27.09.2021
Prezident Shavkat Mirziyoyev shu yil 19-fevral kuni Namangan shahridagi «Saxovat» uyini borib ko‘rgan, nuroniylar uchun yangi bino qurilishiga va’da bergan edi.
Shundan so‘ng bu yerda ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. 120 o‘rinli yangi «Saxovat» uyi binosi, 4 ta kottej qurildi. Ma’muriyat va xo‘jalik binolari ta’mirlanib, elektr energiyasi, suv, isitish tarmoqlari yangilandi.
Shavkat Mirziyoyev viloyatga navbatdagi tashrifi chog‘ida u yerga yana borib, keksalar uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.
«Saxovat» uyida har bir yashovchi uchun alohida xona ajratilgan bo‘lib, xonalar televizor, muzlatgich, mebel bilan jihozlangan. Oshxona, muolaja va fizioterapiya xonalari, suv havzasi, trenajyor zali bir binoda joylashgani keksalarga qulaylik yaratgan. Nuroniylar vaqtini mazmunli o‘tkazishi uchun dam olish joylari, kutubxona tashkil etilgan.
Ziyoratlarga borish uchun «Saxovat» uyiga Prezident sovg‘asi – «Isuzu» avtobusi ham berilgan.
Davlatimiz rahbari nuroniylar bilan dildan suhbatlashdi.
- O‘tgan safar Xudo ko‘nglimga solib, sizlarning oldingizga kelgan edim. Toshkentga borib ham, hurmatingizni joyiga qo‘yish haqida ko‘p o‘yladim. Axir, davlat rahbari sifatida sizlarga sharoit yaratib berish - mening vazifam. Bugun mana shunday yangi sharoitlaringizni ko‘rib, og‘iringiz yengil bo‘lganini his qilib, o‘zimni baxtiyor sezayapman. Sizlar hayotdan rozi bo‘lsalaringiz, Alloh bizdan rozi bo‘ladi, yurtimiz tinch, ishimizda baraka bo‘ladi, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Nuroniy ota va onaxonlar yaxshi sharoitlar, inson qadriga e’tibor uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirib, yurtimizga tinchlik-farovonlik tilab duolar qildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatiga tashrifini yakunlab, Farg‘onaga jo‘nab ketdi.