28.09.2021
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev 28-sentabr kuni Farg‘ona viloyati saylovchilari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tadbirni nomzodning Farg‘ona viloyati bo‘yicha ishonchli vakili E.Siddiqova ochdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev o‘zining saylovoldi dasturi yuzasidan ma’ruza qildi. Bu dastur iqtisodiyot, tadbirkorlik, qishloq xo‘jaligi, ta’lim, tibbiyot, hududlar rivoji, davlat boshqaruvi, qonun ustuvorligi, tashqi siyosat, madaniyat sohalariga oid o‘nta ustuvor yo‘nalishni qamrab olgan.
Dasturda barcha hududlar qatori Farg‘ona viloyatini jadal rivojlantirish va aholi hayotini yaxshilash bo‘yicha ham rejalar begilangan.
Xususan, kelgusi besh yilda Farg‘ona viloyatida elektr, suv, kanalizatsiya, issiqlik ta’minoti va yo‘l infratuzilmalarini yaxshilashga 10 trillion so‘m yo‘naltirish mo‘ljallangan. Shu davrda 30 ming kvartirali 700 ta ko‘p qavatli uy, yangi yo‘llar, elektr va ichimlik suvi tarmoqlari qurish rejalashtirilgan.
Ma’ruzada ijtimoiy sohalarni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Qayd etilganidek, tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inini kuchaytirish maqsadida 22 ta yangi oilaviy shifokorlik punkti va 10 ta oilaviy poliklinika barpo etiladi hamda zamonaviy jihozlanadi. 120 o‘ringa ega bo‘lgan Bolalar tibbiy reabilitatsiya markazi, Hindiston bilan hamkorlikda Endokrinologiya markazi tashkil etiladi.
Maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasi 90 foizga yetkaziladi. O‘rta ta’lim maktablarining quvvati 100 ming o‘ringa oshiriladi. Yetakchi xorijiy universitetlar bilan birga 4 ta yangi oliygoh tashkil etiladi.
Ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirish, aholi daromadlarini oshirish maqsadida kelgusi besh yilda viloyatda 420 mingdan ziyod yangi ish o‘rni tashkil etish maqsad qilib qo‘yilmoqda. Jumladan, tadbirkorlik, xizmatlar va hunarmandchilikni rivojlantirish orqali 120 ming, qishloq xo‘jaligi sohasida 140 mingdan ziyod aholi bandligi ta’minlanishi ko‘zda tutilmoqda.
Kelgusi besh yilda viloyatda 8 milliard dollarlik 11 mingdan ziyod investitsiya loyihalari amalga oshiriladi. Sanoat yo‘nalishidagi loyihalar hisobiga 115 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi. Sanoati past rivojlangan Yozyovon, So‘x, Furqat tumanlarida texnoparklar tashkil etilib, 300 ta sanoat loyihalari joylashtiriladi.
Viloyatda eksportni 3 barobarga oshirib, 2 milliard dollarga, shundan sanoat mahsulotlari eksportini 1,6 milliard dollarga yetkazish mumkinligi ta’kidlandi. Eksport tarkibida qo‘shilgan qiymatga ega tayyor mahsulotlar ulushi hozirgi 45 foizdan 77 foizga yetkaziladi.
– Farg‘onani “oltin vodiy” deganimizda asosan uning go‘zal tabiatini, saxovatli zaminini tasavvur qilamiz. Lekin o‘ylaymanki, bu diyorda yashayotgan odamlarning qadr-qimmati, izzat-hurmatini joyiga qo‘ysak, ularning hayotini har tomonlama obod va farovon qilishga erisha olsak, shundagina bu chiroyli ta’rifga munosib ish qilgan bo‘lamiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Uchrashuvda so‘zga chiqqanlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida Shavkat Mirziyoyev nomzodini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.