15.10.2020
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 15-oktabr kuni davlat kadastrlarini yuritishning yangi tizimini samarali tashkil etish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Mamlakatimizda yer ajratish va davlat kadastri sohasida bir necha o‘n yillar mobaynida tizimli muammolar to‘planib qolgani sir emas. Tartib-intizom, hisob-kitob bo‘lmagani sababli minglab gektar yerlar talon-toroj bo‘lib ketgan. Bu sohadan aholi ham, tadbirkorlar ham norozi edi.
Shu bois joriy yil 7-sentabrda “Yer hisobi va davlat kadastrlarini yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Prezident farmoni qabul qilindi. Ushbu hujjatda sohani ilg‘or tajriba asosida isloh qilish, yangicha boshqaruv tizimini joriy etish, yerning hisobini to‘liq yuritish va raqamlashtirish bo‘yicha komleks vazifalar belgilandi.
O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi negizida O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi tashkil etildi. Yer hisobi va davlat kadastrlarini yuritish vazifasi mazkur agentlikka, yerlardan samarali foydalanishni ta’minlash va nazorat qilish funksiyalari Qishloq xo‘jaligi vazirligiga o‘tkazildi.
Yangi tizimga ko‘ra Kadastr agentligi Soliq qo‘mitasi tarkibida tashkil etilgani bejiz emas. Chunki bu sohada soliq bazasini kengaytirish uchun katta zaxira bor.
Misol uchun, yaqinda Bo‘stonliq, Furqat, Koson tumanlari va Urganch shahrida o‘tkazilgan o‘rganishlarda jami 2 mingdan ortiq ko‘chmas mulk ob’ekti kadastr va soliq bazalarida hisobga olinmagani aniqlangan.
Shunday holat yer maydonlarida ham bor. Masalan, xatlovlar natijasida 66 tumanda 150 ming gektar qo‘shimcha qishloq xo‘jaligi yerlari, shundan hisobotlarga kiritilmagan 28 ming gektar sug‘oriladigan ekin maydoni borligi ayon bo‘lgan. Umuman, 113 tumanda yer fondi toifalari va turlarining aniq hisob-kitobi bo‘lmagani oqibatida ko‘plab zaxiralar yo‘qotilmoqda.
Yig‘ilishda yangi tizim asosida ishni tashkil etish uchun birinchi galda yer hisobini joyiga qo‘yib, to‘liq shakllantirib olish zarurligi ta’kidlandi.
– Kadastr va yer hisobini yuritish sohasidagi qonun hujjatlari eskirgan. Ular murakkab, tushunarsiz yozilgan. Bu esa korrupsiyaga yo‘l ochib bergan. Bugun tizim tamomila o‘zgarishi kerak. Asosiy maqsad yer hisobini aniq yuritish, bu borada adolatni ta’minlashdir, – dedi Prezident.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar rahbarlariga barcha qishloq xo‘jaligi tumanlari bo‘yicha yer kadastr hujjatlarini tayyorlab, Milliy geoaxborot tizimiga kiritish yuzasidan ko‘rsatma berildi. Endi hokimlarning yer ajratish to‘g‘risidagi qarorlari mazkur geoaxborot tizimiga kiritilmagunicha haqiqiy hisoblanmaydi.
Shuningdek, Kadastr agentligi bilan soliq idoralarining ma’lumotlar bazasini birlashtirib, foydalanishdagi yer va ob’ektlarni hisobga olish hamda soliq shakllantirib borish vazifasi qo‘yildi.
Bugungi kundagi o‘rmon xo‘jaligi kadastri 1987-yildan buyon yangilanmagani ko‘rsatib o‘tildi. Undan beri o‘tgan davrda tabiiy yo‘l bilan yangi o‘rmonlar paydo bo‘lgan. Shu bois O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasiga o‘rmonzorlarni to‘liq xatlovdan o‘tkazish bo‘yicha topshiriq berildi.
Tizimdagi muammolardan biri shuki, 340 mingta ob’ektning kadastr qiymati belgilanmagan. Shundan 200 mingdan ziyod ob’ekt bo‘yicha soliq hisoblanmayapti. Bundan tashqari, 1 milliondan ortiq uy-joyning kadastr hujjati yo‘q.
Shu munosabat bilan Prezident ko‘chmas mulk kadastri hisobini to‘liq shakllantirish zarurligi, bu soliq solish bazasini kengaytirishda muhimligini ta’kidladi. Undan keladigan mablag‘lar to‘liq mahalliy byudjetga tushadi va ular hisobidan ijtimoiy masalalarni hal etish mumkin.
Qurilishdan bino-inshootning kadastr jildini tayyorlashgacha bo‘lgan bosqichlarda undiriladigan to‘lovlar asosliligini o‘rganib, ularni kamaytirish va jarayonlarni soddalashtirish bo‘yicha topshiriq berildi.
Yer solig‘i hisoblash tizimini ham tubdan qayta ko‘rib chiqish kerakligi aytildi. Xususan, viloyat markazlariga yaqin, suv ta’minoti yaxshi bo‘lgan hududlarda ham, hosildorligi past joylarda ham yer solig‘i deyarli bir xilda hisoblanadi.
Mutasaddilarga yerlarning haqiqiy qiymatidan kelib chiqib soliq hisoblash, bunda oshirilgan va kamaytirilgan koeffitsiyentlarni qo‘llash tizimini joriy etish bo‘yicha topshiriq berildi. Shu maqsadda xalqaro ekspertlar jalb qilinib, ob’ektlarning bozor qiymatini aniqlash tartibi 4 ta tumanda sinovdan o‘tkazilishi belgilandi.
Yig‘ilishda yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazmaslik yoki yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olish muammosiga ham to‘xtalib o‘tildi.
Qayd etilganidek, birgina joriy yilda 50 mingga yaqin holatda 11 ming 200 gektar yer o‘zboshimchalik bilan egallangan, shundan 3 200 gektarda noqonuniy uy-joy qurilgan. Bularning 99 foizi sug‘oriladigan, unumdor qishloq xo‘jaligi yerlari.
Agrar yerlarni nazorat va ekinlarni monitoring qilish maqsadida har bir tuman dron bilan ta’minlanishi aytildi. Bundan tashqari, kosmosdagi sun’iy yo‘ldoshlar orqali kuzatuvdan foydalanib, noqonuniy qurilmalarni tezkor aniqlash va qurilishni ilk bosqichidayoq bartaraf etish imkonini beradigan axborot tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Bu dastlab ayrim viloyatlarda sinovdan o‘tkaziladi.
Barcha viloyat, tuman va shaharlarning ma’muriy chegaralarini aniqlash ishlarini shu yil yakuniga yetkazib, mahalliy kengashlarda tasdiqlash vazifasi qo‘yildi. 2 mingdan ziyod nomsiz ko‘chalar, 1 milliondan ortiq raqamsiz uylar borligi qayd etilib, tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Ma’lumki, yurtimizda 21 turdagi davlat kadastri mavjud. Lekin bugungi kunda 9 ta kadastr bo‘yicha ma’lumotlar 50 foizga ham yetmaydi. Oqibatda yerlarni auksionga chiqarish uchun turli idoralar joyiga chiqib o‘rganishga, alohida-alohida xulosa berishga majbur va unga 2 oy atrofida vaqt ketmoqda.
Xususan, faqat shaharlararo avtomobil yo‘llari bo‘yicha kadastr mavjud bo‘lib, ichki yo‘llar bo‘yicha birorta hududda kadastr tasdiqlanmagan. Shu bois bu boradagi kadastrni to‘liq hujjatlashtirib, Milliy geoaxborot tizimiga kiritish vazifasi belgilandi.
Sohadagi islohotlarni samarali amalga oshirish uchun Kadastr agentligining barcha bo‘g‘inlarini malakali kadrlar bilan to‘ldirish, yangi tizim mazmuni va tartibi bo‘yicha o‘qitish muhimligi ta’kidlandi. Joylardagi kadastr bo‘limlarining moddiy-texnik ta’minoti va mehnat sharoitlarini yaxshilash yuzasidan ham ko‘rsatma berildi.
– Umuman aytganda, har bir hokim va sektor rahbarlari yer hisobini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, yerni ko‘z qorachig‘iday asrash hududlarning iqtisodiy yuksalishiga xizmat qiladigan asosiy omillardan biri ekanini anglab yetishi lozim, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Bu orqali uchta muhim masalani, ya’ni, yerdan samarali foydalanishni, fuqarolar va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning mulk huquqini va daxlsizligini ta’minlashni hamda soliq bazasini kengaytirib, byudjet daromadiga qo‘shimcha zaxiralar shakllantirishni hal qilgan bo‘lamiz.
Videoselektor yig‘ilishida mutasaddilar yer va kadastr hisobini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish orqali natijadorlikni ta’minlash choralari yuzasidan hisobot berdi.