12.12.2020
Muhtaram vatandoshlar!
Hurmatli dehqon va fermerlar!
Qadrli agroklaster egalari!
Avvalo, siz azizlarni, sizlarning timsolingizda butun xalqimizni Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni bilan chin qalbimdan tabriklab, barchangizga eng ezgu va samimiy tilaklarimni bildirishga ijozat etgaysiz.
Ushbu qutlug‘ ayyomda rizq-ro‘zimiz bunyodkorlari – mirishkor dehqon va fermerlar, zahmatkash chorvador va pillakorlar, mohir suvchi va irrigatorlar, o‘z ishining haqiqiy ustasi bo‘lgan mexanizator va agronomlar, sohaning jonkuyar olimlari va mutaxassislarimizga chuqur hurmat bajo keltirib, chin dildan ta’zim qilamiz.
Dunyodagi eng qadimiy va olijanob kasb egalari hisoblangan, el-yurt dasturxonini to‘kin va farovon etadigan g‘oyat muhim sohaning zalvorli yukini o‘z yelkasida ko‘tarib kelayotgan sizlar kabi minglab yurtdoshlarimizning fidoyi mehnati va jasorati har qanday yuksak e’tirofga munosibdir.
Buyuk ajdodimiz Alisher Navoiy sizlarning sha’ningizni ulug‘lab: “Olam ma’murlig‘i alardin, olam ahli masrurlig‘i alardin. Har qayon qilsalar harakat, elga ham qut yetkurur, ham barakat”, deb aytgan so‘zlarida chindan ham teran haqiqat mujassam.
Shu xursandchilik kunlarda barchamiz sizlarni bayram bilan muborakbod etar ekanmiz, bu yilgi mashaqqatli mehnatingiz, erishilgan natijalar va oldimizda turgan rejalar haqida fikr yuritishimiz tabiiy, albatta.
Hammamizga yaxshi ayon, bu yil butun insoniyat uchun jiddiy sinov davri bo‘ldi. Shunday qiyin sharoitda el-yurtimiz, xususan, zahmatkash dehqon va fermerlarimiz koronavirus pandemiyasi bilan bir qatorda, ayrim hududlarimizda yuz bergan tabiiy va texnogen ofatlarni ham mardonavor yengib, yuksak marralarni qo‘lga kiritganini minnatdorlik bilan ta’kidlaymiz. Jumladan, Sirdaryo viloyatining Sardoba, Oqoltin, Mirzaobod tumanlarida 19 ming gektardan ziyod maydondagi paxta, g‘alla va boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlarini qayta ekishga to‘g‘ri keldi. Buxoro viloyatidagi kuchli dovul oqibatida 26 ming gektar maydonda paxta va g‘alla nihollariga zarar yetdi.
Albatta, qishloq xo‘jaligi sohasida oson va yengil yilning o‘zi bo‘lmaydi. Tabiat injiqliklari, suv resurslarining cheklangani, turli hasharot va zararkunandalar bilan kurashish har bir dehqondan katta azmu shijoat, mirishkorlik va tajribani talab etadi. Xalqimiz sizlarning ana shunday ibratli fazilatlaringizni yaxshi biladi va yuksak qadrlaydi.
Joriy yilda yurtimizda olti yarim million tonnaga yaqin g‘alla, 3 million tonnadan ziyod paxta, 21 ming tonna pilla, 22 million tonna meva-sabzavot, ikki yarim million tonna go‘sht va 11 million tonnadan ziyod sut mahsulotlari yetishtirilgani avvalo sizlarning mashaqqatli va halol mehnatingiz samarasidir.
Bu haqda gapirganda, g‘alladan yuqori hosildorlikka erishgan Yozyovon tumanidagi “Bahrombek”, Termiz tumanidagi “Davron Namuna”, G‘ijduvon tumanidagi “Sodiq Zafar saxovati”, Yangibozor tumanidagi “Jo‘rabek Qumobod”, Baliqchi tumanidagi “Xolmirza Boltaboyev”, Sayxunobod tumanidagi “Qurama”, Narpay tumanidagi “Azamat Siroj”, Nukus tumanidagi “Sho‘rtanbay-baxtli-el”, Qiziltepa tumanidagi “Ulug‘diyor kelajagi”, Uychi tumanidagi “Zamin”, Paxtakor tumanidagi “Safarov Bahrom” fermer xo‘jaliklari hamda Pop va Mingbuloq tumanlaridagi “Art soft teks”, Rishton tumanidagi “Qahramon”, Do‘stlik tumanidagi “Sangzor biznes parranda”, Navbahor tumanidagi “Navoiy asl chorvasi” va Qorovulbozor tumanidagi “Ochil fayz biznes” g‘allachilik klasterlarining nomlarini mamnuniyat bilan e’tirof etamiz.
Paxtadan mo‘l hosil yetishtirishda Uchko‘prik tumanidagi “Mirjalol Guliston durdonasi”, Qiziltepa tumanidagi “Safar obod bog‘i”, G‘uzor tumanidagi “Jahongir Norboy o‘g‘li”, Bog‘ot tumanidagi “Xolmurod o‘g‘li Mansur”, Namangan tumanidagi “G‘ofurjon ota”, Narpay tumanidagi “Abdusalom Xo‘shmatov”, Buloqboshi tumanidagi “Zoirjon Nizomov”, Romitan tumanidagi “Navobod”, Sirdaryo tumanidagi “Xudoyqul o‘g‘li Sulaymon”, Oqqo‘rg‘on tumanidagi “Olloberdi Murod” fermer xo‘jaliklari, shuningdek, Quyichirchiq tumanidagi “TST klaster”, Namangan tumanidagi “Toshbuloq teks”, Jarqo‘rg‘on tumanidagi “Termez Jayxun klaster”, Qo‘rg‘ontepa tumanidagi “Xanteks grupp” va Xazorasp tumanidagi “Xazorasp teks” kabi paxta-to‘qimachilik klasterlari barchaga namuna bo‘ldilar.
Fursatdan foydalanib, boy bilim va tajribasi, omilkorlik xislatlarini namoyon etib, ilm-fan yutuqlarini samarali qo‘llash hisobidan yuksak xirmon yaratgan barcha dehqon va fermerlarimizga o‘z nomimdan, xalqimiz nomidan chuqur minnatdorlik bildiraman.
Aziz do‘stlar!
Barchangiz guvoh bo‘lib turibsiz, bugungi murakkab va qaltis davr dunyo miqyosida agrar sohaning hal qiluvchi o‘rni va ahamiyatini yana bir bor yaqqol ko‘rsatib bermoqda. Mavjud resurs va imkoniyatlardan oqilona foydalanib, aholini qishloq xo‘jalik mahsulotlari bilan kafolatli ta’minlash, sohada yangi ish o‘rinlari yaratish, manfaatdorlikni yanada oshirish, ilg‘or yondashuvlarni joriy etish eng muhim masalaga aylanmoqda.
Shuning uchun biz iqtisodiyotimizni, jumladan, qishloq xo‘jaligi sohasini modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish, fermer, klaster hamda kooperatsiyalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash masalasiga har doimgidan ham ko‘proq ahamiyat bermoqdamiz. Xususan, bu yil qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining 5 ta qonuni, Prezidentning 12 ta farmoni va 30 dan ortiq qarori hamda hukumatning ko‘plab qarorlari ayni shu yo‘nalishga qaratilgandir.
Qishloq xo‘jaligi tarmog‘iga bozor mexanizmlari, jumladan, agroklaster tizimining joriy etilgani qisqa fursatda o‘zining ijobiy samarasini berayotganidan barchangiz yaxshi xabardorsiz.
Bugungi kunda mamlakatimizda 97 ta paxta-to‘qimachilik, 149 ta meva-sabzavotchilik, 65 ta g‘allachilik, 35 ta sholichilik va 7 ta dorivor o‘simliklar yetishtirishga ixtisoslashgan klasterlar va 11 ta paxta-to‘qimachilik kooperatsiyalari faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, qoramolchilik yo‘nalishida 34 ta, parrandachilik bo‘yicha 10 ta, baliqchilik tarmog‘ida 36 ta, asalarichilik yo‘nalishida 15 ta fermer xo‘jaligida klaster usulida mahsulot yetishtirish yo‘lga qo‘yildi. Shu bilan birga, keyingi ikki yilda respublikada pillachilik sohasida 62 ta klaster ishga tushirilib, ular tomonidan 600 milliard so‘mga yaqin mahsulot ishlab chiqarildi.
Joriy yilning o‘tgan davrida respublika bo‘yicha 11 mingga yaqin, ya’ni 90 foiz fermer xo‘jaliklari ko‘p tarmoqli xo‘jaliklarga aylantirildi. Buning natijasida qariyb 37 ming aholi ish bilan ta’minlandi.
Xabaringiz bor, biz so‘nggi yillarda aholi tomorqalaridan unumli foydalanish bo‘yicha qator qarorlar qabul qildik. Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, uning hududiy organlari, mahalla fuqarolar yig‘inlarida tomorqa xo‘jaliklari bo‘yicha alohida o‘rinbosar lavozimi joriy etildi. Shaxsiy tomorqa xo‘jaliklari samaradorligini oshirishga qaratilayotgan ana shunday chora-tadbirlar natijasida bu yil respublika bo‘yicha to‘rt yarim million aholiga tegishli 432 ming gektar tomorqa maydonlarida ekinlar to‘liq ekilishi ta’minlandi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, bu maydonlarda 10 million tonnadan ziyod mahsulot yetishtirildi.
Davlat tomonidan shaxsiy tomorqa egalariga artezian quduqlari qazish hamda ixcham issiqxonalar qurish uchun subsidiyalar va imtiyozli kreditlar ajratilayotgani ham aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning yana bir o‘ziga xos yo‘nalishiga aylandi. Ushbu ezgu maqsadlar uchun O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi huzuridagi Jamg‘armadan 65 yarim milliard so‘m, tomorqa xizmati korxonalari, qishloq xo‘jaligi kooperativlari va fermerlarni qo‘llab-quvvatlash uchun esa 110 milliard so‘mga yaqin mablag‘ yo‘naltirildi.
Bundan tashqari, “Har bir yoshga – bir gektar” dasturi doirasida g‘alladan bo‘shagan maydonlarning 84 ming gektari 266 mingta kam ta’minlangan oilalar va ishsiz yoshlarga berilib, ularga fermer xo‘jaliklari va tomorqa xizmati korxonalari biriktirildi. Ushbu dastur natijasida 1 million tonnadan ziyod mahsulot yetishtirildi.
Amalga oshirilgan ana shunday islohotlar va tarkibiy o‘zgarishlar natijasida bu yil, jahonda yuz berayotgan pandemiyaning salbiy ta’siriga qaramasdan, 822 million dollardan ziyod miqdordagi qariyb 1,5 million tonna meva-sabzavot 70 dan ortiq davlatga eksport qilindi.
Albatta, bugun hech bir sohada ilm-fan yutuqlari va innovatsion texnologiyalarni amaliyotda qo‘llamasdan turib taraqqiyotga erishib bo‘lmaydi. Bu esa keng va zamonaviy bilimga ega kadrlarni tayyorlash, ularning malakasini oshirish, xorijiy tajribalarni o‘zlashtirish kabi dolzarb vazifalarni oldimizga qo‘ymoqda.
Shu maqsadda agrar sohaga ixtisoslashgan oliy o‘quv yurtlarida ta’lim sifatini tubdan oshirish, taraqqiy etgan davlatlarning nufuzli ta’lim dargohlari bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, urug‘chilik, naslchilik va veterinariya yo‘nalishidagi ilmiy muassasalar faoliyatini takomillashtirish borasida ham salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
2020-2021-o‘quv yilidan boshlab mavjud qishloq xo‘jaligi oliygohlari bilan bir qatorda, Guliston, Buxoro, Qarshi, Namangan, Samarqand, Farg‘ona, Urganch davlat universitetlarida agrar soha mutaxassislarini tayyorlash uchun bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha qabul kvotalari ajratildi.
Sohadagi ilg‘or tajribalarga tayangan holda, hududlarda “Tuproq klinikasi” mobil laboratoriyalari tashkil etilib, sho‘rlanish, suv, shamol eroziyasi, ozuqa elementlari kamayishining oldini olish, tuproq unumdorligi va mahsuldorligini oshirish borasida fermer xo‘jaliklari va klasterlariga zarur xizmatlar ko‘rsatmoqda.
Shu o‘rinda paxta maydonlari hamda bog‘, uzumzor va issiqxona xo‘jaliklarida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish xarajatlarining bir qismi davlat tomonidan qoplab berilayotganini alohida qayd etish lozim.
Joriy yilda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlashga yo‘naltirilgan 677 milliard so‘mlik 80 ga yaqin loyiha, 1 trillion 240 milliard so‘mlik investitsiya mablag‘lari asosida 12 ta agrologistika markazi ishga tushirilib, qariyb uch yarim ming yangi ish o‘rni yaratildi. Shuningdek, paxtachilik klasterlari, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, quyonchilik tarmoqlarida hamda zamonaviy issiqxonalarning barpo etilishi natijasida 14 mingga yaqin aholi ish bilan ta’minlandi.
Ayni paytda chorvachilikda naslchilikni yaxshilash, zotdor chorva mollarini ko‘paytirish, ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklarini rivojlantirish, ushbu sohaga davlat tomonidan subsidiyalar ajratib berish bo‘yicha katta ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, o‘tgan davrda chorvachilik xo‘jaliklariga ushbu maqsadlar uchun 20 milliard so‘mga yaqin subsidiyalar ajratildi.
Aziz do‘stlar!
Dunyoda global oziq-ovqat yetishmovchiligi xavfi yuzaga kelayotgan bugungi vaziyatda bizda ichki bozorimizni to‘liq ta’minlash bilan birga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmini ikki barobar oshirish va eksportni ko‘paytirish uchun barcha sharoitlar mavjud ekanini alohida ta’kidlamoqchiman.
Kelgusida qishloq xo‘jaligini barqaror rivojlantirish bo‘yicha kompleks dasturlarni amaliyotga tatbiq etish, zamonaviy texnologiyalarni qo‘llagan holda mahsulot turlari va eksport hajmini yanada oshirish ustuvor masala bo‘lib qoladi.
Tuproq unumdorligini saqlash, sohani zarur texnikalar bilan ta’minlash va xizmat ko‘rsatish ishlarini yaxshilash, ilg‘or bilim va ko‘nikmalarga ega mutaxassislarni tayyorlash va qayta tayyorlash faoliyatini takomillashtirishga e’tiborni yanada kuchaytiramiz.
Sohaga ilm-fan yutuqlari va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish bundan buyon ham ustuvor vazifalarimizdan bo‘lib qoladi.
Mamlakatimizning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, el-yurtimiz dasturxonini yanada farovon qilishda fidoyi qishloq xo‘jaligi xodimlari bundan keyin ham o‘zlarining bor bilim va tajribalarini, kuch-g‘ayrat va imkoniyatlarini safarbar etadilar, deb qat’iy ishonaman.
Muhtaram dehqon va fermerlar, aziz suvchilar va paxta-to‘qimachilik klasterlari xodimlari!
Sizlarni yana bir bor Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni bilan – mehnat va hosil bayrami bilan chin dildan tabriklayman.
Barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt-saodat, mas’uliyatli va sharafli mehnat faoliyatingizda ulkan zafarlar, xonadonlaringizga qut-baraka va xotirjamlik hamisha yor bo‘lishini tilayman.
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti