolbo‘yida ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududini yaratish bo‘yicha qo‘shma loyihalarda faol ishtirok etishga chaqirdi hamda kelgusi yil sentyabr oyida Nukus shahrida o‘tkaziladigan “Yashil” energetika bo‘yicha xalqaro forumga taklif etdi.
Bundan tashqari, birlashma doirasida yaratilgan Iqlim masalalari bo‘yicha yuqori darajadagi ishchi guruh bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish tashabbusi ilgari surildi.
O‘zbekiston yetakchisi so‘zining yakunida sammit yakunlari YeOII mamlakatlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik va yaqin sheriklikni ilgari surishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.