25.12.2020
Davlatimiz rahbarining yoshlar forumidagi ishtiroki, so‘zlari va tashabbuslari navqiron avlodga katta motivatsiya bag‘ishlamoqda.
– Buyuk ajdodimiz Muhammad Xorazmiyning bir hikmati bor: “So‘z – gul, ish – meva”. O‘ylaymanki, bugun belgilab oladigan rejalaringiz qanchalik pishiq-puxta bo‘lsa, ishingiz ham shunchalik yaxshi samara beradi, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Sizlar ko‘p kitob o‘qigan, bilimli avlod sifatida yurtimiz o‘tmishda jahon sivizilizatsiyasi beshiklaridan biri bo‘lganini yaxshi bilasiz. Siz Xorazmiylar, Farg‘oniylar, Beruniy va Ibn Sino, Ulug‘bek, Navoiy va Boburlar, Buxoriylar, Termiziylar avlodisiz. Ana shunday buyuk vatandoshlarimiz yaratgan bebaho bilim va kashfiyotlar bugun ham butun insoniyatga xizmat qilmoqda.
Prezidentimiz o‘z so‘zida davom etar ekan, bu o‘rinda qomusiy olim Muhammad Xorazmiy asos solgan ilm – “algoritm”ni eslashning o‘zi kifoyaligini ta’kidladi. Ushbu ulug‘ zotning beqiyos xizmatlarini insoniyat hamon minnatdorlik bilan eslamoqda. Uning olamshumul kashfiyotlari bugungi axborot texnologiyalarini yaratishda ham asos bo‘lgan.
Kuni kecha olis Ispaniyaning Madrid shahridagi Komplutense universitetida alloma bobomizning haykali o‘rnatilgani ham bu xalqaro e’tirofning yaqqol isbotidir, dedi Shavkat Mirziyoyev. Mashhur ajdodimiz xotirasiga ko‘rsatilgan bunday ulkan ehtiromni, biz ayni vaqtda xalqimizga, uning qadimiy tarixi va boy madaniyatiga ko‘rsatilgan yuksak hurmat ramzi sifatida qabul qilishimiz qayd etildi.
– Ulug‘ allomalarimiz, o‘zlarining olamshumul kashfiyot va ixtirolarini sizning yoshingizda – ayni kuchga to‘lgan navqiron chog‘larida amalga oshirganlar. Siz ham, buyuk ajdodlardan ibrat olib, hayotda mo‘’jizalar yaratishga astoydil intilishingiz kerak, – deya ta’kidladi Prezident.
– O‘z tajribamdan kelib chiqib, sizlarga aytadigan maslahatim shu: ilmni qadrlang, ilmga intiling! Bir soniya vaqtingiz ham bekor o‘tmasin! Yoshlik – umrning eng bebaho davri. Ilm o‘tda yonmaydigan, suvda cho‘kmaydigan, hech kim sizdan tortib ololmaydigan boylik ekanini aslo unutmang! Sizlar mustaqillik farzandlarisiz. Ota-bobolaringiz ko‘rgan to‘siq va qiyinchiliklarni ko‘rmay, ozod Vatanda erkin nafas olib, voyaga yetyapsizlar. Yuksak maqsadlar yo‘lida siz – yoshlar hal qiluvchi kuch bo‘lishingiz kerak. Men sizlarning zimmangizga yuklangan ana shunday ulkan mas’uliyatni, tom ma’nodagi tarixiy vazifani sharaf bilan ado etishingizga qat’iy ishonaman.
Davlatimiz rahbari yoshlar zamonaviy ilm-fan va yuqori texnologiyalarni mukammal egallashi zarurligi, buning uchun barcha kuch va imkoniyatlar ishga solinishini aytib o‘tdi.
– Shu maqsadda ta’lim tizimida tub islohotlarni amalga oshiryapmiz. Sohada mutlaqo yangi tizim – Prezident va ijod maktablari, matematika, ximiya, biologiya fanlari bo‘yicha maxsus maktablarni tashkil etyapmiz. Yoshlarimizga IT texnologiyalarni chuqur o‘rgatadigan ta’lim maskanlarining soni tobora ko‘payib bormoqda.
Bu ishlarimizning ilk mevalarini ko‘ra boshladik. So‘nggi uch yilda mamlakatimiz yoshlari nufuzli xalqaro tanlov va musobaqalarda besh yarim mingtaga yaqin sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi.
Toshkent shahridagi Prezident maktabi o‘quvchisi Firdavs Abduqayumov IELTS dasturi bo‘yicha yuqori ball to‘plab, AQShning Jon Karroll universitetida tahsil olish uchun 96 ming dollarlik grant sohibiga aylandi. Firdavs o‘g‘limni, uning ota-onasi va o‘qituvchilarini chin dildan tabriklab, ularga sihat-salomatlik, yangi yutuqlar tilayman.
Firdavsning izdoshlari sifatida Toshkent shahridagi Prezident maktabidan Temur Sulaymonov, Namangandagi maktabdan Mironshox Inomjonov va Azimjon Alijonov hamda boshqa ko‘plab o‘quvchilar nufuzli xorijiy ilm dargohlariga qabul qilindilar va ularning soni kun sayin ortib bormoqda.
Biz bunday iqtidorli yoshlarga o‘z vaqtida har tomonlama e’tibor qaratib, qo‘llab-quvvatlasak, o‘ylaymanki, ular katta-katta zafarlarni qo‘lga kiritadilar.
Shu sababli yoshlarimizning nufuzli xorijiy oliy o‘quv yurtlarida tahsil olishi uchun ko‘maklashishga alohida e’tibor qaratamiz. Jumladan, xalqaro ta’lim dasturlari bo‘yicha eng yuqori ballarni to‘plagan iqtidorli yoshlarga imtihon topshirish xarajatlari to‘liq qoplab beriladi.
Shavkat Mirziyoyev umumxalq harakatiga aylangan besh muhim tashabbusni amalga oshirish uchun sharoitlarni yaxshilash masalasiga to‘xtalib o‘tdi. Shu maqsadda joylardagi 459 ta madaniyat markazini ta’mirlash va jihozlashga doir alohida dastur ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
– Bu muammoni albatta hal qilamiz, – dedi Prezident. – Lekin meni masalaning boshqa jihati ko‘proq o‘ylantiradi. Madaniyat va san’at yo‘nalishida o‘qishni tamomlagan yoshlarimizning ko‘pchiligi poytaxtda qolishni afzal ko‘ryapti. Bu ahvolda, katta xarajatlar evaziga joylarda barpo etilayotgan madaniyat va ma’rifat markazlarida ertaga kim ishlaydi? Qishloqlardagi yosh iqtidor egalarini kim izlab topadi, ularni kim tarbiyalaydi? Shu munosabat bilan, viloyat hokimlari har qaysi tuman va shahardan 5 nafargacha yoshlarni madaniyat va san’at oliygohlarida mahalliy byudjet hisobidan o‘qitadi. Kelgusida ularni o‘z hududida uy-joy va mutaxassisligi bo‘yicha ish bilan ta’minlash choralarini ko‘radi.
Iste’dodli bolalar uchun imkoniyat yaratish, ko‘rik-tanlovlarning g‘olib va sovrindorlarini doimiy qo‘llab-quvvatlash muhimligi ta’kidlandi.
– Agar masalaga chuqurroq qaraydigan bo‘lsak, ertaga mana shunday yoshlar, tuman yoki shaharning “oltin fondi”ga aylanadi va shu hududning obro‘sini yuksaltirishga xizmat qiladi. Shuning uchun har qaysi tuman va shahar hokimiga 10-15 nafar mana shunday iste’dodli yoshni saralab, ularni har tomonlama tarbiyalash va muntazam rag‘batlantirish tizimini yo‘lga qo‘yish vazifasi topshiriladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Izlanuvchan yigit-qizlarni rag‘batlantirish maqsadida joriy yilda yoshlar o‘rtasida eng yaxshi ilmiy ishlanmalar uchun umumiy qiymati 30 milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan “Yosh olimlar” innovatsion loyihalar tanlovi e’lon qilindi.
2021-yildan boshlab maktab o‘quvchilari va oliy o‘quv yurtlari talabalari o‘rtasida “Bo‘lajak olim” tanlovini tashkil qilish orqali yoshlarning eng yaxshi innovatsion hamda startap loyihalariga 50 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
– Bu ishlarimizni davom ettirgan holda, kelgusi yilda 100 dan ziyod shahar va tumanlarimizda axborot texnologiyalarini chuqur o‘rgatadigan zamonaviy o‘quv markazlarini tashkil qilamiz. Yoshlarga xalqaro IT sertifikatlarini olish xarajatlarining 50 foizgacha bo‘lgan qismi qoplab beriladi. Yaqin ikki yilda “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida 300 ming nafar yoshlar kompyuter dasturlash asoslariga bepul o‘qitiladi.
O‘rni kelganda, sizlarga yana bir muhim yangilikni aytib o‘tmoqchiman. Keyingi yildan oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida eng yuqori ball to‘plagan 200 nafar yosh uchun Prezident granti joriy etiladi. Agar mavjud Prezident stipendiyasi faqat bir o‘quv yili uchun mo‘ljallangan bo‘lsa, ushbu grant mablag‘lari to‘rt yil davomida to‘lab boriladi.
Shuningdek, kelgusi o‘quv yilidan boshlab respublikamizdagi xorijiy oliy o‘quv yurtlarining bakalavriat bosqichi talabalari uchun ham Prezident va davlat stipendiyalari joriy etiladi.
Chunki bunday ta’lim maskanlarida o‘qiyotgan yoshlar ham o‘zimizning farzandlarimiz. Ular ertaga yurtimiz taraqqiyoti uchun xizmat qiladi. Shunday ekan, ularga g‘amxo‘rlik qilib, iste’dodini rag‘batlantirsak, o‘ylaymanki, adolatdan bo‘ladi.
Ilm yo‘lini tanlagan iqtidorli yoshlarimizni qo‘llab-quvvatlash maqsadida keyingi yildan boshlab magistratura va doktorantura bosqichlari uchun Prezident stipendiyasi kvotasini ikki barobarga oshiramiz. Ishonchim komilki, bunday imkoniyat va imtiyozlarga avvalo yangi Renessans poydevorining bunyodkorlari sazovor bo‘ladi, – deya ta’kidladi davlatimiz rahbari.
Ikki va undan ortiq farzandi oliy o‘quv yurtida shartnoma asosida o‘qiyotgan oilalarga imtiyozli ta’lim krediti berish yo‘lga qo‘yilishi aytildi.