29.09.2021
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev 29-sentabr kuni Andijon viloyati saylovchilari bilan uchrashdi.
Uchrashuvni nomzodning Andijon viloyati bo‘yicha ishonchli vakili O‘.Oxunov ochdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev ma’ruza qilib, yig‘ilganlarni o‘zining saylovoldi dasturi bilan tanishtirdi. Bu dastur iqtisodiyot, tadbirkorlik, qishloq xo‘jaligi, ta’lim, tibbiyot, hududlar rivoji, davlat boshqaruvi, qonun ustuvorligi, tashqi siyosat, madaniyat sohalariga oid o‘nta ustuvor yo‘nalishni qamrab olgan.
Nomzod bugungi kunda Andijon viloyatidagi dolzarb masalalarga to‘xtalib, ularni hal etish va aholi hayotini yaxshilash bo‘yicha o‘z rejalarini bayon etdi.
Ta’kidlanganidek, odamlarning sog‘lig‘ini asrash va mustahkamlashga birinchi navbatda e’tibor qaratiladi. Kelgusi ikki yilda shahar va tumanlarda 11 ta yangi oilaviy poliklinika hamda 29 ta mahallada oilaviy shifokorlik punkti tashkil etiladi. Viloyatdagi barcha tibbiyot muassasalari to‘liq ta’mirlanib, zamonaviy jihozlanadi.
Aholiga munosib yashash sharoitlari yaratish maqsadida kelgusi besh yilda viloyatda 21 ming xonadonli ko‘p qavatli uylar quriladi. 5 ming kilometr elektr tarmoqlari tortilib, 2 mingta transformator o‘rnatiladi. Natijada 350 mingdan ziyod aholi xonadonlari, ijtimoiy soha va tadbirkorlik ob’ektlarining elektr ta’minoti barqarorlashadi.
Nomzodning dasturida aholini ish bilan ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratilgan. Kelgusi besh yilda Andijon viloyatida 420 mingta yangi ish o‘rni yaratish maqsad qilib qo‘yilgan.
Xususan, tadbirkorlik va hunarmandchilikni rivojlantirish orqali 170 ming aholi bandgini ta’minlash mumkinligi aytildi. Xizmat ko‘rsatish sohasida 80 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratiladi va xizmatlar hajmi 3 barobar oshadi.
Umuman olganda, kelgusi besh yilda Andijon viloyatini iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirish uchun davlat byudjetidan 40 trillion so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan.
Yana bir muhim yo‘nalish investitsiya va eksport salohiyatini yangi bosqichga olib chiqishdir. Shu maqsadda kelgusi besh yilda umumiy qiymati 8 milliard dollardan ziyod bo‘lgan 4 ming 500 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish mo‘ljallangan.
Viloyat eksporti hajmini 4 barobarga oshirib, yillik 2,5 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan. Shuningdek, eksport tarkibida tayyor va yarim tayyor mahsulotlar ulushini 42 foizdan 76 foizga oshirish rejalashtirilgan.
Ma’ruzada qishloq xo‘jaligidagi vazifalarga ham to‘xtalib o‘tildi. Yer va suv resurslaridan unumli foydalanish orqali 80 mingta yangi ish o‘rni yaratish imkoni borligi ta’kidlandi.
Ta’lim, madaniyat, sport sohalarini rivojlantirishga doir rejalar ham aytib o‘tildi.
– Biz bugun qanday islohotlarni, qanday o‘zgarishlar, qanday yangi loyihalarni rejalashtirayotgan bo‘lmaylik, ularning barcha-barchasi yagona va ulug‘ bir maqsadga qaratilgan. U ham bo‘lsa, inson qadrini ulug‘lash, inson huquqlari va manfaatlarini ta’minlash, xalqimiz uchun munosib turmush sharoitini yaratib berish, bir so‘z bilan aytganda, el duosini olib, uni rozi qilishdan iborat, – deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.
Uchrashuvda partiya a’zolari so‘zga chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida Shavkat Mirziyoyev nomzodini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi, fuqarolarni saylovda faol ishtirok etishga undadi.