Shavkat Mirziyoyev Xivadagi xonadonda mehmon bo‘ldi
22.09.2021
Prezident korteji Xiva tumani Shomoxulum mahallasida to‘xtadi. Davlatimiz rahbari bu yerda yashovchi Komil Rahimov xonadoniga kirib, aholining yashash sharoitlari bilan qiziqdi.
Komil ota uzoq yillar qishloq xo‘jaligida ishlagani, turmush o‘rtog‘i Soniya aya bilan ikki farzandni tarbiyalab voyaga yetkazganini so‘zlab berdi. Oxirgi yillardagi imkoniyatlar natijasida yangi uyga ega bo‘lgani, farzandlari universitetga o‘qishga kirganini aytdi.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ishlar, Xorazm viloyatidagi o‘zgarishlar haqida samimiy suhbat bo‘ldi. Xonadon egalari bu o‘zgarishlarni har bir odam o‘z hayotida sezayotgani, turmush darajasi, ertangi kunga ishonchi ortib borayotganini ta’kidladi.