04.09.2016
Mamlakatimiz, butun xalqimiz og‘ir judolikka uchradi. O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov 2016-yil 2-sentabr kuni vafot etdi. Shu munosabat bilan 2016-yil 3-sentabrdan mamlakatimizda uch kunlik motam e’lon qilindi. Mamlakatimizda va xorijiy davlatlardagi O‘zbekiston Respublikasi elchixonalarida O‘zbekistonning davlat bayroqlari tushirildi.
Toshkent va Samarqand shaharlari ko‘chalarida o‘n minglab vatandoshlarimiz chuqur qayg‘u va ko‘z yoshlari bilan Prezidentimiz bilan vidolashdi.
Samarqand shahridagi Forumlar majmuasida 3-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov bilan vidolashuv marosimi bo‘lib o‘tdi.
Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi N.Yo‘ldoshev, Qonunchilik palatasi spikeri N.Ismoilov, senatorlar, deputatlar, vazirlik va idoralar rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan vakillar, xorijiy davlatlarning mamlakatimizdagi elchixonalari va xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari rahbarlari ishtirok etdi.
Marosimda Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon, Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Ashraf G‘ani, Rossiya Federatsiyasi Bosh vaziri Dmitriy Medvedev, Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi Bosh vaziri o‘rinbosari Chjan Gaoli, Koreya Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Li Jun Suk, Belarus Respublikasi Bosh vaziri Andrey Kobyakov, Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri Karim Masimov, Ozarbayjon Respublikasi Milliy Majlisi Raisi Oktay Asadov, Gruziya Respublikasi Bosh vaziri Georgiy Kvirikashvili, Qirg‘iziston Respublikasi Bosh vaziri Sooronboy Jeenbekov, Turkiya Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Tug‘rul Yildirim, Ukraina Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Stepan Kubiv, Birlashgan Arab Amirliklari davlat vaziri Rashid bin Ahmad bin Fahad, Armaniston Respublikasi parlamenti vitse-spikeri Ermine Nagdalyan, Yaponiya parlament vaziri Motome Takisava, Eron Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri Muhammad Javad Zarif, MDH Ijroiya qo‘mitasi raisi – Ijrochi kotibi Sergey Lebedev va boshqalar qatnashdi.
Marosimni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.Mirziyoyev ochib, Islom Karimovning oila a’zolariga, xalqimizga chuqur hamdardlik bildirdi.
“Nuroniy” jamg‘armasi Qashqadaryo viloyati bo‘limi raisi Ya.Inoyatov, O‘zbekiston xalq shoiri E.Siddiqova va boshqalar Islom Karimovning xalqimiz baxt-saodati yo‘lida amalga oshirgan buyuk ishlari haqida so‘z yuritdi.
Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov tom ma’nodagi vatanparvar inson va buyuk davlat arbobi, dono siyosatchi Islom Karimovning barcha tashabbuslari xalqaro maydonda qo‘llab-quvvatlanganini, Turkmanistonda yoshu qari u kishini chin dildan hurmat qilishini ta’kidladi. Islom Karimov Turkmaniston – O‘zbekiston hamkorligini izchil rivojlantirishga katta hissa qo‘shganini qayd etib, Turkmanistonda maydon va ko‘chalarga Islom Karimov nomi berilishini ma’lum qildi.
Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov vafoti munosabati bilan xalqimizga hamdardlik bildirib, Islom Karimovning hayoti va faoliyati o‘z xalqi va Vataniga fidokorona xizmat qilishning yorqin namunasi ekanini ta’kidladi. Islom Karimovning oqilona siyosati natijasida O‘zbekistonda tinchlik, osoyishtalik va barqarorlik qaror topgani, taraqqiyotning “o‘zbek modeli” samarasida mustaqillik yillarida O‘zbekiston iqtisodiyoti 6 barobar o‘sgani va aholi turmush darajasi yuksalganini alohida qayd etdi.
Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Ashraf G‘ani Afg‘oniston va O‘zbekiston xalqlari azaldan yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarida yashab kelayotganini ta’kidlab, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov vafoti munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga chuqur hamdardlik bildirdi. Islom Karimov Afg‘onistonda tinchlik va osoyishtalik o‘rnatish, ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga katta hissa qo‘shganini, yaqinda Toshkentda bo‘lib o‘tgan ShHT sammitida Prezidentimiz bilan uchrashuvi g‘oyat mazmunli bo‘lganini alohida ta’kidladi.
Rossiya Federatsiyasi Bosh vaziri Dmitriy Medvedev Islom Karimovning oila a’zolari va O‘zbekiston xalqiga Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin nomidan ta’ziya bildirdi. Islom Karimov buyuk davlat arbobi bo‘lganini, o‘z xalqiga, Vataniga xizmat qilishni yuqori darajaga ko‘targanini ta’kidladi. Islom Karimov Rossiya bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar ittifoqchilik darajasiga ko‘tarilishiga katta hissa qo‘shganini alohida qayd etdi.
Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi bosh vaziri o‘rinbosari Chjan Gaoli Islom Karimov mustaqil O‘zbekiston Respublikasining asoschisi ekanini, o‘tgan yillarda O‘zbekiston har tomonlama rivojlanganini ta’kidladi. Islom Karimov boshlagan buyuk ishlar davom etishi va mamlakat yanada ravnaq topishiga ishonch bildirdi. Islom Karimovning ulkan xizmatlari bilan joriy yilning iyun oyida davlatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar har tomonlama strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilganini, Xitoy O‘zbekiston bilan hamkorlikni izchil rivojlantirishga tayyor ekanini qayd etdi.
Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri Karim Masimov Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning xalqimizga hamdardlik bildirilgan maktubini o‘qib berdi. Unda Qozog‘iston xalqi Islom Karimov vafot etgani to‘g‘risidagi mash’um xabarni chuqur qayg‘u bilan qabul qilgani aytilgan. Mustaqillik yillarida O‘zbekiston hayotida ro‘y bergan keng ko‘lamli o‘zgarishlar, mamlakatning iqtisodiy salohiyati va xalqaro hamjamiyatdagi nufuzi yuksalgani, aholi turmush darajasi oshgani bevosita Islom Karimov nomi bilan bog‘liq ekani ta’kidlangan. Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashga ulkan hissa qo‘shgan Islom Karimovning oila a’zolariga, butun xalqimizga hamdardlik bildirilgan.
Belarus Respublikasi Bosh vaziri Andrey Kobyakov Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko va belarus xalqi nomidan Islom Karimovning oila a’zolari, yaqinlariga, butun xalqimizga chuqur hamdardlik bildirdi. Buyuk inson, ulug‘ Yo‘lboshchi bo‘lgan Islom Karimov butun kuch va imkoniyatlarini o‘z xalqi, Vatani ravnaqiga sarf etganini ta’kidladi. Prezidentimizning “Yangi uy qurmay turib, eskisini buzmang” degan hikmatli so‘zlari mustaqil va qudratli O‘zbekiston Respublikasini barpo etishda asos bo‘lganini, bugun mamlakatimiz ko‘ptarmoqli iqtisodiyotga ega, tinchlik elchisi bo‘lgan davlatga aylanganini qayd etdi.
Qirg‘iziston Respublikasi Bosh vaziri Sooronbay Jeenbekov Qirg‘iziston Prezidenti Almazbek Atamboyevning O‘zbekistonning birinchi Prezidenti vafoti munosabati bilan xalqimizga chuqur ta’ziya bildirilgan maktubini o‘qib berdi. Unda buyuk davlat arbobi, dono siyosatchi Islom Karimovning qat’iy sa’y-harakatlari bilan ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalarga ijobiy yechim topilgani, bu bugungi kunda ham xalqlarimiz manfaatlariga xizmat qilayotgani ta’kidlangan.
Musulmonchilik urf-odatlariga binoan Registon majmuasidagi Tillakori madrasasida janoza namozi o‘qildi.
Islom Karimov o‘zining vasiyatiga binoan ota-onasi mangu qo‘nim topgan Shohi Zinda qabristonida dafn etildi.
O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, mamlakatimiz mustaqilligi va yangi davlatchiligining asoschisi, buyuk siyosatchi, tinchlikparvar va xalqparvar davlat rahbari, dono islohotchi va komil inson Islom Karimovning so‘nmas xotirasi qalbimizda abadiy saqlanib qoladi. Bu vidolashuv marosimida ishtirok etgan o‘n minglab vatandoshlarimiz, butun xalqimiz dilidagi so‘zlardir.