30.08.2021
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlariga muvofiq, mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan ko‘plab vatandoshlarimiz faxriy unvonlar, orden va medallar bilan taqdirlangan edi.
31-avgust kuni Ko‘ksaroyda ushbu mukofotlarni topshirish marosimi bo‘ldi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev yig‘ilganlarni avvalo Mustaqillik bayrami bilan tabriklab, ularga o‘zining yuksak ehtiromini bildirdi.
– Bunday tarixiy damlarda har bir xalq o‘z istiqlolini sarhisob qiladi. O‘tgan 30 yilda mustaqil davlatimiz qurildi, rivojlandi, jahon hamjamiyatida o‘zimizning o‘rnimizni, yo‘limizni topdik. Muhtaram Birinchi Prezidentimiz Islom Abdug‘aniyevich bilan birga qilgan harakatlarimizdan maqsad bitta – xalqimiz manfaati. Bugungi kunda hamma soha va tarmoqlardagi intilishlarimiz, har bir mahallaga, qishloqqa, oilaga kirib borishimiz o‘z natijasini berayapti, odamlar rozi bo‘layapti, – dedi davlatimiz rahbari.
Haqiqatan, har bir jabhada o‘zgarishlar yuz bermoqda. “Yangi O‘zbekiston” degan tushuncha real voqelikka aylanmoqda. O‘zbekiston xalqaro hamjamiyat tomonidan pandemiya sharoitida iqtisodiy o‘sishga erishgan sanoqli davlatlar qatorida e’tirof etilmoqda. “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Besh muhim tashabbus”, “Har bir oila – tadbirkor”, “Yoshlar – kelajagimiz” singari yirik dasturlar jamiyatimizda ijtimoiy muhitni tubdan o‘zgartirmoqda.
Prezident istiqlol yillarida mustaqil fikrli, zamonaviy dunyoqarashli yangi avlod voyaga yetganini, ular davlatimizning tayanchi va kelajagi ekanini ta’kidladi.
– Mustaqilligimizning birinchi yilida tug‘ilgan yoshlar 30 yoshga kirdi, balog‘atga yetdi. Biz birinchi kundan yoshlar masalasini eng katta vazifa qilib olganmiz. Agar bugungi shiddatli dunyoda yoshlarimiz tarbiyasiga katta e’tibor qaratib, ularga bilim, ko‘mak berib, hozirgi zamonga munosib qilib, yo‘lini topib bermasak, ko‘p narsadan orqada qolib ketamiz. Bugun joylarda ishlayotgan, o‘qiyotgan, zamonaviy mutaxassis bo‘lib yetishayotgan ana shunday jo‘shqin yoshlarimiz davlatimizga juda katta kuch-qudrat, – deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.
Ma’lumki, keyingi ikki yil insoniyat tarixida kutilmagan og‘ir davr bo‘ldi. Xalqimiz ham xursandchilik kunlar bilan birga, mashaqqatli sinovlarni ham boshidan kechirdi. Koronavirus ofati butun dunyoni tashvishga solib, jahon iqtisodiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Dunyo bozorlarida shafqatsiz raqobat, “savdo urushlari”, bizga qo‘shni hududlarda qarama-qarshilik va to‘qnashuvlar kuchayib bormoqda.
– Bugungi murakkab sharoitda xalqimiz salomatligini asrash bilan birga iqtisodiyotimizni ham rivojlantirishdek og‘ir masala kun tartibida turibdi. Shu maqsadda iqtisodiyot tarmoqlarini, bog‘bonu dehqonlar, fermer va tadbirkorlarimizni qo‘llab-quvvatlash, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash uchun yangi-yangi yo‘llarni izlayapmiz. Mana shunday o‘ta murakkab, qaltis vaziyatda biz xalqimizning mustahkam irodasi, sizlar kabi yurtdoshlarimizning fidokorona mehnati bilan qiyinchiliklarni mardona yengib o‘tmoqdamiz, – dedi Prezident.
Davlatimiz rahbari “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan ilg‘or fermer, seleksioner olim Muhammad Ahmedovni, matematik olim, akademik Shavkat Ayupovni, atoqli adabiyotshunos, tarjimon va publitsist Ibrohim G‘afurovni, xalq artisti Munojot Yo‘lchiyevani alohida tabrikladi.
Fidoyi shifokorlarimiz o‘z jonini xavf ostiga qo‘yib, xalqimiz salomatligi uchun har kuni, har daqiqada kurashmoqda. Mard va jasur harbiylarimiz tinch-osoyishtalik yo‘lida sadoqat bilan xizmat qilmoqda. Omilkor tadbirkorlar, dehqon va fermerlar, ishchi-muhandislar mamlakatimiz taraqqiyotiga katta hissa qo‘shmoqda.
Ilm-fan, ta’lim-tarbiya, madaniyat, adabiyot va san’at, sport sohasi vakillari katta muvaffaqiyatlarga erishmoqda. Navqiron yoshlarimiz xalqimizga haqiqiy tayanch va suyanch bo‘lib maydonga chiqmoqda.
Prezidentimiz ularni yuksak mukofotlar bilan qutlab, ezgu tilaklarini izhor etdi.
Shu kunlarda joylarda ko‘plab vatandoshlarimiz «O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi» esdalik nishonini qabul qilib olmoqda. Davlatimiz rahbari ularni ham xalqimiz nomidan samimiy tabrikladi.
Shundan so‘ng mukofotlar tantanali ravishda topshirildi.
Bu yil yana bir xayrli ishga qo‘l urildi. Prezidentimiz farmoniga muvofiq, mamlakatimizda madaniyat va san’at, adabiyot, ommaviy axborot vositalari sohalarini rivojlantirishga ulkan hissa qo‘shgan bir guruh marhum ijodkorlar mukofotlandi. Marosimda bu mukofotlar ularning oila a’zolariga topshirildi.
– Ko‘ksingizda yarqirab, yarashib turgan faxriy unvonlar, orden va medallar barchangizga muborak bo‘lsin, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Men hammangizni yaxshi bilaman, sizlar bilan faxrlanaman. Qadamlarimiz barakali, natijali bo‘lishi uchun hali ko‘p ishlashimiz kerak. O‘zi, inson uchun eng katta baxt – oilaviy baxt, yaqinlarimiz sog‘-salomat, yurtimiz tinch-osoyishta bo‘lishi. Ilohim, hammangizga shunday baxt nasib etsin. Har bir oilada xotirjamlik, to‘ylar bo‘lsin!
Mukofotlanganlar yuksak e’tibor uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.
Marosimda davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, mehnat faxriylari, ziyolilar, yoshlar ishtirok etdi.