01.05.2017
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish tizimini yanada takomillashtirish, xalqaro standartlarni va texnik reglamentlarni tizimli joriy etish, O‘zbekiston Respublikasi Milliy etalonlar bazasini rivojlantirish asosida mahalliy mahsulotlarning raqobatdoshligini oshirish, shuningdek, “O‘zstandart” agentligining tuzilmasini xalqaro talablarga muvofiqlashtirish maqsadida:
1. O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligining ustuvor vazifalari va yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilansin:
mahalliy mahsulotlarni ishlab chiqarishda xalqaro standartlar va texnik reglamentlarni jadal joriy etish orqali ularning zamonaviy talablarga muvofiqligini ta’minlash va tashqi bozorlarda raqobatdoshligini oshirish;
mahsulot sifatini boshqarishning zamonaviy tizimlarini birinchi navbatda eksport qiluvchi korxonalarda keng joriy etish va sanoat mahsulotlarini xalqaro standartlarga muvofiq sertifikatlashtirishni amalga oshirish;
eksport qiluvchi korxonalarga mahsulotlarni sertifikatlashtirish masalalarida qulay sharoitlarni yaratish, milliy sertifikatlar va muvofiqlikni baholash ishlari natijalari asosiy eksport bozorlarida tan olinishiga yo‘naltirilgan xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni faollashtirish;
texnik jihatdan tartibga solish va metrologiya tizimlarini yanada rivojlantirish, sotiladigan mahsulotlar xavfsizligini tizimli nazorat qilishni ta’minlashda ularning samaradorligini oshirish;
zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, tadbirkorlik subyektlari va aholiga ko‘rsatiladigan interaktiv davlat xizmatlari turlarini kengaytirish;
texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, metrologiya, sertifikatlashtirish va akkreditatsiya sohalarida kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etish.
2. “O‘zstandart” agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining:
a) “Respublika sinov va sertifikatlashtirish markazi” davlat korxonasini, unga:
“Toshkent shahar sinov va sertifikatlashtirish markazi” davlat korxonasini qo‘shish;
“O‘zstandart” agentligi markaziy apparati tuzilmasidan chiqarilayotgan Mahsulotlarni eksport qilishga ko‘maklashish byurosini o‘tkazish yo‘li bilan qayta tashkil etish;
b) “O‘zstandart” agentligi qoshida:
“O‘zbekiston muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiya qilish markazi” davlat korxonasini (“O‘zbekakkreditatsiya” DK) tashkil etish;
mavjud “Milliy etalonlar markazi” davlat muassasasi, “Metrologiya xizmatlari ko‘rsatish markazi” davlat korxonasi va “Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish ilmiy- tadqiqot instituti” davlat muassasasining metrologik bo‘linmalari negizida “O‘zbekiston milliy metrologiya instituti” davlat korxonasini (“O‘zMMI” DK) tashkil etish to‘g‘risidagi takliflari qabul qilinsin.
3. Quyidagilar davlat korxonalari faoliyatining asosiy vazifalari va yo‘nalishlari etib belgilansin:
a) “O‘zbekiston muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiya qilish markazi” davlat korxonasining:
muvofiqlikni baholash sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etishi;
muvofiqlikni baholash organlari va metrologik xizmatlarni xalqaro standartlarga muvofiq akkreditatsiya qilish, shuningdek, muvofiqlikni baholash organlari va metrologik xizmatlari tomonidan belgilangan shartlar va talablar bajarilishi ustidan inspeksiya nazoratini amalga oshirishi;
xalqaro va milliy akkreditatsiya organlari bilan faol hamkorlik qilishi;
b) “O‘zbekiston milliy metrologiya instituti” davlat korxonasining:
O‘zbekiston Respublikasi Milliy etalonlar bazasini takomillashtirish va rivojlantirish bo‘yicha choralarni amalga oshirishi;
etalonlar, eng yuqori aniqlikdagi o‘lchov vositalarini saqlab turishi, ularni xalqaro darajada solishtirishi, shuningdek, o‘lchov birliklarini saqlashi va uzatishi;
o‘lchovlarning yagona birlikda bo‘lishini ta’minlash bo‘yicha normativ hujjatlarni ishlab chiqishi, metrologik nazorat natijalarini o‘zaro tan olish bo‘yicha xalqaro shartnomalarni amalga oshirishi;
metrologik tekshiruvni va metrologiya sohasida ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirishi.
4. 2017-2020-yillarda “O‘zstandart” agentligi faoliyatini yanada takomillashtirish va ish samaradorligini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi 1-ilovaga muvofiq ma’qullansin.
5. O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligining tashkiliy tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq;
O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi markaziy apparati boshqaruv xodimlarining 39 nafardan ko‘p bo‘lmagan yangilangan tuzilmasi 3-ilovaga muvofiq;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar standartlashtirish va metrologiya boshqarmalarining namunaviy tuzilmasi va xodimlarining cheklangan soni 4 va 4"a"-ilovalariga muvofiq;
2018-2021-yillarda “O‘zbekiston milliy metrologiya instituti” davlat korxonasi tomonidan xarid qilinadigan etalonlar va eng yuqori aniqlikdagi o‘lchov vositalari ro‘yxati 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi bosh direktoriga zarur hollarda markaziy apparat va quyi tashkilotlar tuzilmalariga boshqaruv xodimlarining belgilangan umumiy cheklangan soni doirasida o‘zgartishlar kiritish huquqi berilsin.
6. Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirishni rivojlantirish bo‘yicha idoralararo kengash tugatilib, Standartlashtirish, metrologiya, sertifikatlashtirishni rivojlantirish va mahsulot sifatini boshqarish tizimlarini joriy etishni muvofiqlashtirish bo‘yicha maxsus ishchi guruh 6-ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin.
Maxsus ishchi guruh zimmasiga quyidagi asosiy vazifalar yuklansin:
standartlashtirish, metrologiya, sertifikatlashtirish va mahsulotlar sifatini boshqarish tizimlarini joriy etish sohasidagi ustuvor yo‘nalishlarni belgilash hamda qonunchilik va normativ hujjatlarni ishlab chiqishni tashkillashtirish;
texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, metrologiya, sertifikatlashtirish va akkreditatsiyaning milliy tizimlarini rivojlantirish bo‘yicha kompleks dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishni tashkillashtirish;
respublikamiz korxonalarida xalqaro standartlarga muvofiq bo‘lgan mahsulot sifatini boshqarish tizimlarini joriy etish va sertifikatlashtirish ishlarini muvofiqlashtirish va ularning tizimli monitoringini amalga oshirish.
7. “O‘zstandart” agentligi ikki oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi va Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasining Parij shahrida 1875-yil 20-mayda qabul qilingan Metrik konvensiyaga qo‘shilish masalasini o‘rganib chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga tegishli taklif kiritsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi har yili Davlat byudjeti parametrlarini shakllantirishda 5-ilovada qayd etilgan etalonlar va yuqori aniqlikdagi o‘lchash vositalarini xarid qilish uchun zarur bo‘lgan mablag‘ni nazarda tutsin.
9. “O‘zbekiston milliy metrologiya instituti” davlat korxonasi Toshkent shahri, Olmazor tumani, Forobiy ko‘chasi, 333"a", 333"b" uylarda;
“O‘zbekiston muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiya qilish markazi” davlat korxonasi Toshkent shahri, Olmazor tumani, Forobiy va Harakat ko‘chalarida joylashtirilsin.
10. “O‘zstandart” agentligi yangi tashkil etilgan “O‘zbekiston muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiya qilish markazi” davlat korxonasini yuqori malakali kadrlar, moddiy-texnik va moliyaviy manbalar bilan ta’minlash orqali uning samarali faoliyat yuritishini tashkil etsin.
11. Istisno tariqasida:
“O‘zbekiston milliy metrologiya instituti” davlat korxonasiga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda, etalonlarni tayyorlashga ixtisoslashgan yetakchi xorijiy metrologik tashkilotlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzish orqali etalonlar va eng yuqori aniqlikdagi o‘lchov vositalarini xarid qilish;
“O‘zstandart” agentligi va uning tashkiliy tuzilmalariga “Shtrixli kodlash va axborot texnologiyalari markazi” davlat korxonasi bilan texnik va tizimli xizmat ko‘rsatish, jumladan, server va telekommunikatsiya uskunalariga, komputer va tashkiliy texnikaga xizmat ko‘rsatish, dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish va kuzatib borish, shuningdek, axborot xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha tender (tanlov) o‘tkazmagan holda shartnomalar tuzish ruxsat etilsin.
12. “O‘zstandart” agentligi bir oy muddatda:
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda “O‘zstandart” agentligi va uning bo‘linmalari shtat jadvallari va xarajatlar smetasiga 2017-yil uchun smeta xarajatlarida nazarda tutilgan shtat birliklari va byudjet ajratmalari doirasida, mazkur qarordan kelib chiqadigan tegishli o‘zgartishlar kiritsin;
belgilangan tartibda “O‘zbekiston muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiya qilish markazi” va “O‘zbekiston milliy metrologiya instituti” davlat korxonalari nizomlarini tasdiqlasin va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta’minlasin;
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar taqdim etsin.
13. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari U.U.Rozuqulov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2017-yil 28-aprel
Mahalliy mahsulotlarning sifati va xorijiy bozorlardagi raqobatdoshligini ta’minlashning muhim omillaridan biri standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish sohasidagi milliy normativ-huquqiy bazaning xalqaro talablarga mos darajasi, shuningdek, respublikamizning sinov va o‘lchash laboratoriyalari moddiy-texnik bazasining holati hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasida keyingi yillarda ko‘rsatib o‘tilgan soha va tarmoqlarda aniq maqsadga yo‘naltirilgan kompleks tadbirlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
Xususan, mazkur sohada qonuniy bazani takomillashtirish doirasida xalqaro qoida va amaliyotni inobatga olgan holda O‘zbekiston Respublikasining “Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida” (2009-yil) va “Muvofiqlikni baholash to‘g‘risida”gi (2013-yil) qonunlari qabul qilindi. Ushbu qonunlar ichki bozorning sifatsiz mahsulotlardan himoya qilinishi hamda respublikamiz laboratoriyalari tomonidan o‘tkazilgan sinovlar natijalarining xalqaro darajada tan olinishini ta’minlashda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining “Standartlashtirish to‘g‘risida”, “Mahsulot va xizmatlarni sertifikatlashtirish to‘g‘risida” va “Metrologiya to‘g‘risida”gi qonunlariga kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari uchun sertifikatlashtirish hamda standartlarni qabul qilish va joriy etish jarayonlarini soddalashtirishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.
Tadbirkorlik subyektlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida majburiy sertifikatlanishi lozim bo‘lgan mahsulotlar ro‘yxati keskin qisqartirildi. Eksportga yo‘naltirilayotgan mahsulotlarni sertifikatlashtirish ixtiyoriy ravishda amalga oshirilishi belgilandi, o‘lchash vositalarini tayyorlash, sotish va ijaraga berish faoliyatini litsenziyalash jarayoni bekor qilindi.
Sertifikatlashtirish va standartlashtirish qoidalariga rioya etilmaganligi uchun xo‘jalik yurituvchi subyektlarga nisbatan iqtisodiy sanksiyalar qo‘llash me’yorlari bekor qilinib, mansabdor shaxslarning ma’muriy javobgarligi kuchaytirildi. Shuningdek, 23 ta texnik reglamentni qabul qilish hisobiga 700 dan ortiq standart ixtiyoriy turga o‘tkazildi.
Shu bilan birga, sohadagi ishlarning tahlili vakolatli davlat boshqaruvi idorasi sifatida “O‘zstandart” agentligining faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan bir qator yechimi topilmagan masalalar mavjudligini ko‘rsatmoqda.
Birinchidan, agentlikning tashkiliy tuzilmasi xalqaro talablarga mos emas, yuklangan vazifalarning samarali bajarilishini ta’minlab bera olmas edi.
Ikkinchidan, ISO xalqaro tashkiloti standartlarini qabul qilish borasidagi faoliyat lozim darajada tashkil etilmagan, standartlashtirish bo‘yicha me’yoriy hujjatlar milliy fondida ushbu tashkilot standartlari 13 foizni tashkil etar edi, xolos.
Uchinchidan, Agentlik tomonidan xalqaro sifatni boshqarish tizimlarini joriy etish bo‘yicha respublikamizdagi korxonalarga uslubiy yordam ko‘rsatish yetarli darajada tashkil etilmagan edi.
To‘rtinchidan, respublikamizning mavjud etalonlar bazasi ayrim sanoat tarmoqlarida foydalanilayotgan yuqori aniqlikdagi asboblarning metrologik tekshiruvini to‘la qamrab olish imkonini bermas edi.
Yuqorida keltirilgan masalalarni hal etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligining ustuvor vazifalari va yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilandi:
mahalliy mahsulotlarni ishlab chiqarishda xalqaro standartlar va texnik reglamentlarni jadal joriy etish orqali ularning zamonaviy talablarga muvofiqligini ta’minlash va tashqi bozorlarda raqobatdoshligini oshirish;
mahsulot sifatini boshqarishning zamonaviy tizimlarini birinchi navbatda eksport qiluvchi korxonalarda keng joriy etish va sanoat mahsulotlarining xalqaro standartlarga muvofiqligini sertifikatlashtirishni amalga oshirish;
eksportchi korxonalarga mahsulotlarni sertifikatlashtirish masalalarida qulay sharoitlarni yaratish, milliy sertifikatlar va muvofiqlikni baholash ishlari natijalari asosiy eksport bozorlarida tan olinishiga yo‘naltirilgan xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni faollashtirish;
texnik jihatdan tartibga solish va metrologiya tizimlarini yanada rivojlantirish, realizatsiya qilinadigan mahsulotlar xavfsizligining tizimli nazoratini ta’minlash samaradorligini oshirish;
zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, tadbirkorlik subyektlari va aholiga ko‘rsatiladigan interaktiv davlat xizmatlari turlarini kengaytirish;
texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, metrologiya, sertifikatlashtirish va akkreditatsiya sohalarida kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etish.
Shuningdek, mazkur qaror bilan 2017-2020-yillarda “O‘zstandart” agentligi faoliyatini yanada takomillashtirish va ish samaradorligini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi qabul qilindi. U quyidagi jihatlarni nazarda tutadi:
standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish sohalarida qonuniy bazani takomillashtirish;
“O‘zstandart” agentligining sinov laboratoriyalari va hududiy markazlarini zamonaviy yuqori aniqlikdagi o‘lchash va sinov uskunalari bilan qayta jihozlash va modernizatsiya qilishni davom ettirish;
2 mingdan ortiq xalqaro standartlarni bosqichma-bosqich qabul qilish orqali ularning standartlashtirish bo‘yicha me’yoriy hujjatlar milliy fondidagi ulushini ikki barobarga oshirish;
9 mingdan ortiq korxonada xalqaro standartlarga mos keladigan sifat menejmenti tizimlarini joriy etish, 2020-yilga qadar bunday korxonalar sonini 4,6 barobarga oshirish;
“O‘zstandart” agentligi laboratoriyalarini xalqaro darajada tan olingan tashkilotlarda akkreditatsiya qilish yo‘li bilan ularda amalga oshirilgan sinov natijalarining jahon miqyosida tan olinishi uchun shart-sharoitlar yaratish;
standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, “O‘zstandart” agentligi xodimlar salohiyatini oshirish va uning faoliyatiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilishini chuqurlashtirish.
Ushbu qaror bilan “O‘zstandart” agentligi qoshida “O‘zbekiston muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiya qilish markazi” va “O‘zbekiston milliy metrologiya instituti” davlat korxonalarini tashkil etish hamda “Respublika sinov va sertifikatlashtirish markazi” davlat korxonasini qayta tashkil etishni nazarda tutgan holda “O‘zstandart” agentligining yangilangan tashkiliy tuzilmasi tasdiqlandi.
Shuningdek, tasdiqlanayotgan ro‘yxatga muvofiq etalonlar va yuqori aniqlikdagi o‘lchash vositalarini davlat byudjetidan moliyalashtirish hisobiga xarid qilish orqali respublika etalon bazasini yanada rivojlantirish ko‘zda tutilgan.
Tasdiqlangan chora-tadbirlar dasturining samarali ijrosini ta’minlash maqsadida standartlashtirish, metrologiya, sertifikatlashtirish va sifat menejmenti tizimlarini joriy etishni muvofiqlashtirish bo‘yicha maxsus ishchi guruh tashkil etildi.
Ushbu qarorning amalga oshirilishi:
birinchidan, milliy standartlarni xalqaro talablar bilan moslashtirish hamda zamonaviy sifat menejmenti tizimlarini keng joriy etish asosida mahalliy mahsulotlarning raqobatdoshligini oshirish va tashqi savdodagi texnik to‘siqlarni bartaraf etish;
ikkinchidan, mahalliy mahsulotlarni eksport qilishda milliy laboratoriyalar tomonidan amalga oshirilgan o‘lchash va sinov natijalarining chet ellarda tan olinishi uchun asos yaratish;
uchinchidan, sanoat tarmoqlarida qo‘llanilayotgan yuqori aniqlikdagi asboblarni to‘liq metrologik tekshiruvdan o‘tkazish, bir qator etalonlar va eng yuqori aniqlikda o‘lchash vositalarini xarid qilish orqali milliy korxonalarning xorijiy mamlakatlar metrologiya institutiga bog‘liqligini kamaytirish imkonini beradi.