05.10.2021
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning muzokaralari ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokidagi kengaytirilgan tarkibda davom etdi.
Uchrashuvda birgalikdagi sa’y-harakatlar tufayli birodar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar sifat jihatidan yangi, strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgani alohida ta’kidlandi.
Davlat rahbarlari keyingi yillardagi o‘zaro savdo sur’atini mamnuniyat bilan qayd etib, tovar ayirboshlash hajmini yanada ko‘paytirish uchun mavjud barcha resurs va imkoniyatlarni ishga solishga kelishib oldilar.
Savdo uylarini tashkil etish va uchinchi mamlakatlar bozorlariga chiqishni nazarda tutgan holda o‘zaro yetkazib berilayotgan mahsulotlarning nomenklaturasini kengaytirish va diversifikatsiya qilish – bu boradagi yo‘nalishlardan biridir.
Turli tarmoqlarda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, shu jumladan avtomobillar yig‘ish, kimyoviy mahsulotlar, elektr texnikasi va maishiy texnika, qurilish materiallarini ishlab chiqarish, paxta tolasi va meva-sabzavot mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, logistika infratuzilmasini yaratish ham ikki tomonlama hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari sifatida belgilab olindi.
O‘zbekiston Prezidenti tegishli “yo‘l xaritasi”ni tayyorlashni taklif qildi.
Tomonlar transport sohasida va tranzit yo‘laklarini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikni faollashtirishga kelishib oldilar. Ashxobod bitimini birgalikda ilgari surish hamda Turkmanboshi dengiz portining noyob imkoniyatlaridan foydalanishni kengaytirish muhim ekani ta’kidlandi.
Bu boradagi o‘zaro muvofiqlashtirilgan qo‘shma sa’y-harakatlar yuk tashishlar hajmini oshirish hamda tranzit salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun qulay sharoitlar yaratadi.
Ikki mamlakat hududlaridagi imkoniyatlarni yanada to‘liq ishga solish muhim ekani qayd etildi. Hamkorlikning yangi mexanizmi – Hududlararo forum o‘tkazishni yo‘lga qo‘yish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Suv xo‘jaligi sohasidagi hamkorlik yuksak baholandi. Suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning birinchi yig‘ilishi muvaffaqiyatli o‘tkazilgani olqishlandi. Tuyamo‘yin suv omborining Sulton Sanjar to‘g‘onini rekonstruksiya qilish loyihasini amalga oshirish boshlangani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlash va o‘zaro anglashuvni kuchaytirishning muhim omili bo‘lgan madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik masalalari ham muhokama qilindi.
Madaniyat va kino kunlari, teatrlar va musiqiy jamoalarning ijodiy safarlari, olimlarning uchrashuvlarini va shu kabi boshqa tadbirlarni tashkil etish xalqlarimiz yanada yaqin bo‘lishiga xizmat qiladi.
Shu ma’noda, Toshkent xalqaro kinofestifalini “Ipak yo‘li durdonasi” nomi bilan qayta tiklash tashabbusi Turkmaniston tomonidan qo‘llab-quvvatlangani ta’kidlandi.
O‘zbekiston Prezidenti bugun mamlakatimizda turkman millatiga mansub 200 ming nafardan ziyod fuqaro istiqomat qilayotgani. Ular O‘zbekistonning ko‘p millatli xalqini tashkil etuvchi boshqa barcha millat va elatlar bilan birgalikda bir oila farzandlaridek ahil-inoq hayot kechirmoqda.
- Ular o‘z tili, madaniyati, an’ana va urf-odatlarini rivojlantirishlari uchun bundan buyon ham barcha sharoitlarni yaratamiz. Ishonchim komil, hurmatli Gurbanguli Myalikguliyevich tashabbusi bilan Ashxobodda barpo etilayotgan “Toshkent” bog‘i xalqlarimiz do‘stligining navbatdagi yangi ramzi bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Muzokaralarda Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlik butun Markaziy Osiyo mintaqasida barqaror taraqqiyot garovi ekani ta’kidlandi.
- Afg‘on xalqiga zarur insonparvarlik yordamini ko‘rsatishni davom ettirishga, ushbu mamlakatda muhim ijtimoiy-iqtisodiy va infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirishda turkmanistonlik sheriklar bilan faol hamkorlik qilishga tayyormiz, - dedi O‘zbekiston Prezidenti.
Prezidentlar xalqaro maydonda, shu jumladan Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Turkiy tilli davlatlar hamkorligi tashkiloti va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida yaqin muloqotni davom ettirish va tashabbuslarni birgalikda ilgari surishga kelishib oldilar.
- Bugungi uchrashuv natijalari strategik sherikligimizni yangi, yanada salmoqli amaliy mazmun bilan boyitishga xizmat qiladi, ishonch, o‘zaro anglashuvni mustahkamlashga imkon beradi, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Muzokaralar yakunida Prezidentlar Ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya hamraislariga erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishning aniq mexanizmlarini o‘z ichiga olgan “yo‘l xaritasi”ni tayyorlashga topshiriq berdilar.