21.04.2017
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 21-aprel Olmazor tumanida barpo etiladigan yangi savdo markazi va ko‘p qavatli uylar loyihalari bilan tanishdi.
Olmazor tumanining Nurafshon va Forobiy ko‘chalari kesishgan joyda uch qavatli “Eski shahar” savdo markazi barpo etiladi. Bu yerda xaridorlarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida kafe, galereya, bolalar o‘yin maydonchalari, avtomobillar to‘xtash joyi va boshqa obyektlar quriladi. Markaz ishga tushgach, 250 kishi ish bilan ta’minlanadi.
Davlatimiz rahbari mazkur savdo kompleksi quriladigan joyni ko‘zdan kechirdi. Markazning uchinchi qavatida “Kitob olami” do‘koni va tarixiy filmlar namoyish qilinadigan kinozal barpo etish kerakligini ta’kidladi.
Poytaxtimizda bunday yirik inshootni barpo etishdan maqsad Eski shahar aholisining turmush farovonligini yanada oshirishdir, dedi Shavkat Mirziyoyev. Buning uchun kompleksni zamonaviy arxitektura talablari asosida mukammal qurish, atrofini obodonlashtirish, odamlarga qulayliklar yaratishga alohida e’tibor qaratish zarur.
Mutasaddi rahbarlarga 2018-yil Navro‘z bayramigacha mazkur obyektni foydalanishga topshirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Davlatimiz rahbari shu yil 3-fevral kuni Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari va yirik loyihalar bilan tanishish chog‘ida aholining ehtiyoji, talabidan kelib chiqib, poytaxtimizning barcha tumanlarida ko‘p qavatli zamonaviy arzon uylar qurish rejalashtirilayotganini aytgan edi. Prezidentimizning 2017-yil 13-martdagi 2017-2021-yillarda Toshkent shahrida ko‘p qavatli arzon uylarni qurish miqyosini kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarori bu boradagi ishlarni tizimli yo‘lga qo‘yishda dasturilamal bo‘lmoqda.
Mazkur hujjatga muvofiq Kichik xalqa yo‘li va Qorasaroy ko‘chalari oralig‘ida 7 qavatli 12 turar-joy barpo etish bo‘yicha loyiha ishlab chiqildi. 800 xonadonga mo‘ljallangan ushbu uylar ehtiyojmand oilalarning yashash sharoitini yaxshilash, ularni arzon, zamonaviy uy bilan ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Prezidentimiz mazkur uylarda yashovchi oilalar ro‘yxatini shakllantirib, so‘ng qurilishni boshlash kerakligini ta’kidladi. Bunda Eski shaharda yashovchi uy-joyga muhtoj oilalarni hisobga olish, uylar taqsimotida adolat mezonlariga qat’iy rioya etilishi zarurligi qayd etildi.
Uylarni qurish uchun 5 gektardan ziyod yer ajratiladi. Turar joylarni loyihalashtirishda mahalliy iqlim sharoiti, sanitariya va xavfsizlik talablari hamda xalqimizning milliy hayot tarziga xos boshqa jihatlar hisobga olingan.
Davlatimiz rahbari Qichqiriq kanali bo‘yida bunyod etiladigan yangi madaniyat va istirohat bog‘i loyihasi bilan ham tanishdi.
Mazkur bog‘ni tuman aholisi farzandlari bilan sayr qiladigan, hordiq chiqaradigan maskanga aylantirish, bunda Toshkentning qadimiy an’analarini hisobga olish zarurligi alohida ta’kidlandi.