12.10.2020
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12-oktabr kuni intellektual mulk ob’ektlarini muhofaza qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
Ilm-fan va innovatsiyani rivojlantirish, bu sohadagi yutuqlarni yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotga aylantirishda intellektual mulkning ishonchli himoyasini ta’minlash juda muhim. Dunyoda tovarlarning brend qiymati yuqori hisoblanadi. Intellektual mulk Yevropada yalpi ichki mahsulotning 45 foizini, Xitoyda 12, Rossiyada 7 foizni tashkil etadi.
Afsuski, mamlakatimiz bu borada dunyo bozoridan uzoqlashib ketdi. Na tegishli idoralar va na hudud rahbarlari intellektual mulk masalasiga e’tibor berdi. Shu sababli ixtirochi olim va ijodkorlarimiz xorijga chiqib ketdi. Ilmiy institutlarimiz innovatsiyalar, tarmoqlar esa xaridorgir ishlanma va brendlar yarata olgani yo‘q.
Bo‘lgan taqdirda ham aksariyat ixtirolar, foydali modellar, sanoat namunalari bo‘yicha murojaatlar ilmiy ishni tezroq ro‘yxatdan o‘tkazib olish maqsadida qilinmoqda. Bu boradagi talablar ham eskirib qolgan.
Yig‘ilishda sohaga oid qonunchilikni takomillashtirib, intellektual mulk himoyasini kuchaytirish, har bir idora va tarmoqqa ilmiy yutuqlarni olib kirish masalalari muhokama qilindi.
Adliya vazirligi va Intellektual mulk agentligiga barcha idoralar va hududlar, oliy o‘quv yurtlari, ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan keng muhokama qilib, sohani rivojlantirishga qaratilgan uch yillik dastur ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi. Intellektual mulk yaratuvchilarini rag‘batlantirish, patent egalarini mukofotlash kabi imtiyozlar tizimini joriy qilish zarurligi ta’kidlandi.
Mamlakatimizda yiliga 4 ming 500 atrofida intellektual mulk ob’ekti, jumladan, 2 mingdan ziyod tovar belgilari ro‘yxatdan o‘tadi. Misol uchun, Navoiy kon-metallurgiya kombinati so‘nggi o‘n yilda 35 ta ixtironi ro‘yxatdan o‘tkazib, ularning 16 tasidan 400 milliard so‘mdan ortiq iqtisodiy samara ko‘rgan. Bu ishlanmalarni boshqa davlatlarning oltin qazish korxonalariga sotish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.
Lekin bunday ixtirolar xorijda ro‘yxatdan o‘tkazib kelinmoqda. Chunki yurtimizda qiymatni baholash tizimi amalda ishlamayapti. Buning oqibatida ko‘plab ishlanmalar tijoratlashtirilmay qolib ketmoqda.
Shu bois Butunjahon intellektual mulk tashkiloti mutaxassislari bilan baholovchilar tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yish muhimligi ta’kidlandi.
Kelgusi yil birinchi chorakda sanoat mulki patentlari platformasini yaratib, unga sanoat tarmoqlaridagi intellektual mulk ob’ektlarini joylashtirib borish, viloyatlardagi korxonalar va oliy o‘quv yurtlarining intellektual mulk ob’ektlari bazasini yaratish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
O‘tgan yili 400 ga yaqin ixtiro, 110 ta foydali model, 170 ta sanoat namunasi, 36 ta seleksiya yutug‘i ro‘yxatga olingan bo‘lsada, atigi 43 ta ilmiy ishlanma tijoratlashtirilgan xolos. Shu bois bunday ilmiy yutuqlarning “elektron yarmarkasi”ni tashkil etish lozimligi ta’kidlandi.
- Patent egalarini tadbirkorlar bilan bog‘lash kerak, - dedi Prezident.
Davlatimiz rahbari mahalliy tovar belgilarini xalqaro ro‘yxatdan o‘tkazish masalasiga alohida e’tibor qaratdi.
Bugungi kunda mamlakatimiz sanoatining bor-yo‘g‘i 72 ta tovar belgisi xalqaro ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Lekin bu juda kam. Aslida esa imkoniyatlar talaygina.
Masalan, Chust pichog‘i, Samarqand noni, Marg‘ilon adrasi, Sherobod anori, Oltiariq va Parkent uzumi, Xorazm qovuni, Surxondaryo xurmosi kabi mashhur brendlarni hududiy mansubligi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazib, xalqaro bozorda faol targ‘ib qilish mumkin.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga mahalliy brendlarning xalqaro ro‘yxatdan o‘tishini ko‘paytirish, ularning xalqaro bozorga chiqishini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Yuridik universitet hamda joylardagi huquqshunoslik fakultetlarida tadbirkorlar uchun intellektual mulkni yaratish va himoya qilish bo‘yicha o‘quvlar tashkil etilishi belgilandi.
Tadbirkorlar mahsulotlarini brendga aylantirish dasturi va elektron maydonchasini ishlab chiqib, hududlarda brendlar yarmarkasi o‘tkazish zarurligi qayd etildi.
- Jahon bozoriga chiqayotgan mahsulotlarimizda O‘zbekiston ovozi jaranglashi kerak, brendi bo‘lsagina mahsulotlarimiz tashqi bozorlarda mustahkam o‘rin egallay oladi, - deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.
Ayrim tadbirkorlar xalqaro brendlar bilan bir xil nomni ro‘yxatdan o‘tkazib olgani sababli xorijiy investitsiya kelishiga to‘siq bo‘layotgani ko‘rsatib o‘tilib, bunday holatlarni tartibga solish yuzasidan ko‘rsatma berildi.
Yana bir muammo – yurtimizda san’at va adabiyot asarlaridan muallifning roziligisiz foydalanish, undan daromad olish holatlari keng tarqalgan.
Misol uchun, O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tib, oylik to‘lov undiradigan onlayn kinoteatrlarda 30 mingdan ortiq kino, serial, qo‘shiq, multfilmlar joylashtirilgan bo‘lishiga qaramasdan, bundan mualliflar moddiy manfaat ko‘rmaydi.
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Intellektual mulk agentligiga mamlakatimizda ro‘yxatga olingan ko‘ngilochar saytlar, radio va telekanallarni o‘rganib, mualliflar manfaatlarini ta’minlash vazifasi qo‘yildi.
- Intellektual mulk himoyasini mustahkamlay olsak, bu ham uchinchi Renessansga ishonchli poydevor bo‘ladi, - dedi Prezident.
Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddi rahbarlar axborot berdi.