31.03.2021
Hurmatli Qasim-Jomart Kemelevich!
Hurmatli davlat va hukumat rahbarlari!
Avvalambor, xalqaro Navro‘z bayrami davom etayotgan ushbu fayzli kunlarda Siz, azizlarni ko‘rib turganimdan mamnunman.
Bugungi uchrashuvni tashkil etish tashabbusi bilan chiqqan muhtaram oqsoqolimiz, Qozog‘iston Respublikasining birinchi Prezidenti – Elboshi, Turkiy Kengashning Faxriy raisi Nursulton Abishevich Nazarboyevga chuqur minnatdorchilik izhor etaman.
Anjumanimiz ulug‘ shoir va mutafakkir Xoja Ahmad Yassaviy yashab o‘tgan qadimiy va navqiron Turkiston shahri bilan bog‘langani bejiz emas.
Ushbu shahri azim “Turk dunyosining ruhoniyat poytaxtlaridan biri” sifatida e’lon qilinishida chuqur ramziy ma’no bor.
Ma’lumki, Mir Alisher Navoiy hazrat Yassaviyga “Turkiston mulkining shayxul mashoyixi” deb yuksak baho berganlar.
Ahmad Yassaviyning o‘lmas merosi buyuk ajdodlarimi – Jaloliddin Rumiy va Yunus Emro, Yusuf Xos Hojib, Nizomiy Ganjaviy, Maxtumquli Firog‘iy va Boborahim Mashrab kabi shoirlar qatorida turkiy xalqlarning umumiy ma’naviy boyligi sifatida ardoqlab kelinadi.
Ahmad Yassaviy o‘z davrida butun musulmon olamida “Islom dinining quvvati” deb shuhrat qozongan Buxoroi sharifda Yusuf Hamadoniy, Abduxoliq G‘ijduvoniy kabi mashhur ulamolardan tahsil olgani ota-bobolarimizning doimo safdosh va hamfikr bo‘lib kelganini ko‘rsatadi.
O‘zining diniy-axloqiy qarashlari bilan mintaqamizda ulkan obro‘-e’tibor qozongan hazrat Yassaviyga buyuk Amir Temur chin dildan ixlos qo‘ygani, uning xotirasiga atab muhtasham maqbara bunyod etganini barchamiz yaxshi bilamiz.
Shuningdek, Sohibqiron bobomiz ushbu majmuaning moddiy ta’minoti uchun vaqf tashkil qilgani va bu jamg‘arma asrlar davomida faoliyat ko‘rsatgani el-yurtlarimizning tarixiy birligidan dalolat beradi.
Bugungi kunda Ahmad Yassaviy ziyoratgohini barcha qardosh xalqlarimiz tabarruk qadamjoy sifatida cheksiz qadrlaydi.
Ko‘pmillatli Turkiston shahri so‘nggi yillarda tobora go‘zal va obod bo‘lib borayotgani, ulkan bunyodkorlik maydoniga aylanayotganiga barchamiz hozir videolavhalar orqali guvoh bo‘ldik.
Bugungi fursatdan foydalanib, Ozarbayjon Prezidenti hurmatli Ilhom Geydarovich Aliyev va ozarbayjon xalqini, Tog‘li Qorabog‘ hududini qaytarib, tarixiy adolatni tiklash yo‘lidagi g‘alabasi bilan yana bir bor tabriklayman.
O‘zbekiston Tog‘li Qorabog‘ zaminidagi ko‘hna obidalar, madaniyat va ma’rifat maskanlarini tiklash ishlariga hissa qo‘shishga tayyor ekanini bildiramiz.
Hurmatli sammit ishtirokchilari!
Mushtarak til va yagona din, tarixiy va madaniy rishtalar asosida shakllangan Turkiy Kengash tashkiloti mintaqaviy hamkorlikning samarali mexanizmiga aylanib bormoqda.
Tashkilotimiz o‘z taraqqiyotining yangi davriga qadam qo‘yar ekan, biz har qanday sinov va tahdidlarni birgalikda yengib o‘tishga tayyor bo‘lishimiz, mavjud salohiyatimizdan to‘liq foydalanishimiz zarur.
Bu borada bizning oldimizda muhim vazifalar turibdi.
Birinchidan, iqtisodiy aloqalarni kuchaytirish bizning asosiy maqsadimizga aylanishi darkor.
Ayni paytda ishlab chiqilayotgan “Turkiy dunyo nigohi – 2040” konseptual hujjati asosida hozirgi va pandemiyadan keyingi vaziyatni inobatga olgan holda, a’zo davlatlarga xos, yaqin va o‘rta istiqbolga mo‘ljallangan iqtisodiy hamkorlik strategiyasini tayyorlashni taklif qilamiz.
Bunda asosiy urg‘uni kechayotgan global inqirozning salbiy oqibatlarini bartaraf etish, savdo, investitsiya, sanoat, transport aloqalarini tiklash va yangi sharoitlarda rivojlantirish, elektron tijorat hamda raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, biznes va hududlararo hamkorlik imkoniyatlaridan to‘liq foydalanishga qaratish lozim.
Ikkinchidan, davlatlarimiz o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish va yirik sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirish maqsadida bildirilgan takliflarni qo‘llab-quvvatlagan holda, Turkiy Kengashning o‘z Investitsiyaviy jamg‘armasi hamda Taraqqiyot bankiga ega bo‘lish fursati yetdi, deb hisoblaymiz.Bu borada amaliy ishlarni boshlash tarafdorimiz.
Uchinchidan, mintaqamizning transport va tranzit salohiyatini oshirish biz uchun strategik ahamiyatga ega.
Markaziy Osiyo hududi orqali dunyoning asosiy bozorlariga, jumladan, Xitoy, Hindiston, Pokiston va Osiyoning boshqa mamlakatlariga, Ozarbayjon va Turkiyadan Yevropa davlatlariga chiqish muhimdir.
Mazkur yo‘nalishlarda transport yo‘laklarini rivojlantirish va yirik logistika infratuzilma loyihalarini birgalikda amalga oshirish umumiy manfaatlarimizga to‘liq javob beradi.
To‘rtinchidan, dinimiz tarixida beqiyos iz qoldirgan ulug‘ bobolarimiz merosi bilan keng jamoatchilikni yaqindan tanishtirish ezgu intilishlarimizga mosdir.
Bu borada mamlakatlarimiz hududida joylashgan muqaddas qadamjoylar bo‘ylab “Tabarruk ziyorat” loyihasini amalga oshirishni taklif etamiz.
Buning uchun Kengash doirasida Ziyorat turizmini rivoj-lantirish dasturini qabul qilish maqsadga muvofiqdir.
Beshinchidan, xalqlarimizning dunyoviy fanlar rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasini va boy madaniy merosini chuqur o‘rganish, turli tadqiqotlar olib borish hamda jahon miqyosida targ‘ib etish katta ahamiyatga ega.
Biz “Turkiy dunyoning madaniy poytaxti” maqomini olgan Xiva shahrida sentyabr oyida YuNESKO bilan hamkorlikda “Markaziy Osiyo jahon sivilizatsiyalari chorrahasida” mavzusida xalqaro forum o‘tkazish niyatidamiz.
Fursatdan foydalanib, barcha a’zo davlatlarni ushbu anjumanda ishtirok etishga taklif qilamiz.
Oltinchidan, biz Bokuda o‘tkazilgan sammitda adabiyot va san’at sohasida Xalqaro mukofotni ta’sis etish tashabbusini ilgari surgan edik.
Tashkilotimizga a’zo davlatlarning Siz, hurmatli rahbarlariga Turkiy Kengashning ilm-fan, ta’lim, madaniyat va san’at sohalarini, shuningdek, turkiy dunyo birligini rivojlantirishga ulkan hissa qo‘shgan atoqli shaxslarni rag‘batlantirish maqsadida xalqaro mukofot ta’sis etish haqidagi taklifni ma’qullaganingiz uchun tashakkur izhor etaman.
Ushbu mukofotni Mir Alisher Navoiy nomi bilan atash haqidagi taklifni qo‘llab-quvvatlaganingiz uchun o‘z nomimdan, O‘zbekiston xalqi nomidan chuqur minnatdorlik bildiraman. Bunday hurmat-e’tibor va ishonch biz uchun katta sharafdir.
Biz buni barcha turkiy xalqlarning faxru iftixori bo‘lgan, ulug‘ zot – Alisher Navoiyga yuksak ehtirom ifodasi, deb qabul qilamiz. Bu nufuzli mukofotning ta’sis etilishi turkiy birlik ruhini mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz.
Shu o‘rinda Tashkilotimiz oldida turgan muhim va ustuvor masalalar bugun qabul qilinadigan Turkiston deklaratsiyasida o‘z ifodasini topganini va uni qo‘llab-quvvatlashimizni ma’lum qilaman.
Hurmatli yig‘ilish qatnashchilari!
So‘zimning yakunida Turkiy Kengashning faxriy raisi – oqsoqolimiz, Elboshi Nursulton Abishevichga, Qozog‘iston Prezidenti hurmatli Qasim-Jomart Kemelevich Toqayevga bugungi muloqotni yuqori darajada tashkil etganlari uchun yana bir bor samimiy minnatdorchilik bildiraman.
Barchangizga mustahkam sog‘liq, baxt-saodat, Tashkilotimiz nufuzi va samaradorligini oshirish yo‘lidagi sharafli ishlaringizda ulkan kuch-g‘ayrat va omadlar tilayman.
E’tiboringiz uchun rahmat.