27.04.2017
Davlatimiz rahbari Jizzax viloyatiga tashrifi davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Jizzax viloyatidagi Xalq qabulxonasida bo‘ldi.
Prezidentimiz taklifi bilan 2017-yil mamlakatimizda Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb e’lon qilindi. Xalqni eshitish, aholining talab va istaklarini ro‘yobga chiqarish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. 2016-yil 28-dekabrda Prezidentimizning «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi.
Mazkur farmonga muvofiq Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari, Toshkent shahrida, shuningdek, har bir tuman va shaharda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Jizzax viloyatidagi Xalq qabulxonasida ham fuqarolarning davlat organlariga murojaat qilishiga oid konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlash uchun barcha qulaylik yaratilgan.
Xalq qabulxonasi Jizzax shahri, Sh.Rashidov shohko‘chasi, 117- uyda joylashgan.