20.04.2017
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Ta’kidlash joizki, 2011-2016-yillarda Oliy ta’lim muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari dasturini amalga oshirish doirasida 25 ta oliy ta’lim muassasasining 202 ta obyektida yangi qurilish, kapital ta’mirlash va rekonstruksiya ishlari bajarildi.
Iqtisodiyotning real sektori talablaridan kelib chiqib, muhandislik, ishlab chiqarish va qurilish yo‘nalishlari va ixtisosliklari bo‘yicha o‘qishga qabul qilish, uning umumiy soniga nisbatan 23 foizdan 33,2 foizga oshdi. Oliy ta’lim sohasida mutaxassislar tayyorlash, shuningdek, pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha yangilangan davlat oliy ta’lim standartlari va o‘quv dasturlari joriy qilindi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 8-oktabrdagi F-4724-son farmoyishi bilan tashkil qilingan Ishchi guruh tomonidan oliy ta’lim tizimidagi holatni o‘rganish natijalariga ko‘ra, bir qator oliy ta’lim muassasalarida hali ham ilmiy-pedagogik salohiyatning pastligi, ta’lim jarayonlarini axborot-uslubiy va o‘quv adabiyotlari bilan ta’minlash zamonaviy talablarga javob bermasligi, ularning moddiy-texnika bazasini tizimli yangilashga ehtiyoj mavjudligi aniqlandi.
Oliy ta’lim tizimida o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha dunyoning yetakchi ilmiy-ta’lim muassasalari bilan yaqin hamkorlik aloqalari o‘rnatish, o‘quv jarayoniga ilg‘or xorijiy tajribalarini joriy etish, ayniqsa, istiqbolli pedagog va ilmiy kadrlarni xorijning yetakchi ilmiy-ta’lim muassasalarida stajirovkadan o‘tkazish va malakasini oshirish borasidagi ishlar yetarli darajada olib borilmayapti.
Oliy ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor vazifalaridan kelib chiqqan holda, kadrlar tayyorlash mazmunini tubdan qayta ko‘rish, xalqaro standartlar darajasiga mos oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash uchun zarur sharoitlar yaratilishini ta’minlash maqsadida:
1. Oliy ta’lim tizimini kelgusida yanada takomillashtirish va kompleks rivojlantirish bo‘yicha eng muhim vazifalar etib quyidagilar belgilansin:
har bir oliy ta’lim muassasasi jahonning yetakchi ilmiy-ta’lim muassasalari bilan yaqin hamkorlik aloqalari o‘rnatish, o‘quv jarayoniga xalqaro ta’lim standartlariga asoslangan ilg‘or pedagogik texnologiyalar, o‘quv dasturlari va o‘quv-uslubiy materiallarini keng joriy qilish, o‘quv-pedagogik faoliyatga, master-klasslar o‘tkazishga, malaka oshirish kurslariga xorijiy hamkor ta’lim muassasalaridan yuqori malakali o‘qituvchilar va olimlarni faol jalb qilish, ularning bazasida tizimli asosda respublikamiz oliy ta’lim muassasalari magistrant, yosh o‘qituvchi va ilmiy xodimlarining stajirovka o‘tashlarini, professor-o‘qituvchilarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil qilish;
oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlashning maqsadli parametrlarini shakllantirish, oliy ta’lim muassasalarida o‘qitish yo‘nalishlari va mutaxassisliklarini istiqbolda mintaqalar va iqtisodiyot tarmoqlarini kompleks rivojlantirish, amalga oshirilayotgan hududiy va tarmoq dasturlarining talablarini inobatga olgan holda optimallashtirish;
ta’lim jarayonini, oliy ta’limning o‘quv reja va dasturlarini yangi pedagogik texnologiyalar va o‘qitish usullarini keng joriy etish, magistratura ilmiy-ta’lim jarayonini sifat jihatidan yangilash va zamonaviy tashkiliy shakllarni joriy etish asosida yanada takomillashtirish;
yangi avlod o‘quv adabiyotlarini yaratish va ularni oliy ta’lim muassasalarining ta’lim jarayoniga keng tatbiq etish, oliy ta’lim muassasalarini zamonaviy o‘quv, o‘quv-metodik va ilmiy adabiyotlar bilan ta’minlash, shu jumladan, eng yangi xorijiy adabiyotlar sotib olish va tarjima qilish, axborot-resurs markazlari fondlarini muntazam yangilab borish;
pedagog kadrlarning kasb mahorati sifati va saviyasini uzluksiz yuksaltirish, xorijda pedagog va ilmiy xodimlarning malakasini oshirish va stajirovkasini o‘tkazish, oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarini PhD va magistratura dasturlari bo‘yicha o‘qitish, oliy ta’lim muassasalari va qayta tayyorlash va malaka oshirish markazlari o‘quv jarayonlariga yuqori malakali xorijiy olimlar, o‘qituvchi va mutaxassislarni keng jalb qilish;
oliy ta’lim muassasalari ilmiy salohiyatini mustahkamlash, oliy ta’limda ilm-fanni yanada rivojlantirish, uning akademik ilm-fan bilan integratsiyalashuvini kuchaytirish, oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining ilmiy-tadqiqot faoliyati samaradorligi va natijadorligini oshirish, iqtidorli talaba-yoshlarni ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanishga keng jalb etish;
oliy ta’limning ma’naviy-ahloqiy mazmunini oshirish, talaba-yoshlarga mustaqillik g‘oyalariga, yuksak ma’naviyat va insoniylikning milliy an’analariga sodiqlik ruhini chuqur singdirish, ularda yot g‘oya va mafkuralarga nisbatan immunitet va tanqidiy tafakkurni mustahkamlash bo‘yicha keng ko‘lamli ma’rifiy va tarbiyaviy ishlarni olib borish;
oliy ta’lim muassasalari moddiy-texnika bazasini o‘quv va ilmiy-laboratoriya bino va korpuslari, sport inshootlari, ijtimoiy-muhandislik infratuzilmasi obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash, oliy ta’lim ilm-fanining ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv-ilmiy laboratoriyalarini zamonaviy asbob va uskunalar bilan jihozlash orqali yanada mustahkamlash;
oliy ta’lim muassasalarini zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositalari bilan jihozlash, oliy ta’lim muassasalari talabalari, o‘qituvchilari va yosh tadqiqotchilarining jahon ta’lim resurslari, zamonaviy ilmiy adabiyotlarning elektron kataloglari va ma’lumotlar bazalariga kirish imkoniyatlarini kengaytirish.
2. 2017-2021-yillarda Oliy ta’lim tizimini kompleks rivojlantirish dasturi (keyingi o‘rinlarda – Dastur), uning tarkibida quyidagilar:
2017-2021-yillarda oliy ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlari 1-ilovaga muvofiq;
2017-2021-yillarda oliy ta’lim muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va modernizatsiyalash, ularni zamonaviy o‘quv-ilmiy laboratoriyalar, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositalari bilan jihozlash kompleks chora-tadbirlari 2-ilovaga muvofiq;
2017-2021-yillarda Oliy ta’lim tizimini kompleks rivojlantirish dasturini amalga oshirish moliyaviy xarajatlar hajmining hisoblangan parametrlari 3-ilovaga muvofiq;
2017-2021-yillarda qurilish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlashning har yili tasdiqlanadigan manzilli dasturlariga kiritiladigan oliy ta’lim muassasalari ro‘yxati 4-ilovaga muvofiq;
2017-2021-yillarda o‘quv va ilmiy laboratoriya uskunalari bilan jihozlashning har yili tasdiqlanadigan manzilli dasturlariga kiritiladigan oliy ta’lim muassasalari ro‘yxati 5-ilovaga muvofiq;
2017-2021-yillarda oliy ta’lim muassasalarini rivojlantirishning manzilli dasturlari 6-74 ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddat ichida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yosh pedagog va ilmiy xodimlar malakasini oshirish bo‘yicha “Iste’dod” fondining faoliyatini tubdan qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha takliflarni, quyidagilarni inobatga olgan holda, tayyorlasin:
xorijiy ta’lim va ilmiy muassasalarida oliy ta’lim muassasalarining pedagog va ilmiy xodimlar malakasini oshirish, stajirovkasini o‘tkazish, bitiruvchilarning PhD va magistratura dasturlarida o‘qitishni tashkillashtirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni;
yuqori malakali xorijiy olim, o‘qituvchi va mutaxassislarni xorijiy oliy ta’lim va ilmiy muassasalar bilan hamkorlik mexanizm va shakllarini joriy etishning ustuvor yo‘nalishlarini inobatga olgan holda, Oliy ta’lim muassasalari va pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tarmoq markazlari o‘quv jarayoniga keng jalb etish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini;
“Iste’dod” fondining moliyaviy resurslarini shakllantirish manbasi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Ta’lim va tibbiyot muassasalari moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘larini jalb etishni.
4. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq xorijiy olim, o‘qituvchi va mutaxassislarni respublika oliy ta’lim muassasalari, Oliy ta’lim muassasalari va pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tarmoq markazlari (keyingi o‘rinlarda – Tarmoq markazlari) o‘quv jarayonlariga jalb etishda:
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Moliya vazirligi bilan kelishilgan takliflari asosida xorijiy olim, o‘qituvchi va mutaxassislarning mehnatiga haq to‘lash mehnat shartnomasida belgilangan miqdorda erkin konvertatsiya qilinadigan valyutada amalga oshiriladi;
xorijiy olim, o‘qituvchi va mutaxassislar uchun ikki tomonga aviachiptalarni sotib olish xarajatlari (uzoq muddatli mehnat shartnomalarida bir yilda ikki martadan oshmagan holda) oliy ta’lim muassasalari, Tarmoq markazlari tomonidan milliy valyutada to‘lanadi;
xorijiy olim, o‘qituvchi va mutaxassislarning bir oydan oshmagan muddatga tuzilgan qisqa muddatli mehnat shartnomalari bo‘yicha respublika mehmonxonalarida yashash xarajatlari oliy ta’lim muassasasi, Tarmoq markazlari tomonidan milliy valyutada to‘lanadi, bundan uzoq muddatga tuziladigan mehnat shartnomalari bo‘yicha xorijiy olim, o‘qituvchi va mutaxassislarning uy-joy ijara xarajatlari tuzilgan shartnoma shartlariga muvofiq oylik maoshlarini to‘lashda amalga oshiriladi;
xorijiy olim, o‘qituvchi va mutaxassislarga O‘zbekiston Respublikasida bo‘lgan davrida kunlik safar xarajatlari 20 AQSh dollari ekvivalentidagi kundalik me’yor bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining to‘lov kunidagi kursi bo‘yicha milliy valyutada to‘lanadi;
oliy ta’lim muassasalari, Tarmoq markazlari o‘quv jarayoniga jalb qilinadigan xorijiy olim, o‘qituvchi va mutaxassislar tuzilgan mehnat shartnomasi doirasida olinadigan daromadlari jismoniy shaxslar daromad soliqlari to‘lashdan ozod etiladi;
oliy ta’lim muassasalari, Tarmoq markazlari o‘quv jarayoniga jalb qilinadigan xorijiy olim, o‘qituvchi va mutaxassislar tuzilgan mehnat shartnomasi doirasida olinadigan daromadlari yagona ijtimoiy to‘lovlaridan ozod etiladi;
xorijiy olim, o‘qituvchi va mutaxassislarni jalb etish va ularning moddiy ta’minoti bo‘yicha xarajatlarni moliyalashtirish manbasi sifatida oliy ta’lim muassasalari va Tarmoq markazlariga o‘rnatilgan tartibda ajratiladigan byudjet mablag‘lari, oliy ta’lim muassasalarining byudjetdan tashqari mablag‘lari, xalqaro moliya va boshqa tashkilotlar, xorijiy hukumat tashkilotlarining grantlari, shuningdek, qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisoblanadi.
5. Ta’lim va o‘qitish sifati ustidan samarali davlat nazoratini o‘rnatish maqsadida Davlat test markazining Kadrlar tayyorlash sifatini nazorat qilish, pedagog kadrlar va ta’lim muassasalarini attestatsiya qilish boshqarmasi negizida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tashkil etilsin va uning asosiy vazifalari etib:
ta’lim tizimida o‘quv-tarbiya jarayonlari, professor-o‘qituvchilar tarkibi, kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish sifatini nazorat qilish bo‘yicha davlat siyosatini amalga oshirish;
idoraviy mansubligi va mulkchilik shaklidan qat’i nazar, ta’lim muassasalarini attestatsiya va davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi uch oy muddatda Ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘yicha davlat inspeksiyasi faoliyatini tashkil qilish bo‘yicha Hukumat qarorini qabul qilsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining manfaatdor davlat boshqaruvi organlari bilan kelishilgan quyidagi takliflari qabul qilinsin:
Namangan muhandislik-pedagogika institutini Namangan muhandislik-qurilish institutiga aylantirish va uning ixtisoslashuvini o‘zgartirish;
Termiz shahrida Toshkent davlat texnika universiteti va Toshkent davlat agrar universiteti filiallarini tashkil qilish.
Vazirlar Mahkamasi uch oy muddatda mazkur ta’lim muassasalarida o‘quv-tarbiya jarayonini to‘liq tashkil qilish, professor-o‘qituvchilar tarkibini butlash, zarur moddiy-texnika va o‘quv-laboratoriya bazasini shakllantirishni nazarda tutuvchi Hukumat qarorini qabul qilsin.
7. 2017-2021-yillarda Oliy ta’lim tizimini kompleks rivojlantirish dasturini o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishini ta’minlash bo‘yicha ishlarni samarali muvofiqlashtirish uchun 75-sonli ilovadagi tarkibga muvofiq Komissiya tashkil qilinsin.
Komissiya (A.N.Aripov):
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Moliya vazirligi va Iqtisodiyot vazirligi, tasarrufida oliy ta’lim muassasalari mavjud vazirlik va idoralarning takliflari bo‘yicha har yili, moliyaviy xarajatlarning umumiy tasdiqlangan parametrlari doirasida, oliy ta’lim muassasalarining o‘quv va ilmiy-laboratoriya bino va korpuslari, sport inshootlari va ijtimoiy-muhandislik infratuzilmasi obyektlarini ularning texnik holatini, shuningdek, har bir oliy ta’lim muassasasining moddiy-texnika ta’minotini inobatga olgan holda qurish, rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash va jihozlash manzilli ro‘yxatlarini tasdiqlasin;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Moliya vazirligi va Iqtisodiyot vazirligi, tasarrufida oliy ta’lim muassasalari mavjud vazirlik va idoralarning asoslangan takliflari bo‘yicha moliyaviy yil uchun belgilangan kapital qo‘yilmalar doirasida tasdiqlangan manzilli ro‘yxatlar parametrlariga o‘zgartirishlar kiritib borsin;
Dasturning amalga oshirilib borishi bo‘yicha tizimli monitoring o‘rnatsin va uning bajarilish natijalarini Vazirlar Mahkamasining yarim yil va yil yakunlari bo‘yicha o‘tkaziladigan yig‘ilishlari muhokamasiga kiritib borsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda Dasturni amalga oshirish uchun imtiyozli xorijiy kreditlar va grantlarni jalb qilish bo‘yicha xalqaro moliyaviy institutlar va xorijiy donorlar bilan tizimli ishlar olib borsin.
9. Dasturning moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:
o‘quv va ilmiy-laboratoriya binolari va korpuslari, sport inshootlari va ijtimoiy-muhandislik infratuzilmasi obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash va jihozlash bo‘yicha – O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Ta’lim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari;
Navoiy konchilik instituti, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va uning filiallari hamda Toshkent temir yo‘l muhandislari institutining o‘quv va ilmiy-laboratoriya binolari va korpuslari, sport inshootlari va ijtimoiy-muhandislik infratuzilmasi obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash va jihozlash bo‘yicha – idoraviy mansubligi bo‘yicha tegishli tashkilotlarning o‘z mablag‘lari.
10. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi 2018-yil va keyingi yillar uchun O‘zbekiston Respublikasi Investitsiya dasturlari parametrlarini shakllantirishda, Komissiya qarori asosida, oliy ta’lim muassasalarida qurilish, rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash va jihozlash ishlari uchun zarur mablag‘larni O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Ta’lim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamg‘armasi resurslaridan ajratilishini nazarda tutsin.
11. Belgilansinki, Dasturni amalga oshirishni moliyalashtirish uchun 2017-2021-yillar mobaynida xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan yo‘naltirilgan xayriya mablag‘lari foyda solig‘ini hisoblashda va yagona soliq to‘lovini to‘lashda soliqqa tortish bazasidan chiqariladi.
12. O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi va Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining oliy ta’lim muassasalari o‘quv va ilmiy-laboratoriya binolari va korpuslari, sport inshootlari va ijtimoiy-muhandislik infratuzilmasi obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlashni loyihalashtirishda ko‘llaniladigan yagona texnik topshiriq va talablar konsepsiyasini ishlab chiqish bo‘yicha bosh loyihachi tashkilot sifatida “Tashgiprogor” aksiyadorlik jamiyatini belgilash to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
13. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, tasarrufida oliy ta’lim muassasalari mavjud vazirlik va idoralarga oliy ta’lim muassasalarida qurilish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash bo‘yicha ishlarni tashkil etishda, jumladan, zarur hollarda, ularga yer maydonlarini ajratish to‘g‘risida qaror qabul qilishda va tashqi muhandislik kommunikatsiyalariga ulanishda ko‘maklashsin;
oliy ta’lim muassasalarining tashqi muhandislik kommunikatsiyalariga ulanishida optimal texnik sharoitlar yaratilishini ta’minlasin.
Oliy ta’lim muassasalari ixtiyoridagi yer maydonlarini tasarruf etish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari asosida amalga oshirilishi belgilansin.
14. Quyidagilar 2022-yilning 1-yanvarigacha:
2017-2021-yillarda Oliy ta’lim tizimini kompleks rivojlantirish dasturi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 21-maydagi PQ-1533-sonli qarori bilan tasdiqlangan 2011-2016-yillarda Oliy ta’lim muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari dasturi doirasida olib kiriladigan zamonaviy o‘quv-laboratoriya, ilmiy-laboratoriya va komputer uskunalari, sarflanadigan laboratoriya materiallari (butlovchi materiallar, reaktivlar, kimyoviy idish, biologik materiallar va obyektlar), dasturiy mahsulotlar, Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan ro‘yxat bo‘yicha xorijiy o‘quv va ilmiy-metodik adabiyotlar bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlari bundan mustasno);
ta’lim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari xo‘jalik yurituvchi subyektlar bilan tuzilgan shartnomalar bo‘yicha bajariladigan amaliy, innovatsion ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlari bo‘yicha yuridik shaxslarning daromad solig‘i, yagona soliq to‘lovi, qo‘shimcha qiymat solig‘i va davlatning maqsadli jamg‘armalariga majburiy to‘lovlardan (yagona ijtimoiy to‘lovdan tashqari) ozod etilsin.
15. O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi:
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda oliy ta’lim sohasida zamonaviy standartlar talablaridan kelib chiqib, mavjud maydonlardan optimal foydalanish, zamonaviy resurs va energiya tejamkor texnologiyalarni qo‘llash, shuningdek, mahalliy ishlab chiqarilgan qurilish materiallari va butlovchi qismlardan ustuvor foydalanishni nazarda tutgan holda oliy ta’lim muassasalari bo‘yicha shaharsozlik qurilish me’yorlari va qoidalarini tanqidiy qayta ko‘rib chiqsin;
ishlab chiqilayotgan loyiha-smeta hujjatlari, berilayotgan ekspert xulosalari va qurilish-montaj ishlarining bajarilishi sifati ustidan doimiy va tizimli nazoratni ta’minlasin.
16. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi A.N.Yunusxodjayev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2017-yil 20-aprel
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori oliy ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish, mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasidagi ustuvor vazifalarga mos holda, kadrlar tayyorlashning ma’no-mazmunini tubdan qayta ko‘rib chiqish, xalqaro standartlar darajasida oliy malakali mutaxassislar tayyorlash uchun zarur sharoitlar yaratish maqsadida qabul qilingan.
Mustaqillik yillarida iqtisodiyotning, ijtimoiy hayotning real talablaridan kelib chiqqan holda, yurtimizda oliy ta’lim tizimini modernizatsiya qilish, unga o‘qitishning zamonaviy shakl va texnologiyalarini joriy etish, mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha ixtisoslik yo‘nalishlarini takomillashtirish borasida katta ishlar qilindi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 8-oktabrdagi farmoyishi asosida tuzilgan ishchi guruh tomonidan oliy ta’lim tizimidagi mavjud holatni o‘rganish natijalari shuni ko‘rsatmoqdaki, qator oliy ta’lim muassasalarida ilmiy-pedagogik salohiyat hanuz past darajada qolmoqda, ta’lim jarayonining o‘quv-metodik va axborot ta’minoti zamonaviy talablarga mos emas, moddiy-texnik baza tizimli ravishda yangilanishga muhtoj. Oliy ta’lim tizimida o‘quv jarayoniga ilg‘or xalqaro tajribani keng joriy etish, yetakchi xorijiy turdosh ilmiy-ta’lim muassasalari bilan yaqin hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish orqali pedagog va ilmiy kadrlar malakasini oshirish borasidagi ishlar talab darajasida olib borilmayapti.
Qabul qilingan qarorga ko‘ra, quyidagilar oliy ta’lim tizimini kelgusida kompleks rivojlantirishning eng muhim vazifalari etib belgilandi:
har bir oliy ta’lim muassasasi tomonidan xorijdagi yetakchi turdosh ilmiy-ta’lim muassasalari bilan istiqbolli hamkorlik aloqalarini yaqindan yo‘lga qo‘yish, o‘quv jarayoniga xalqaro ta’lim standartlariga asoslangan eng zamonaviy pedagogik texnologiyalar, ta’lim dasturlari va o‘quv-metodik materiallarni keng joriy etish, ilmiy-pedagogik faoliyatga yuqori malakali chet el o‘qituvchilari va olimlarini jalb etish;
oliy ma’lumotli kadrlarni tayyorlashning maqsadli mezonlarini shakllantirish, oliy ta’lim muassasalaridagi ixtisoslik yo‘nalishlari va mutaxassisliklarni hududlar va sohalar bo‘yicha joriy etilayotgan dasturlarning talab va ehtiyojlari, iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarni kompleks taraqqiy ettirish istiqbollarini inobatga olgan holda optimallashtirish;
yangi avlod o‘quv qo‘llanmalarini yaratish va oliy ta’lim tizimiga keng tatbiq etish, oliy ta’lim muassasalarini zamonaviy o‘quv-metodik va ilmiy adabiyotlar bilan ta’minlash, jumladan, eng yangi xorijiy adabiyotlarni sotib olish va tarjima qilish negizida axborot-resurs markazlari fondlarini muntazam yangilab borish;
pedagog kadrlarning kasb malakasi va mahoratini sifat jihatdan muntazam oshirib borish, pedagog va ilmiy xodimlarning stajirovkadan o‘tishini yo‘lga qo‘yish, oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarini PhD dasturi va xorijiy magistratura dasturlari asosida o‘qitish;
oliy ta’lim muassasalarining ilmiy salohiyatini mustahkamlash, oliy ta’lim tizimida ilmiy tadqiqotlarni yanada rivojlantirish, ularning akademik ilm-fan bilan integratsiyasini kuchaytirish, professor-o‘qituvchilar tarkibining ilmiy faoliyati samaradorligini oshirish, iqtidorli talaba-yoshlarni ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanishga jalb etish;
oliy ta’limning ma’naviy-axloqiy mazmunini kuchaytirish, talaba-yoshlarning qalbi va ongiga milliy istiqlol g‘oyasini, xalqimizning yuksak ma’naviyati va insonparvarlik an’analariga sadoqat tuyg‘usini chuqur singdirish, biz uchun mutlaqo yot va begona bo‘lgan g‘oyalarga nisbatan ularda mustahkam immunitet va tanqidiy munosabatni shakllantirish;
oliy ta’lim muassasalari moddiy-texnika bazasini ularning o‘quv va ilmiy-laboratoriya binolarini, sport inshootlari va ijtimoiy-muhandislik infratuzilmalarini qurish, kapital ta’mirlash va rekonstruksiya qilish orqali yanada mustahkamlash, zamonaviy ilm-fan sohalarining ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv-ilmiy laboratoriyalar bazasini zamonaviy asbob-uskunalar bilan ta’minlash;
oliy ta’lim muassasalarini zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositalari bilan ta’minlash, talabalar, o‘qituvchi va yosh tadqiqotchilarning jahondagi ilg‘or ta’lim resurslari, ilmiy adabiyotlar va ma’lumotlar bazasi bo‘yicha elektron kataloglarga kirish imkoniyatini kengaytirish.
Qarorda belgilangan vazifalarning samarali yechimini to‘liq ta’minlash maqsadida oliy ta’lim darajasini sifat jihatidan oshirish va tubdan takomillashtirish, oliy ta’lim muassasalari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va modernizatsiya qilish, ularni zamonaviy o‘quv-ilmiy laboratoriyalari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlash maqsadida Oliy ta’lim tizimini 2017-2021-yillarga mo‘ljallangan kompleks rivojlantirish dasturi tasdiqlandi.
Dasturga muvofiq, 2017-2021-yillarda 48 ta oliy ta’lim muassasasida jami 180 ta o‘quv, ilmiy-laboratoriya binosi, sport inshootlari va ijtimoiy-muhandislik infratuzilmalari obyektlarida qurilish, rekonstruksiya va kapital ta’mirlash ishlari olib boriladi. Shuningdek, 53 ta oliy ta’lim muassasasida 400 ta o‘quv laboratoriyasi bosqichma-bosqich eng zamonaviy o‘quv-laboratoriya uskunalari bilan jihozlanadi, 7 ta oliy ta’lim muassasasida barcha oliy ta’lim muassasalari o‘zaro hamkorlikda foydalanadigan ilmiy laboratoriyalar tashkil etiladi.
Qarorning muhim ahamiyatini ko‘rsatadigan yana bir jihat shundan iboratki, mamlakatimiz Prezidenti tomonidan har bir oliy ta’lim muassasasi bo‘yicha quyidagi konkret parametr va ko‘rsatkichlarni o‘z ichiga olgan manzilli rivojlantirish dasturlari tasdiqlandi:
oliy ta’lim tizimida yangi ta’lim ixtisoslik yo‘nalishlari va mutaxassisliklarning, shuningdek, iqtisodiyot sohalari va hududlarni kompleks rivojlantirishning joriy va istiqboldagi ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda ishlab chiqilgan va bakalavriat va magistraturaga talabalar qabul qilishning umumiy ko‘rsatkichlarini 2021-yilgacha bosqichma-bosqich ravishda 18 foizgacha oshirishni nazarda tutadigan 2017-2021-yillarga mo‘ljallangan parametr va ko‘rsatkichlari;
o‘quv binolari, talabalar turar-joylari, axborot-resurs markazlari va boshqa obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash hisobidan yangi o‘quv o‘rinlarini tashkil etish, yangi o‘quv-laboratoriya komplekslarini sotib olish, auditoriyalarni komputer texnikasi bilan jihozlash;
professor-o‘qituvchilarning kasb mahoratini, pedagog xodimlarning malakasini oshirish, shuningdek, ularning xorijiy hamkor oliy o‘quv yurtlarida malaka oshirishi, magistratura, doktoranturada ta’lim olishi, hamda respublikamizning tayanch oliy o‘quv yurtlari qoshida qayta tayyorgarlikdan o‘tishi va malaka oshirishi.
Mazkur dasturda asosan mamlakatimizning har bir oliy ta’lim muassasasi bilan AQSh, Buyuk Britaniya, Fransiya, Italiya, Niderlandiya, Rossiya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy va shu kabi boshqa davlatlarning yetakchi ilmiy-ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarining o‘rnatilgani o‘ta muhim ahamiyat kasb etadi. Shu asosda har yili 350 nafardan ortiq xorijlik yuqori malakali pedagog va olimlarning mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlariga o‘quv jarayoniga jalb etilishi ko‘zda tutilmoqda.
Amaliyot shuni ko‘rsatmoqdaki, oliy ta’lim muassasalari pedagog xodimlarining mehnatiga haq to‘lash bo‘yicha amaldagi tizimni jiddiy takomillashtirish va bu borada moddiy rag‘batlantirishning yangi mexanizmlarini joriy etishga ehtiyoj sezilmoqda. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasining Moliya vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Mehnat vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va Xalq ta’lim vazirligiga uch oy muddatda ilg‘or xalqaro tajribadan kelib chiqib, oliy o‘quv yurtlari pedagog xodimlariga ularning kasb mahorati, faoliyatidagi yuqori natijadorlik va tarbiyaviy sohadagi samarali ishtirokini inobatga olib, ustama haq to‘lashni belgilash tizimi bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish vazifasi topshirildi.
Qarorga muvofiq, Vazirlar Mahkamasiga ikki oy muddatda iqtidorli yosh pedagog va ilmiy xodimlarning malakasini oshirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Iste’dod” jamg‘armasi faoliyatini tubdan qayta ko‘rib chiqish, xorijiy ta’lim muassasalari va ilmiy markazlarida ilmiy-pedagog xodimlarning malaka oshirishi va qayta tayyorgarlikdan o‘tishini, oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining PhD dasturi va ularning magistraturada o‘qishini tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘zda tutilgan takliflar kiritish topshirilmoqda.
Ta’kidlash joizki, oliy ta’lim muassasalarining ilmiy salohiyatini mustahkamlash maqsadida korxonalarning buyurtmasiga asosan amaliy va innovatsion ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik faoliyatini amalga oshiradigan ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari yuridik shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan, yagona soliq to‘lovidan, maqsadli davlat jamg‘armalariga majburiy to‘lov va qo‘shimcha qiymat solig‘idan ozod qilindi.
Ta’lim-tarbiya jarayonlarining sifati ustidan samarali davlat nazoratini o‘rnatish maqsadida Vazirlar Mahkamasi huzurida Ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘yicha davlat inspeksiyasi tashkil etiladi. Uning asosiy vazifasi – ta’lim-tarbiya jarayoni, professor-o‘qituvchilar tarkibi, ta’lim tizimida kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish sifati hamda mulkchilik shakli va idoraviy bo‘ysunishidan qat’i nazar, ta’lim muassasalarini attestatsiya va davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish, ta’lim-tarbiya sifatini nazorat qilish bo‘yicha davlat siyosatini amalga oshirishdan iborat.
Oliy ta’lim tizimini 2017-2021-yillarga mo‘ljallangan kompleks rivojlantirish dasturini amalga oshirish uchun yo‘naltiriladigan moliyaviy mablag‘lar 1,7 trillion so‘mdan ziyod bo‘lib, ulardan 1,2 trillion so‘mi o‘quv-laboratoriya binolari, sport zallari va talabalar turar-joylarini rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlashga, 500 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ esa o‘quv-laboratoriya uskunalari, mebel va inventar bilan ta’minlash, umumiy tartibda foydalanishga mo‘ljallangan, barcha ta’lim muassasalariga xizmat ko‘rsatadigan laboratoriya komplekslarini tashkil etish hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirishga sarflanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori uzluksiz ta’lim tizimini rivojlantirish, mamlakatimizning izchil rivojlanib borayotgan iqtisodiyotini yuqori malakali kadrlar bilan ta’minlash, barcha hududlar va tarmoqlarni strategik jihatdan kompleks rivojlantirish masalalarini hal qilish borasida oliy ta’lim tizimi ishtirokini kengaytirish yo‘lidagi yana bir muhim amaliy qadamdir.