27.09.2021
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev 27-sentabr kuni Namangan viloyati saylovchilari bilan uchrashdi.
Uchrashuvni nomzodning Namangan viloyati bo‘yicha ishonchli vakili I.Najmiddinov ochdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev o‘zining saylovoldi dasturi yuzasidan ma’ruza qildi.
Bu dastur barcha sohalarni qamrab olgan o‘nta ustuvor yo‘nalishdan iborat. Jumladan, ilm va innovatsiyalarga asoslangan yangi iqtisodiyotni barpo etish, faol tadbirkorlik va manzilli moliyaviy ko‘mak orqali kambag‘allikni qisqartirish, qishloq xo‘jaligida samaradorlikni oshirish, ta’lim sifatini kuchaytirish, aholi salomatligini mustahkamlash, hududlarni mutanosib rivojlantirish, xalqchil va insonparvar davlat boshqaruvi tizimini shakllantirish, adolat va qonun ustuvorligini ta’minlash, ochiq va pragmatik tashqi siyosat yuritish, madaniy-ma’naviy sohalarni yuksaltirish bo‘yicha rejalar begilangan.
Oxirgi besh yilda Namangan viloyatida mahalliy sanoat qariyb 2 barobarga o‘sgani, jami 277 mingta yangi ish o‘rni yaratilgani qayd etildi. Shu bilan birga, aholining yashashi va ishlashi uchun sharoitlarni yaxshilash bo‘yicha dolzarb masalalar ko‘p.
Nomzodning dasturida kelgusi besh yilda Namangan viloyatida 400 mingta yangi ish o‘rni yaratish, aholi daromadini kamida 2 baravarga oshirib, kambag‘allikni 2 baravarga qisqartirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
Xususan, tadbirkorlikni rivojlantirish hisobiga 164 ming ish o‘rni tashkil etish mo‘ljallangan. Viloyatda “drayver” bo‘lgan to‘qimachilik, charm-poyabzal, oziq-ovqat, farmatsevtika, qurilish materiallari, mebelsozlik kabi sohalarda 7 milliard dollarlik 10 mingdan ziyod investitsiya loyihasini amalga oshirish orqali 150 mingta yangi ish o‘rni yaratish maqsad qilingan.
Xizmatlar sohasining asosiy “o‘sish nuqtalari” ichki va tashqi turizm, savdo va logistika yo‘nalishlari bo‘lishi ta’kidlandi. Namangan viloyatini yiliga o‘rtacha 1,5 million nafar sayyohlarni qabul qiluvchi markazga aylantirish mumkinligi aytildi.
Qishloq xo‘jaligidagi islohotlar davom ettirilib, 80 mingdan ortiq kishining bandligi ta’minlanadi. 11 ming gektardan ziyod maydon aholiga ochiq tanlov asosida, uzoq muddatli ijaraga beriladi.
Ma’ruzada uy-joy qurish, yo‘l-transport va muhandislik infratuzilmasini rivojlantirish masalalariga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Qayd etilganidek, viloyatda kelgusi besh yilda jami 16 ming xonadonli 700 ta ko‘p qavatli uy quriladi. Markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlash darajasi 85 foizga yetkaziladi. Yangi shifoxonalar tashkil etilib, aholiga yuqori texnologik tibbiy xizmatlar ko‘rsatish ko‘lami kengaytiriladi.
Namanganda kelgusi besh yilda 7 ta oliygoh tashkil etilib, jami oliy o‘quv yurtlari soni 10 taga yetkaziladi. Ibrat ijod maktabi negizida Chet tillar oliygohi tashkil etiladi.
– Men oddiy ziyoli oilasida ulg‘ayganman, inson hayotda o‘z maqsadiga erishish uchun tinimsiz harakat qilishi, qiyinchilik va muammolardan qo‘rqmasligi kerakligini chuqur anglayman. Bu borada butun xalqimiz qatori yuragi toza, oqko‘ngil namanganlik yurtdoshlarimizning ishonchi va yordamiga tayanaman, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Uchrashuvda partiya vakillari so‘zga chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida Shavkat Mirziyoyev nomzodini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi va boshqalarni ham shunga da’vat etdi.