02.12.2020
Bugun, 2-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Ashraf G‘ani bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Ikki tomonlama munosabatlarning joriy holati va istiqbollari, mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi.
Suhbat avvalida Prezident Ashraf G‘ani Afg‘onistonning ko‘p millatli xalqi nomidan O‘zbekiston rahbariga afg‘onlararo tinchlik jarayonini har tomonlama qo‘llab-quvvatlayotgani hamda ushbu mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga, shu jumladan koronavirusga qarshi kurashish davrida amaliy yordam ko‘rsatayotgani uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.
Prezidentlar ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik sur’ati ortib borayotganini alohida mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Pandemiya oqibatlariga qaramay, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi sezilarli ko‘paydi, biznes aloqalari faollashdi. Ikki mamlakat tadbirkorlari uchun noyob imkoniyatlarga ega “Termiz” xalqaro savdo markazi tashkil etildi.
Savdo hajmini ikki barobar ko‘paytirish uchun huquqiy bazani takomillashtirish, savdo uylari tarmog‘ini kengaytirish va yangi kooperatsiya loyihalari to‘plamini shakllantirish masalalari o‘rganilmoqda.
Gumanitar sohada qator muhim qo‘shma tadbirlar muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Xususan, joriy yil oktyabr oyida Afg‘onistonda ilk bor O‘zbek tili bayrami davlat darajasida nishonlandi. Bundan tashqari, Termiz shahridagi Ta’lim markazi negizida afg‘onistonlik mutaxassislarni tayyorlash davom etmoqda, shuningdek, sog‘liqni saqlash sohasida salmoqli dasturlar amalga oshirilyapti.
Prezidentlar o‘tgan hafta bo‘lib o‘tgan Afg‘oniston bo‘yicha Jeneva xalqaro konferensiyasining asosiy natijalarini yuksak baholadilar.
Mintaqada o‘zaro bog‘liqlikni yanada mustahkamlash, Afg‘onistonni xalqaro savdo-iqtisodiy aloqalarga integratsiya qilishga qaratilgan ustuvor loyihalarni ilgari surish muhimligi qayd etildi.
Transafg‘on temir yo‘l yo‘lagini barpo etish loyihasini amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida yetakchi mamlakatlar va xalqaro moliyaviy institutlarga qo‘shma murojaat yo‘llashga kelishib olindi. “Surxon – Puli Humri” yo‘nalishida elektr uzatish liniyasini qurish loyihasini jadallashtirish masalalari muvofiqlashtirildi.
Muloqot so‘ngida davlat rahbarlari O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va keng ko‘lamli sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga intilish qat’iy ekanini yana bir bor tasdiqladilar.
Suhbat har doimgidek konstruktiv va do‘stona ruhda o‘tdi.