07.10.2020
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7-oktabr kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi.
Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Rossiya yetakchisini tavallud kuni bilan samimiy muborakbod etib, unga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va muvaffaqiyatlar, do‘st Rossiya xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston-Rossiya strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi, xalqaro va mintaqaviy kun tartibi yuzasidan fikr almashildi.
Joriy yil iyul oyida Moskva shahridagi uchrashuv chog‘ida erishilgan kelishuvlarga muvofiq bo‘lajak oliy darajadagi muloqotlarga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha birgalikdagi faol ishlarni davom ettirishga alohida e’tibor qaratildi.
Pandemiya oqibatlariga qaramay, o‘zaro tashriflar amalga oshirilayotgani, O‘zbekiston va Rossiyaning yetakchi kompaniya va korxonalari o‘rtasidagi investitsiyaviy hamkorlik ko‘lami va tovar ayirboshlash hajmi kengayib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Ta’lim va madaniy almashinuvga doir muhim dasturlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Prezidenti koronavirusga qarshi kurashishda ko‘rsatilgan amaliy yordam, jumladan, Rossiyadan vrach va mutaxassislarning katta guruhi yurtimizga jo‘natilgani uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.
Davlat rahbarlari ikki mamlakat vazirlik va idoralari darajasida, shu jumladan joriy oyda bo‘lib o‘tadigan Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi majlisi doirasida yaqindan muvofiqlashuv va hamkorlikni davom ettirish muhimligini ta’kidladilar. Bunda, avvalo, ko‘p qirrali munosabatlarning ustuvor dastur va loyihalarini, biznes va hududlar kooperatsiyasini kuchaytirish bo‘yicha uzoq muddatli «yo‘l xaritasi» tayyorlashni jadallashtirish nazarda tutiladi.
Davlat rahbarlari, shuningdek, mintaqada yuzaga kelayotgan vaziyatni muhokama qildilar, bo‘lajak tadbirlar rejasini ko‘rib chiqdilar.
Suhbat har doimgidek samimiy va do‘stona ruhda o‘tdi.