22.04.2017
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev poytaxtimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, ijtimoiy-iqtisodiy loyihalar bilan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 21-aprel kuni Olmazor tumanida bo‘ldi.
Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili mazmun-mohiyati har jabhada namoyon bo‘lmoqda. Davlatimiz rahbari viloyatlar, poytaxtimiz tumanlariga tashrif buyurib, odamlar bilan muloqot qilmoqda, masalalarni joyida o‘rganib, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotga doir ustuvor vazifalarni belgilab bermoqda.
Mamlakatimizning barcha hududlari kabi Olmazor tumanida ham ishlab chiqarishni rivojlantirish, ijtimoiy obyektlar bunyod etish, mahalla va turar joylarni obod qilish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev mazkur tumanda barpo etiladigan yangi savdo markazi va ko‘p qavatli uylar loyihalari bilan tanishdi.
Nurafshon va Forobiy ko‘chalari kesishgan joyda uch qavatli “Eski shahar” savdo markazi barpo etiladi. Bu yerda xaridorlarga qulayliklar yaratish maqsadida kafe, galereya, bolalar o‘yin maydonchalari, avtomobillar to‘xtash joyi va boshqa obyektlar quriladi. Markaz ishga tushgach, 250 kishi ish bilan ta’minlanadi.
Davlatimiz rahbari mazkur savdo kompleksi quriladigan joyni ko‘zdan kechirdi. Markazning uchinchi qavatida “Kitob olami” do‘koni va milliy kino san’atimiz xazinasidan o‘rin olgan filmlar namoyish qilinadigan kinozal barpo etish kerakligini ta’kidladi. Poytaxtimizda bunday yirik inshootni barpo etishdan maqsad Eski shahar aholisining turmush farovonligini yanada oshirishdir. Buning uchun kompleksni zamonaviy arxitektura talablari asosida qurish, atrofini obodonlashtirish, odamlarga qulayliklar yaratishga alohida e’tibor qaratish zarur.
Mutasaddi rahbarlarga 2018-yil Navro‘z bayramigacha mazkur obyektni foydalanishga topshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Davlatimiz rahbari shu yil 3-fevral kuni Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari va yirik loyihalar bilan tanishish chog‘ida aholining ehtiyoji, talabidan kelib chiqib, poytaxtimizning barcha tumanlarida ko‘p qavatli zamonaviy arzon uylar qurish rejalashtirilayotganini qayd etgan edi. Prezidentimizning 2017-yil 13-martdagi 2017-2021-yillarda Toshkent shahrida ko‘p qavatli arzon uylar qurish ko‘lamini kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarori bu boradagi ishlarni tizimli yo‘lga qo‘yishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
Mazkur hujjatga muvofiq Kichik halqa yo‘li va Qorasaroy ko‘chasi kesishgan hududda 7 qavatli 12 turar joy barpo etish bo‘yicha loyiha ishlab chiqildi. 800 xonadonga mo‘ljallangan ushbu uylar ehtiyojmand oilalarning yashash sharoitini yaxshilash, ularni arzon, zamonaviy uy bilan ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Prezidentimiz Eski shaharda yashovchi uy-joyga muhtoj oilalarni hisobga olish, uylar taqsimotida adolat mezonlariga qat’iy rioya qilinishi zarurligini qayd etdi.
Uylarni qurish uchun 5 gektardan ziyod yer ajratiladi. Turar joylarni loyihalashtirishda iqlim sharoiti, sanitariya va xavfsizlik talablari hamda xalqimizning milliy hayot tarziga xos boshqa jihatlar hisobga olingan.
Davlatimiz rahbari Qichqiriq kanali bo‘yida bunyod etiladigan yangi madaniyat va istirohat bog‘i loyihasi bilan ham tanishdi. Mazkur bog‘ni aholi farzandlari bilan sayr qiladigan, hordiq chiqaradigan maskanga aylantirish, bunda Toshkentning qadimiy an’analarini hisobga olish lozimligi alohida ta’kidlandi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev «Tabassum» mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘lib, mahalla hayoti bilan tanishdi, aholi bilan muloqot qildi. Uchrashuvda tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha islohotlar, yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, kitobxonlik madaniyatini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritildi.
Mahallalar tom ma’noda madaniyat va ma’naviyat maskaniga aylanmog‘i lozim, buning uchun aholi, ayniqsa, yoshlarning kitobga qiziqishini oshirish zarur, dedi Shavkat Mirziyoyev. Kitob insonga bilim beradi, uning ma’naviy olamini boyitadi, Vatanni sevishga o‘rgatadi.
Tabassum mahallasidagi 27 ko‘p qavatli uyda 5 ming 300 dan ziyod aholi istiqomat qiladi. Mahalla fuqarolar yig‘ini markazi binosida qurilish ishlari amalga oshirilmoqda. Bu yerda mahalla raisi, kotib va maslahatchilar, profilaktika inspektori uchun alohida xizmat xonalari bo‘lishi ko‘zda tutilgan. Sartaroshxona, "Go‘zallik saloni", savdo do‘koni, novvoyxona qurish rejalashtirilgan. Bu xalqimizga xos hamjihatlik, mehr-oqibat fazilatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Yaqinda mahalla hududida bolalar maydonchasi, mini-futbol maydoni qurilib, foydalanishga topshirildi.
Har bir rahbar odamlarning dardiga quloq solishi, muammolarini hal qilishi, bir so‘z bilan aytganda, ularni rozi qilish tashvishi bilan ishlashi kerak, dedi davlatimiz rahbari. Shunda ularning davlatga, kelajakka ishonchi ortadi. Mahallalarni obod qilish, xalqqa barcha qulay sharoitlarni yaratish bu borada muhim ahamiyatga ega.
Mahalladagi ko‘p qavatli uylar, maktabgacha ta’lim muassasalari atrofini obodonlashtirish, yo‘laklarni ta’mirlash bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatmalar berildi.
Shavkat Mirziyoyev Talabalar shaharchasi hududida quriladigan axborot-resurs markazi loyihasi bilan tanishdi.
Mamlakatimizda ta’lim tizimi izchil takomillashtirilmoqda. Davlatimiz rahbarining joriy yil 20-apreldagi «Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori mazkur tizim sifatini yangi bosqichga ko‘taradi.
Ushbu qarorda ko‘plab chora-tadbirlar qatori yangi avlod o‘quv adabiyotlari yaratish, ularni oliy ta’lim muassasalarining ta’lim jarayoniga keng tatbiq etish, oliy ta’lim muassasalarini zamonaviy o‘quv, o‘quv-metodik va ilmiy adabiyotlar bilan ta’minlash, jumladan, eng yangi xorijiy adabiyotlarni sotib olish va tarjima qilish, axborot-resurs markazlari fondlarini muntazam yangilab borish bo‘yicha vazifalar belgilangan.
Yangi markaz ana shunday zamonaviy talablarga javob beradi. Majmua elektron-resurslar, davriy adabiyotlar, mutolaa, multimedia va konferensiya zallarini o‘z ichiga oladi. Bu Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti, Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti, Abdulla Avloniy nomidagi xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markaziy instituti, o‘rta maxsus ta’lim maskanlari o‘quvchi va talabalari, professor-o‘qituvchilariga katta qulaylik yaratadi.
Prezidentimiz markaz loyihasi va konsepsiyasini takomillashtirish, uning faoliyati doirasini kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Majmuani Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi O‘zbekiston talabalarining Milliy ilmiy-ma’rifiy markazi tarzida tashkil etish zarurligini ta’kidladi. Bu yerda barcha fanlar bo‘yicha ma’lumotlar bazasi bo‘ladi. Zamonaviy texnologiyalar vositasida undan mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalari foydalanadi. Dunyoning yetakchi universitetlari bilan hamkorlik o‘rnatilib, ulardagi ma’ruzalarni onlayn tarzda kuzatish imkoniyati yaratiladi. Markaz atrofida bog‘ barpo etiladi, O‘zbekiston va jahon mutafakkirlarining byustlari o‘rnatiladi.
Shavkat Mirziyoyev “Oniks Toshkent” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga tashrif buyurdi.
Korxona Markaziy Osiyoda yagona bo‘lib, bir sutkada 20 tonna natriy-kalsiylik zamonaviy shisha idishlar ishlab chiqaradi. Yevropaning yetakchi mamlakatlarida ishlab chiqarilgan zamonaviy dastgohlar bilan jihozlangan korxonada 200 kishi mehnat qiladi.
Prezidentimiz korxonada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar namunalarini ko‘zdan kechirdi.
Shu yerda 2017-2018-yillarda Olmazor tumanining sanoat va xizmatlar sohasini rivojlantirish bo‘yicha loyiha taqdimoti bo‘ldi. Unda aholini tadbirkorlikka jalb qilish, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ish bilan ta’minlash, bo‘sh turgan va qurilishi tugallanmagan bino va inshootlardan samarali foydalanish ko‘zda tutilgan.
Shavkat Mirziyoyev bo‘sh turgan binolar bazasida zamonaviy va talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
“O‘zsanoatqurilishbank”, “Asaka" banki, Xalq banki, Milliy bank, “Ipoteka-bank”, “Ipak yo‘li” banklari tomonidan Olmazor tumanida ishga tushirilayotgan yangi loyihalarga imtiyozli kreditlar ajratilmoqda. “Art vud grup” MChJ tomonidan yog‘och mahsulotlaridan LDSP va LMDF ishlab chiqarish loyihasi shulardan biri. Korxona mahsulotlaridan zamonaviy mebel va buyumlar tayyorlashda foydalaniladi. “Ijod-ijod” xususiy korxonasi sopol buyumlar, “Euroasia Alliance Teks" MChJ dag‘al ip gazlama, “Stanko Stroitel” MChJ metall va yog‘ochga ishlov beradigan dastgohlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadi.
“Inter kapital” MChJga qarashli bino va inshootlarda dori vositalari ishlab chiqarish, “Galenika” MChJda esa yiliga 60 dan ortiq turdagi 225 million dona tabletka, kapsula, sashe va boshqa import o‘rnini bosuvchi dori vositalari ishlab chiqariladi.
Prezidentimiz mazkur loyihalarni ishga tushirish muddati va yaratiladigan ish o‘rinlari bilan qiziqdi.
Loyihalarda qurilish materiallari, yog‘och, metall, polisterolbeton plitalari, oynani qayta ishlash, maxsus ishchi kiyimlari, qandolatchilik mahsulotlari, tibbiyot buyumlari, non va non mahsulotlari, oziq-ovqat, yengil sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish, tibbiy diagnostika markazi ochish ko‘zda tutilgan.
Prezidentimiz tumandagi Imom Termiziy jome’ masjidida bo‘ldi.
Butun dunyoda buyuk ajdodlarimizning so‘nmas dahosiga hurmat-ehtirom, ularning boy ilmiy merosini o‘rganishga qiziqish hamisha yuqori bo‘lgan. Xorijiy mamlakatlarda ularning hayoti va faoliyati haqida ilmiy va badiiy asarlar yaratilgan.
Birinchi Prezidentimiz rahnamoligida buyuk olim va mutafakkirlarimiz, qadimiy shaharlarimiz yubileylari xalqaro miqyosda keng nishonlandi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida ulug‘ allomalarimiz, aziz-avliyolarimiz qadamjolarini obod etish ishlari izchil davom ettirilmoqda. Milliy ma’naviy merosimizni tiklash va asrab-avaylash, ilm-fan va ta’limni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Buyuk bobolarimiz tafakkuri mahsuli bo‘lgan tarix, adabiyot, san’at, axloq, falsafa, tibbiyot, matematika, kimyo, astronomiya, me’morlik, din va boshqa sohalarga oid minglab noyob asarlar bizning bebaho boyligimizdir.
Islom madaniyati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk ajdodimiz Abu Iso Termiziyning benazir merosini ilmiy asosda chuqur o‘rganish bo‘yicha samarali ishlar amalga oshirilmoqda.
Biz baxtiyor avlodmiz, baxtli xalqmiz, chunki shunday buyuk allomalarning vorisimiz, dedi Prezidentimiz. Xalqimiz farovonligi, mamlakatimiz ravnaqi yo‘lida qilayotgan ishlarimiz bilan ulug‘ ajdodlarimizga munosib bo‘lishimiz kerak. Bu barchamizdan yuksak mas’uliyat talab qiladi.
Hazrati Imom (Hastimom) majmuasida Islom madaniyati markazini tashkil qilamiz, dedi Shavkat Mirziyoyev. Yurtdoshlarimiz, mamlakatimizga keladigan mehmonlar bu yerda buyuk allomalarimizning bebaho merosi bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lmog‘i lozim.
Mutasaddilarga masjidni rekonstruksiya qilish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda Toshkent shahri va tumanlar hokimlari, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari, poytaxt jamoatchiligi vakillari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda davlatimiz rahbari asos solgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi, joylardagi Xalq qabulxonalari xalq bilan muloqotning muhim tizimiga aylangani, turli masalalarga o‘z vaqtida yechim topilib, odamlarni rozi qilayotgani ta’kidlandi. 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi mamlakatimiz taraqqiyotini yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qilishi qayd etildi.
Uchrashuvda aholiga zarur sharoitlar yaratish, kommunikatsiya tizimlarini yangilash, hududlarni obodonlashtirish, tadbirkorlikni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.