13.08.2021
Assalomu alaykum, aziz do‘stlar!
Qadrli olimpiyachilar, g‘olib va sovrindorlar!
Muhtaram ota-onalar, ustoz va murabbiylar!
Avvalo, siz, azizlarni, sizlarning timsolingizda butun xalqimizni O‘zbekiston milliy terma jamoasining Olimpiya o‘yinlarida qo‘lga kiritgan ulkan, tom ma’noda tarixiy g‘alabasi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Albatta, barchamiz dunyodagi eng nufuzli ana shu musobaqalarda O‘zbekiston vakillarining har bir chiqishini “oynai jahon” orqali katta qiziqish va hayajon bilan kuzatib bordik.
O‘z navbatida, mard va jasur sportchilarimiz ham bunday yuksak ishonchni oqlab, xalqimizga yorqin g‘alabalarni tortiq etdilar. Hech shubhasiz, bu Vatanimiz mustaqilligining 30 yillik shonli bayramiga munosib sovg‘a bo‘ldi.
Olimpiadada sportchilarimiz yuksak shohsupalarga ko‘tarilib, 3 ta oltin va 2 ta bronza medalni qo‘lga kiritdilar.
Hammamizga ayonki, xalqaro olimpiya o‘yinlarida yer yuzining eng zo‘r, manaman degan sport ustalari ishtirok etadi.
Buyuk Alisher Navoiy bobomiz aytganlaridek, sherga qarshi sherdek kurashish, jang qilish kerak.
Sizlar dunyo tan olgan sportchilar bilan mardona olishib, ularning o‘zini ham, ular erishgan natijalarni ham ortda qoldirib, 3 ta Olimpiya rekordini yangilab, jahon sportida ham yorqin sahifa ochdingiz.
Mamlakatimiz jamoasi 200 dan ziyod davlatdan kelgan eng kuchli sportchilar orasida umumjamoa hisobida – o‘ttiz ikkinchi, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligida – ikkinchi, Markaziy Osiyoda esa – birinchi o‘rinni egalladi. Bu, chindan ham, o‘zbek sporti tarixidagi ulkan natijadir.
G‘olib farzandlarimiz sha’niga madhiyamiz yangrab, Vatanimiz bayrog‘i baland ko‘tarilgan damlarda barchamizning qalblarimiz cheksiz g‘ururga to‘ldi.
Bugungi tantanali marosimda ishtirok etayotgan qahramon o‘g‘lonlarimiz – Tokio olimpiadasi g‘oliblari haqida har qancha faxrlanib gapirsak arziydi, albatta.
Jamoamizga ilk oltin medalni taqdim etgan 19 yoshli sportchimiz, taekvondo ustasi Ulug‘bek Rashidovga va uning davramizda ishtirok etayotgan hurmatli otasi Ismatilla Rashidov hamda onasi Oksana Danilenkoga el-yurtimiz nomidan tashakkur bildiramiz.
Ulug‘bek O‘zbekiston tarixida Olimpiya oltin medalini qo‘lga kiritgan eng yosh sportchi sifatida nom qozondi.
Mahoratli polvonimiz Akbar Jo‘rayevning umumiy hisobda 430 kilogrammlik marrani egallab, Olimpiya rekordini o‘rnatgani va ikkinchi oltin medalni qo‘lga kiritgani barchamizga ulkan quvonch bag‘ishladi.
Mana shunday mard va pahlavon yigitni tarbiyalagan Akbarjonning onasi Normatova Hafizaxon singlimizga samimiy rahmatimizni aytamiz.
Alpomishlar yurti – Surxon zaminida tug‘ilgan yengilmas sportchimiz Bahodir Jalolovni hammamiz yaxshi bilamiz. Ismi jismiga mos bu azamat yigit va uning mehribon onasi Sabohat Jalolovani barchamiz qizg‘in qutlaymiz.
Men ular bilan avval ham uchrashib, samimiy suhbatlashganimni hamisha yaxshi taassurotlar bilan eslayman.
Iste’dodli bokschimiz o‘tgan vaqt davomida o‘z ustida tinimsiz ishlab, yoshlarga namuna bo‘ldi. Bahodir aziz onasiga, xalqimizga bergan va’dasining ustidan chiqib, Vatanimizga uchinchi oltin medalni tuhfa qildi. Shu tariqa o‘zbek boks maktabining shon-shuhratini yanada yuksak bosqichga olib chiqdi.
Milliy dzyudo maktabimizning zabardast vakili Davlat Bobonov va mahoratli erkin kurashchimiz Behzod Abdurahmonovni keskin bellashuvlarda bronza medallarini qo‘lga kiritganlari bilan qutlaymiz.
Bugun davramizda Davlatjonning ota-onasi Husniddin aka va Nuriyaxon opa, Behzodjonning otasi Muhammadjon Abdurahmonov va onasi Muhabbatxon ishtirok etishyapti.
Mana shunday botir o‘g‘lonlarni tarbiyalab voyaga yetkazgani uchun ularning ota-onalari va ustozlariga chin yurakdan tashakkur izhor etamiz.
Tomirlarida Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Pahlavon Mahmud, Zahiriddin Bobur kabi buyuk ajdodlarimizning kuch-g‘ayrati jo‘sh urib turgan, ularga har tomonlama munosib bo‘lgan avlodgina bunday ulkan ishlarga qodir bo‘ladi.
Bugungi kunda butun O‘zbekiston sizlar kabi bahodir o‘g‘lonlarini olqishlamoqda, jahon ahli sizlarga tan bermoqda.
Men doimo bir fikrni takrorlashdan charchamayman. Biz o‘zimizning halol mehnatimiz, aql-zakovatimiz, qat’iyat va irodamiz bilan dunyo ahli bizni tan olishi, e’tirof etishiga erishishimiz kerak. Yangi O‘zbekistonni yangi g‘alabalar bilan butun dunyoga tanitayotgan sportchilarimizning beqiyos yutuqlari mana shu yo‘lda yana bir muhim qadam bo‘lishi shubhasiz.
Bunday azmu shijoatli, vatanparvar yoshlarimiz eng katta boyligimiz, millatimizning “oltin fondi”, desam, o‘ylaymanki, butun xalqimizning fikrini ifoda etgan bo‘laman.
Aziz yurtdoshlar!
Bu yilgi Olimpiya o‘yinlari qanday qiyin va murakkab vaziyatda o‘tganini albatta barchamiz yaxshi bilamiz. Jahon miqyosida davom etayotgan pandemiya, avvalo, sportchilar uchun kutilmagan jismoniy va ruhiy muammolarni keltirib chiqardi.
Bu galgi Olimpiada haqiqiy mardlik va matonat sinovi, halol va keskin bellashuvlar maydoni bo‘ldi. Mavjud sharoitdan kelib chiqib, ko‘plab musobaqalar muxlislar ishtirokisiz o‘tdi. Bunday holat ham Olimpiada tarixida avvallari hech qachon kuzatilmagan hodisadir.
Ana shunday o‘ta og‘ir vaziyatda O‘zbekiston sportchilari faqat g‘alaba sari intilib, haqiqiy mardlik va jasorat namunasini ko‘rsatganlariga barchamiz guvoh bo‘ldik.
Farzandlarimiz ona xalqimizning mehri va ishonchi, millionlab muxlislarning qo‘llab-quvvatlashini har daqiqa yurak-yurakdan his etib turdilar va bu ularga cheksiz kuch va madad berdi.
Fursatdan foydalanib, Tokiodagi musobaqalarda Vatanimiz sharafini munosib himoya qilgan, barchamizga hayajonli va unutilmas damlarni taqdim etgan O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasining barcha a’zolari va ustoz-murabbiylarga o‘z nomimdan, xalqimiz nomidan samimiy minnatdorlik bildiraman.
Albatta, erishilgan natijalarda Olimpiada o‘yinlariga oldindan puxta tayyorgarlik ko‘rilgani, buning uchun davlatimiz tomonidan barcha sharoitlar yaratib berilgani muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Ana shunday e’tibor tufayli O‘zbekiston vakillari 17 ta sport turi bo‘yicha 71 ta Olimpiya yo‘llanmasini qo‘lga kiritganlari ham milliy sportimiz tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkichdir.
Yana bir muhim jihati – ayollar o‘rtasida sportni rivojlantirish maqsadida amalga oshirayotgan katta ishlarimiz ijobiy natija bermoqda. Buni 28 nafar sportchi xotin-qizlarimiz Tokio Olimpiadasiga yo‘llanmani qo‘lga kiritgani ham tasdiqlaydi. Ta’kidlash kerakki, bu mustaqil O‘zbekiston tarixidagi rekord natijadir.
Bokschi qizlarimiz ilk bor Olimpiadaga 3 ta yo‘llanmani qo‘lga kiritishdi. Natijada boks bo‘yicha jami litsenziyalar soni 11 tani tashkil etdi. Ushbu Olimpiya o‘yinlarida faqat uchta davlat shuncha bokschi bilan ishtirok etganini hisobga olsak, bu ham albatta alohida e’tiborga loyiq ko‘rsatkich.
Bunday misollarni yana davom ettirish mumkin. Bularning barchasi O‘zbekistonda Olimpiada harakati tobora rivojlanib, yangi, yuksak bosqichga ko‘tarilayotganidan dalolat beradi.
Shu munosabat bilan Vazirlar Mahkamasining qarori asosida Tokio Olimpiadasida g‘olib va sovrindor bo‘lgan sportchilarimiz ta’lim olgan maktab va oliy o‘quv yurtlarida, voyaga yetgan mahallalarda ularning ibratli faoliyatini targ‘ib etishga bag‘ishlangan ko‘rgazmalar tashkil qilish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Qadrli do‘stlar!
Bugungi imkoniyatdan foydalanib, ko‘p yillar mobaynida sport gimnastikasi bilan shug‘ullanib kelayotgan, jahon miqyosida shuhrat qozongan Oksana Chusovitina haqida chuqur hurmat bilan gapirmoqchiman.
Barchamiz yaxshi bilamizki, taniqli sportchimiz birinchi marta 1992-yili Barselona Olimpiadasida ishtirok etgan edi. Shundan keyin u ketma-ket sakkiz bor Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etdi. Bu chindan ham, Ginnesning Rekordlar kitobiga kiritilgan dunyo sportidagi noyob hodisadir.
Oksana Aleksandrovnaning Tokio Olimpiadasidagi navbatdagi ishtiroki muhim voqea sifatida e’tirof etildi. Jahon hamjamiyati Oksananing matonati, o‘z ishi va kasbiga sadoqatiga tan berib, uning chiqishlarini hayrat va hayajon bilan kuzatib bordi.
Haqiqatan ham, butun hayotini sportga bag‘ishlab, mana shunday yirik musobaqalarda muvaffaqiyat qozonishga tinimsiz intilib yashash uchun kuchli iroda va fidoyilik kerak.
Biz bunday afsonaviy sportchilarimiz bilan haqli ravishda faxrlanamiz. Uning jasorati, g‘alabaga bo‘lgan irodasi yosh sportchilar uchun o‘ziga xos yuksak yutuqlar va shon-sharaf maktabi bo‘lib xizmat qiladi.
Oksana Chusovitina milliy sportimizni rivojlantirish borasidagi ulkan xizmatlari uchun “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi” faxriy unvoni bilan taqdirlandi.
Aminmanki, Oksana Chusovitina o‘zining muvaffaqiyatli murabbiylik faoliyati bilan sport gimnasitikasi bo‘yicha yangi chempionlarni tarbiyalashga munosib hissa qo‘shadi.
Shu munosabat bilan Vazirlar Mahkamasiga Oksana Chusovitina va Bahodir Jalolovning sport mahorati maktabini tashkil etish va ularning faoliyati uchun barcha zarur sharoitlarni yaratib berish vazifasi topshiriladi.
Hurmatli Oksana Aleksandrovna, Vatanga muhabbat va sadoqatingiz, sportdagi fidoyiligingiz, bukilmas iroda va matonatingiz uchun Sizga yana bir bor ulkan minnatdorlik bildiraman.
Muhtaram do‘stlar!
Bu galgi Olimpiada biz uchun sport olamida bir qator yangi iste’dod sohiblarini, yangi O‘zbekistonning yangi qahramonlarini kashf qilib berganini ta’kidlash lozim. Xususan, 18 yoshli sportchi qizimiz, qoraqalpoq elining munosib farzandi Zaynab Dayibekova qilichbozlikning sablya yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekiston tarixida birinchi marta Olimpiada qatnashchisi degan sharafga sazovor bo‘ldi. Eng muhimi, u musobaqalarning ikkinchi davrasida Osiyo o‘yinlarining finalchisi, dunyo reytingida 3-o‘rinda borayotgan xitoylik tajribali sportchini mag‘lub etdi.
Men ishonaman, Zaynab qizimiz kelgusi Olimpiya o‘yinlarida yanada faol ishtirok etib, o‘zining tirishqoqligi bilan O‘zbekistonimizga albatta oltin medal olib keladi.
O‘n to‘qqiz yoshli Kumushxon Fayzullayeva esa 76 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasidagi qizlar o‘rtasida og‘ir atletika bahslarining eng yosh ishtirokchisi sifatida e’tirof etildi. Ta’kidlash lozimki, dunyo miqyosida kamdan-kam sportchi bu yoshda Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etish sharafiga muyassar bo‘ladi.
Hech shubhasiz, bularning barchasi yurtimizda yosh avlod tarbiyasiga, jismoniy tarbiya va sport rivojiga qaratilayotgan yuksak e’tibor va amaliy g‘amxo‘rlik natijasidir.
Hurmatli do‘stlar, mana, ko‘rib turibsizlar – O‘zbekistonning jasur sportchi qizlari xalqaro maydonlarga dadil kirib kelmoqda. Barchamiz ularga chin qalbdan tasanno aytamiz.
Ayni vaqtda men sportchi yigitlarimizga qarab aytmoqchiman: agar qattiq g‘ayrat qilmasalaringiz, qizlarimiz hademay sizlardan o‘tib ketadi.
Mamlakatimizda zamonaviy ta’lim-tarbiya maskanlari bilan birga, yangi-yangi sport maktablari va majmualari, stadionlar, suzish havzalari barpo etilayotgani farzandlarimizning qalbida sportga mehr uyg‘otmoqda. Ayniqsa, bu sohada faoliyat ko‘rsatayotgan ustoz va murabbiylarning mashaqqatli mehnatini munosib qadrlash, ularni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan katta ishlarimiz ijobiy samara bermoqda.
Aminmanki, ushbu Olimpiada natijalari mamlakatimizda sportning barcha turlarini rivojlantirishga kuchli turtki beradi.
Eng asosiysi, bunday g‘alabalar o‘sib kelayotgan yoshlarni barcha sohalar qatori sport bo‘yicha ham marrani baland olib, doimo g‘alaba sari intilib yashashga o‘rgatadi, sog‘lom turmush tarzini hayotimiz qoidasiga aylantirishga xizmat qiladi.
Albatta, jahonning eng yirik sport musobaqasi bo‘lmish Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etishning o‘zi katta sharaf va mas’uliyat. Buni barchamiz yaxshi tushunamiz. Buning uchun qancha og‘ir dovonlardan, mashaqqatli sinovlardan o‘tish talab etiladi.
Bu gal omadi kelmagan sportchilarimizga qarata, ruhingiz tushmasin, kelgusi safar baxt sizlarga albatta kulib boqadi, deb ishonch bildirmoqchiman. Ular ham keskin bahslarda g‘ayrat va shijoat bilan kurash olib borib, katta sinovlarda o‘z salohiyatini namoyon etganlari biz uchun muhimdir. Shuning uchun ularni ham g‘oliblar qatorida ko‘rib, chin dildan olqishlaymiz.
Biz Olimpiadaning g‘olib va sovrindorlari, ularning trenerlari hamda barcha ishtirokchilarni munosib taqdirlashga qaror qildik. O‘zbekistonda Olimpiada oltin medali sohiblari – 200 ming AQSh dollaridan, bronza medali egalari – 50 ming AQSh dollaridan mukofot puli bilan taqdirlanishi belgilab qo‘yilganidan xabaringiz bor, albatta.
Sportchilarimizni murosasiz bellashuvlarga tayyorlashda ertayu kech ular bilan birga bo‘lgan jonkuyar murabbiylarning xizmatlarini alohida ta’kidlashni istardim. Bugun g‘olib va sovrindor sportchilarimizni tayyorlashda chinakam fidoyilik ko‘rsatgan To‘lqin Qilichev, Pavel Xan, Farhod Mirzajonov, Nurali Qobulov, Muzaffar Abdurahmonov kabi tajribali murabbiylarning nomlarini chuqur hurmat bilan tilga olamiz.
Biz Olimpiya chempionlarining trenerlarini 40 ming AQSh dollaridan, bronza medal sohiblarining murabbiylarini 20 ming AQSh dollaridan mukofotlashni lozim deb topdik.
Agar Olimpiadada ishtirok etgan har bir sportchi ko‘p yillik og‘ir tayyorgarlik jarayonidan o‘tishini ko‘z oldimizga keltirsak, ular ham bugun g‘oliblar qatorida taqdirlanishga munosib ekaniga amin bo‘lamiz. Shuni hisobga olgan holda, bu sportchilarimizning har birini 5 ming AQSh dollari miqdoridagi pul mukofoti bilan rag‘batlantirishga qaror qildik.
Qadrli yurtdoshlar!
Tokio Olimpiadasi bizga yangi qahramonlarni kashf qilib berdi. Ular o‘zlari erishgan yutuq va natijalar bilan kelgusi Olimpiadalarda yanada muvaffaqiyatli ishtirok etish uchun mustahkam poydevor yaratadilar, desak, to‘g‘ri bo‘ladi.
Shu o‘rinda Olimpiya o‘yinlarida jamoaviy sport turlari bo‘yicha sezilarli natijaga erisha olmaganimizni ochiq tan olishimiz kerak. Bu hol mutasaddi rahbarlarni jiddiy o‘ylantirishi zarur. Agar kimdir, bundan keyin ham oldingi Olimpiya o‘yinlarida bo‘lgani kabi, faqat yakkakurash sport turlari hisobidan yutuqlarga erishamiz, deb o‘ylasa, adashadi. Bilib qo‘yinglar, bu – mutlaqo noto‘g‘ri yondashuv.
Barchamiz yaxshi tushunamizki, Vatanimizning sport sohasidagi ulkan salohiyatini namoyon etishda 2024 yilda bo‘ladigan Parij Olimpiadasi yanada muhim ahamiyatga egadir. Bu haqiqatni barchamiz chuqur his etib, har tomonlama tushunib, aniq tizim asosida ish olib borishimiz zarur.
Bo‘lg‘usi Olimpiada oldidan futbol, basketbol, gandbol, chim ustida xokkey, regbi, voleybol singari jamoaviy sport turlari bo‘yicha ham yo‘llanmalarni qo‘lga kiritish asosiy maqsadimiz bo‘lishi zarur.
Shu munosabat bilan quyidagi masalalarga alohida e’tibor qaratish lozim.
Birinchidan, mamlakatimiz sport delegatsiyasining Tokio Olimpiadasidagi ishtirokini har tomonlama chuqur tahlil etib, yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni sarhisob qilishimiz kerak.
Buning uchun sport menejmenti bo‘yicha nufuzli xalqaro kompaniyalardan birini jalb etgan holda, mamlakatimizda ushbu sohada boshqaruv tizimining har bir bo‘g‘inini auditdan o‘tkazish maqsadga muvofiq.
Bosh vazir o‘rinbosari A.Abduhakimov Milliy olimpiya qo‘mitasi va Milliy paralimpiya qo‘mitasi bilan birgalikda joriy yil yakuniga qadar audit natijalariga asosan jismoniy tarbiya va sportni hamda sport federatsiyalari boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqib kiritsin.
Kelgusi Olimpiya o‘yinlariga har tomonlama tayyorgarlikni shu bugundan boshlashimiz kerak. O‘z oldimizga aniq maqsad qo‘yib, astoydil harakat qilsak, albatta natijaga erishamiz. Misol uchun, Parijda bo‘lib o‘tadigan navbatdagi yozgi Olimpiadaga 100 dan ziyod litsenziyani qo‘lga kiritish va medallar bo‘yicha yetakchi 15 ta mamlakat qatoridan joy olish uchun hamma imkoniyatlarimiz bor.
Shu bilan birga, barcha shahar va tumanlarda tegishli sport turlarini rivojlantirish va zarur sharoitlar yaratish choralarini ko‘rish bugungi kun talabidir. Bu haqda gap ketganda, har bir hudud kesimida Olimpiada o‘yinlariga hozirlik ko‘rish dasturlarini ishlab chiqib, uni tizimli tashkil etish kerak.
Bosh vazir A.Aripov bu sohada erishilgan yutuqlar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarning sabablarini chuqur tahlil qilib, Parij Olimpiadasiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha qaror loyihasini kiritsin.
Ikkinchidan, sport bo‘yicha ta’lim sifatini yaxshilashimiz, iqtidorli, istiqbolli sportchilarni saralash (seleksiya) va ularning zaxirasini shakllantirish tizimini tubdan takomillashtirishimiz lozim.
Bunda zamonaviy o‘qitish dasturlari va metodikasini amaliyotga joriy etish, sport ta’lim muassasalarida Paralimpiya bo‘limlarini tashkil etib, ularga 10 foiz qo‘shimcha kvotalar ajratish yaxshi natija berishi mumkin.
Sportchilarni o‘qitishda ota-onalar tomonidan pul to‘lash tartibini bekor qilish zarur. Shuningdek, bitiruvchilarni oliy ta’lim muassasalariga jismoniy tarbiya va sport yo‘nalishlari bo‘yicha davlat granti asosida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ikkinchi bosqichga, imtihon sinovlarisiz qabul qilish tizimini ham joriy etishimiz kerak.
Olimpiya zaxiralari kollejlariga yuqori natijalarga erishgan, boy tajribaga ega va ayniqsa, sportning jamoaviy turlari bo‘yicha yuqori malakali mutaxassislarni jalb etish muhim ahamiyatga ega.
Shu o‘rinda katta xarajatlar evaziga xorijdan sportchilarni (legioner) olib kelish tajribasi unchalik ham o‘zini oqlamayotganini ochiq aytishimiz kerak. Bunday amaliyotdan voz kechib, mahalliy sportchilarimizni tarbiyalashga jiddiy e’tibor qaratadigan payt keldi. Xorijdan legionerlar emas, yetuk mutaxassislarni hamda sportchilarni tayyorlash metodikasini olib kelish kerak.
Bosh vazir o‘rinbosari A.Abduhakimov, oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri A.Toshqulov Milliy olimpiya qo‘mitasi bilan birgalikda ikki oy muddatda sport yo‘nalishida ta’lim sifatini yanada oshirish, shuningdek, rivojlangan mamlakatlardan yuqori malakali murabbiy va mutaxassislarni, zamonaviy metodikalarni olib kelish bo‘yicha taklif kiritsin.
Uchinchidan, respublikamizdagi mavjud olimpiya zaxiralari kollejlariga o‘quvchilarni qabul qilish bo‘yicha kvotalarni sport turlarining xususiyatlaridan kelib chiqib shakllantirishga e’tibor qaratishimiz lozim.
Misol uchun, voleybol jamoasining tarkibi 10 nafarni tashkil etsa-da, kollejlarga atigi 3-5 nafardan o‘quvchi qabul qilinmoqda. Bunday holat jamoaviy sport turlarining barchasida kuzatilmoqda. Tabiiyki, bu ahvolda ushbu sohalarni rivojlantirish mumkin emas.
Shuningdek, mamlakatimizda yuqori darajada rivojlangan boks sporti bo‘yicha kollejlarga qabul kvotasi atigi 4 nafar etib belgilanganini ham qoniqarli, deb bo‘lmaydi. Vaholanki, dunyoda ushbu sport turi bo‘yicha 13 ta vazn toifasida bellashuvlar o‘tkaziladi.
Bir so‘z bilan aytganda, olimpiya zaxiralari kollejlarida qabul kvotalarini butunlay qayta ko‘rib chiqib, yangi tizim asosida belgilash zarur. Bunday ta’lim muassasalarini hududlarda yaxshi rivojlangan sport turlariga ixtisoslashtirish ijobiy natijalar berishi shubhasiz. Aytaylik, Surxondaryo va Qashqadaryoda – sportning yakkakurash turlari, Farg‘ona vodiysi viloyatlarida – jamoaviy sport o‘yinlari va boks, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm va Toshkent viloyatlarida – og‘ir atletika, qilichbozlik bo‘yicha ta’lim berish yo‘lga qo‘yilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi.
A.Abduhakimov Milliy olimpiya qo‘mitasi va sport federatsiyalari bilan birgalikda bir oy muddatda olimpiya zaxiralari kollejlari faoliyatini qayta tashkil etish hamda sport ta’lim tizimini takomillashtirish bo‘yicha qaror loyihasini kiritsin. Qarorda Milliy Olimpiya qo‘mitasiga ushbu kollejlar bilan yaqin hamkorlik o‘rnatish, joylarda yosh iste’dod egalarini izlab topish, ularni qo‘llab-quvvatlash, seleksiya ishlari bilan jiddiy shug‘ullanish kabi vazifalar yuklatilishi zarur.
To‘rtinchidan, bugungi kunda respublikamizda 329 ta sport maktabi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularda 13 ming nafardan ziyod trenerlar qo‘l ostida 328 mingdan ko‘proq yoshlar sportning 30 dan ortiq turi bo‘yicha muntazam shug‘ullanmoqda.
Biroq ana shu maktablarning hammasi ham samarali faoliyat ko‘rsatmayapti. Aksariyat sport maktablaridan bironta respublika chempioni yetishib chiqmagani ham fikrimiz dalilidir. Holbuki, olimpiya zaxiralari kollejlarida 7 ming nafar bola ta’lim olmoqda. Ularning o‘qishi uchun byudjetdan qancha mablag‘ beriladi. Lekin ularning orasida atigi 70 nafari Olimpiya qatnashchisi bo‘lishi – bu albatta qoniqarsizdir.
Shuning uchun 2021 yildan boshlab har bir sport maktabiga davlat buyurtmasi berish tizimini joriy etish lozim. Bunda sport maktablari tomonidan har yili “sport ustaligiga nomzod”, “sport ustasi”, “xalqaro toifadagi sport ustasi” kabi razryad va unvonlarga ega bo‘lgan sportchilarni tayyorlashga alohida e’tibor qaratiladi. Ushbu tizim orqali sport maktablarining reytingi yuritiladi va ularning faoliyatiga shu asosda baho beriladi.
A.Abduhakimov bir oy muddatda sport maktablarida davlat buyurtmasi tizimini joriy etish bo‘yicha qaror loyihasini ishlab chiqsin.
Beshinchidan, sport turlari bo‘yicha o‘tkazilayotgan mamlakat chempionatlarining saviyasi tushib ketgan. Eng achinarlisi, bu sohada korrupsiya holatlari ko‘zga tashlanmoqda.
Masalan, sport musobaqalarining hududiy bosqichlari o‘tkazilmasdan, faqatgina ma’lum bir toifadagi sportchilarni respublika bosqichiga olib kelish odatiy holga aylangan. Shu bois chempionatlarimizda kuchli sportchilar juda kam, raqobat deyarli yo‘q. Buning ustiga, sportning jamoaviy o‘yin turlari bo‘yicha hududlardan jamoalar yetarlicha ishtirok etmayapti. Federatsiyalar esa chempionatlarni bor-yo‘g‘i 4-5 ta jamoa ishtirokida, nomiga o‘tkazish bilan cheklanib qolmoqda. 2021 yilda basketbol va suv polosi bo‘yicha O‘zbekiston chempionatlarida 4 tadan jamoa qatnashgani bunga misol bo‘la oladi.
Sport yo‘nalishidagi vazifalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun sohada birinchi navbatda davlat boshqaruvini yanada takomillashtirish talab etiladi.
Bosh vazir A.Aripov bir oy muddatda Turizm va sport vazirligining tuzilmasini qayta ko‘rib chiqish hamda jamoaviy sport musobaqalarini o‘tkazishni takomillashtirish yuzasidan tegishli qaror loyihasini kiritsin.
Oltinchidan, Olimpiya zaxirasidagi sportchilarning jismoniy, tibbiy va psixologik holati hamda farmakologik ta’minotini yaxshilash, bunda ilg‘or xorijiy tajriba bilan birga ilmiy yondashuv va xalq tabobatini qo‘llash muhim hisoblanadi.
Sportchilarning jismoniy va ruhiy tiklanishiga yordam beradigan, ularning salomatligi va jismoniy qobiliyatiga ijobiy ta’sir etadigan mahalliy oziq-ovqatlar ro‘yxati hamda optimal ovqatlanish ratsionlarini ishlab chiqib, amaliyotga joriy etish lozim.
Olimpiya terma jamoalari sportchilarining ruhiy tayyorgarligiga alohida e’tibor qaratish juda muhim. Chunki sportchining ruhiy tayyorgarligi, o‘ziga ishonchi qanchalik kuchli bo‘lsa, albatta, natija ham shuncha yaxshi bo‘ladi. Shu maqsadda Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazida sport psixologiyasi va diyetologiyasi bo‘limlarini tashkil etish lozim.
Milliy olimpiya qo‘mitasi sog‘liqni saqlash vaziri A.Hojiboyev va moliya vaziri T.Ishmetov bilan birgalikda bir oy muddatda Qo‘mita qoshidagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazini zamonaviy tibbiyot uskunalari bilan jihozlash bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
Yettinchidan, yozgi va qishki Olimpiya hamda Paralimpiya o‘yinlari, nufuzli xalqaro musobaqalarning g‘olib va sovrindorlari hamda ularning trenerlarini rag‘batlantirishning zamonaviy tizimini joriy etish zarur.
Shu maqsadda o‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi jahon musobaqalarining g‘olib va sovrindorlarini hamda ularni ana shu musobaqalarga tayyorlagan murabbiylarni ham rag‘batlantirishni kengaytiramiz. Bunda oltin medal sovrindoriga – 3 ming dollar, treneriga – 2 ming dollar, kumush medal sohibiga – 2 ming dollar, treneriga – 1 ming dollar, bronza medali uchun – 1 ming dollar, treneriga – 500 dollar miqdorida mukofot puli beriladi.
Bundan tashqari, nufuzli xalqaro chempionatlar g‘oliblarining ustozlari “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi”, “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sport ustozi” faxriy unvonlari bilan taqdirlanadi.
A.Abduhakimov, T.Ishmetov Milliy olimpiya qo‘mitasi va Milliy paralimpiya qo‘mitasi bilan birgalikda uch oy muddatda sportni moliyalashtirish tizimini tubdan qayta ko‘rib chiqib, uni zamonaviy talablar asosida takomillashtirish yuzasidan taklif kiritsin. Bunda ushbu jarayonning shaffof bo‘lishi hamda sarflangan mablag‘larning natijadorligiga, iqtidorli sportchilarni tayyorlagan birinchi trenerlarni ham moddiy rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratilsin.
Sakkizinchidan, hududlarda iqtidorli sportchi yoshlarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya) hamda O‘zbekiston chempionatlarini tashkil etish ishlarini to‘liq raqamlashtirish zarur. Bu, o‘z navbatida, olimpiya sport turlari bo‘yicha terma jamoalarga sportchilarni jalb etish tizimini adolatli tashkil etishga xizmat qiladi.
Bosh vazir o‘rinbosari A.Abduhakimov, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh.Sodiqov yil yakuniga qadar Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan Olimpiya zaxiralari sport platformasini ishga tushirsin.
Aziz do‘stlar!
Biz Olimpiya va Paralimpiya zaxiralarini tayyorlash uchun munosib sharoitlar yaratish va 2024 yilgacha sport infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha davlat dasturini amalga oshiramiz. Sport muassasalaridagi eskirgan jihozlarning qariyb 50 foizi yangilanadi.
Bundan tashqari, keyingi Olimpiya o‘yinlari va yirik xalqaro sport musobaqalariga tizimli tayyorgarlik ko‘rishimiz zarur. Hozirgi vaqtda 2025 yili Toshkentda yoshlar o‘rtasida bo‘lib o‘tadigan Osiyo o‘yinlarini yuqori saviyada tashkil etish maqsadida “Olimpiya va Paralimpiya shaharchasi”ni barpo etish ishlari jadal olib borilmoqda. Ushbu shaharcha hududida boks, sport kurashlari, suv sporti, eshkak eshish kabi federatsiyalar uchun ham tayyorgarlik markazlari tashkil etiladi.
Ishonamanki, eng zamonaviy sharoit va texnologiyalarga ega bo‘ladigan mazkur inshoot O‘zbekistonning sport sohasidagi yangi qiyofasini o‘zida mujassam etadigan yirik majmua bo‘ladi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslarning sport bilan shug‘ullanishlari uchun zarur sharoitlar yaratish, ularning xalqaro turnirlarda munosib ishtirok etishini ta’minlash va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi tizim joriy qilindi.
Biz bundan buyon Olimpiya va Paralimpiya sportini yaxlit bir tizim sifatida ko‘ramiz, ular uchun keng sharoit va imkoniyatlar hamda rag‘batlantirish tizimini yaratamiz.
Xabaringiz bor, 24 avgust kuni Tokioda yozgi Paralimpiya o‘yinlari boshlanadi. Ushbu nufuzli musobaqada ham vakillarimiz muvaffaqiyatli ishtirok etib, Vatanimiz sha’nini munosib himoya qiladilar, deb ishonamiz.
Bugungi tantanali marosimda bir guruh paralimpiya sportchilarimiz ham qatnashmoqda. Fursatdan foydalanib, bo‘lg‘usi musobaqalarda ularning barchasiga omad va zafarlar tilab qolamiz.
Hurmatli sportimiz fidoyilari!
Hammangiz ko‘rib turibsiz, bugungi kunda dunyoda pandemiya ta’sir qilmagan soha qolmayapti. Ayniqsa, sport musobaqalarini tashkil etishdagi murakkab vaziyat sportchilarning ruhiy holatiga ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Shuning uchun mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanib, har qanday sinovlar paytida ham sport musobaqalariga tayyorgarlikni susaytirmasligimiz shart.
Sizlar erishgan yutuqlar bilan cheklanmasdan, bu boradagi shonli an’analarimizni munosib davom ettirasiz va jahondagi eng nufuzli musobaqalarda Yangi O‘zbekistonimiz bayrog‘ini yanada baland ko‘tarasiz, deb ishonaman.
Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga muvofiq, Tokio Olimpiadasida g‘olib va sovrindor bo‘lgan sportchilarimiz hamda ularning murabbiylari davlatimizning faxriy unvon, orden va medallari bilan mukofotlandilar.
Hurmatli sportchilar, muhtaram ustoz va murabbiylar!
Hozirgina sizlarga topshirilgan yuksak mukofotlar barchangizning mehnatingiz, iste’dod va mahoratingizga xalqimiz va Vatanimiz tomonidan berilgan munosib baho, e’tirof ramzidir. Aminmanki, bu ehtirom va ishonch sizlarga yangi kuch-g‘ayrat bag‘ishlab, yanada ulkan g‘alabalarga chorlaydi.
Ana shunday ezgu maqsad yo‘lida barchangizga sihat-salomatlik, kuch-g‘ayrat, oilaviy baxt va omad yor bo‘lishini tilayman.
Fursatdan foydalanib, sizlarni yaqinlashib kelayotgan eng ulug‘ va eng aziz bayramimiz – Vatanimiz mustaqilligining 30 yilligi bilan chin qalbimdan tabriklayman.
Katta rahmat sizlarga, doimo sog‘-omon bo‘linglar!