16.10.2020
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va ichki bozorda narx-navo barqarorligini saqlash chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Oziq-ovqat mahsulotlarining arzon va yetarliligi xalq roziligining asosiy omillaridan biri. Buni ta’minlash maqsadida so‘nggi 3 yilda oziq-ovqat, chorvachilik, meva-sabzavotchilik va qishloq xo‘jaligining boshqa tarmoqlarini rivojlantirish uchun 28 trillion so‘m kredit mablag‘lari ajratildi. Birgina chorvachilik yo‘nalishida 11 trillion so‘mlik loyihalar amalga oshirildi.
Bundan tashqari, koronavirus pandemiyasining narx-navoga ta’siri inobatga olinib, joriy yil aprel oyidan boshlab asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari importi bojxona to‘lovlaridan ozod qilingan.
Lekin shunga qaramay, oxirgi vaqtlarda go‘sht, tuxum, o‘simlik yog‘i va shakar mahsulotlarining narxi keskin oshdi. Dunyo bozorida o‘tgan 9 oyda o‘simlik yog‘i 15 foizga, O‘zbekistonda esa 26 foizga ortgan. Shakar narxi 5 foizga kamayishiga qaramasdan, yurtimizda 23 foizga qimmatlagan.
Yig‘ilishda ichki bozorni oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘ldirish, narx-navo barqarorligini saqlash masalalari atroflicha muhokama qilindi.
– Bugundan barcha choralarni ko‘rib, amaldagi tizimni o‘zgartirmasak, ertaga qish va bahor oylarida qiyin bo‘ladi. Oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘paytirib, bozordagi narx-navoni arzon qilsak, odamlarni, ayniqsa, kam ta’minlanganlarni rozi qila olamiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Har bir viloyat, tuman va shahar hokimida hudud aholisining keyingi yil maygacha go‘sht, tuxum, un, yog‘, shakar, guruch, kartoshka, sabzi va piyozga bo‘lgan ehtiyoji, bu mahsulotlarni qachon, qayerdan olish bo‘yicha aniq hisob-kitob bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi.
Har bir hududda oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha alohida jamg‘armalar tashkil etilishi belgilandi. Hudud rahbarlari tadbirkorlarni jalb qilib, yetishmaydigan asosiy oziq-ovqat mahsulotlarini jamg‘arma hisobidan boshqa joydan olib kelish yoki import qilishni yo‘lga qo‘yadi. Bunday tadbirkorlar uchun kredit foizining bir qismi Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan qoplab beriladi.
Import qilinadigan oziq-ovqat mahsulotlari narxini arzonlashtirish maqsadida yirik xorijiy ishlab chiqaruvchilarning mahalliy birjadagi ishtirokini kengaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Toshkent shahrining har bir tumaniga respublikaning muayyan viloyatini biriktirib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari rastalari va dala do‘konlari tashkil etish muhimligi qayd etildi.
Viloyat, tuman, shahar hokimlari va sektor rahbarlari o‘z hududida yaratilgan tizim, bozordagi shart-sharoitlar va narx-navo bo‘yicha xalqqa hisobot berishi zarurligi aytildi.
Videoselektor yig‘ilishida viloyatlar hokimlari aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan oyma-oy uzluksiz ta’minlash rejalari yuzasidan hisobot berdi.