06.03.2021
O‘zbekiston Prezidentining joriy yil 4-martdagi farmoniga muvofiq bir guruh faol xotin-qizlar yuksak unvon, orden va medallar bilan mukofotlangan edi. 3 martdagi Prezident qaroriga binoan esa yigirma sakkiz nafar qiz Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlandi.
Prezident Shavkat Mirziyoev bayram tadbirida ana shu yuksak mukofotlarni tantanali ravishda topshirdi.
- Biz har bir ayol timsolida, avvalo buyuk zot – Ona siymosini ko‘ramiz. Shu bois “Avvalo onangizga, onangizga va yana bir bor onangizga yaxshilik qiling”, degan muborak hadisni doimo yodga olamiz. Unga amal qilib, mo‘'tabar onalarimiz, qadrli opa-singillarimiz, dilbar qizlarimizga e'tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatishni insoniy burchimiz, deb bilamiz. Alisher Navoiy bobomiz aytganlaridek, Sizlarning oldingizdagi bu qarzimiz haqqini ming xazina bilan ham ado etib bo‘lmaydi. Biz yaxshi tushunamiz – xotin-qizlarning huquq va manfaatlari ta'minlangan jamiyatda, albatta tinchlik, adolat, erkinlik va farovonlik bo‘ladi. Ayol baxtli bo‘lsa, oila
va jamiyat ham baxtli bo‘ladi. Barchamiz – Prezidentdan boshlab, eng quyi bo‘g‘indagi rahbar va mutasaddilar ana shu muhim mezonga amal qilib ishlashimiz zarur, - dedi Shavkat Mirziyoev.
Shuningdek, joylarda onalik va bolalikni himoya qilish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash bo‘yicha namunali faoliyat olib borayotgan 297 nafar xotin-qizga “Mo‘'tabar ayol” nishonlari berildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardan tashrif buyurgan xotin-qizlar, turli vazirlik va idoralar xodimlari fayzli dasturxon atrofida bayramni nishonladi. Tadbirda chet ellik diplomat ayollar, xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari vakillari ham ishtirok etdi.
Bayram katta konsert dasturi bilan davom etdi.