29.12.2020
Assalomu alaykum, hurmatli deputat va senatorlar!
Aziz yurtdoshlar!
Muhtaram mehmonlar!
Xonimlar va janoblar!
Oliy Majlisga va xalqimizga yo‘llanayotgan bu yilgi Murojaatnoma, o‘tgan yillardan farqli ravishda, murakkab bir davrga to‘g‘ri kelmoqda.
Barchamiz yaxshi bilamizki, bugungi kunda butun insoniyat koronavirus pandemiyasi degan global ofatni boshidan o‘tkazmoqda. Bunday ulkan falokat jahon miqyosida so‘nggi yuz yilda ro‘y bermagan, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.
Oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoning 191 mamlakatida 81 million kishi koronavirus bilan kasallangan. Ulardan 1 million 765 ming nafari vafot etgan.
Pandemiya jahon iqtisodiyoti uchun - shunga e’tibor bering - har oyda qariyb 400 milliard dollar miqdorida zarar keltirmoqda. Bugungi kunga qadar dunyo bo‘yicha 500 million ish o‘rinlari yo‘qotilgan.
Afsuski, bu ofat butun insoniyat qatori xalqimiz uchun ham kutilmagan tashvish va murakkab muammolarni keltirib chiqardi.
Buxoro va Sardobada yuz bergan tabiiy va texnogen ofatlar ham el-yurtimizning irodasini yana bir bor sinovdan o‘tkazdi.
Xalqimizning bukilmas irodasi, fidokorona mehnati va matonati, aholi va davlat organlarining birgalikdagi sa’y-harakatlari tufayli mavjud qiyinchiliklarni mardona yengib o‘tmoqdamiz.
Xabaringiz bor, pandemiyaning birinchi kunlaridan boshlab, butun boshqaruv tizimi va barcha tibbiyot muassasalari favqulodda ish rejimiga o‘tkazildi. Qisqa muddatda Toshkent shahri va hududlarda, barcha sharoitlarga ega bo‘lgan qariyb 30 ming o‘rinli davolash maskanlari tashkil etildi. Ular zarur dori-darmon, himoya va eng zamonaviy diagnostika vositalari bilan ta’minlandi.
Pandemiyaga qarshi kurashish uchun 200 mingdan ziyod tibbiyot xodimi, jumladan, chet ellik 150 nafar yuqori malakali shifokor va mutaxassislar jalb etildi.
Xorijdan 600 mingdan ortiq vatandoshimiz yurtimizga olib kelindi. Chet elda qiyin ahvolga tushib qolgan 100 mingga yaqin fuqarolarimizga zarur yordamlar ko‘rsatildi.
Pandemiya oqibatlarini yumshatish va bartaraf etish uchun davlat tomonidan jami 82 trillion so‘mlik kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Jumladan, Inqirozga qarshi jamg‘arma tashkil etilib, koronavirusga qarshi kurashish, aholi va korxonalarni qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq tadbirlarga byudjetdan 16 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirildi.
Shuningdek, davlat korxonalariga va 500 mingdan ziyod tadbirkorlik sub'yekti hamda qariyb 8 million fuqaroga jami 66 trillion so‘mlik soliq imtiyozlari, kredit muddatlarini uzaytirish va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amaliy yordamlar berildi.
“Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati doirasida fidoyi va olijanob vatandoshlarimizning faol ishtirokida 800 mingdan ziyod ehtiyojmand oilalarga 1 trillion so‘mdan ortiq moddiy yordam ko‘rsatildi.
O‘z paytida ko‘rilgan tezkor va tizimli choralarimiz natijasida ushbu xatarli kasallikning keng tarqalishiga yo‘l qo‘yilmadi. Yurtimizda osoyishta hayot, barqaror iqtisodiy rivojlanish davom etmoqda.
Karantin talablarini to‘g‘ri qabul qilib, ularga amal qilgan, sabr-toqatli, olijanob xalqimizga, o‘ta xatarli vaziyatda o‘zini ayamasdan mardona mehnat qilgan jonkuyar shifokorlarga, “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakatida munosib ishtirok etgan barcha tadbirkor va fuqarolarimizga yana bir bor o‘zimning chuqur minnatdorchiligimni izhor etaman.
Pandemiyaga qarshi kurashda bizga amaliy ko‘mak bergan Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, xalqaro moliya institutlari, Rossiya, Xitoy, AQSh, Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Janubiy Koreya, Yaponiya, Germaniya kabi davlatlar rahbarlariga tashakkur bildiraman.
Mamlakatimiz bilan yaqin do‘stlik va hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shib kelayotgan chet davlatlarning hurmatli elchilari, xalqaro tashkilotlar vakillariga rahmat aytib, ezgu tilaklarimni bildirishdan mamnunman.
Hurmatli parlament a’zolari!
Qadrli do‘stlar!
Joriy yilda “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish” Davlat dasturiga muvofiq, yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha barcha sohalarda islohotlarni qat’iy davom ettirdik.
Xalqaro valyuta jamg‘armasi va xalqaro reyting agentliklari tahlillariga ko‘ra, bu yilgi sinovlarga qaramasdan, O‘zbekiston dunyoning sanoqli davlatlari qatorida ijobiy o‘sish sur’atlarini saqlab qoldi.
Yevropa Ittifoqi tuzilmalari bilan yaqin hamkorlikda mamlakatimizga kengaytirilgan savdo preferentsiyalari - GSP tizimini tatbiq etish bo‘yicha muhim qadamlar tashlandi.
Ushbu tizim kelgusida respublikamizda ishlab chiqariladigan 6 ming turdagi mahsulotlarni Yevropa bozoriga boj to‘lamasdan olib kirish imkonini beradi.
Bu, o‘z navbatida, birgina to‘qimachilik mahsulotlarining yillik eksportini 300 million dollarga oshirish uchun sharoit yaratadi.
Joriy yilda mamlakatimizning xalqaro moliya bozorlariga chiqish imkoniyatlari yanada yaxshilandi, ilk bor milliy valyutada 2 trillion so‘mlik davlat yevroobligatsiyalari past foizlarda joylashtirildi.
Bu yil respublikamizda 197 ta yirik, minglab kichik va o‘rta korxonalar hamda infratuzilma ob'yektlari barpo etildi.
Jumladan, “Navoiyazot”da ammiak va karbamid ishlab chiqarish kompleksi hamda azot kislotasi zavodi, Muborak, Gazli va Sho‘rtan neft-gaz korxonalarida suyultirilgan gaz ishlab chiqarish qurilmalari, Toshkent metallurgiya zavodi kabi yirik quvvatlar ishga tushirildi.
Birgina energetika sohasida xorijiy investorlar bilan davlat-xususiy sheriklik asosida 6 ta yangi elektr stantsiyasini barpo etish ishlari boshlandi. Ularning umumiy qiymati 2 milliard dollar bo‘lib, 2 ming 700 megavatt quvvatga ega.
Toshkent shahrida 2 ta yangi metro stantsiyasi va ilk bor, 18 kilometrlik yerusti metrosi foydalanishga topshirildi.
Qishloq xo‘jaligidagi islohotlar, yer maydonlari to‘liq xususiy klaster va kooperatsiyalarga berilgani paxtachilikda hosildorlikni bir yilda o‘rtacha 10 foizga oshirish imkonini yaratdi.
Meva-sabzavotchilik, g‘allachilik va chorvachilikda ham 500 ga yaqin klaster va kooperatsiyalar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Buning natijasida, pandemiyaning salbiy ta’siriga qaramasdan, 1 milliard dollarlik meva-sabzavot eksport qilindi.
Bu yil 91 ming gektar yer maydoni qaytadan foydalanishga kiritildi. 133 ming gektar yoki o‘tgan yilubga nisbatan 2 barobar ko‘p maydonda suvni tejaydigan texnologiyalar joriy etildi.
Tadbirkorlikni keng qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘plab imtiyoz va yengilliklar berildi. Tadbirkorlik sub'yektlariga 100 trillion so‘m yoki 2016 yilubga nisbatan qariyb 4 barobar ko‘p kreditlar ajratildi.
2020 yil aholini ijtimoiy himoya qilish borasida tub burilish yili bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Avvalo, aholining muayyan qatlami o‘rtasida kambag‘allik mavjudligini birinchi marta tan olib, uni qisqartirish bo‘yicha keng qamrovli ishlarni boshladik. Barcha tuman va shaharlarda, har bir mahallada ehtiyojmand oilalar, ayollar va yoshlar bilan manzilli ishlash bo‘yicha mutlaqo yangi tizim joriy etildi.
Qisqa muddatda bu tizim orqali 527 ming fuqaroning bandligi ta’minlandi.
Bundan tashqari, o‘zini o‘zi band qilgan aholi uchun soliq imtiyozlari berilishi hamda ko‘pgina cheklovlarning bekor qilinishi tufayli 500 ming nafar fuqaro mehnat faoliyatini qonuniy tarzda yo‘lga qo‘ydi.
Dehqon xo‘jaligi va tomorqa yer egalariga 300 milliard so‘m imtiyozli kredit va subsidiya ajratilgani ham qishloq aholisini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashda yangi yo‘nalishga aylandi.
Toshkent shahri, Andijon, Jizzax, Qashqadaryo, Samarqand, Sirdaryo va Farg‘ona viloyatlarida tashkil etilgan IT parklarda, 500 dan ortiq zamonaviy kompaniyalar ish boshladi.
Yakunlanayotgan yilda markazlashgan ichimlik suv ta’minotini yaxshilash uchun 3 trillion so‘m yoki 2016 yilga nisbatan 5 barobar ko‘p mablag‘ ajratildi. Natijada aholining toza ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasi 73 foizga yetdi.
Birgina joriy yilda ijtimoiy nafaqa oluvchilar qamrovi 2 barobarga oshirilib, 1 million 200 ming nafarga yetkazildi. Ushbu maqsadlarga byudjetdan 2016 yilgiga nisbatan 5 barobar ko‘p mablag‘ ajratildi.
Kichik yoshdagi bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi 4 yil davomida 2 barobar ortib, 60 foizga yetdi. Bog‘chalar soni esa 3 barobarga ko‘payib, 14 mingdan oshdi.
Bu yil oliy ta’limga qabul parametrlari 2016 yilga nisbatan 2,5 barobarga o‘sdi, yoshlarimizni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasi 9 foizdan 25 foizga yetdi.
Ehtiyojmand oilalarning mingga yaqin qizlari ilk bor oliy o‘quv yurtlariga alohida davlat grantlari asosida qabul qilindi.
O‘zbekiston “Ochiq ma’lumotlarni kuzatish” xalqaro indeksida 125 pog‘onaga ko‘tarilib, 44-o‘rinni egalladi. Bunda davlat va jamiyat boshqaruvi sohasidagi 20 ta yo‘nalish bo‘yicha ko‘rsatkichlarni oshkor qilib borish amaliyoti joriy etilgani muhim ahamiyat kasb etdi.
“Iqtisodiy erkinlik” reytingida ham mamlakatimizning 26 pog‘ona ko‘tarilgani islohotlarimizning xalqaro maydondagi yana bir e’tirofi bo‘ldi.
Sud-huquq sohasi, jumladan, jinoiy jazolarni liberallashtirish borasidagi islohotlarimiz ham izchil davom ettirildi. Natijada bu yil sudlangan shaxslarning 74 foiziga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlandi.
Jazo muddatini o‘tayotgan va tuzalish yo‘liga qat’iy kirgan 616 nafar fuqaro afv etildi. Sudlar mustaqilligi ta’minlanishi natijasida joriy yilning o‘zida 719 nafar fuqaroga nisbatan oqlov hukmi chiqarildi.
O‘zbekiston fuqarolari qayerda bo‘lmasin, ularning konstitutsiyaviy huquqlari ishonchli himoya qilinmoqda. “Mehr-3” operatsiyasi amalga oshirilib, Suriyadan yana 98 nafar fuqaro, asosan ayollar va bolalar Vatanimizga olib kelingani buning yaqqol tasdig‘idir.
Jahonda kechayotgan murakkab geosiyosiy jarayonlar, koronavirus pandemiyasi va global iqtisodiy inqiroz sharoitida, O‘zbekiston ochiq va pragmatik tashqi siyosatni faol olib bormoqda.
Xalqaro maydondagi qat’iy sa’y-harakatlarimiz natijasida yurtimizning nufuzi va obro‘-e’tibori tobora yuksalmoqda. Mamlakatimiz tarixda birinchi marta Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga a’zo etib saylandi.
Yaqinda AQSh davlat departamenti tomonidan O‘zbekiston diniy erkinlik sohasidagi “maxsus kuzatuvdagi davlatlar” ro‘yxatidan chiqarilgani ham keng ko‘lamli demokratik islohotlarimizning e’tirofidir.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining oliy minbaridan ilgari surgan global va mintaqaviy tashabbuslarimiz dunyo hamjamiyati tomonidan katta qiziqish bilan qabul qilinib, qo‘llab-quvvatlanmoqda.