31.08.2021
Mamlakatimiz mustaqilligining har bir yili qadrli, salmoqli. 30 yillik esa bu tarixni o‘zida qamragan yanada shonli sana. Shu kunlarda xalqimiz mazkur ayyomni zo‘r shodu xurramlik bilan nishonlamoqda.
Bu yilgi bayram tantanasi shu sanaga bag‘ishlab bunyod etilgan “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zlab, butun xalqimizni mustaqillikning 30 yillik bayrami bilan tabrikladi.
– Barchamizga ayonki, el-yurtimiz asrlar davomida ozod va erkin hayotni, adolatli jamiyatni orzu qilib yashadi. Bu muqaddas maqsad yo‘lida jon olib, jon berib kurashdi, mashaqqatli sinovlarni mardona yengib o‘tdi. Xalqimiz qalbidagi hurriyat sari ezgu intilishni hech qanday bosqin, zulm va zo‘ravonliklar yo‘qota olmadi. 1991 yil 31 avgust kuni mamlakatimiz hayoti va taqdirida tub burilish yasagan, tom ma’nodagi buyuk tarixiy voqea yuz berdi. Necha yuz yillar davomida kelajakka katta umid va ishonch bilan qarab, hamisha sabr-matonat bilan yashagan xalqimiz ulug‘ orzusiga erishdi – o‘zining davlat mustaqilligini qo‘lga kiritdi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlatimiz rahbari O‘zbekiston mustaqilligini e’lon qilib, tariximizning eng murakkab va og‘ir davrlarida davlatimizni boshqargan Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovni, uning rahbarligida amalga oshirilgan ulkan ishlarni esga oldi.
Istiqlol yillarida yurtimizda yangi davlat va jamiyat qurildi. Zamonaviy davlatchilik asoslari, qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatlari shakllandi. Qadimiy tariximiz, boy madaniy merosimiz, milliy-diniy qadriyatlarimiz, o‘zligimiz tiklandi. Vatanimiz jahon hamjamiyatidan munosib o‘rin egalladi.
Inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini, so‘z va vijdon erkinligini ta’minlashga alohida e’tibor berilmoqda. Inson huquqlari bo‘yicha Milliy strategiya qabul qilindi. Ko‘p yillardan buyon jiddiy muammo bo‘lib kelgan majburiy va bolalar mehnati to‘liq tugatildi.
O‘zbekiston Respublikasi tarixda ilk bor Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha kengashi a’zoligiga saylandi. Bu esa ushbu yo‘nalishdagi islohotlarimiz xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilayotganining yaqqol tasdig‘idir.
Oxirgi besh yil keskin sinovlar davri bo‘ldi. Ayniqsa, 2020 yili boshlangan koronavirus pandemiyasi va shu sababli kelib chiqqan iqtisodiy inqiroz global dunyoning ajralmas qismi sifatida O‘zbekiston uchun ham jiddiy muammolarni yuzaga keltirdi.
– Yaratganning inoyati, el-yurtimizning ahilligi va fidokorona mehnati bilan bu mashaqqatli sinovlarni mardona yengib o‘tmoqdamiz. Mamlakatimizda olib borilayotgan jadal va keng ko‘lamli islohotlar yurtimizda yangi davrni – yangi O‘zbekiston davrini boshlab berdi, – dech ta’kidladi Prezident.
Bu asosiy iqtisodiy ko‘rsatkichlarda ham namoyon. Xususan, 2017-2020-yillarda mamlakatimizning iqtisodiy o‘sish darajasi 18,3 foizni tashkil etib, yalpi ichki mahsulot 60 milliard dollarga yetdi. Tashqi savdo aylanmasi 2016 yildagi 24 milliard dollardan 2020-yilda 36 milliard dollarga ko‘paydi.
Ishbilarmon doiralarning mamlakatimizga ishonchi ortdi. Investitsiyalarning umumiy hajmi qisqa muddatda 2,1 martaga, shu jumladan, xorijiy investitsiyalar hajmi 3 barobarga yaqin o‘sdi.
Joylarda yirik zavodlar, kichik sanoat zonalari, infratuzilma inshootlari, IT-parklar ishga tushirildi. Sanoat va qishloq xo‘jaligida klaster tizimi yo‘lga qo‘yildi. Tadbirkorlik har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotgani aholini ish bilan ta’minlashda muhim omil bo‘lmoqda.
- Bugun ishonch bilan ayta olamizki, O‘zbekiston uchun global inqirozning og‘ir damlari ortda qolmoqda, - dedi davlat rahbari.
Iqtisodiyot rivojini aholining real yalpi daromadi 2016-yilga nisbatan 28 foizga o‘sganida ham ko‘rish mumkin. Islohotlar doirasida qabul qilingan yirik dasturlar aholi farovonligini oshirishga xizmat qilmoqda.
“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari natijasida ko‘p joylar qurilib, ta’mirlandi. 2017-2020-yillar davomida 140 mingdan ziyod arzon va sifatli uy-joylar bunyod etildi. Ushbu ko‘rsatkich 2016 yilga nisbatan qariyb 11 baravarga ko‘p.
Ijtimoiy sohalarda amalga oshirilgan ishlar ham qayd etildi. Birlamchi va shoshilich tibbiy yordam tizimi sifat jihatidan o‘zgardi. Ixtisoslashgan tibbiy markazlar, ko‘plab klinikalar barpo etildi. O‘z vaqtida ko‘rilgan choralar tufayli koronavirus pandemiyasiga qarshi samarali kurashildi.
Ta’lim sohasidagi natijalarni alohida ta’kidlash joiz. Avvalo, maktabgacha ta’limga alohida e’tibor qaratilib, bu boradagi qamrov darajasi 62 foizga yetdi.
Yangi turdagi ta’lim maskanlari, xususan, Prezident maktablari, ijod maktablari, ixtisoslashgan maktablar faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda. Birgina joriy yilda matematika fani bo‘yicha 56 ta, kimyo-biologiya fani bo‘yicha 28 ta, informatika va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha 14 ta ana shunday maktablar tashkil etildi.
So‘nggi besh yilda 64 ta yangi oliy ta’lim muassasasi tashkil etilib, ularning soni 141 taga yetkazildi. Qabul kvotasi 3 barobar oshirildi. Endilikda bitiruvchi yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasi 2016-yilgi 9 foizdan 28 foizga yetkazildi. Bundan tashqari, yoshlar talab yuqori bo‘lgan zamonaviy kasb-hunarlarga o‘rgatilmoqda.
Tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlash, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish borasidagi ishlarning ahamiyati qayd etib o‘tildi.
Oxirgi yillardagi ochiq va pragmatik tashqi siyosat tufayli mamlakatimizning mintaqa va jahon miqyosidagi nufuzi oshdi. Dunyoda O‘zbekistonga nisbatan ishonch ruhi va hamkorlikka intilish tamoyillari kuchaydi.
Mintaqamizda do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari yo‘lga qo‘yilgani natijasida jahon siyosatshunosligida “Markaziy Osiyo ruhi” degan ibora paydo bo‘ldi.
So‘nggi kunlarda Afg‘onistonda yuz berayotgan voqealarga ham to‘talib o‘tildi.
Davlatimiz rahbari O‘zbekiston ushbu mamlakatda tezroq tinchlik va barqarorlik o‘rnatilishi tarafdori ekanini, hokimiyat tranziti xalqaro huquqning umume’tirof etilgan me’yorlarini inobatga olgan holda, milliy kelishuv asosida tinch yo‘l bilan amalga oshirilishi muhimligini ta’kidladi.
Prezidentimiz bayram tadbirida qatnashgan xorijiy davlatlar elchilari, xalqaro tashkilotlar vakillari va chet ellik sheriklarni ham qutlab, ezgu tilaklarini bildirdi.
Mamlakatimizdagi islohotlar muqarrar tus olgani, xalqimiz ularni qo‘llab-quvvatlab, faol ishtirokchisiga aylangani ta’kidlandi.
– Oradan hali qancha yillar, asrlar o‘tadi. Yurtimizda yangi-yangi avlodlar dunyoga keladi. Milliy davlatchiligimizni tiklab, bizga taraqqiyot va farovonlikka erishish yo‘lida mana shunday beqiyos imkoniyatlarni yaratib bergan istiqlolimiz jonajon Vatanimizning shonli tarixida hamisha eng yorqin, o‘chmas sahifa bo‘lib qoladi, – deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.
Bayram shodiyonasi katta konsert dasturi bilan davom etdi.