21.10.2016
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni
Sud-huquq tizimini yanada demokratlashtirish va erkinlashtirish, sud, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari faoliyati samaradorligini oshirish, aholining odil sudlovga bo‘lgan ishonchini oshirish, jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash va qonuniylikni mustahkamlash maqsadida:
1. Sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini, fuqarolar huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini ta’minlash, shuningdek odil sudlovga erishish darajasini oshirish sud-huquq tizimini yanada isloh qilish sohasida davlat siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishlari etib belgilansin.
Davlat siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish bo‘yicha sud, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlarining muhim vazifalari sifatida quyidagilar belgilansin:
sud hokimiyatining mustaqilligi to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy normalarga va odil sudlovni amalga oshirish faoliyatiga aralashganlik uchun javobgarlikning muqarrarligi prinsipiga og‘ishmay amal qilinishini ta’minlash;
fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga tajovuz qilish holatlari yuzasidan zudlik bilan zarur choralar ko‘rish;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini o‘z vaqtida hal etish, murojaatlarni ko‘rib chiqishda sansalorlik va befarq munosabatda bo‘lish holatlariga yo‘l qo‘yganlik uchun jinoiy javobgarlikkacha bo‘lgan javobgarlikning muqarrarligini ta’minlash, shuningdek buzilgan huquqlarni tiklash bo‘yicha barcha zarur choralarni ko‘rish;
faoliyatning ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari va aholi bilan hamkorlik qilishning samarali mexanizmlarini keng qo‘llash;
faoliyatni ish yakunlarining kompleks tahlili asosida rejalashtirish va tashkil etish, bunda e’tiborni avvalo huquqni qo‘llash amaliyoti va amaldagi qonun hujjatlarini takomillashtirish orqali tizimli qonunbuzarliklarning sabab va shart-sharoitlarini aniqlash hamda bartaraf etishga qaratish;
xodimlar o‘rtasida suiiste’molchilik va boshqa huquqbuzarliklarning oldini olish, profilaktika qilish va ularga chek qo‘yish bo‘yicha idoraviy nazoratni kuchaytirish, odob-axloq qoidalariga og‘ishmay rioya etilishini ta’minlash;
yuksak axloqiy-irodaviy va kasbiy fazilatlarga ega, yuklatilgan vazifalar va amalga oshirilayotgan islohotlarning samarali bajarilishini ta’minlashga qodir bo‘lgan kadrlarni shaffof tanlov asosida ishga qabul qilish tizimini takomillashtirish;
fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlariga so‘zsiz rioya etilishini ta’minlash, faoliyat samaradorligini oshirishga qaratilgan ilg‘or ilmiy-texnika vositalari va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini, shuningdek ishni tashkil etishning zamonaviy shakl va usullarini joriy etish.
2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Sudyalarni tanlash va lavozimlarga tavsiya etish bo‘yicha oliy malaka komissiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Oliy xo‘jalik sudi, Bosh prokuraturasi va Adliya vazirligining sudyalik lavozimiga birinchi marotaba besh yil muddatga va keyin o‘n yil muddatga, shundan so‘ng muddatsiz davrga tayinlash (saylash)ni nazarda tutuvchi taklifi ma’qullansin.
3. Belgilansinki, 2017-yilning 1-aprelidan:
ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan muqobil jazo turlarini qo‘llashni kengaytirish orqali qamoq tariqasidagi jinoiy jazo tugatiladi;
jinoyatni sodir etishda gumon qilingan shaxslarni ushlab turish muddati 72 soatdan 48 soatga qisqartiriladi;
qamoqqa olish va uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot choralarini qo‘llashning, shuningdek dastlabki tergovning eng ko‘p muddati 1-yildan 7 oyga qisqartiriladi;
pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlab qo‘yish va eksgumatsiya qilish uchun sanksiya berish huquqi sudlarga o‘tkaziladi;
sudlarga qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash rad etilganda muqobil ehtiyot choralarini qo‘llash huquqi beriladi;
tergovning to‘liq emasligini sud muhokamasi jarayonida to‘ldirish mexanizmlarini joriy etish orqali sud tomonidan jinoyat ishini qo‘shimcha tergov yuritishga qaytarish instituti bekor qilinadi;
fuqarolik ishi bo‘yicha sud qarorini nazorat tartibida qayta ko‘rib chiqish muddati 3-yildan 1-yilga qisqartiriladi;
viloyat darajasidagi sudlar tomonidan jinoyat va fuqarolik ishlarini nazorat tartibida ko‘rib chiqish instituti tugatilib, tegishli sud raislari va prokurorlarning nazorat tartibida protest keltirish bo‘yicha vakolatlari bekor qilinadi;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining ishlarni nazorat tartibida ko‘rib chiqish bo‘yicha bir-birini takrorlovchi vakolatlari bekor qilinadi;
adliya organlarining umumiy yurisdiksiya sudlari faoliyatini moddiy-texnika jihatidan va moliyaviy ta’minlash sohasidagi vazifa va vakolatlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga o‘tkaziladi;
xo‘jalik sudlari tizimida mintaqaviy apellatsiya sudlari tashkil etiladi.
4. Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi (keyingi o‘rinlarda – Dastur) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Dasturda nazarda tutilgan tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi yuzasidan vazirlik va idoralar rahbarlari zimmasiga shaxsiy javobgarlik yuklansin.
5. Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturini amalga oshirish bo‘yicha Komissiya (keyingi o‘rinlarda – Komissiya) 2-ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin.
Komissiya (I.B.Abdullayev):
vazirlik va idoralar, ilmiy-tadqiqot va ta’lim muassasalari mutaxassislari, fuqarolik jamiyati institutlari vakillarini jalb etgan holda qonun hujjatlari loyihalarini tayyorlash bo‘yicha ekspert guruhlarini tashkil etsin;
qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotini chuqur tanqidiy tahlil qilish, ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish asosida Dasturda nazarda tutilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ishlab chiqilishini ta’minlasin;
qonun hujjatlari loyihalarini jamoatchilik o‘rtasida, shu jumladan, davra suhbatlari, seminarlar va konferensiyalar o‘tkazish orqali keng muhokama qilishni tashkil etish choralarini ko‘rsin;
Dasturda nazarda tutilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining sifatli tayyorlanishi va o‘z vaqtida belgilangan tartibda kiritilishi, shuningdek boshqa tadbirlarning bajarilishi ustidan nazoratni ta’minlasin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Oliy xo‘jalik sudi, Bosh prokuraturasi va Adliya vazirligi ilg‘or xorijiy tajribani chuqur o‘rganish asosida 2017-yil 1-iyulga qadar:
sud-prokuror xodimlari malakasini oshirish va rahbar kadrlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish;
voyaga yetmaganlar uchun nazarda tutilgan jinoiy jazolarni liberallashtirish, protsessual harakatlarni amalga oshirishda ularning huquqiy himoyasini kuchaytirish, shuningdek sudlanganlik holatini tugatish va sudlanganlikni olib tashlash muddatlari va asoslarini qayta ko‘rib chiqish;
tomonlarning yarashganligi munosabati bilan jinoiy javobgarlikdan ozod qilish institutini kengaytirish;
ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan ayrim jinoyat tarkiblarini jinoyat toifasidan chiqarish;
jinoyat ishini qo‘zg‘atish faqat jabrlanuvchining arizasiga ko‘ra amalga oshiriladigan jinoyat tarkiblari ro‘yxatini kengaytirish;
fuqarolik, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar va xo‘jalik sudlarining vakolatlarini qayta ko‘rib chiqish yo‘li bilan ma’muriy sudlarni tashkil etish;
elektron tartibda sud va ijro ishini yuritishning zamonaviy shakl va usullarini, shuningdek odil sudlovga erishishning ilg‘or mexanizmlarini kengroq joriy etish orqali odil sudlovni amalga oshirish sifatini yaxshilashni nazarda tutuvchi takliflarni ishlab chiqsin va kiritsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Moliya vazirligi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ilg‘or xorijiy tajribani chuqur o‘rganish asosida uch oylik muddatda:
davlat organlarida yuridik xizmatning faoliyatini yanada takomillashtirish va samaradorligini oshirish;
adliya organlari tizimida yuridik xizmatlar faoliyatini muvofiqlashtirish va ularga uslubiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha tuzilmalar tashkil qilishni nazarda tutuvchi takliflarni kiritsin.
8. Mazkur Farmon ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi vazifasini bajaruvchi O.B.Murodov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi o‘rinbosari B.A.Kokanbayev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti vazifasini bajaruvchi Sh.Mirziyoyev
Toshkent shahri,
2016-yil 21-oktabr